PEDAGOG MAHORATINING MUHIM OMILLARI

Zamonaviy pedagogning sifatlari nimalardan iborat bo‘lishini bilish va amal qilish maqsadga muvofiq. Obyekt va subyekt o‘rtasidagi munosabatlar ko‘prigi bu muloqotdir. Maqsad va manfaatlar ham u orqali anglashiladi. O‘qituvchini ob’ekt, o‘quvchini sub’ekt sifatida oladigan bo‘lsak, o‘qituvchi qanday yo‘sinda o‘quvchiga bilim yetkazishiga qarab natija bo‘ladi. Chinakam o‘qituvchi muayyan bilim va ma’lumotni tayyor holatda yetkazishi har doim ham natija va samara beravermaydi. O‘quvchining mushohada yuritishi, o‘zi ko‘proq o‘ylashi fikr yuritishi muhim. Bu uning tafakkur dunyosini kengaytiradi. Bu borada nemis mutafakkiri A. F. Disterveg «Noqobil o‘qituvchi haqiqatni shunchaki aytadi-qo‘yadi, yaxshisi esa uni topishga o‘rgatadi», deyishi bilan haqlidir. O‘quvchining o‘zini ko‘proq ishlatish, o‘ylatish maqsadga muvofiq sanaladi. Uning keyingi hayotida ham bu asqatishi tabiiy. Bu faoliyat doimiy ravishda bo‘lishi shart, o‘qituvchining o‘z ustida ishlashini talab etadi. Albert Eynshteyn hayotni velosipedga qiyos qilgan. Demak, doimiy qimirlab turilmasa velosipeddagi kishi muvozanatni saqlay olmaydi, o‘ng yoki so‘l tomonga ag‘anashi tayin. Eng qizig‘i, Adolf Disterverg bu haqda ham chiroyli tarzda obrazli qilib fikr bildirgan. «O‘qituvchi muntazam ravishda fan bilan shug‘ullanmog‘i lozim. Aks holda, u qurigan daraxt va toshga o‘xshab qoladi. Qurigan daraxt va tosh meva bera olmaganidek, kelajakda bunday o‘qituvchidan hech qanday natija kutib bo‘lmaydi». Darhaqiqat, nemis pedagogi e’tirof etganidek, eng muhimi, doimiy faoliyat va natija.
Xo‘sh, pedagog mahoratining yana qanday omillari, qirralari bo‘lishi mumkin? Sub’ektga munosabat zamirida ob’ektning ergashtira olish qobiliyati yotadi. Ergashtira olish albatta, qiziqtirishni talab etadi. Qiziqtirish uchun qiziqish kerak, xuddi o‘z kasbiga fidoyilik shaydoyilikni talab etgani kabi. Qiziqtirish esa nutqiy mahoratni talab etadi. Shundagina o‘quvchining diqqat-e’tiborini tortish mumkin. Teran tafakkur, sezgirlik, tezfahmlik, badihago‘ylik, intuitsiya va idrok pedagogda umumlashgan bo‘lishi naf keltiradi.
Mashhur rus pedagogi V.A.Suxomlinskiy shu xususda «Aqlli, fikran boy, bag‘ri keng insonchalik hech narsa yoshlarni qiziqtirmaydi, o‘zining ortidan ergashtira olmaydi ham. «Aql ‒ aql bilan tarbiyalanadi, vijdon ‒ vijdon bilan, vatanga sadoqatlilik ‒ bevosita vatan uchun xizmat qilish bilan» ‒ deb ta’kidlagan edi u. ‒ V.A. Suxomlinskiy pedagog va o‘quvchi tabiati va tiynatini obdon his etgan, tajribali olim. O‘quvchining bextiyor muallim ketidan ergashishiga sabablar haqida chuqur mulohaza yurita turib quyidagi xulosaga keladi. «O‘qituvchi o‘zining butun borlig‘i, kundalik hayoti, ma’naviy madaniyati bilan o‘qituvchi va o‘quvchilarga o‘rnak bo‘ladi va ularni o‘z ortidan ergashtiradi». Ibrat va o‘rnak bo‘lishgina barcha maqsadlarning ro‘yobini ta’minlaydi. Suxomlinskiy pedagogning ruhiy holati, ish sharoiti va unga berilgan imtiyozlarning ahamiyati haqida ham shunday fikr keltiradiki, pedagoglarning hammasiga birdek ma’qul kelsa kerak.
