9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Faxriddin Hayit:  NAVOIY G‘AZALIGA MUXAMMAS

notiq.uz > IJODIYOT  > Faxriddin Hayit:  NAVOIY G‘AZALIGA MUXAMMAS

Faxriddin Hayit:  NAVOIY G‘AZALIGA MUXAMMAS

Shoiro, chin yig‘la, qancha so‘z g‘azalxonlig‘da hayf,

Qancha she’r, qancha shoir bori so‘zonlig‘da hayf,

O‘tdik, umri yel kabi bir lahza sarsonlig‘da hayf,

Kechti umrum naqdi g‘aflat birla nodonlig‘da hayf,

Qolg‘ani sarf o‘ldi anduhu pushaymonlig‘da hayf.

Vo ajab, ruhim toliqdi,  gurduni shatranjidin,

Na halovat ko‘rdi dil, na naf’ siymu ganjidin,

Yov qolib, yovqur tig‘imni o‘z tanimg‘a sanchidim,

Jong‘a bir dushvorlig‘ qo‘ymay riyozat ranjidin,

Sarf bo‘ldi naqdi avqotim tan osonlig‘da hayf.

Bir kuni osiy debon qilg‘ay malomat ahli din,

Vah, sado bo‘lg‘aymikin soz ahlidin, so‘z ahlidin,

Ey, falak, ko‘ngil qushim quvma muhabbat shahridin,

Bog‘ladim paymonadin paymon, fig‘onkim, aqlu din

Bo‘ldi bu paymonavu ul sustpaymonlig‘da hayf.

Kim, yaralmishdin azal, borlig‘da mingdir g‘ofili,

Chun sitam birla jununvash ishq aro bir komili,

Boqsam ul anduhi bahr ichra ko‘rinmas sohili,

Ey musulmonlar, bilingkim, bo‘ldi umrum hosili

Nafsi kofir fitnasidin nomusulmonlig‘da hayf.

Suvratindan siyratin bilmoq azal mushkul qiliq,

Dilni rom aylar chunon gar qoqsa qosh, ko‘zi suzik,

Har kima ul oshno yotdan cherik, yovdan cherik,

Hayfkim, naf’ aylamas har nechakim tortib ilik,

Desam o‘z ahvolima bu nav’ hayronlig‘da hayf.

Ne xatolig‘ bo‘lsa, o‘tdi, dil, nadomat qilma, bas,

Kimdir olam ganjiga, kim gulga qo‘ymishdir havas?!

Nechani do‘st aylading-u, yon tutib, shonim, demas,

Andoq ish qilkim, pushaymon bo‘lmag‘aysenkim, emas

Hech osig‘ chun ish xato bo‘ldi pushaymonlig‘da hayf.

Vah, dilim qaynab toshar, cho‘g‘ ustina qumg‘on erur,

Mulla kelsa, nafsil amri bir kosa yovg‘on erur,

Qumg‘on-u yovg‘on desam, jon ahli bir mehmon erur,

Har ne o‘tkan so‘zlarim chindur desam yolg‘on erur,

Chin budurkim, degamen umr o‘tti yolg‘onlig‘da hayf.

O‘ngda qilsinlar tavallo, tushda ham uzru nido,

Ketdi qancha sohibi taxt, egnida bir en mato,

Kelmagu ketmakda ko‘zdin ashki bo‘lmaydur ado,

Chun yengilrakdur hisob o‘lg‘anda sultondin gado,

Hayfkim, bo‘lg‘ay gado avqoti sultonlig‘da hayf.

Jabridin cheksam jafo, botur dilim tori mening,

Bul fanoda bog‘lamish dil ishqi ag‘yori mening,

Faxriyo, dod demagil, tortur davron kori mening,

Ey Navoiy, voqif erman xalqdin, bori mening

Kechti umrum naqdi g‘aflat birla nodonlig‘da hayf.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.