9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

STEM va STEAM o‘qitish yondashuvlariga doir

notiq.uz > IJODIYOT  > STEM va STEAM o‘qitish yondashuvlariga doir

STEM va STEAM o‘qitish yondashuvlariga doir

Ilm-fan va ta’limning taraqqiyotida rivojlangan davlatlarning shu sohadagi tajribalaridan foydalanish va uni ommalashtirish samarali bo‘lishi ayni haqiqat. Bunday yo‘sindagi hamkorlik taraqqiyotga zamin hamdir. Bu boradagi islohotlar zamirida ham ana shu maqsad yotadi. Fan, texnologiya, muhandislik va matematikani birlashtiradigan ta’lim yondoshuvi STEM tizimi afzalliklari haqida ijobiy fikrlar bildirilayotgani ham rost. Aniq va maqsadli tarzda uni joriy etishimiz bizga keng imkoniyatlar eshigini va taraqqiyot darvozasini ochadi.

STEAM esa fan, texnologiya, muhandislik, san’at va matematikani birlashtirgan ta’lim yondoshishidir. Ilmiy, matematik, muhandislik va texnologiya maktablar va boshqa ta’lim muassasalarida an’anaviy tarzda to‘rtta alohida fan sifatida o‘qitiladigan sohalar ekani ma’lum. Ularning birlashtirilgan tarzda o‘qitilishidan maqsad, bir tomondan fanlararo integratsiyalashuv imkoniyatiga yo‘l ochsa, ikkinchi tomondan berilayotgan bilim va hayotiy voqelikning uyg‘unligini, boshqacha aytganda fan, ta’lim, amaliyot va ishlab chiqarishning bog‘liq bo‘lishini ta’minlaydi.

Shu bilan birga, STEM va STEAM o‘qitish yondashuvlari ushbu yo‘nalishlarni birlashtiradi va shu bilan o‘quvchilarga turli xil o‘rganish usullari va muammolarni hal qilish imkoniyatlarini isbotlaydi.

Fan, texnologiya, muhandislik va matematikani anglatadigan qisqartma bu STEMdir. Bugungi voqelik, ta’lim taraqqiyoti ularni o‘zaro bog‘liq holda o‘rgatish zaruriyatini yuzaga chiqardi.  Qolaversa, bu taraqqiyotga nisbatan innovatsion qarash va yondashuv hamdir. Dunyoga kengroq nazar tashlaydigan bo‘lsak, bugungi rivojlanish ana shu to‘rtta sohaning birligiga tayanadi. Muhandislik ilmiy ixtirolari ham matematikani qay darajada qo‘llay olish va texnologiyadan qay yo‘sinda foydalanish usuliga bog‘liq. Shuning uchun ham bu o‘quv modeli rivoj topgan xorijiy ta’lim muassasalarida muvaffaqiyatli o‘qitilmoqda. Bugungi yoshlarni ushbu to‘rtta soha uyg‘unligidagi ta’limga qiziqtirish muhim masaladir. Qiziqish qiziqtirish mahoratiga bog‘liq. Bu esa faqat raqamlarni, hisoblashni bilish degani emas, balki bildirish yo‘llari va usullarini ham egallashdir. Taniqli nemis mutafakkiri Gyote bejiz «Raqamlar dunyoni boshqarmaydi, balki uning qanday boshqarilayotganini bildiradi» ‒ demagan. Raqam muhim, so‘z undan ham muhim. Tasavvur qiling. Gurunch, go‘sht, sabzi va piyoz to‘rtta alohida masalliq. Shularni qozonga solgan bilan palov tayyor bo‘lib qolmaydi. Ularni o‘zaro bog‘laydigan, chog‘laydigan, yog‘laydigan «yog‘« kerak. Shunga monand holda aytish lozimki, STEM uchun STEAM ham kerak, aniqrog‘i ART ‒ san’at zarur. Busiz ularning birligini va rivojlantiruvchi ta’limning mohiyatini anglash, tasavvur etish mushkul. O‘quvchi yoki talabaning ong-u shuuriga to‘rtta fanni joylashda xizmat qiladigan adabiyot, san’at, musiqa va yozuv kabilar zarurligini inobatga olish muhim. Yuqorida qayd etilgan sohalarga oid mavzularni o‘rgatishda mustaqil fikr yuritish san’ati, miya rivojlanishi va muloqot qila olish salohiyati, nutq madaniyati, notiqlik mahoratini e’tibordan soqit qilish kulgilidir. Shundagina o‘quvchilarda tanqidiy o‘qish, tahliliy nazar, tadqiqiy maqsad reallashadi. Bu, STEMga san’atni qo‘shish kerak emas deyuvchilarga javob. Xo‘sh, STEAMning o‘zi nima?

STEAM o‘quv modeli tashabbusining asoschisi Georget Yakman bo‘lib, u shunday ta’rif beradi. «STEAM muhandislik va san’at orqali matematikaning barcha elementlariga asoslangan fan va texnologiyalar», ‒ deb ta’riflaydi. Bizningcha, bundan ziyod  asosli va aniq ta’rif bo‘lmasa kerak.