«O‘qituvchi mahorati o‘sishining eng muhim sharti VAQTdir ‒ o‘qituvchining bo‘sh vaqti! O‘qituvchida bo‘sh vaqt qancha kam bo‘lsa, u shuncha ruhan sinadi. U qanchalik hujjatbozlik, majlisbozlik, qog‘ozdagi ish rejalari-yu, hisobotlar bilan band bo‘lsa, o‘quvchi-talaba uchun beradigan hech narsasi qolmaydi tobora! VAQT ‒ bu o‘qituvchining eng katta ruhiy boyligidir! Pedagogik ijodkorlik va faoliyat ‒ mashaqqatli mehnat. U katta quvvat va kuchni talab qiladi. Agar quvvat tiklanmaydigan bo‘lsa, o‘qituvchi taslim bo‘lib, sinadi va qaytib o‘ziga kelmaydi!»
Hayotiy tajribalarga boy insonlar ta’lim va tarbiyaga mutasaddilar borasida asosli fikrlar bildirishlariga shubha yo‘q. O‘qituvchining diqqati asosan nimalarga qaratilishi kerak degan savol muhim. Muallimning kimga yoxud nimaga etibori masalasi bir tomondan, uning ma’naviyatini namoyon etsa, ikkinchi tomondan uning mahoratini ham ko‘rsatadi.
Buyuk rus adibi L.N.Tolstoy o‘qituvchi fazilati borasida shunday deydi: «Agar o‘qituvchi faqat ishiga havas qo‘ygan bo‘lsa, u yaxshi o‘qituvchi bo‘ladi. Agar o‘qituvchi bolaga faqat otasi va onasi kabi havas qo‘ygan bo‘lsa, u oldingi o‘qituvchidan yaxshiroq bo‘ladi. Bordiyu, ikkala xislatni ham o‘zida mujassamlashtirsa, u holda u mukammal va mahoratli o‘qituvchi bo‘ladi».
Mana mahoratning muhim omillaridan biri. Bola tarbiyasiga mas’ullik bobida nafaqat pedagog, balki ota-onalarning ham roli muhim. Shuning uchun ham hukumatimiz tomonidan bolalar tarbiyasida «Hamkorlik konsepsiyasi» ishlab chiqilgan bo‘lib, bu oila, mahalla va ta’lim muassasasi uch birligini namoyon etadi. Pedagogning mahorati ana shu mas’ullar bilan birgalikda, hammaslak tarzda ish tutishi bilan ham izohlanadi. Bu esa bola tarbiyasiga uch tomonlama ta’sir etishda samara beradi.
