Mahmud Nomozovning pedagogik faoliyati
O‘zbekiston xalq artisti Mahmud Nomozov o‘zining pedagoglik faoliyatini qo‘msagani uchunmi, ayni kunlarda u TVXTXQTMO institutining musiqa yo‘nalishidagi o‘qituvchilarga saboq berishni niyat qildilar. Institut rektori R.CHoriev bu tashabbusni eshitib “Boshim ko‘kka etdi”, — deya ishga qabul qildilar. YAqinda o‘quv mashg‘ulotlari oldidan o‘qituvchilar bilan san’atkorimizning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Suhbat ancha jonli, eng muhimi, samimiy tarzda o‘tdi. O‘quv bo‘limi boshlig‘i Toshmurod Bo‘riev san’atkor repertuari bilan bog‘liq holda o‘z mulohazalarini ayta turib, ularga so‘z berdi.
“Men ham asli o‘z faoliyatimni o‘qituvchilikdan boshlaganman. 12 yil musiqa fanidan o‘rta maktabda dars berganman. Bu erda ishtirok etayotganlarning aksariyati boshlang‘ich ta’limi o‘qituvchilari ekan, musiqaga bo‘lgan mehr bolalikdan singdirilsa, ularning qalbida ezgulik va yaratuvchanlik tug‘yon uradi. Musiqani his qilish ma’naviyatning yuksakligidan dalolat beradi. Musiqa bo‘lsin, ashula yoki raqs bo‘lsin, bog‘cha yoshidanoq bolalarning murg‘ak qalbiga nafosatni olib kelish ko‘proq sizning zimmangizda. Ba’zi ota-onalar mening oldimga kelib, “o‘g‘limni sizdek ashulachi bo‘lishini istardim,” – deyishadi. “Xo‘p, yaxshi niyat, o‘g‘lingizning o‘zi ham xohlaydimi, ishqilib,” — deyman kulimsirab. Avvalombor, qiziqish, havas, qunt, ixlos, hafsala farzandning o‘zida bo‘lishi kerak. “Ishq boshqa, havas boshqa, bu yo‘ldan xato ketma” – degan naql bejiz emas. Pedagog, avvalo aktyor va sinchkov psixolog bo‘lishi kerak, nazarimda. CHunki, o‘quvchi ruhiyati va qobiliyatini, albatta, ustozi idrok etadi. Men pedagogika, psixologiya fanidan oliy o‘quv yurtda besh bahoga o‘qiganman. Ayniqsa, mutaxassislik fanlarini chuqur o‘zlashtirardik. Achchiq haqiqat bo‘lsa ham aytishga majburman, meni to‘g‘ri tushunishadi, — deb o‘ylayman. Ba’zan konservatori ya ta’limini olgan talabalar kelishadi. Musiqa yo‘nalishi bo‘yicha na nazariy va na amaliy bilimga ega. Taajjubda qolaman. Pedagog bo‘lgandan keyin talabaning ongu shuuriga bilimni joylash kerak, yig‘lab bo‘lsa ham, kulib bo‘lsa ham. Bola darsingizga kelmadimi, demak, u sizdan bezor. Uning qiziqishi va talabini qondirolmayapsiz, etarli ma’lumotni qiziqtirish asnosida berolmayapsiz. Talabalar sizning darsingizga intilsa, bu yaxshi gap. Demak, siz keraksiz, yaxshi pedagogsiz. YAqin yil ichida 270 dan ziyod musiqa maktablari qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu davlatimizning, hukumatimizning e’tiboridan dalolat beradi. Bizlar ta’lim olgan paytlari maktabda bitta gitara yoki bittagina fortopiano bo‘lsa bo‘lardi, bo‘lmasa u ham yo‘q. Hozirgi kunda yaratilgan sharoitlarni ko‘rib havas qilasan kishi. Ba’zan musiqa maktablariga boraman, ko‘rib quvonaman. Bizning Uzun tumanida 80 maktab bor edi. Hammasiga kirib uchrashuvlar qilganman. Musiqani, san’atni sevgan kishidan yomon odam chiqmaydi. Oddiy o‘qituvchi ham o‘z bilimi, uquvi bilan o‘quvchi qalbiga cho‘g‘ tashlay olsa, uni shogird hech qachon unutmaydi. Bog‘chadalik paytidayoq uning xotirasidan joy ola bilish mumkin. O‘zbek san’atining turli yo‘nalishlari bor. Xorazm, Toshkent – Farg‘ona… Men Surxon yo‘nalishini san’atimiz taraqqiyotida muqim va muhim o‘rin tutishiga sababchi bo‘lganimdan g‘ururlanib yuraman. To‘g‘ri, hatto, hozir ham ayrim san’atshunos, musiqashunoslar bu yo‘nalishni tan olishmaydi. Ularning nomlarini eslashni lozim topmayman.
