9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

“Yusuf va Ahmad” dostonining genezesiga doir

notiq.uz > IJODIYOT  > “Yusuf va Ahmad” dostonining genezesiga doir

“Yusuf va Ahmad” dostonining genezesiga doir

Dunyodagi ko’pchilik xalqlar eposlariga xos bo’lganidek, “Yusuf va Ahmad” dostoni ham o’tmish avlodlarimizning turli ibtidoiy dunyoqarashlarini u yoki bu tarzda aks ettirgan. Xususan, dostondagi bir qator motiv va syujet halqalarining tub ildizlari uzoq davrlarga borib taqaladi.

Turli xalqlar tarixi, dunyoqarashiga nazar qilinsa, ular o’rtasida o’zaro mushtarak jihatlar mavjudligini payqash mumkin. Bu masala har bir xalqning tabiat va jamiyat hodisalari ustidan chiqargan hukmi, o’y va qarashlarida yanada ravshanlashadi. Xususan, bularning qanchalik haqiqatga ega ekanligini xalq dualistik qarashlarini kuzatish asosida ham bilsa bo’ladi.

Aslini olganda xalq og’zaki ijodiyoti epik janrlarining har birida dualistik elementlarni uchratish mumkin. Ular ayrim lavha va detallardagina emas, balki asarning umumiy g’oyasi va ruhida aks etadi. Masalan, istagan bir ertak yoki dostonga murojaat etmaylik, unda qarama- qarshi ikki kuchning – ezgulik hamda yovuzlik homiylarining kurashi tasviri asosiy obyekt bo’lib xizmat qilishini ko’ramiz.

Biz “Yusuf va Ahmad” dostoni tarkibida ham xalqning dualistik qarashlariga mufassal to’xtalmasdan, xalq dualizmi bilan bevosita bog’liq bo’lgan egizaklar kulti masalasiga diqqatni qaratmoqchimiz. Har qanday masala mohiyatini to’g’ri anglash uchun uning tarixiy zaminiga nazar tashlash foydadan xoli emas. Misol sifatida zartushtiylikning muqaddas kitobi- “Avesto”ni olaylik. Uning “Vendidod” qismida xalq dualizmiga doir ma’lumotlar yorqin aks etgan. Unda tasvirlanishicha, butun olam bir biriga qarama qarshi ikki o’rtasidagi shiddatli va tinimsiz kurashdan iborat. Ezgulik kuchlari insoniyatga manfaat keltirsa, yovuzlik kuchlari ziyon-zahmat yetkazadi. Bu xususiyat asarda Ahraman va Xurmuz obrazlari siymosida o’z ifodasini topadi. Xurmuz ezgulik kuchalariga homiylik qilsa, Ahraman yovuzlik hukmdori sifatida gavdalanadi.

Xalq dualizmi bilan bog’liq bo’lgan ikkinchi bir masala – moddiy olamning, insoniyatning yaratilishi masalasidir. Buni ham dualistik qarashlar bilan bog’lash va shu tariqa talqin qilish deyarli barcha xalqlarning folklori va mifologiyasiga xos xususiyatdir. Bu holat Sharq hamda G’arb xalqlari mifologiyasida deyarli birdek ko’zga tashlanadi. Kosmogoniya, ya’ni osmon jismlarining yaralishi bilan bog’liq miflarda, ayniqsa, bu yanada ravshanroq ko’rinadi. Egizaklar kultining ro’yobga kelishi ham bevosita kosmogoniya bilan aloqadordir. Chunki egizaklar kultining yuzaga kelishi samo jismlarining paydo bo’lishi va ularning atropomorfizatsiyasi, ya’ni jonli tasavvur etilishi asosidadir. (Buni “egizaklar burji” nomi bilan yuritiluvchi (sozvezdiye bliznetsov) yulduzlar turkumi misolida ham anglab olish qiyin emas).

Tabiat va jamiyat hodisalari bilan to’qnash kelgan ibtidoiy inson doimo bir-biri bilan qarama-qarshi bo’lgan ikki holat, ikki xil narsa va hodisalarning mavjudligini ko’radi. Zulmat va ziyo, tun va kun, quyosh va oy, hayot va o’lim, yaxshilik va yomonlik va h.k.z. Demak, bularni vujudga keltiruvchi, ularga hukmronlik qiluvchi kuchlar ham bor bo’lsa kerak deb rivoyat, uydirmalar to’qib chiqarishgan. Xalq mifologiyasi va folklorida bu ikkala ruh ko’pincha, egizaklar formasida talqin etilgan. Ayrim miflargina bundan mustasno. Ba’zi miflarda insoniyatning yaratilishi  ikkal ibtido (er va xotin)ga bog’liq holda tasvirlanadi.

