9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Hikmatli so‘z – himmatli so‘z

notiq.uz > IJODIYOT  > Hikmatli so‘z – himmatli so‘z

Hikmatli so‘z – himmatli so‘z

Ahli qalam orasida shunday naql yuradi: “eng murakkab ish sodda yozish, undan ham qiyini qisqa yozish”. Haq gap. Hamma ham buning uddasidan chiqa olmaydi. Qisqalik va soddalik kitobxonning g’oyaviy maqsadni  tez “hazm qilishi“ uchun imkon yaratadi. Shuning uchun ham allomalardan biri soddalik talantning opasi bo’lsa, qisqalik singlisidir,- degan. Bu hikmatdan shu narsa anglashiladiki, soddalik qisqalikka, qisqalik esa soddalikka yaqin turadi va bir-birini talab etadi. Serso’zlikdan qochish lakonistik uslubda fikr ifoda etish bu — san’at va mahorat. Alisher Navoiy “chin so’z mo’tabar yaxshi so’z muxtasar”- degan. Shunga monand holda aytish mumkinki, sara so’z soda so’zdir.

Ijodi yuqori cho’qqiga yetgan adiblarning aksariyati qisqa shakl, qisqa ifodalarni xush ko’radigan bo’lishadi. Yoshligida dilogiya, trilogiya hatto, tetralogiya yozgan adiblar ham olam- olam ma’no beruvchi hikmatlarni, chizgilarni qayd etishni ma’qul topishadi.

Taniqli shoir, jurnalist do’stimiz Muhammad Ismoil navbatdagi kitobiga “Gapning qisqasi yaxshi” deb nom beribdi. Ko’p yillar mobaynidagi ko’rgan, kuzatgan kechinmalari hikmat tarzida qog’oz yuziga tushgan. Shulardan ayrimlarini e’tiboringizga havola qilamiz kitobni o’qing, shunchaki o’qimang balki o’qib uqing, huzurlanasiz, fikrlab lazzatlanasiz, ruhlanasiz. Ehtiyot bo’lib ish tutasiz, yozuvchining yon daftari uning jon daftaridir. Marhamat.

 

* * *

Agar narigi dunyo hisob-kitoblari bo‘lmaganda, bu dunyo sahnasida shu qadar ustalik bilan o‘ynash mumkin edi-ki…

* * *

Birovga taqlid qilish, o‘zingga ishonmaslikdan boshlanadi.

* * *

Eng dahshatli muhabbat keksa kishining keksaymagan muhabbatidir.

* * *

Zamon senga muhtoj ekanligini qanchalik anglay olsang, shunchalik iste’dodlisan.

* * *

Eng katta ayyorlik, vijdon qiynog‘iga sabab qoldirmaslikdir.

* * *

Erdagi odamni xo‘rlash, uning ko‘kdagi himoyachisini inkor qilishdan boshlanadi.

* * *

Odam kitob o‘qiyotganda o‘z aqlining tomir otayotganligini sezib turadi.

* * *

Vaqt o‘tkir qilichdirki, unga qo‘l siltagan odamning qo‘li albatta kesiladi…

* * *

Uning xatolarini ko‘rish uchun, menda dushmanlik etishmaydi, xolos.

 

* * *

U shu qadar qattiq uxlardiki, hatto nafas olishni unutib qo‘ygandi.

* * *

Imkoniyat qanchalik qimmat turishini bilganimizda, uni arzon narsalarga almashmas edik.

* * *

Xudoni inkor qilish, quyoshni puflab o‘chiraman deyish bilan barobardir.

* * *

Kishi qariyotganidan noligandan ko‘ra, maqsadsizligidan nolishi o‘rinliroq.

* * *

Dunyoda yomon odam yo‘q, yomonlik bor xolos.

* * *

YOzuvchining buyukligini yozishga ustaligi emas, e’tiqodining puxtaligi belgilaydi.

* * *

Agar farzandlarimizga yoshligidan tarbiya bermasak, ular ulg‘aygan sari, tarbiyasizligi ham ulg‘ayib boraveradi.

* * *

Havoning ko‘zga ko‘rinmasligi, uning yo‘qligini tasdiqlamaganidek, dinsiz yashash mumkinligi, Xudoning borligini inkor qilolmaydi.

* * *

Umr sen har bir lahzasiga tavon to‘lashing shart bo‘lgan tiriklikdir.

* * *

Nurni qo‘l bilan ushlab bo‘lmaganidek, muhabbatni fikr bilan izohlab bo‘lmaydi.

* * *

Jarohatidagi og‘riqlar uni yashashga chorlardi.

