9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

NOTIQLIK SAN’ATI VA O‘QITUVCHINING NUTQIY MAHORATI

notiq.uz > IJODIYOT  > NOTIQLIK SAN’ATI VA O‘QITUVCHINING NUTQIY MAHORATI

NOTIQLIK SAN’ATI VA O‘QITUVCHINING NUTQIY MAHORATI

Nutq mahoratiga ega bo‘lish notiqlik san’atining sir-asrorlarini to‘la egallash evaziga bo‘ladi. Notiqlik san’ati, boshqacha aytganda, nutq mahoratining ikki asosi bor. Biri nutq xususiyatlarini bilish, ikkinchisi nutq texnikasiga amal qilishdir. Buning biri strategiya bo‘lsa, ikkinchisi taktikadir, biri nazariya bo‘lsa, ikkinchisi amaliyotdir, biri mashinaning o‘zi bo‘lsa, ikkinchisi uning harakatdagi holati. Ana shu ikkala asosning uyg‘unligidan go‘zal notiqlik nafosati, nazokatli nutq yaraladi. Shuning uchun ham Yunonistonda notiqlikni, ritorikani «San’atlar shohi» deb yuritishgan. Yunonzaminda ham, turonzaminda ham notiqlik san’atining uchta tamoyili uning mohiyatini ifoda etgan.

1. Ma’lum bir g‘oyani tinglovchi yoki tomoshabinga tushuntirish.

2. Tinglovchi yoki tomoshabinning tafakkurini uyg‘otish, ongida o‘zgarish yasash.

3. Tinglovchi yoki tomoshabinning diqqatini jalb etish asnosida ularda qoniqish hissini hosil qilish.

Bu vazifalarni amalga oshirishda chiroyli so‘z, qudratli va ta’sirchan ovoz qo‘l kelgan. Bunga erishish uchun tinimsiz mashq, sa’y harakatlar qilgan Suqrot, Aflotun, Gorgiy, Isokrat, Isey, Esxil, Demosfen, sitseron, Kvintilian kabi notiqlar omma ongiga kirib borish, tafakkurida keskin o‘zgarish qilishga qobil bo‘lganlar. Notiqlik notiq, nutq, mantiq o‘zakdosh so‘zlarining o‘zaro uzviyligidan tarkib topgan. Mushohada yuritish qobiliyati va mantiq ilmining qoidalarini obdon egallash badaliga ular yuksak darajalarga erishganlar. So‘z sehrgari sifatida notiqlar muayyan g‘oyani inson ongiga singdirish va ta’sir o‘tkazish mexanizmini chuqur egallashgan. Har birlari notiqlik san’atining ma’lum bir qirralarini kashf etishgan desak xato bo‘lmaydi. Suqrot nutq jarayonida savol-javob usulini qo‘llash orqali suhbat uslubiga asos solgan. Aflotun ustozining nazariy fikr va g‘oyalarini rivojlantirib amaliy jihatdan boyitdi. O‘zi duduq bo‘lishiga qaramasdan, yoshligidan notiqlikka qiziqib bu san’atning rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Demosfenning xizmatlari katta bo‘lgan.

Xullas, notiqlik sir asrorlarga to‘la ilm, ham tilsim.

Maqsad manziliga har kim har-xil yo‘ldan, turli vositalar yordamida boradi. Tanlangan yo‘l, vosita maqsad egasining imkoniyati va iqtidoriga bog‘liq. Katta kuch, sonsiz lashkar va cheksiz qurol-yarog‘ bilan amalga oshirish mumkin bo‘lmagan yumushni bitta voiz ham uddasidan chiqishiga tarix guvoh. Qilich o‘rnini qalam, o‘q o‘rnini til bosishi, nafaqat egallashi, balki sharaf bilan ado etishi mumkin.

Shoirning Navoiy hazratlari haqida «Temur tig‘i yetmagan joyni, qalam bilan oldi Alisher» deyishi bejiz emas. Navoiy hazratlarining pand-nasihatga yo‘g‘rilgan mav’izalarida, Bobur mirzoning harbiy-jangovarlik xarakteridagi nutqlarida xuddi shu holatni ko‘rish mumkin.