Taniqli etnograf olim L. Ya. Shternberg bunday ibtidoiy tushunchalar Xitoy yodnomalarida ham saqlanib qolganligini ta’kidlaydi. Sharq xalqlari ijodiyotida keng tarqalgan Odam Ato va Momo Havo haqidagi miflar, shuningdek antik davr yodgorliklarida ko’plab uchraydigan Adam va Yeva nomi bilan bog’langan afsona-yu rivoyatlar ham shu xususdagi fikrimizni quvvatlaydi. Ularda tasvirlanishicha, Odam va  Havo yer yuzida paydo bo’lgan ilk odamlar bo’lib go’yoki, barcha bashariyat ularning nasllari emish.

Ikkinchi xil miflarda esa, butun koinot, insoniyatni yaratuvchisi – egizaklar bo’lib gavdalanadi. Ana shu tariqa egizaklar kulti ilohiylashtirila boshlangan. Egizaklar (ko’pincha, aka-uka) ilohiy bir qudratga, g’ayritabiiy kuchga ega bo’lib barcha mushkulotlarni hal qiluvchi, yaratuvchi va yo’q qiluvchi mo’jizaviy kuch sifatida tasvir langan. Ayrim miflarda ular Xudo, ma’bud sifatida ham e’tirof qilinadi.

“Yusuf va Ahmad” dostoni, undagi egizaklar qismati yuqorida bayon qilingan mulohazalar bilan chambarchas bog’lanib ketadi. Balki uni asoslashga, to’ldirishga xizmat qiladi. Bu masalani oydinlashtirish uchun turli xalqlar orasida keng tarqalgan egizaklar haqidagi miflar, dualistik qarashlar bilan “Yusuf va Ahmad” dostonidagi bog’liq va o’xshash jihatlarga muayyan maqsad nuqtai nazaridan to’xtab o’tish zarur ko’rinadi.

Avvalo, shuni qayd qilish zarurki, dulizm tarqqiyotining ilk etaplariga xos belgilarni “Yusuf va Ahmad” dostoni egizaklar haqidagi qarashlarini o’zida to’la saqlab qolgan emas. Bu tabiiy hol. Taniqli olim A. M. Zolotaryov shu xususda so’z yurita turib, urug’chilik jamoasi davrida paydo bo’lgan egizaklar kulti vaqt o’ta brogan sari o’z ma’nosini yo’qotishi va har xil evirilishlarga uchrashi alohida ta’kidlangan. U misol tariqasida egizaklar kulti faqat og’a-ini, ya’ni qondoshlikka asoslangan aka-uka tarzida emas, balki ota va bola, ona va qiz, opa-singil shakllarida uchrashi mumkinligini aytib o’tadi. Egizaklar kultining bunday evrilishlarini “Yusuf va Ahmad” dostoni misolida ham kuzatsa bo’ladi.

Dostonda dualistik tasavvur izlari faqatgina Yusuf va Ahmad obrazlaridagina emas, balki boshqa obrazlarda ham o’z ifodasini topgan. Masalan, dostondagi ikki singil (B’ozo’g’lonxonning singillari — Yusuf va Ahmadning onalari), ikki sarkarda (ya’ni Og’abek va Bobobek — Yusuf va Ahmadning otalari) obrazlarini misol qilib ko’rsatish mumkin. Bu obrazlar dostonda o’zining mufassal tasviriga ega emas. Shuning uchun ham bularga xos ma’lumotlar juda kam uchraydi. Singil, sarkarda obrazlarining juftlik xarakterga ega bo’lishi hamda ularning dostonda birgalikda tilga olinishiga asoslanib xalq dualizmining eposda saqlanib qolgan izlari sifatida izohlash mumkin. Endi eposning bosh qahramonlari tasviriga egizaklar kultining bevosita ta’siri masalasiga qaytsak, dastavval qahramonlarning tug’ilishi masalasiga diqqatni qarataylik.

“Yusuf va Ahmad” dostonining xalq kitobi variantlarida qahramonlarning tug’ilishi turlicha tavsiflanadi. Ayrim qo’lyozmalarda Yusuf va Ahmad bir ota-onaning egizak bolalari sifatida e’tirof etiladi. Bunda ham ko’pincha muyyan izchillik, aniqlikka rioya qilinavermaydi. Asarning dastlabki qismlarida ularning bior vaqtning o’zida tug’ilishi, va nom qo’yilishi haqida gap ketsa, boshqa bir o’rinlarda esa ularda yosh jihatdan tafovut ko’zga tashlanadi. Masalan, “Yusufbek o’nsakkiz yoshga kirdi, Ahmadbek o’n to’rtga to’ldi”.