* * *

Sen etib borganingda, baxt ketib ulgurgan bo‘ladi.

* * *

SHoirni yiqildi deb o‘ylamang. U o‘zining eng abgor kunlarida ulug‘vor she’rlarini yozishga o‘tiradi. SHoirni o‘ldi deb o‘ylamang, u o‘lganida qabridan nur taratib turgan bo‘ladi. Xudo, shoirni mana shunday aziz qilib yaratgan.

* * *

Sevgi – aqldan ozishni istaganlar ermagi.

* * *

Ko‘pincha iymonimiz esimizda turadi-yu lekin eslamaymiz.

* * *

Ilhom mehmon singari kelib-ketaveradi, ijod esa mehmondo‘stlikdir. Mehmondo‘stlik hech qachon ijodkorni tark etmasligi shart.

 

* * *

Biz shunchalik erka odamlarmizki, hatto yashash uchun kurashishni bilmaymiz.

* * *

Kishi jismoniy tarbiya bilan o‘zini chiniqtirgani kabi, ma’naviy tarbiya bilan aqlini peshlab borishi lozim.

 

* * *

Agar odamlar qilgan gunohlardan hid chiqqanida, er yuzi allaqachon sasib ketgan bo‘lardi.

* * *

Iroda ham inson tanasidagi bir a’zoga o‘xshaydi. U xastalikka chalinsa, odam boshiga ko‘pgina qiynoqlarni keltiradi.

* * *

SHayton o‘zi ko‘zga ko‘rinmaydi-yu, lekin u qilgan ishlarning hammasi ko‘zga ko‘rinib turadi.

* * *

Xudo kechirimliligining yana bir sababi, biz goho o‘zimiz istamagan hayotda yashashga majburmiz.

* * *

Eng baxtsiz yozuvchilar, o‘z asarlarini shaytonlar sevib o‘qishidan qo‘rqmaydigan yozuvchilardir.

* * *

Birovning yaxshiligini unutib qo‘yadigan qalb – tarbiyasiz qalbdir.

* * *

Kungaboqarning go‘zalligini kimga boqib turgan bo‘lsa, shundan so‘rang.

* * *

Mening butun iste’dodim uning muhabbati bilan band bo‘lib ketdi.

* * *

Daryo ortga oqmaganiday, inson umri ham ortga qaytmaydi.

* * *

YAxshiyamki, ayol va erkak mavqeini tenglashtirib turadigan muhabbat bor…

* * *

Hech narsa kishiga xotirachalik xiyonat qilmaydi.

* * *

Men hali o‘lishga rozi bo‘ladigan darajada baxtli bo‘lganim yo‘q.

* * *

Qilgan yaxshiligini unutmagan odam, minnat azobida yurgan odamdir.

* * *

Kishilar qancha zulm cheksalar, zolimlarga qarshi kurashganlarni shunchalik ulug‘laydilar.

* * *

To‘g‘ri so‘z changalzorda yurgan ohuga o‘xshaydi. Ko‘zga ko‘rinib qolsa, ovlaydigan ko‘plab ishqibozlari chiqadi.

* * *

Bir amaldor: ‘‘Bizning galstuklarimizning tig‘i, hazrat Ali qilichining tig‘idan ham o‘tkirroq’’, — degandi.

* * *

Ko‘p gapirgan, og‘zi hamisha ochiq odamlarning qalbi, xazinasi yo‘qligi uchun, tambalanmaydigan uyga o‘xshaydi.

* * *

U o‘tmishdagi barcha qahramonlarni afsonaviy qahramonga aylantirdi va o‘zini zamonaviy qahramon deb e’lon qildi.

* * *

Qalin o‘rmonda o‘z yo‘lini yo‘qotib qo‘ymaslik uchun, hushyorliging orta borganidek, qanchalik gavjum muhitda yashasang, o‘z maqsadingga shunchalik kuchliroq intilasan.

* * *

Biz – baxt, omad, iste’dod qaerda berilayotganini bilmaydigan no‘noq talabgorlarmiz.

* * *

Otaning birinchi mag‘lubiyati, o‘z o‘g‘lining unga taqlid qilmay qo‘yishidadir.

* * *

Bezovta aql bilan ko‘chaga chiqsang, o‘nqir-cho‘nqir yo‘lga duch kelasan.

* * *

Axmoqlargina o‘z iste’dodsizligidan azoblanmasligi mumkin.

* * *

– Sen, Xudo bitta deysan-u, yana Xudo hammaning yuragida bor deysan. Demak, Xudo juda ko‘p ekan-da! – debdi bir odam imomdan norozi bo‘lib.

