MIRZO BOBURNING HARBIY NOTIQLIK MAHORATI

Notiqlikning bir qancha turlari bor. Bular ijtimoiy-siyosiy, akademik, diniy, sud notiqligi, harbiy va ijtimoiy-maishiy notiqlikdir. Bular ichida alohida ajralib turadigani harbiy notiqlikdir. Tinchlik sharoitida ham, davlat boshqaruvi, hatto urush sharoitida ham qoʻshinni boshqarishda notiqlik sanʼatining alohida oʻrni boʻlganligiga uzoq asrlik tarix guvoh. Chunki koʻzlangan maqsad bu strategiya boʻlsa, uni amalga oshirish yoʻllari bu taktikadir. Demak, har qanday strategiyaning taʼsirchan mexanizmi bu til taktikasidir. Harbiy notiqlik mohiyat eʼtibori bilan jangovarlikni, xitob va daʼvatni anglatadi. Shuning uchun ham mashhur Rim notigʻi Mark Tulliy Sitseron “Tarixda yo yaxshi harbiy sarkarda yoki notiq boʻlish kerak” — demagan. U koʻrib kuzatgani va anglab yetganidan soʻng shu fikrga kelgani aniq. Demak, notiqlik va harbiy sohadagi faoliyat oʻzaro uzviy bogʻliqdir. Har qanday gʻalabani taʼminlash mezoni bevosita notiqlik mahorati bilan bogʻliq. Sohibqiron Amir Temur ham jang sanʼatida, boshqaruv tizimida notiqlikning alohida oʻrnini eʼtirof etgani va amal qilgani bejiz emas. Jangda gʻalabaning garovi oʻziga ishonch bilan bogʻliq boʻlgani kabi soʻzga ham bevosita bogʻliq. Qoʻmondon qoʻshiniga oʻz nutqi orqali ishonch ruhini bersa, u dadil harakat qiladi va zafar quchadi, aks holda, magʻlubiyatga uchraydi. Shuning uchun ham notiqlikning asl mohiyati ishontirish orqali taʼsirlantirish sanʼatidir. Harbiy sohada dushmanni qancha qoʻshini, qancha qurol-yarogʻi, qancha otligʻ yoki piyoda askari borligini bilib, hujum quruqlikdami, suvdami yoki havo orqalimi ekanini aniqlab olingandan keyingi harakatgina muvaffaqiyat keltiradi. Notiqlik ham shunga monand. Unda ham tinglovchilarning kasbi-kori, qiziqishi, dunyoqarashi, tafakkuri, bilim darajasi, saviyasi, jinsi, eʼtiqodini bilib turib soʻz aytish muvaffaqiyat keltiradi. Notiqlik ham xuddi harbiy jangovarlikka oʻxshab oʻziga xos strategiyaga, oʻziga xos taktikaga egadir.
“Temur tuzuklari”ni nutq sanʼatining noyob namunasi deyish mumkin. Keyingi avlod temuriyzodalardan boʻlgan Zahiriddin Muhammad Bobur sohibqiron Amir Temurning jang sanʼati va boshqaruv mahoratidan tashqari, oʻz soʻzi, nutqi va voizlik mahoratiga ega boʻlganini ham eshitgan, bilgan. “…har kim oʻz soʻziga ega boʻlsin, ishini bilib oʻzi qilsin, yaʼni raiyat podshosi aytgan soʻzini, qilgan ishini oʻzi aytadi, oʻzi qiladi…” degan “Temur tuzuklari”dagi bitiklar ham oʻsha davrda notiqlik sanʼatining rutbasi yuqori boʻlganini bildiradi.
“Yaxshi nutq egasi – uquvli, qatʼiyatli, oʻziga ishongan boʻlishi darkor, chunki vaʼzxonlik – kuch. Voiz boʻlish uchun, soʻzning qudrati va sehrini egalash lozim. Amir Temurning qudrati, avvalo, uning donishmand fikrlarida, maslahatli kengashlardagi soʻzlangan nutqlarida namoyondir, chunki XIV asrda markazlashgan feodal davlatni tuzish, ulkan qoʻshinga sarkardalik qilish uchun har taraflama bilimdon, qatʼiyatli, voiz-shaxs boʻlish lozim edi”, — deb yozadi A. Aripova oʻzining “Iqtisodiy nutq asoslari” oʻquv qoʻllanmasida.
