MUHIDDIN OMON: PARADOKS

Harorat shaharda qirqdan oshmoqda,
Selsiy o‘lchagichin sindirgay simob.
Olifta olomon toqqa qochmoqda,
Ulardan shaharni tozalar Oftob…
Qiziq,juda qiziq, bani odamzod ,
Qishda qahratondan bezgandi chunon,
Jazirama issiq tushganda nogoh,
Endi sovuq joyda saqlar emish jon…
Hech narsa,hech qachon uni qondirmas,
Qahraton- anomal,issiq — anomal.
Nahot qanoatga inson qodirmas,
Holbuki, Xoliqning ishi mukammal…
Alloh yaratarkan Odam Atoni,
To‘rt unsurdan uni qilmishdir hosil,
Nahot takrorlaydir qadim xatoni,
Jannatdan quvilgan bandai osiy?
Suv, Havo va Tuproq, tag‘in Otashdan,
Qorilmish azalda insonning loyi,
Bas shunday ekandir,ne uchun shoshgay,
Umrini etmoqqa bunchalar zoe?!..
Avval Jannat bog‘i bo‘ldi unga tor,
Ko‘ngli hisga to‘ldi,hirs keldi golib,
Momo Havvomiz deb Odamzod ilk bor,
Surgunga tashlandi Jannatdan olib…
Agar chidaganda hirs oloviga,
Aqlning suvidan ichganda zilol,
Vazmin bo‘lib o‘tsa tuproq holiga ,
Havolanib ketmas edi u darhol…
Ha, o‘sha ilk xato hamon bardavom,
Bani Odam qavmin qiladi ta’qib,
Bir mushkulga duchor bo‘lgani zamon,
Odam borki, shoshar — qolmoqqa qochib…
Hoy,banda,deyman men aqlingga tayan,
Ming bitta fazilat Senda mujassam,
Seni borliq ko‘rki qilib yaratgan,
Tangrining karamin nahot, bilmasang…
Sabr,bardosh,iymon,ishonch -etiqod,
Va yana Allohning diydor umidi
Qalbingni to‘ldirsin,saqla umrbod,
O‘zingni anglagil Sabr muridi…
Shunday deyman,lekin tovushim nochor ,
Kimgadir yetarmi,qilgum ishtiboh,
Shu niyatim sabab bitilgan ash’or,
Koshkiydi, bir dilni etolsa ogoh…
Toki dil uygonsa,dillar uygonib,
Odamzod anglasa buyukligini,
Allohni tanisa,mehridan qonib,
Tushunsa,Tangriga suyukligini…
Har bir kuni uchun aylab shukrona,
Har nafasi uchun takbirlar aytsa,
Sajdaga egilsa boshi mardona,
Va yana Odamdek Jannatga qaytsa…
Koshki shunday bo‘lsa,Basharning ko‘ksi,
Mehrob bo‘lsa faqat ezgulik uchun,
Odamzod tarixin zo‘r paradoksi —
Noshukrlik butkul topsaydi yakun…
Qani shunday bo‘lsa,issiqmi,sovuq,
Havoning insonga bo‘lmay ta’siri,
Har kunga shukrona, aytib tasadduq,
Baxtlarga yo‘g‘rilsa Odamzod umri…
Koshki shunday bo‘lsa…