Imom, darhol o‘nta piyolani suvga to‘ldiribdi va debdi:

– Quyosh bitta, lekin piyolalardagi aksi o‘nta. Bu bilan Quyosh o‘nta bo‘lib qolgani yo‘q-ku!

* * *

Odam Er yuzida istagancha yuraveradi, lekin bir siqim tuproq nima ekanligini hech qachon bilmaydi. Odam, kecha-yu-kunduz suv ichadi. Lekin, bir tomchi suv nimaligini hech qachon bilmaydi.

Odam yashayveradi. Lekin, yashashning qoidasini hech qachon bilmaydi. Odam fikrlayveradi. Lekin hayotning asl ma’nosini hech qachon topolmaydi.

Xudo, odamzotga hamma jumboqlarni qoldirib, hamma javoblarni berkitib qo‘yganga o‘xshaydi.

* * *

Bir daraxt uchun qancha barg kerak bo‘lsa, inson uchun shuncha odob kerak bo‘ladi.

* * *

Muhabbat ostonasiga xuddi yosh boladay qadam tashlamoq lozim.

* * *

U o‘zining buyuk tuyg‘ularini hayotning mayda ikir-chikirlariga aralashtirib yubordi.

* * *

Uning boshi shu qadar katta ediki, hammaning ham ostonasiga sig‘avermasdi.

* * *

Xudoning mehribonligini qarangki, birovni birovga g‘iybat qilsang, o‘z-o‘zingni yomon ko‘ra boshlaysan.

* * *

O‘zingni muhabbat haqida qancha bilimdon tutsang, qariyotganing shuncha bilinaveradi.

* * *

Mag‘lubiyatga uchrab turganingda, dushmaningning kaltak eyayotganini ko‘rish naqadar yoqimli.

* * *

Rauf Parfining sochlari shu qadar oqargan ediki, ortiq oqarolmaydi-ku, deya yuragim ezilardi.

* * *

Sen o‘zingni sevganing uchungina meni sevasan.

* * *

U bugun shu qadar baxtiyor ediki, ertangi kunini o‘ylagisi kelmasdi.

* * *

U o‘z yuragiga, bulbulga qaraganday qarar, mabodo sayramay qo‘ysa, taajjublanardi.

* * *

Odamlarni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish hurfikrlilikni bo‘g‘ishning eng oson yo‘lidir.

* * *

U shoir bo‘la turib, shu qadar uzoq umr ko‘rdiki…

* * *

U o‘zining xorligini bilmagani uchungina tashakkur aytardi.

* * *

Osoyishta turmushimni qattiq silkitib yuborganingdan so‘ng, kuzgi yaproqlar singari sochlarim duv-duv to‘kildi.

* * *

Mislsiz go‘zalligingni ta’riflay olmagach, shoir bo‘lolmasligimga ko‘zim etdi.

* * *

Bizning xatolarimiz o‘zimizni boshqalardan ko‘ra ko‘proq sevishimizdan kelib chiqadi.

* * *

Muhabbat haqidagi qo‘shiqlar avji xuddi poygaga qo‘shilgan otlarday, bir-biridan o‘zaman, derdi.

* * *

Agar yuragingda qaynab yotgan isyonlar ichidan kibrni topib olsang, bilginki, bu kibrga shayton minib olgan.

* * *

U shu qadar yolg‘iz ediki, ko‘nglidagi kechinmalarni yaqqol tasavvur qilardi.

* * *

Barcha asarlarimdan ko‘ra, unga atab yozgan xatlarim o‘n karra ko‘p. Xayolan gaplashganlarim esa, yuz karra.

* * *

Sevaman deyish, cho‘kayotgan odamning hayqirig‘iday gap, eng yomoni, seni qutqarishga kelmasliklarida.

* * *

Hayot shu qadar sokin, davr shu qadar jimjit edi-ki, millionlab odamlarning bor-yo‘qligi bilinmasdi.

* * *

Qari shoirni ko‘rish, o‘lgan shoirni eslashdan ayanchliroq.

* * *

Sen Xudoga qanchalik ishonsang, Xudo ham senga shunchalik ishonadi.

* * *

Tog‘ning tepasidagi daraxt yuksakligi uchun o‘zidanmas, tog‘dan minnatdor bo‘lishi kerak.

* * *

Xotining – odamzotni hech qachon bilib bo‘lmasligining birinchi dalilidir.

* * *

Hayotning qiziqligi shundaki, sher bo‘lib tug‘ilganlar sichqon ovlab yuribdi, quyon bo‘lib tug‘ilganlar burgutga chang solayapti.