Ushbu sifatlarni hech ikkilanmasdan Zahiriddin Muhammad Bobur haqida ham aytish mumkin. Hind xalqining buyuk davlat arboblaridan Javoharlal Neruning ushbu mulohazasi ham yuqoridagi fikrimizga dalildir. “Bobur dilbar shaxs, Uygʻonish davrining tipik hukmdori, mard va tadbirkor odam boʻlgan. U sanʼatni, adabiyotni sevardi, hayotdan huzur qilishni yaxshi koʻrardi…”
Mard va tadbirkor, sanʼatni sevgan kishigina qatʼiy iroda, oʻz soʻziga, fikriga ega inson boʻlishi tayin. Jonli manzaralar yaratuvchi, daʼvatkor kuchga ega soʻzning oʻrni katta. Toʻp-u zambaraklar, behisob qoʻshin eplay olmagan ishni oddiy soʻz bajara olganiga tarix shohid.
Boburning nutqiy mahorati haqida mufassal maʼlumotni shoh va shoirning qizi Gulbadanbegimning “Humoyunnoma” asaridan olish mumkin.
1527 yili Boburning Hindistonda Rano Sango bilan jangi oldidan qoʻshinlari orasidagi vaziyat aziyatga sabab boʻladi. Boshi qovushmagan jangchilar orasida ixtilof va tarqoqlik boshlanadi.
Shunda Bobur lashkarga qarata jonli, taʼsirchan nutq irod qiladi. Gulbadanbegim “bunga majlisdagilarning hammasi rozi boʻlishib…, tomirimizda bir tomchi qonimiz qolguncha kurashamiz, deb qasam ichadilar…” degan dalilni keltiradi: “Har kimki hayot majlisiga kiribtur, oqibat ajal paymonasidin ichkusidir va har kishikim, tiriklik manziliga kiribtur, oxir dunyo gʻamxonasidin kechkusidur, yomon ot bilan tirilgandin, yaxshi ot bilan oʻlgan yaxshiroq… Tangri taolo bu navʼ saodatni bizga nasib qilibtur va mundoq davlatni bizga qariyb aylabtur. Oʻlgan shahid va oʻldurgʻon gʻoziy, barcha Tangrining kalomi bilan ont ichmak kerakkim, hech kim bu qatoldin yuz yondirur xayol qilmay, to badandin joni ayrilmagʻunicha, bu muhoriba va muqotiladin ayrilmagʻay…”
Boburning ushbu otashin, jangovar nutqidan soʻng barcha askarlar yakdil holda, jam boʻlib, jangga kirishgan.
Jang oldidan lashkarni ruhlantirish, gʻalabaga nisbatan ishonch tuygʻusini uygʻotish tajribali qoʻmondonlarning faoliyatida sinashta boʻlgan. Napoleon Bonapart jangga kirishishga tayyor turgan qoʻshinga qarata shunday deyishi odat boʻlgan. “Jangda oʻlishni hamma eplaydi. Mard va jasur jangchilargina tirik qoladi. Menga oʻligingiz emas, tirigingiz kerak. Shunday ekan, barchangizga oʻlmaslikni buyuraman, olgʻa!”- deya xitob qilarkan.
Boburning notiqlik mahoratiga misol sifatida shunga oʻxshash yana bir holatni kuzatish mumkin. Hindistonda davlatchilik siyosatini mustahkamlash, mayda-mayda feodal, rojaliklarga boʻlinib ketgan yurtni yaxlit davlatga aylantirish, oʻlka viloyatlarini markaziy saltanatga birlashtirishda ham u ritorik sanʼatning imkoniyatlaridan foydalangan. Bobur Mirzoning harbiy mahorati va notiqlik sanʼati imkoniyatlarini bilishi jang-u jadallarda qoʻl kelganiga Hind va Afgʻon zamini sari harbiy yurishlarida yaqqol koʻrinadi. 1525-yilda Bobur Rano Sango bilan ittifoq tuzib, Shimoliy Hindistonni egallash maqsadida Ibrohim Loʻdiyga qarshi jangga kirdi. 1525-yil kech kuzda Bobur Panjobni boʻysundirdi, 1526-yilda Panipat qishlogʻi yaqinidagi birinchi jangda Boburshoh qoʻshini Dehli sultoni Ibrohim Loʻdiyning ukasi Mahmud Loʻdiy qoʻshini ustidan gʻalaba qozonib, Bengal shohi Nusratshoh bilan doʻstona aloqalarni oʻrnatdi. 