9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Sahna nutqi muammolariga doir qaydlar

notiq.uz > IJODIYOT  > Sahna nutqi muammolariga doir qaydlar

Sahna nutqi muammolariga doir qaydlar

Notiq, nutq, mantiq. Bular bir o‘zakdan yasalgan arabcha so‘zlardir. Har qanday notiq nutqi mantiqdan chetda bo‘lsa, u vaysaqilik, safsatabozlikdir. Notiq nutqining aniqligi talaffuz va tafakkurning tiniqligi bilan vobasta. SHunday ekan, ijtimoiy-badiiy nutqning uzviy bir bo‘lagi sahna nutqi muammolari ham doimo dolzarbligicha qoladi. Notiqlik ulkan daraxt bo‘lsa, notiqlar uning shoxu novdalari, nutq mevalari, mantiq esa uning teran tomiridir.

Sahna nutqi va notiq (minbar) nutqi. Birinchisida ijroviylik birlamchi o‘rinda bo‘lib, unda aktyorning adabiy tilning qonun-qoidalariga muvofiq aniq va tiniq talaffuz qoidalariga amal qilishi tushuniladi. Ikkinchisida ijodiylik ustun bo‘lib, vaziyatga, mavzuga mos xos so‘zni topib ayta olish orqali jamoaga o‘zini roslash, xoslash va moslash tushuniladi. Bular orasida xitoy devori yo‘q, aslida. Ular bir birini to‘ldiradi, boyitadi, izohlaydi.

Ritorika, oratorlik, notiqlik, xatoba, voizlik tushunchalari turli tillarda qanday jaranglasa ham mohiyati bitta. Inson fikrini ta’sirchan va ifodaviy shaklda etkazish mazmunini bildiradi. Nutqning ta’sirchan bo‘lishi uning nafosati va jozibasi bilan belgilansa, bu ayni paytda aniq va tiniq talaffuz bilan bog‘liq. SHuning uchun ham bolalar nutqiga go‘daklik paytidanoq e’tibor qilish zarurati shunchaki ish emas, balki bu jiddiy masaladir. Bolalikdan tovushlarni, so‘zlarni aniq talaffuz qilishiga e’tiborni kuchaytirish zarur. Ularning o‘smirlik va o‘spirinlik paytlarida ham ba’zan ayrim tovushlarni talaffuz qilolmasligi ular nutqiga kattalarning nopisandligi belgisidir. O‘z vaqtida bu masalaga jiddiy qaralmasa yoshi ulg‘aygandan keyin bu vazifa bir muncha og‘irlashadi. Maktab tizimida o‘qitish jarayonida nutq madaniyatiga rioya etish va adabiy tilning orfoepik hamda orfografik qonuniyatlarini chuqur bilish va unga to‘la, to‘g‘ri amal qilish masalasi muhimdir. Hatto, yarim asr yashab qo‘yganlarning ham hanuz chuchuk til bo‘lganlarini kuzatamiz, o‘z vaqtida logoped xizmatidan foydalanmaganlarini uchratamiz. Nutqning go‘zalligi aslida, talaffuzning aniqligidandir.

Antik davrda, rim va yunon notiqlik maktablarida bu masalaga jiddiy qarashgan. Talaffuzning tiniq va aniqligiga rioya etmaydiganlarni varvarlar deb yuritishgan. Bu o‘zbek tilida g‘o‘ldirovchilar degan ma’noni anglatadi. Varvarizm atamasi ham ana shundan kelib chiqqan. Manbalarda qayd etilishicha, Aristotel shoh Fillip saroyida hukmdorlarning farzandlari bilan nutq mashqi va malakasi bo‘yicha mashg‘ulotlar olib borgan. Hatto, Aleksandr Makedonskiy ham undan nutq talaffuzi borasida ta’lim olgan.