* * *

Hamma narsa nisbiy. Og‘rinib tashlangan qadam, sog‘inib yurilgan ming chaqirim yo‘ldan uzunroq.

* * *

Jamiyatning dong‘i zamon qahramonlarining mashhurligi bilan o‘lchanadi.

* * *

Aqlni istaysanmi, omadnimi? – deb so‘rashganlarida, omadni tanlagan bo‘lardim. Axir aqlli bo‘lish ham omadda!

* * *

SHoirga o‘z kitobini sotib olishlarini so‘rash, ota o‘z qiziga kuyov izlashiday haqoratlidir.

* * *

Dunyoda hech narsa sevgilingizning yuzidan go‘zalroq emas.

* * *

Poraxo‘rning aybi, poraxo‘r jamiyatnikidan katta emas.

* * *

Muhabbat biz istagan paytda kelsa, pariqizga, biz istamagan paytda kelsa, qariqizga o‘xshaydi.

* * *

SHunday sevginki, menga uylansa kerak deb, o‘ylasin…

* * *

Ko‘rinmas dushman bilan olishayotganimiz uchun, qahramonliklarimiz ko‘rinmayapti.

* * *

O‘limni, shuning uchun yomon ko‘ramizki, u bizni sevgan odamlarimizdan ayiradi.

* * *

Mehnat qilish, pul topishdan ko‘ra, qimmatliroqdir.

* * *

SHer qariganda ham ovga chiqmay iloji yo‘q. Ochdan o‘lishi mumkin. SHoir ham shunday. Qarisa ham, sevmay iloji yo‘q.

* * *

Ba’zilar qonunga ishonadi, lekin qonun hech kimga ishonmaydi.

* * *

Tushimda kimdir: – Farzand ko‘rding, solig‘ini to‘lamaysanmi? – deyayotgan emish.

* * *

Xotirjam odamgina dunyoning naqadar tezlik bilan aylanayotganini ko‘rishi mumkin.

* * *

Ayollarni ayblayolmagan odam yo ahmoq, yo shoir.

* * *

Sen o‘zingga podsholik qilolmayotganing uchun, podshodan o‘kinma.

* * *

Gapning ham vazni bor. Bir og‘iz gapni ba’zan eshak ham ko‘tarolmaydi.

* * *

Kelajak, qarshimizda turgan toqqa o‘xshaydi. Bizning xatolarimiz shu tog‘ning narigi yog‘ida nima turganini ko‘rmaslikdan boshlanadi.

* * *

Adabiyot do‘stingga o‘xshaydi. Unga boylik ilinjida, shon-shuhrat ta’masida qarasang seni tashlab ketadi.

* * *

Xaqiqatni ochiq-oydin aytish, yorug‘likka chiqib, dushmanga o‘zingni ro‘y-rost ko‘rsatishdir. Bu payt qorong‘uda turganlar albatta o‘q uzadi.

* * *

Ko‘lmakda kit bo‘lmaydi. Ko‘ldan ko‘ngling to‘lmaydi.

Ketay desang ko‘klarga, Ko‘lbaqalar qo‘ymaydi.

* * *

Agar Er yuzidagi barcha shoirlar xaqiqiy shoir bo‘lganida, Er yuzida she’riy tildan boshqa til bo‘lmasdi.

* * *

Endi xato qilmayman deya qasam ichgan inson, boshqa to‘p o‘tkazmayman deya ahd qilgan darvozabonga o‘xshaydi. U qanchalik mohir bo‘lmasin…

* * *

Qizlar seni ko‘rganda jilmaya boshlasa, bilginki, ularning ko‘ziga sening shon-shuhrating ko‘rinayapti.

* * *

Men aqlliman deyish, tomning tepasiga chiqib, men hammadan balandman deyishday gap.

* * *

Olim kitob o‘qib olim bo‘lsa, shoir go‘zallikni maqtab, shoir bo‘ladi.

* * *

Xotinimni bir so‘z bilan ta’riflashim qiyin. Uni Kumush desam, Zaynabga ham o‘xshab ketadi. Menga ular bir odam qiyofasida yo‘liqqan.

* * *

Modomiki, sen yozgan asarlarni o‘z vataningdan chetda o‘qishmas ekan, sen yozuvchi emas, aytaylik, oqqushlarni xonakilashtirgan fermersan, xolos. Agar o‘z vataningda ham o‘qishmasa, o‘sha oqqushlarni kushxonaga topshiruvchi ovchidan farqing yo‘q.

* * *

“Sevaman” deyish, toj taxting uchun zimdan kurashayotgan odamga, shahar darvozalarini bitimsiz, ochib berishdir.