STEMdagi asosiy maqsad qayd etilgan sohalar bo‘yicha o‘quvchilarni oliy ma’lumot va martaba olishga intilishiga imkoniyat yaratish, yaxshi mutaxassis sifatida tayyorlashdir. Lekin shu maqsadni amalga oshirishda yuksak mahorat va san’at tili bilan tushuntirish ijobiy natijalar beradi. Bu o‘rinda rasm chizish yoki studiyada ishlash, nazarda tutilayotgani yo‘q. Muammolarni yechishning turli usullarini kashf etish, yaratish boshqacha aytganda, inkishof etish va innovatsiya nazarda tutilmoqda. Bu o‘z-o‘zidan o‘quvchilarda mushohada qilish madaniyati va fanga qiziqishni uyg‘otadi. Tarix shohidki, «insonlarda ehtirossiz, zavq-shavqsiz biron ixtirolarni ochish, kashf etish mumkin bo‘lmagan, bo‘lmaydi ham» mazmunidagi ahli donishlarning fikri bejiz emas. Ta’bir joiz bo‘lsa, aytish mumkinki, STEM tana bo‘lsa, STEAM  jondir. Jonni jismdan ayro tushunish o‘rinsizdir.

Demak, STEAM san’atni STEM bilan birlashtiradi. Ushbu ta’limiy yondashuv an’anaviy darsga muqobil tarzdagi o‘quv modelidir. STEAMni fan bo‘yicha emas, balki mavzular bo‘yicha integratsiyalashgan o‘qitish tizimi deb tushunish o‘rinlidir. Shuningdek, u amaliy mashg‘ulotlar yordamida ilmiy-texnik bilimlarni real hayotda faol va jozibador qo‘llashdir. Prezident maktablarida bu ta’lim tizimi endilikda muvaffaqiyatli qo‘llanilmoqda. Uning asosiy vazifalaridan biri – tabiiy va aniq fanlarni chuqur o‘qitish, o‘quvchilarning innovatsion bilimlarni o‘zlashtirishi, ularning intellektual, ilmiy-ijodiy salohiyatlarini kashf etishga ko‘maklashish va rivojlantirishdan iborat. Xorijda STEAM yondashuviga oid darslik va o‘quv qo‘llanmalari chet ellarning nufuzli nashriyotlari tomonidan chop etilgan. Kembrij taklif qilayotgan o‘quv dasturining asosiy afzalligi jahon mehnat bozoridagi tamoyillardan kelib chiqib, o‘quvchilarda tegishli zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga urg‘u berishdir. Shu o‘rinda 9-11-sinf o‘quvchilarining qiziqishlari va xususiyatlariga qarab ish tutish maqsadga muvofiq, Prezident maktablarida ta’lim o‘quv jarayonining individualizatsiya qilingan holda olib borilishi ham e’tiborga molik. Prezident ijod maktablari bitiruvchilari belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xalqaro nufuzli oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun tayyorgarlik ko‘rishadi. Mantiqiy fikrlash, yozma imtihon va suhbatlar natijalariga ko‘ra sinovlarning amalga oshirilishi katta ahamiyat kasb etadi. O‘quvchilarning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda sinfdan tashqari amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish ham maqsadga muvofiq.

Finlandiya ta’lim tizimi ham o‘ziga xos. Bugungi kunda uning afzalligi yuzaga chiqqani Finlandiyaning «Dunyoning eng yaxshi mamlakati», «Erkaklar va ayollar huquqlari teng mamlakat», «Dunyoning eng stabil mamlakati», «Dunyoning eng xavfsiz mamlakati», «Dunyoning eng qulay mamlakati» deyilishiga bevosita sabab bo‘lganining belgisi. Fin maktablarida bolalarning juda ko‘p insho yozishga jalb etilishi, o‘z fikriga ega bo‘lishiga va uni badiiy yo‘sinda, obrazli tarzda izohlash usullarini o‘rgatishga diqqat qilinishi e’tiborga molik. Bironta fanni boshqa fanlar o‘rnida chuqurroq o‘rganish,deylik matematikani san’atdan ko‘ra o‘rganish muhimroq deb hisoblash ularga xos emas. Fin maktablarida bolalarni imtihonga emas, hayotga tayyorlash muhimligiga diqqat qilinadi. O‘quvchilarni qiziqtirish va fan xususiyatlarini yuqtirish ta’lim mohiyatini ifoda etishga qodir.

Bundan ko‘rinib turibdiki, STEMning qudrati va mohiyatini ARTsiz, ya’ni san’at tilisiz tushuntirish mushkul. U ta’limning sifati va samarasiga ham bevosita ta’sir qiladi. Demak, STEAM davr va taraqqiyot talabi.Nachalo for

Rahimboy Jumaniyozov

Professor, O’zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalar a’zosi

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.