YUqoridagilardan anglashilayaptiki, nutq masalasi o‘zining tarixi, tadriji, nazariy va amaliy muammolari bilan har bir davrda ahamiyat kasb etib kelgan. Xususan, sahna nutqi masalalari borasida uzoq yillar faoliyat olib borgan, o‘zlarining nazariy va amaliy xizmatlari bilan bu sohaning rivojiga munosib hissa qo‘shgan olim va pedagoglarning xizmatlarini ta’kidlash o‘rinlidir. Lola Xo‘jaeva, Nazira Alieva, Abdurahim Sayfiddinov, Sotimxon Inomxo‘jaev singari ustozlarning bu boradagi hissalari katta. SHogirdlariga saboq jarayonida ana shu jihatlarga talabalar diqqatini jalb etibgina qolmasdan, balki ularning talaffuz me’yorlarini, artikulyasiyasini ishlashgan. Bu bir kunlik, bir yillik yoki o‘n yillik tajriba emas, balki umrlik, tinimsiz mashq va takrorlash, ovoz chiqarib o‘qish ekanligini ko‘p bor qayd etishgan. Qolaversa, o‘zingizni va so‘zingizni nazorat qilishni kanda qilmaslik, nutq tovushlarining, so‘zlarning talaffuziga e’tibor qilish, ularni yamlamasdan aniq, burro talaffuz etish sahna nutqi madaniyati va mahoratiga daxldorligini yoddan chiqazmaslik kerak.

Avvalombor, har bir tilning adabiy me’yorlari, orfoepik andozalariga rioya etish maqsadga muvofiq. Adabiy til uning umumxalq tili asosida shakllangan, xuddi shu tilning, muayyan me’yorlashgan shaklidir. SHu o‘rinda o‘zbek umumxalq tilining ajralmas qismi dialektizmlarga e’tiborni qaratish ohiyatlidir. Hozirgi paytda sheva unsurlariga berilish, ayrim so‘zlarning talaffuzida shevachilikning ta’sirining mavjudligi ham kuzatiladi. CHet tillardan o‘zlashgan so‘zlarni talaffuzidagi nuqsonlar haqida gapirmasa ham bo‘ladi. SHu o‘rinda leksik me’yor tushunchasiga oydinlik kiritish zarur. SHu xususda K.S.Gorbachevich shunday yozadi: “… so‘zni to‘g‘ri tanlash va hammaga ma’lum bo‘lgan va umumxalq tomonidan qabul qilingan, o‘rinli so‘z ishlatishdir”.  Bu esa aytuvchi va eshituvchiing muloqot jarayonida bir birini to‘la tushunishini anglatadi.

YUqoridagi mulohazalar bevosita va bilvosita sahna nutqi muammolariga daxdordir. So‘z  ijrochiligi  o‘ziga xos san’at. So‘zni hammamiz ham ayta olamiz, lekin aktyor ijrosidagi ta’sirchanlik va jonlilikday bo‘lmasligi aniq. Ijrochilik san’atining muhim xosiyati shundaki, u tinglovchi yoki tomoshabinning ruhiyatiga ta’sir qilib unda ichki bir his tuyg‘uni,  hayajonni uyg‘otadi. So‘zdagi emotsional va ekspressiv bo‘yoqni yanada jozibadorroq ifoda etishga faqat u qodir. Bu esa oddiy nutqni badiyat libosida jonlantira olish demakdir. Istifoda etilmagan, iste’molda bo‘lmagan so‘z aslida, o‘likdir. So‘zni o‘z o‘rnida qo‘llagan, uning lug‘aviy, istilohiy ma’nosidan tashqari obrazli, majoziy ma’no yuklay olgan adib, shuni to‘g‘ri ilg‘ab aniq talaffuz bilan ijro eta olgan san’atkorgina so‘zlarni tiriltiradi. Ularga jon, ma’no va mazmun baxsh etadi. Hissiyotga ta’sir qilishning o‘ziga xosligi ham shunda.  Bu borada K.S.Stanislavskiyning ushbu mulohazalari qiymatlidir: “yaxshi  aktyorda har bir unli va undosh aniq eshitilib turishi kerak. Ana  shundagina  u so‘zning  nima ekanligiga  tushunadi, faqat shundagina, u so‘zni seva biladi. Agar u shunga odatlansa, ma’nosiz  vaysamaydi.” Tilni ham jonli organizmday qabul qilish kerak. Undagi tovush va so‘zlarni chala talaffuz qilish go‘yoki, ota onangiz qo‘ygan ismni buzib talaffuz qilganda qanday holatga tushishingizni ko‘z oldingizga keltiring. Ta’bir joiz bo‘lsa, Otabekni “Otti”, Xudoyorni “Xuddi”, Gulchehrani “Gulli” deb chaqirish qanchalik malol kelsa, ona tilimizdagi tovushlar ham shunday “aziyat” chekadi deb o‘ylash to‘g‘riroq bo‘ladi.