Ma’lumki, folklor asarlari uchun tarixan konkretlik, aniqlik ko’pincha ikkinchi darajali hodisadir. Yusuf va Ahmadning yosh jihatdan farqli qilib tasvirlanishini ham ana shu hodisa talabideyish mumkin. Ayrim qo’lyozma manbalarda qahramonlarning dunyoga kelishi shunday ta’riflanadi. “Bo’zo’g’lonxonning bir vaziri bor erdi. Otini oqilxon der erdilar. Bo’zo’g’lon singlisin berib o’ziga kuyov qildi. Oqilxon xotinidan ikki farzand ko’rdi. Birina Yusufbek, ikkinchisina Ahmadbek deb nom qo’ydi”. Boshqa bir qo’lyozmada esa o’zgacharoq shaklda uchraydi. “Bo’zo’g’lonxonning ikki sarkardasi bor erdi. Olarga ikki singlisini berib o’ziga domod qildi. Og’abekdan Yusubek bo’ldi, Bobobekdan Ahmadbek bo’ldi”.

Ko’ryapmizki, qahramonlarning tug’ilshi doston variantlari o’rtasida ham turlicha farqlanishlarga ega. Xo’sh, dualistik elementlar xalq lar dunyoqarashi tarixining o’zaro mushtarakligini e’tiborga olgan holda g’arb xalqlari orasida tarqalgan egizaklar haqidagi miflar bilan o’zaro muqoyasa qilishni lozim topdik.

  1. Zolotaryov Janubiy Amerika xalqlari orasiga yoyilgan egizaklar to’g’risidagi miflarni o’rgana turib shunday yozadi: “Janubiy Amerika miflarida egizaklarning tug’ilishi onaning o’limi bilan bog’liq”. Bu aqida “Yusuf va Ahmad” dostonida ham o’z tasdiqini topadi. Dostonda Yusufning onasi La’lixon oyim Ahmadni (onasi o’lgani sababli) emizadi, natijada ular ko’kaldosh bo’lishadi. Bu hol dostonning deyarli hamma nusxalarida ana shunday beriladi. Onaning o’limi motive boshqa dostonlarda ham mavjudligini ta’kidlash kerak. “Go’ro’g’lining tug’ilishi” dostonini olaylik. Lekin unda qahramonning dunyoga kelishi sal boshqacharoq xarakterga ega. Unda tasvirlanishicha, Go’ro’g’lining onasi Bibihilol vafot etadi. Qahramonning voyaga yetishi esa ot bilan bog’liq. Ya’ni go’ro’g’li yoshligidan biya sutini emib katta bo’ladi. “Yusuf va Ahmad”da esa qahramonlarning ulg’ayishida hayvon kultining ishtiroki yo’q. bu motiv aslida totemizm bilan bog’liq. Qadim zamonlarda turli territoriyalarda istiqomat qilgan qabila va elatlar har xil hayvonlarni o’zlariga muqaddas hisoblashgan. Ularga topinganlar. Go’yoki, o’sha hayvon ular urug’ining asoschisi, urug’boshi sifatida tushunilgan.

“Yusuf va Ahmad” dostonida bunday tipdagi hayvon kulti alohida o’rin tutmaydi. Bu  albatta, eposining tarixiy taraqqiyoti davomida turli xil transformatsion holarlarni boshdan kechirishi natijasidir. Qolaversa, totemistik motiv asar mazmunini ochishda ma’lum funksiya o’tay olmaganligi sababli dostondan o’rin olmagan.

Egizaklar haqidagi miflar bilan dostonning farq qiluvchi yana bir xususiyati ular o’rtasida konflikt yo’qligidir. Ma’lumki, yuqorida ko’rganimizdek, g’arb xalqlari miflarida egizaklar ma’lum yoshga yetganlaridan keyin ular o’rtasida ziddiyatlar kelib chiqadi va oqibatda urug’ikkita fratriyga bo’linib ketadi. Ular o’rtasidagi ziddiyatlar umrbod davom etadi. Biz so’z yuritayotgan eposda esa bu hol sezilmaydi. To’g’ri, dostonning og’zaki variantida aka-uka o’rtasida nisbatan konflikt ko’zga tashlanganday bo’ladi (masalan, Ahmadning o’z akasini so’rab Gulasal chodiriga borishi tafsilotlari bilan bog’liq manzaralarni eslang). Dostonning yozma variantlarida esa aka-uka bir-biri bilan do’st, inoq, urushda ham, kurashda ham bir-biriga kamarbasta sifatida gavdalanadilar. Egizaklar o’rtasida konflikt yasashning zarurati yo’qligi uchun xalq bu epizodni eposga kiritishni lozim ko’rmagan bo’lishi mumkin. Egizaklar o’rtasida konfliktning bo’lish- bo’lmasligining sababi jahon xalqlarida egizaklarga qarashning o’ziga xosligi bilan bog’liq.