1526-yil apreldagi Panipat jangida Bobur asosiy raqibi, Dehli sultoni Ibrohim Loʻdiyning 100 ming kishilik qoʻshinini oʻzining 12 minglik askari bilan tor-mor qilishi aqlga sigʻmaydigan hol. Oʻn ikki ming askar orasida yuz ming qoʻshinga qarshi jangga kirish mushkul ekanini oʻylab, talmovsirash boshlanadi. Uy-joyini qoʻmsab, oila va farzandlari diydorini koʻrmasdan behuda oʻlib ketish xavfi askarlarni choʻchitadi. Jangga kirishdan boʻyin tovlaganlari ham boʻladi. Bundan achchiqlangan Mirzo Bobur oʻz jahlini sezdirmasdan ot ustida tikka turgani holda askarlariga shunday mazmunda murojaat qiladi. “Oralaringizda oʻlmaydigan, abadiy tirik qoladiganingiz bormi?” Hamma jim. U davom etadi. “Quyosh botish uchun chiqadi, odamzot oʻlish uchun tugʻiladi. Bu ayni haqiqat. It ham oʻladi, yigit ham oʻladi. Lekin ularning oʻlimi orasida farq bor. It nafsi sabab oʻlsa, yigit hamiyatini, yurtini, or-nomusini himoya qilib jon taslim etadi. Yigit kishi oʻz elini, vatanini, shon-shavkatini, din-diyonatini, ona tuprogʻini koʻz qorachigʻidek asrash yoʻlida vafot etsa bu sharafli oʻlimdir. Avlodlarning erki, tinch va osoyishta yashashidan ulugʻ neʼmat bormi, oʻzi. Yengsak gʻoziymiz, mabodo, qazo qilsak shahid hukmidamiz.” Buni tinglagan askarlar bir necha soniya jim turishadi. Birozdan keyin butun olamni tutgudek naʼra tortishadi. “Biz janggga tayyormiz, biz albat yengamiz!” Askarlar qilich va nayzalarini baland koʻtarib jangga shayligini bildirishadi. Ana shu nutqiy xitob, jangovarlik ruhi bilan sugʻorilgan daʼvatnoma nutq Dehlini egallashga, 1527-yil martda Bobur Sikri yaqinidagi jangda rajputlar sardori Rano Sango qoʻshinini tor-mor etib, butun Shimoliy Hindistonni boʻysundirishiga sabab boʻladi.
Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo notiqlik sanʼatini mukammal egallagan boʻlib, u nafaqat harbiy notiqlikda, balki umuman voizlik sanʼatida yuqori choʻqqiga erishgan mahorat sohibidir. Bobur oʻzi va soʻzi joiz boʻlgan voizdir. U kimga, nima haqda, qachon, qayerda, qanday qilib, muhimi, qancha aytishni taqozo qiladigan sanʼat mohiyatini bilgan va amalda qoʻllay olgan shoh va shoirdir. Uning nazarida insonning oʻzligi uchun koʻzgu uning soʻzligidir.
Coʻzingkim hizr suyidin nishondur,
Vale ul suv kibi mendin nihondur.
Har vaqtke koʻrgasen mening soʻzumni,
Soʻzumni uqub anglagaysen oʻzumni.
Anglashilayaptiki, kishining nutqi uning xulqining koʻzgusidir. Chunki insonning oʻziga qarab kutishni, soʻziga qarab kuzatishni xalqimiz juda yaxshi biladi.
Bobur taʼbiricha, “…oʻzni yondoshturub oʻzing birla, soʻzni chirmashturub soʻzung birla…”; oʻzgani oʻzingga “yondoshtirishing” gʻalaba garovi, “insonlik nishoni soʻzlamoq” ekanligini u .chuqur idrok etadi.
Oʻzining ijodiy faoliyatida ham voizlik sanʼatining muhim bir boʻgʻini ritorik murojaat sheʼriy sanʼatidan ham unumli va oʻrinli foydalandi. Navoiy poetikasi boʻyicha yirik mutaxassis Yoqubjon Isoqovning mazkur sanʼat haqidagi fikrlarida ham shunga ishora bor: “Ritorik murojaat – qadimgi davrlarda (Yunon-Rim) notiqlik sanʼatining muhim jihatlaridan biri boʻlgan. Ritorik murojaat badiiy adabiyotda uslubning hissiyligini taʼminlovchi omillardan biriga aylangan.» Anglashilayaptiki, Ritorik murojaatdagi tinglovchiga qaratilgan nido, xitob tarzidagi poetik murojaatlar Bobur ijodiga ham jilo bergani rost.
Adabiy merosimizda qoʻllanilgan Olloh, Yo Rab, falak, soqiy, mugʻanniy, sabo, oshiq, maʼshuqa, agʻyor kabi anʼanaviy xarakterdagi ritorik murojaatlar fonida Bobur mirzo yurt sogʻinchi, ilmga daʼvat, jangovar xitob, raqibga qarshi daʼvat mazmunini ham singdirgan.
Jangovar va tinchlik sharoitida ham nutqning oʻrni borasida soʻz ketarkan, Bobur mirzoning hayotiy va ijodiy faoliyati bunga misoldir. Strategik maqsadlarni amalga oshirish tilni qoʻllash taktikasi bilan bogʻliq boʻlgan ayni zamonda Bobur mirzo qarashlari ijtimoiy mohiyat kasb etishi tayin.
Rahimboy Jumaniyozov
Professor, O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari aʼzosi