* * *

Odam o‘z tirikligini ta’minlash uchun, hayot degan ajdarhoning og‘zidan har kun non olib eydi. Ajdarhoni qo‘y deb o‘ylaganlar, qattiq adashadilar va o‘z boshlarini o‘zlari eydilar.

* * *

U oq deb o‘rgatganlarini oq, qora deganlarini qora deb bilardi. Holbuki, hayot oq va qora ranglardan iborat emas. Uning yuz xil rangi bor. Uning yuz xil rangini kashf etgan insonlar iste’dod egalaridir. YUz birinchi rangini kashf etganlar, isyonkorlardir.

* * *

Qo‘g‘irchoqlargagina hasad qilishmaydi.

* * *

Muhabbat g‘ishtlari – sog‘inch va hijron olovida pishgan, loylari ko‘z yoshdan qorilgan, balandligi umid va orzulardan ko‘tarilgan, mardlik va fidoyilikdan ziynatlangan va sadoqat tufayli abadiyatga yuz tutgan – minoradir.

* * *

Xastalar sog‘ayishni qancha istasalar, keksalar ham yoshlikni shuncha qo‘msaydilar.

* * *

Sanog‘i bor narsaning soni ham bor.

* * *

O‘zini unutib yashagan odamni eslash qiyin.

* * *

Sayohatning shunisi yaxshiki, uyga qaytganingda uzoq-uzoqlarga tikilsang Eyfel minorasi, Tojmahal qasri, yoinki Sfinks ko‘z oldingga kelaveradi.

* * *

Muhabbat bizni yoshlar orasiga etaklaydi. O‘limdan qochishning eng yaxshi yo‘li, keksayib qolishdan qochishdir.

* * *

Bir manqa bir kishini to‘yga aytishga boribdi. To tushintirguncha rosa qiynalibdi. Bundan ensasi qotgan kishi:

– To‘yga aytishga, sendan durustroq odam yo‘qmidi – desa, manqa:

D-durustroq odam, d-du-durustroq odamlarni to‘yga a-aytishga ketgan, – dermish.

* * *

U faqat seni sevganida, qo‘lidagi telefon hadeb jiringlamagan, boshqalar uni chorlayvermagan bo‘lardi.

* * *

Sening dushmanlaring, dushman ekanligingdan xavotirlanayotgan do‘stlaringdir.

* * *

Jamiyat, erkin fikrlaringni sinab ko‘radigan janggoh emas.

* * *

U tor doirada fikrlar, aytadigan so‘zlari ro‘zg‘orbop edi.

* * *

Uxlab yotgan odamni dangasa deb bo‘lmaydi.

* * *

Sochlaring to‘kilayotganda oqarganlari emas, qoralari ko‘zga ko‘proq ko‘rinadi.

* * *

Uskunani temir qiziganda yasaydilar. Temir sovugach harchand urinma, befoyda. SHe’r ham, yurak cho‘g‘day qiziganda dunyoga keladi.

* * *

Sochlaring o‘ylayotganingda emas, o‘ynayotganingda to‘kilsa alam qiladi.

* * *

Seni vazirni maqtagandek maqtashsa, buning yomon joyi yo‘q, yomoni sen o‘zingni vazirday tutishingdadir.

* * *

Muhabbat uchun jasorat ko‘rsatmagan oshiqning, jang maydonida jangga tushmagan jangchidan farqi yo‘q.

* * *

Darvozangizni yashilga bo‘yagan bilan bahor kelmaganday, do‘ppini bostirib kiygan bilan miya milliylashib qolmaydi.

* * *

Hayotda o‘zini biror marta sevdirolmagan odam, biror marta g‘alaba qozonmagan qo‘mondonga o‘xshaydi.

* * *

Inson irodasi samolyot parragiga o‘xshaydi. Agar u sinmasa, o‘zidan ming karra og‘irroq yukni ko‘tarib ketaveradi.

* * *

SHogirdlar ustozga nima berayotganlarini hisoblaydilar-u, nima olayotganlarini hech hisoblamaydilar.

* * *

Keksalik ajinlarini yo katta shon-shuhrat pardasi, yo ulkan boylik niqobi bilan yashirish mumkin.

* * *

Muhabbat changalzor qonuniga bo‘ysunadi. Unda kuchlilargina hukmron. U ojizlarni toptaydi, xo‘rlaydi va tashlab ketadi.

* * *

Asar xayolda pishib, so‘nggi nuqtasi qo‘yilgach, birinchi satri yozila boshlaydi.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.