Madaniyat va san’at yo‘nalishida tahsil oluvchi talabalarning aksariyati turli viloyat va tumanlardan bo‘lganligi uchun ular nutqida sheva unsurlari shundoqqina sezilib turadi. Yo‘l qoidasiga rioya etish barcha haydovchilarga bir xil bo‘lganidek, adabiy til me’yorlariga rioya etish ham qat’iy talab bo‘lishi zarur. Albatta, bu o‘rinda, obrazning, asar qahramonining xarakteri, ruhiyati va xulq atvorini ifodalash uchungina sheva unsurlarini me’yorida qo‘llash mumkinligini inkor etmaymiz.  YAxshi aktyor parvozi biland bo‘lishini istarkan, albatta, talaffuz va tafakkur qanotini mahkam ushlaydi. Bu talaffuz qoidalarini nazariy jihatdan yodlab olish degani emas, amalda qo‘llay bilish ko‘nikmasi va malakasini hosil qilishdir. Nazariy ma’lumotlar amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unligini o‘quv jarayonida muntazam, izchil ravishda tashkil etish shart. Ijrochilik iqtidorining tadriji va takmiliga asos nutq texnikasi, ya’ni nutq a’zolarining harakati – artikulyasiya, nutq tovushlarining aniq, burro talaffuz etish me’yori — diksiyani rivojlantirish, boshqacha aytganda, nutq tovushlari talaffuzidagi nuqsonlarni yo‘qotish talaffuzdagi aniqlik va ochiqlikni ta’minlash uchun qilinadigan diksion mashqlardir. Ovoz, nafas, lab, til, tanglay, tish, jag‘ va hokazo mashqlarning muntazamligi ijrochi iqtidorining garovidir.  Nutqiy yutuqlar nutqiy nuqsonlarni bartaraf etish badaligadir. Sahna nutqi badiiy so‘z etukligi bilandir. Unli va undosh nutq tovushlarining o‘rni, to‘g‘ri talaffuzi tinimsiz mashqlar evaziga egallanadi. Nazmiy, nasriy, dramatik turdagi asarlarni o‘qish kengqamrovli bo‘lib, bu esa adibning g‘oyaviy maqsadi, asarda tasvirlangan davrdagi odamlar, urf-odat va muhit borasida to‘laroq tasavvur va ma’lumotga ega bo‘lish zaruratini anglatadi.

San’atning so‘zga ixtisoslashgan turlari drama, estrada, qo‘g‘irchoq teatri, kino, televidenie va radio maqsadlari mushtarak bo‘lsada, ifoda vositalari va shakllari bilan har xil. Ularni umumlashtiradigan jihat so‘z, ovoz, ohang  uch birligidir. Tasvir, harakat va holatlar esa ularni to‘ldirish va izohlashga xizmat qiladi.  Nutqning moddiy namoyon bo‘lishi ijrochining mahorati va tabiatiga bog‘liqligini nazarda tutish foydadan xoli emas. Tovush, so‘z va ohanglarni qaerda qanday qo‘llanilishini bilish, tabiiyki, ijrochining ijodiy va ifodaviy imkoniyati, kuzatuvchanligi, tasavvuri, taassuroti, mantiqiy mushohadasi bilan chambarchas bog‘liq. Bu esa mahorat mezonlari, badiiyat masalalariga borib taqaladi. SHuni unutmaslik zarurki, nutqning ohangi, jilosi, jozibasi avvalo, adib tomonidan ilgari surilgan g‘oyaga, ikkinchidan, asarning janriy va uslubiy ko‘rinishlariga, so‘z zamiriga jo bo‘lgan asl ma’noga, kontekst mazmuniga daxldor.

Sahna nutqi obrazlar nutqi bo‘lib, monologik, dialogik va polilogik ko‘rinishlarda bo‘ladi. Aktyor o‘zi ijro etayotgan personajning ichki ruhiy olamini, fe’l-atvorini, nutqiy va xulqiy xususiyatlarini sinchiklab  obdon o‘rganib, ichki ko‘rish orqali o‘zining hissiy va aqliy qalb prizmasidan o‘tkazishi asnosida shularga mos holda o‘zini boshqaradi, xatti-harakat qiladi. Nutq rang-barang ifodali tovushlarning majmui ekanligini anglagan va amalda qo‘llagan aktyorgina buni to‘la uddalashi aniq. K.S.Stanislavskiyning “Sahnada ham jismoniy, ham ruhiy harakat qilmoq kerak” degan fikrlarini izchil davom ettirib, verbal (nutqiy) va noverbal (nutqqa oid bo‘lmagan imo-ishora, mimika, yuz-ko‘z ifodalari) orqali  jonli jarayonning butun bir harakatli manzarasini tomoshabin ko‘z oldida gavdalantirsa bo‘ladi, deyish mumkin. Harakat bu urib turgan yurak bo‘lsa, pauzada so‘zlamasdan so‘zlash kerak. Sahnada yurish-turish, ko‘rinish va kiyinishdan tortib har bir harakatu holat ma’no tashiydi. SHularni his etgan aktyor nutqi ham aniq, ta’sirli, tabiiy va hissiyotli bo‘ladi.