O‘quvchilar ziyrak, kuzatuvchi bo‘lgani bois pedagog o‘zining ko‘rinishi va kiyinishi, nutqi va xulqi bilan ibrat bo‘lishi zarur. Demak, o‘qituvchida qaysidir ma’noda san’atkorlik salohiyati bo‘lishi lozim. O‘ziga yarashmagan libos, yarashmagan xatti-harakat, yarashmagan so‘z o‘quvchida salbiy taassurot uyg‘otishi mumkin. Bu esa o‘quvchining fanga va o‘qituvchiga e’tiborini susaytiradi va unda befarqlik va loqaydlik illatini urchishiga sabab bo‘ladi. Kasbiy fazilatning shakllanishida o‘quvchining ruhiy holati, vaziyat va sharoitga moslashish muhim rol o‘ynaydi. Bu esa san’atkorlik qobiliyatini talab etadi. Bu borada taniqli rus pedagogi A.S.Makarenkoning fikr-mulohazalarini e’tiborga olmaslik mumkin emas. U shunday yozadi: «Pedagog darsda ma’lum bir o‘ziga xos rolni o‘ynamasligi mumkin emas. Sinf sahnasida rol o‘ynashni bilmaydigan o‘qituvchi kasbiy faoliyat olib borolmaydi. U ma’lum ma’noda aktyor. Bizning xulq-atvorimiz, fe’limiz, xarakterimiz biz uchun pedagogik qurol bo‘lishi ham aslo mumkin emas. Bolalarni qalb va ko‘ngil azoblari bilan, hijronli his-tuyg‘ularimiz yordamida tarbiyalashga umuman yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Axir biz insonmiz. Har qanday boshqa kasb egalarida ko‘ngil zahmatisiz ish bitirish mumkin bo‘lsa, pedagog ham ko‘ngil azobisiz faoliyat olib borishi lozim bo‘ladi. O‘quvchiga ba’zan muloqotda ko‘ngil azobini namoyish etishga to‘g‘ri keladi. Buning uchun pedagog sahnadagi aktyordek ijobiy rol o‘ynashni ham bilishi kerak. Tasodifiy pedagogik vaziyatlarda o‘qituvchi g‘azablanganda, quvonganda, xafa bo‘lganida, tushkun bir ahvolga tushganida ichki his-tuyg‘ularini bir holatdan boshqa holatga, bir shakldan boshqa shaklga aktyorlarga xos iqtidor bilan o‘tkazishni ham bilishi kerak. Biroq shunchaki tashqi, sahnaviy rol o‘ynash yaramaydi. Bu o‘yinda pedagogning ajoyib shaxsiy mahorati bilan bog‘laydigan qandaydir kamar bor, bu sizning go‘zal xulqingizni namoyish etib bog‘lovchi rolingiz. Bu sahnadagi o‘yin o‘lik bir holat yoki texnika emas, balki qalbingizdagi yashirin his-tuygularingizni, mehringizni namoyon etuvchi haqiqiy jarayondir «.
Pedagog olim o‘qituvchining hech bir kasbga o‘xshamaydigan kasbiy faoliyatini yuksak baholab, «Tarbiyachi tashkil etishni, yurishni, hazillashishni, quvnoq yoki jahldor bo‘lishni bilishi lozim, u o‘zini shunday tutishi kerakki, uning har bir harakati, yurish-turishi, kiyinishi bolalarni tarbiyalasin» ‒ deb yozganida ayni haqiqat bor.
O‘qituvchining o‘zini bunday tutishi ta’lim jarayoni uchun katta ahamiyatga ega. O‘quvchilik paytlarimizda saboq bergan o‘qituvchilarning ayrimlarini ideallashtirardik. Hatto, ayrim o‘quvchilarning taajjubli holatda «ana u fandan dars beradigan o‘qituvchimiz borku, o‘sha non yerkan, ovqat yerkan» ‒ degan shivir-shivirlariga ham guvoh bo‘lganmiz. Ularni ideal inson sifatida tasavvur qilish aslida, o‘qituvchining kasbiy fazilatlarini to‘la shakllantira olgani bilandir.
Xo‘sh, bu pedagogik, psixologik jarayon, psixolingvistik hodisani pedagog faoliyati bilan bog‘liqligini qanday izohlash mumkin? O‘qituvchining qobiliyatiga daxldor, kasbiy faoliyatida muhim bo‘lgan ushbu mezonlarni yoddan chiqazmaslik o‘rinlidir. Psixolog olim Olga Matveeva ushbu jihatlarni psixologik texnologiya bilan kuchaytirib modifikatsiyalaydi va o‘qituvchining kasbiy faoliyatida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, quyidagi qobiliyatlarni ko‘rsatib o‘tadi:
1. Muloqot qilish (kommunikativ) qobiliyati: O‘qituvchining o‘quvchilar bilan dars va darsdan tashqari jarayonlarda sinfda ijobiy ruhiy muhit yarata olishi.