Men Botir Zokirov nomidagi yosh estrada xonandalarning ko‘rik-tanlovida ishtirok etganman. Sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritaman, — deb xayolimga ham keltirmagandim. O‘rin olish o‘yi yo‘q edi, menda. Hakamlar hay’ati tarkibida o‘shanda taniqli san’atkorlardan O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov, O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad YUsuflar ham bor edi. Men o‘shanda faxrli 2 – o‘rinni egallaganman. 1 – o‘rinni SHohsanam Qilicheva bilan Azim Mullaxonovlar qo‘lga kiritishgan. SHu-shu turtki bo‘ldi-yu, mening san’atga bo‘lgan qarashim tubdan o‘zgardi. O‘shanda, SHoberdi baxshi Boltaevning termalaridan biri “Olmadayin so‘lg‘onay mening tarzim bor, YAratgandan mening jonim qarzim bor” – deb boshlanadigan aytimini aytgan edim. Hatto, bunday yo‘ldagi san’atni ayrimlar eskilik sarqiti, deb qarashgandi. Men ana shunday mazmundagi qo‘shiqlarni ommalashtirdim. Aniqrog‘i, dasht qo‘shiqlari oromimni o‘g‘irladi, meni tamomila o‘ziga rom etdi. Hozir ham mehr bilan, ayricha zavq bilan ularni ijro etib kelaman. Bugungi kun tinglovchisi qabul qilmagan san’at ertaga o‘limga mahkum. Bunday ruhdagi qo‘shiqlar kuyi, libosi, raqsi bilan o‘ziga xos. SHuning uchun ham dizaynerlarimiz bor. Ularning o‘z davriga xos harakatlari, mos usullari bo‘ladi. Rangorang adraslar, zebigardon, bilakuzuk va kashtalar ko‘zingizni quvnatadi. SHu san’atimiz boismi, bilmadim, hozir kelinlarimizning sepida ham ular qo‘yilmoqdaki, xursandchiligimning cheki yo‘q.
Institutni bitirish arafasida Bokuga bordik. Maqsad – yaxshigina tor olib kelish. 1981 yil edi, adashmasam. Torning narxi bozorda baland ekan, yaxshisi, konservatoriyasiga boraylik, talabalar bizga arzonroq narxda olib berar, — deb o‘yladik. Konservatoriyaga etib keldik. Yigirmata chog‘lik talaba bilan ko‘rishdik. Mening mutaxassisligim cholg‘u asboblaridan chang edi. Uni chalama-chatti, amal-taqal qilib, o‘qib tugatgandik. Ustozimiz ham o‘ziga yarasha edi. Sirdaryolik Abdulla ismli o‘rtog‘imdan changda chalib berishni so‘rashdi. Mendan ham so‘rashgandi, “mening mutaxassisligim rubob” – deb qutuldim. Qanday kuy chalinsa, ular “to‘xtang, yana takrorlang”, — deb o‘zlariga xos bir yo‘sinda ozarbayjoncha nolalar bilan, usullar bilan boyitishardi. Aqlim lol qoldi. San’at sohasida uni sevadigan, chinakam ixlosmandlari o‘qishsa, baribir boshqacha bo‘larkan, — degan o‘y xayolimdan kechdi.”
Mahmud Nomozov o‘z mulohazalarini bildirarkan, uning o‘qituvchilik kasbini yaxshi ko‘rishi va sog‘inganligini his etish mumkin edi. O‘z repertuaridan o‘rin olgan qo‘shiqlarining notalari bilan hozirlangan audionusxalari, albomi va qo‘llanmasining tayyorlanganligi ham ko‘pchilikni quvontirdi. San’atkorning kelajakdagi pedagogik faoliyatida ularga omad va muvaffaqiyat hamisha peshvoz chiqishini tilab qoldik.