Mashq va mashaqqat o‘zakdosh va ohangdosh so‘zlardir. Tinimsiz mashq qilish mashaqqatli jarayonni bosib o‘tish demakdir. “Mashqda qanchalik qiyin bo‘lsa, jangda shunchalik oson bo‘ladi” degan rus sarkardasi Suvorovning fikriga monand holda aytish mumkinki, sahna ortidagi tinimsiz izlanish va takroriy mashqlar sahnada, tomoshabin oldida muvaffaqiyat qozonishning kafolatidir. SHunday ekan, nutq texnikasini rivojlantirishda umumlashgan mashqlarning ahamiyati, nazariy ma’lumot va amaliy mashg‘ulotlarning birligi hamisha muhim va dolzarbdir. Talabalik davrigacha bo‘lgan davrda ham farzandlarimizning nutqiy sog‘lomligi haqida o‘ylashimiz kerak. Bir paytlari har bir san’atkorning ijodiy laboratoriyasi ya’ni ustaxonasi bo‘lardi. SHogirdlarning o‘rganishi, malakasini oshirish uchun manba vazifasini o‘tardi. SHuningdek, bir paytlari to‘la amalda bo‘lgan, hozirda e’tibordan chetda qolayotgan teatr laboratoriyasini tiklash ham muhim. Bu esa ustoz san’atkorlar maktabidan saboq olish va o‘rganish masalalariga oydinlik kiritishga imkon yaratardi. Ustoz-shogird an’analari yanada qayta jonlanardi. Aktyor va rejissyorlarning amaliyotni teatrda o‘tashi foydalan xoli emas. Ularning sahnaga adaptatsiyasi va o‘zlarining zal va sahnada toblanishlariga zamin hozirlangan bo‘lardi. Xuddi shu fikrni TV va radio rejissyorlari kursi borasida ham aytish mumkin. Ular televidenie va radioga nomigagina borish emas, balki maxsus ko‘rsatuv va eshittirishlarini yozib olish va montaj ishlarida faol ishtirokini ta’minlovchi ustoz biriktirilishi kerak. Kino rejissyorasi kursi talabalari esa tasvirga olish maydonlarida amaliyot o‘tashlari maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Xullas, sahna nutqi muammolarini echishda talabalarning ustozlarning mahorat maktabi bilan chuqurroq tanishishlari uchun sharoit yaratish kerak. Pedagog so‘zining ma’nosi bola etaklovchi demakdir. Ustoz etaklovchi, shogird etaklanuvchi. Hatto ko‘kka parvoz qiluvchi samolyotniyam shatakka oluvchi maxsus mashinasi bo‘ladi.  SHunday ekan, mashhur suxandon va aktyorlarning ovozlari yozilgan ohanrabolarni fonoteka, videotekalardan olish, ularning ijro usullarini birgalikda tahlil qilish kerak. Sahnada nom va dong qozongan aktyorlarning birontasi yo‘qki, kimgadir ergashmagan, taqlid qilmagan bo‘lsin. Ustozlarga ergashib ular o‘ynagan rollarni ulardan ta’sirlanish asnosida maktabdalik paytlaridayoq havas qilib ijro etishga intilganlar. Ta’sir, takror, taqlid tushunchalari o‘z o‘rnida mohiyatlidir. Kimgadir taqlid qilib keyinchalik o‘z ijro uslubiga, manerasiga ega bo‘lish mashhur, maqbul va manzur san’atkorlarimizning deyarlik barchasiga xos bo‘lgan desak mubolag‘a bo‘lmas. Sahna nutqi tilning qudrati, ta’sir kuchi, nazokati, boyligi va go‘zalligini namoyon etuvchi minbar ekanligini, aslo yoddan chiqazmaslik kerak.

  1.   Jumaniyozov.

 

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.