2. Voqealarni oldindan ko‘ra olish qobiliyati: ushbu qobiliyat turi har bir o‘qituvchining sergakligida, o‘quvchilarning ruhiyatini, ichki dunyosini ko‘ra olishida namoyon bo‘ladi. Shunda o‘qituvchi kim nimaga qodir ekanligini oldindan bashorat qila oladi.
3. Eshitish va his qilish qobiliyati: Bunday qobiliyatga ega bo‘lgan insonlar musiqani sevishadi, ohangni yaxshi his qilishadi, deklamatsiya asosida yaxshi o‘qishadi, eshitgan narsasini xotirada saqlaydi, ayniqsa, she’r va qo‘shiqlarni sevib tinglaydi.
4. Kinestetik (teri-muskul) qobiliyat: o‘qituvchining o‘z xatti-harakatlarini muvofiqlashtirish qobiliyati, harakat ohangini his qilib yo‘naltiradi, vaqtni, harakat sur’atini his qilish, maishiy qulayliklarni yarata olish, hayot marhamatlaridan rohatlanish.
5. Mantiqiy qobiliyat: mulohaza yuritishni, raqamlarni, matematikani, murakkab masalalarni sevish, sababiyat va natijalarni tushunish malakasi, voqelikda asosiyni ikkinchi darajalisidan ajrata olish;
6. Shaxsning ichki qobiliyati: o‘z-o‘zini bilish, tushunish va his qilish qobiliyati. Erkin shaxsda qo‘rquv yoki noerkinlik tuyg‘usi kamdan-kam holda bo‘ladi.
Mana, Olga Matveevaning pedagogik faoliyat va qobiliyat formulasi. Xuddi shu xususiyatlariga qarab o‘qituvchilar ham bir-biridan farqlanadi. Chunki, pedagogning mahorati uning bilimi bilangina emas, balki, tajribasi, amaliyoti bilan bog‘liq. Taniqli adib Uilyam Uord o‘qituvchilarning o‘z kasbiga munosabatiga qarab ularning quyidagi darajalarga bo‘lgani bejiz emas. «O‘rtacha o‘qituvchi bayon qiladi, yaxshi o‘qituvchi tushuntiradi, mashhur o‘qituvchi ko‘rsatadi, namoyish qiladi, buyuk o‘qituvchi ilhomlantiradi.» Demak, ta’lim sifati va samarasi uchun uchinchi va to‘rtinchi toifadagi o‘qituvchilar kerak. O‘rtacha o‘qituvchi uchun kun o‘tsa bo‘ldi, yaxshi o‘qituvchi uchun kun zerikarli bo‘lmasin, mashhur o‘qituvchi uchun kun mazmunli va jozibali bo‘lsin, buyuk o‘qituvchi uchun kun unutilmas, ruhlantiruvchi, da’vatkorona bo‘lishi kerak. O‘quvchilar birinchi toifa o‘qituvchilarni quloq bilan, ikkinchi toifasini quloq va ong, uchinchi toifadagilarni quloq ko‘z va miya bilan qabul qilishsa, to‘rtinchi toifadagilarni quloq, ko‘z, miya va yurak bilan qabul qilishadi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, pedagogik mahorat o‘qituvchining qalb-qiyofatini, o‘zligi va so‘zligini, ko‘rinishi-yu kiyinishini, nutqi-yu xulqini, yurish-turishi-yu o‘zini tutishini, boshqacha aytganda, etik va estetik jihatlarini o‘z ichiga oladi. Pedagogik mahoratning muhim omillari faqat shular bilangina cheklanmaydi. Keyingi bo‘limlarda uning boshqa qirralariga ham to‘xtalib o‘tamiz.
Rahimboy Jumaniyozov
Professor, O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi