O‘YNAB GAPIRGANMI, YO O‘YLAB?
Voqelikka, jonli jarayonga munosabat ziyraklik, teranlik va jasoratni talab etadi. Internet saytlari orqali o‘rinsiz so‘zlari bilan e’tirof va e’tirozga sabab bo‘lgan Rossiya Tashqi ishlar vazirligining vakilasi Mariya Zaxarovaning xatti — harakati ko‘pchilikni hayratga, taajjubga soldi. Buning zamirida nima bor, kimlarning manfaati yotibdi? Niyati nima o‘zi? Bu kabi savollarga javobni iqtidorli olim, Oliy attestatsiya komissiyasi raisi maslahatchisi Zuhriddin Isomiddinovning ushbu maqolasini o‘qish orqali salmoqli javob olasiz degan ilinjdamiz.
ASL MUDDAO – BOSHQA…
Zaxarova xonim – Rossiya Tashqi ishlar vazirligining “rasmiy vakili”. Demak, uning aytgan fikri Rossiya tashqi siyosatining pozitsiyasi deb qabul qilinadi. Uning “O‘zbekistonda o‘zbek tili davlat tili bo‘lishini o‘zbekistonliklarning ko‘pchiligi xohlamaydi”, degan ma’nodagi kechagi bayonoti ham Rossiya rasmiy doiralarining qarashi, aniqrog‘i – shunday bo‘lib chiqishini istashlari ifodasidir.
Payqasak, uch-to‘rt oydan beri Rossiya ijtimoiy tarmoqlari orqali O‘zbekistonga nisbatan g‘alati bir siyosat yurgizib kelinyapti. Internetdagi turli “post”lar va ularga allakimlar tomonidan bitilgan munosabatlaring aksari – shantajdan boshqa narsa emas. Go‘yo rus xalqining ayrim vakillari o‘zbeklarni yomon ko‘rishini anglatadigan qarashlar har kuni axborot maydoniga turli shakllarda tashlanadi. Bu post va trollarning barchasini yig‘sangiz, “nauka nenavisti” degan qabih bir kampaniya boshlanganini ko‘rasiz. Uning tub maqsadi bizga – Markaziy Osiyodagi eng katta davlatga axborot huruji orqali kuchli bosim o‘tkazishdan iborat.
Mana shu huruj oxirgi ikki oy ichida juda avjiga chiqdi. Bundan ko‘zlagan niyatlari nima bo‘lsa ekan?
Bejiz emas, albatta. Mustaqillik in’om etib, xalqni o‘z erkicha umrguzaronlik qilishga yo‘l qo‘yish xato bo‘lgan, bunga chek qo‘yish, sobiq mustamlakalarni jilovlab ushlab turish lozim, degan g‘oya tug‘ildi ularda.
Yodingizda bo‘lsa, bundan o‘ttiz yilcha avval birinchi prezidentimiz katta shijoat bilan mustaqillikning talay tadbirlarini amalga oshirishga kirishgan edi. Biroq afsuski, yillar o‘tgani sari hammani masrur etgan shiddatlar so‘nib, aksar ishlarimiz baayni grammofonning chizilgan plastinkasi kabi bir xil nag‘ma chiqarib takrorlanayotganday taassurot qoldira boshladi. Iqtisod rivojlanish o‘rniga orqaga qarab ketdi. Ilgari O‘zbekistondagi talay korxonalar biron mahsulotni tayyorlash uchun Ittifoqning turli joylaridan “zapchast” olib kelib tayyorlaydigan qilib qo‘yilgan bo‘lsa, istiqloldan keyin o‘sha ham yo‘qqa chiqdi, o‘nlab gigant korxonalar buzib tashlandi – shaharliklarning ko‘pi ishsiz qoldi, qishloq joylarda esa kolxoz va sovxozlar tugatilib, yer bir necha “fermer”ga xatlab berilgach, qishloq yigit-qizlari ham ishsiz va daromadsiz qoldi. Oqibat, ularning asosiy qismi Rossiya va boshqa joylarga ish ilinjida ketdi.
O‘zbekiston mardikorlar mamlakatiga aylantirildi. Bunday iqtisodiy nochorlikdan keyin mamlakat rahbari ham boshqa bo‘yni yo‘g‘onlar huzurida bosh egishga, har bir qadamini ular bilan maslahatlashib qo‘yishga majbur bo‘lib qolishi aqlga tayin. Shunday bo‘ldi ham. Buning hammasi – “bamaslahat”, albatta.
O‘shalarning xohishiga ko‘ra, qo‘shni davlatlarning aksari bilan munosabatlarimiz sovuqlashdi, yurt ichida esa dini islomga qarshi kurash shu qadar kuchaydiki, ayollar boshiga durra o‘rab ishga bora olmaydigan holga yetdi, ammo biron g‘ar avratigacha ochib ko‘chada yursa, hech kim g‘ing deyolmas edi.
O‘zbekistonning yangi rahbariyati, ochig‘ini aytaylik – boy berilgan imkoniyat va erkimizni qayta tiklash uchun dadil qadamlar qo‘ya boshladi. Mana shu narsa ularga yoqayotgani yo‘q, albatta. Ayniqsa, Matviyenko xonimning bu yoqlarga kelib, O‘zbekiston ham YeOIIga a’zo bo‘lishi kerak, deb bergan “topshirig‘i” o‘rinlatilmasdan, bu tashkilotda kuzatuvchi maqomida qolishga qaror qilib, boshimizni yangi bo‘yinturuqqa tutib bermayotganimiz sobiq xojalarni darg‘azab qilganligi oyday ravshan. Har bir narsada qildan qiyiq axtarishga urinishayotgani buning isboti. Tilimizning, dinimizning, o‘zbekchiligimizning tiklanib borayotgani, sanoat va qishloq xo‘jaligida islohotlarni amalga oshirishga kirishganimiz sobiq to‘ralarga aslo yoqmaydi, undan ko‘ra xomashyo bazasi bo‘lib, o‘zlari qo‘l urmaydigan yoki or qiladigan og‘ir yumushlarni bajaruvchi mardikorlar yetishtirib beruvchi o‘lka bo‘lib qolishimizni istashadi, albatta.
Rossiyada bizning elchixonamiz va konsulligimiz bo‘lgani holda, Rossiyaning O‘zbekistonda, bulardan tashqari, “Rossotrudnichestvo” degan yana bir tashkiloti ham faol ish olib boryapti. “Fan va madaniyat markazi” deb taqdim etilgan bu muassasaga rus tili, madaniyati va ilm-fanini o‘rganmoqchi bo‘lgan odamlar tashrif buyurishadi, bir talay madaniy tadbirlar o‘tkaziladi.
Bularning bari yaxshi. Do‘stlikka, hamkorlikka bag‘rimiz doimo ochiq. Ammo o‘tgan yil aprel oyining oxirlarida 18 nafar oti o‘zbekcha, ammo hayoti o‘rischa bo‘lgan “madaniyat arboblari”ning O‘zbekistonda rus tiliga “rasmiy til” maqomi berilishini qonunlashtirish, ya’ni uni amalda davlat tiliga aylantirish borasidagi “taklif-da’vat”lari yodingizdadir? Bu tashabbus faqat ularning o‘zlaridan chiqqan, mazkur idora kabilar bundan bexabar deb o‘ylaysizmi? Yana, ustalikni qarangki, bu arboblaring bari – o‘zbek. Go‘yo, o‘zbeklarning o‘zi xohlayapti shuni, deganday bir taassurot qoldirish uchun.
So‘nggi bir-ikki oy ichida zimdan amalga oshirilayotgan bu harakat niqobini yechib, oshkora po‘pisa qiyofasini ham ola boshladi. Bunga dalil – pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev shu yilning 17-mart kuni Xalqaro press-klubda “Toshkentdagi o‘rta maktablarning qariyb 53 foizida rus tilida ta’lim berilyapti, O‘zbekiston poytaxtida o‘zbek maktablari ruscha maktablardan kam”, deb aytishi bilanoq, “Yandeks Dzen” sayti uni shunday talqin qildiki, nafaqat rus millatiga mansub Internet foydalanuvchilari, balki ba’zi “madaniy” o‘zbeklar ham og‘izlariga kelgan gapni qaytarmay “post” yozishga tushishdi. Saytning sirli ravishda “Baiki Rusicha” degan muallifi esa masalani buzib talqin etibgina qolmay, yig‘ilish haqidagi bir betlik “hisobot”ida oshkora surbetlik bilan “… запреты и ограниchениya на русский yaзык могут спровоtsировать к неконтролируемым событиyaм””, deb dag‘dag‘a qilishga ham o‘tdi. O‘h-ho‘! Holbuki, Ukrainadagi kabi, ruscha maktablarni yopib, o‘zbekchaga o‘tkazish taklif qilinmagan, balki o‘zbeklar o‘z farzandini o‘zbek tilli maktablarga berganlari yaxshi deyilgan edi, xolos. Shugina! Bir o‘zbek olimi, o‘z yurtida, ona tilining taqdiriga kuyinishga ham haqsiz bo‘lsinmi?
Mana shu ulug‘davlatchilik g‘oyalari, oshkora shovinizm keyingi yigirma yil ichida Rossiyaning o‘ziga ham ziyon keltiryapti, obro‘sini to‘kyapti. E’tibor qiling – xalqaro maydonda Rossiya hozir yakkalanib qoldi! Demak, bunday siyosat bizga emas, ularning o‘ziga ko‘proq ziyon.
Endi, bizning o‘zimizga kelsak, juda sustmiz. Bir kunlik ish qilish uchun ikki oy reja tuzamiz, uni turli «instansiya»lardan o‘tkazib, «Yo‘l xaritasi» deb amirkoncha nom berishlar bilan ovora bo‘lib yurgunimizcha poyezd ketib bo‘ladi. Buning o‘rniga, mulohazayu muhokamalar bilan vaqt o‘tkaza bermay, qonun chiqarilsayu, ijro qilishga kirishilsa bo‘lmaydimi? Chunki mukammal qonun bilan birga, qonunga mukammal amal qilish ham muhim. Yana bir oy sudralsak… kech bo‘ladi-yov!
Ba’zilar aytayotganiday, o‘zbek tili bizning milliy boyligimiz, yoki faxri-g‘ururimiz emas. U, yana ta’kidlashayotganiday, bayroq, gerb yo gimn singari ramzlardan biri ham emas. Chunki ularning hammasini, sharoit taqozo qilsa – o‘zgartirsa bo‘ladi. Ammo… tilingizni qanday o‘zgartirasiz? Til – millatning joni. Shu til bo‘lmasa – o‘zbek yo‘q, O‘zbekiston yo‘q.
Aholining qariyb 85 foizi o‘zbeklardan iborat bo‘lgan O‘zbekistonda o‘zbek tilining davlat tili bo‘lish-bo‘lmasligi – qanday qilib, bizga yon qo‘shni emas, undan ham narida joylashgan Rossiya tashqi ishlar vazirligining bugun bosh og‘rig‘iga aylanib turganiga nima deysiz?
Keng ma’noda olsak, bizning tilimiz davlat tili bo‘ladimi-yo‘qmi, Zaxarova xonim va uning rahbarlariga sariq chaqachalik ahamiyati yo‘q. Bundan ularning patagiga cho‘g‘ tushmaydi. Maqsad-muddaolari boshqa. Shuni payqasak, butun ahli yurt bir bo‘lib, mustaqil siyosat yuritayotgan Prezidentimiz tevaragida uyushib, davlatimizni mustaqil ravishda qurib olsakkina murod hosil bo‘ladi.
Yo‘qsa, XX asrda kolonial davlat edik, XXI asr boshidan neokolonial davlatga aylanamiz-qolamiz.
Zuhriddin Isomiddinov
Oliy attestatsiya komissiyasi raisi maslahatchisi