Qulfni mos va xos kalit bilan ochish lozim bo‘lganidek, ko‘ngilni ham xos voiz mos va’z (so‘z) bilan ocha oladi.

Eronning janubiy qismida Seyiston degan bir makon bor. Mahalliy aholining aksariyati jizzaki, qahri qattiq, birovga bir narsa berishni xush ko‘rmaydigan baxil ekan.

Qozi O‘shiy o‘z davrining mashhur notiqlaridan edi. U o‘sha yerlik xalqning fe’l-atvoridan xabardor edi. Hukmdorlardan biri borib behuda ekanini tushuntirsa ham jahd aylab ko‘ngil qulfini so‘z kaliti bilan ochib, ular ko‘ngliga yo‘l topa olaman, deb yo‘lga ravona bo‘ladi. Seyistonga yetib kelgach, aytilgan so‘zlarning haqiqat ekaniga imon keltiradi. Ishni bozordan boshlaydi. Xalqning savdo-sotiq bilan bog‘liq ruhiyatini o‘rganishga kirishadi. O‘rtahol bir kishi bilan tanishib, unga yetarli miqdorda pul berib o‘ziga o‘rgatib oladi. Unga savollar berib, mahalliy aholining nimalarga qiziqishi, yashash sharoitlari haqida ma’lumotlar to‘playdi. Omma ruhiyatini obdon o‘rganadi.

Oradan ikki hafta o‘tgandan so‘ng, jamoani yig‘uvchi ishonchli kishilarni ishga solib hammani jamlaydi. U asta minbarga ko‘tariladi. O‘zini g‘arib, aftodahol qilib ko‘rsatadi. Minbarda mahalliy aholiga o‘zini so‘z va harakatlar yordamida yaqqol ko‘rsata boshlaydi. Xalq minbardagi voizning hatti-harakatlarida, o‘z qilmishi va yashashiga, ruhiyatiga daxldor manzarani ko‘rib, hijolat torta boshlaydi. Kishiga o‘zganing aybi ko‘rinib, o‘zining aybi har doim ham ko‘rinavermaganidek, ular o‘z «basharasini oynada ko‘rib o‘pkalashlariga» hojat qolmaydi. (Xalqda shunday matal bor: yuzing qiyshiq bo‘lsa, oynadan o‘pkalama. Buni sal boshqacharoq ifoda etging keladi. Nutqing aniq, fikring tiniq bo‘lmasa, minbar va mikrofondan o‘pkalama.)

Ana shundan keyingina Qozi O‘shiy asosiy maqsadga ko‘chadi. U minbarda so‘zlayotganida ovozi dam ko‘tarilib, dam pasayib ommaning e’tiborini o‘ziga tortib, jamoani tamomila rom etib borardi. Qozi O‘shiy o‘ziga inkor ko‘zi bilan qaragan jamoada faqat tasdiq va hayrat alomatlarini ko‘rib zavqlanadi. Bir payt qarasa, jamoa u kulsa kular, yig‘lasa yig‘lardi. Zum o‘tmay, so‘zdan sehrlanganlar voizning minbari oldiga pul, taqinchoq va shunga o‘xshash narsalarni yig‘ishadi. Nutq tugagach, to‘plangan narsalar besh ming dinor hajmida bo‘ladi. Qozi O‘shiy uning teng yarmini kambag‘al, yetim-yesir, beva-bechoralarga ulashadi. Voizga bo‘lgan e’tibor va ehtirom yanada oshib ketadi. Aksariyat allomalar o‘zlari kuchli notiq bo‘lishlari bilan birga voizlik madaniyati, nutq mahorati haqida ibratli mulohazalar bildirishgan. Shu o‘rinda Mahmud Zamahshariy va Alisher Navoiy qarashlariga to‘xtalishni lozim ko‘rdik.

Rahimboy Jumaniyozov

Professor, O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.