Jahon xalqlarida egizaklarga qarash ikki xil tarzda bo’lgan. Bu munosabat Sharq xalqlarida ijobiy xarakterga ega bo’lgan bo’lsa, G’arb xalqlarida ko’proq salbiy xarakter kasb etgan.

Dotsent O. Mo’minovning xabar berishicha, sharq xalqlarida egizaklar tavalludini odatan quvonch bilan kutib olishgan. Egizaklarga, ularning onasiga katta hurmat izhor etilib, uni muqaddas hisoblashgan. Afrikaning Gyugo mamlakati territoriyasida esa ilgarigi vaqtlardan egizaklarning tug’ilishi dahshatli voqea sifatida izohlangan. Egizaklar tavallud topishi bilan darhol nobud etilgan. Chunki, ular egizaklarning vujudga kelishida ins-jinslar, yovuz kuchlar ishtirok etgan deb o’ylaganlar. Agar ona ikkinchi marotaba egizk tug’sa, egizaklar kir chumolilar yemishiga aylantirilgan. Mahalliy xalq e’tiqodiga ko’ra bunday tadbir uchinchi marotaba egizaklar tug’ilishining oldini olarmish. Senegalda yashovchi xalqlarning ba’zilarida ham egizaklarning birining hayoti saqlanib qolingan, ikkinchi-nimjonrog’I katta xum idishga solinib tiriklayin yerga ko’milgan. Ekvator atrofidagi Kongo xavzasida yashovchi xalqlarning ba’zilarida egizaklar tuqqan ayol chaqaloqlari bilan birga nobud qilingan.

Mana bulardan ko’rinyaptiki, sharq xalqlari egizaklarni muqaddas bilib ularni yaxshilik, ezgulik nishonasi sifatida e’zozlashgan. “Yusuf va Ahmad” dostonida sharq xalqlarining egizaklar haqidagi qarashlari o’z ifodasini topgan.

Dunyo xalqlari miflarida egizaklar ba’zan uchlik formasida uchrashi ham kuzatiladi. Atoqli etnograf L. Ya . Shtenberg uch egizak formalarini yunon miflarida ko’proq uchrashini aytib o’tgan edi. Bunda aka-uka yoki opa-singil shaklida emas, balki ikki qiz bir og’il, ikki o’g’il bir qiz tarzida bo’ladi. Egizaklarning uchlik xarakterga ega bo’lishini “Yusuf va Ahmad” dostonida ham mavjudligini ko’ramiz.

Dostonning ilk qismlarida faqat bosh qahramonlarning tug’ilishi tilga olinadi. Keying qismlarda esa ularning opasi-Qaldirg’och ham qayd qilina boshlaydi. Dostonda Qaldirg’och obrazining o’z o’rni, funksiyasi bor. Ular barcha yumushlarni bamaslahat hal etishadi. Yusuf, Ahmad va Qaldirg’och obrazlarini egizaklar sifatida e’tirof qilinishining ikki sababi bor. Birinchisi dostonga “Alpomish” eposining bevosita ta’siri bilan izohlanadi. Chunki, dostondagi qaldirg’och obrazining tasviri “Alpomish”dagi Qaldirg’och obraziga juda muvofiq keladi. Bevosita ta’sirni esa o’sha obrazlarning bir xil nomlanishidan ham sezsa bo’ladi. Ikkinchidan esa, egizaklarning bu uchlik formasi xalq dualizmining o’ziga xos taraqqiyotini, o’zgarish jarayonini ham ko’rsatadi.

Dostonning qadimiyligini asoslovchi motivlardan yana biri undagi jonli va jonsiz tabiatga murojaat motividir. Bu motiv ham juda qadimiy bo’lib, insoniyat tafakkur protsessiyasining ibtidoiy ko’rinishlarini o’zida namoyon etadi. Biz bu o’rinda bandi bo’lib ketayotgan Yusuf Ahmadlarning Asqar, Polopon, Pesha tog’lariga, gurgon daryosiga qarata qilgan murojaatlarini, zindonda yotgan paytlarida qaldirg’och va turnalarga qilgan nolai zorlarini nazarda tutayapmiz.

Xullas, “Yusuf va Ahmad” dostoni uzoq davrlik jonli ijodiy jarayonning mahsuli. U o’tmish avlodlarimizning e’tiqodi va dunyoqarashiga doir elementlarni o’ziga singdirgan holda bizgacha yetib kelgan. Bu tipdagi elementlarning ayrimlari dostonga boshqa bir epik namunalarning ta’siri orqali kirib kelgan.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.