Ziyorat mas’ullik demakdir
Inson ruhan sog‘lom bo‘lishi va poklanishi uchun ma’naviyatga ehtiyoj sezmasdan yashay olmaydi. Ma’naviyat olamining buyuk allomalari, ulug‘larning qadamjolarini ziyorat qilish ham ajdodlar oldidagi qarzdorlik va burchdorlik hissidan dalolatdir. Aslida, bu ma’naviy poklanishning o‘zidir. SHu borada so‘z ketganda, Puryorvaliy taxallusi bilan mashhur bo‘lgan xorazmlik shoir va zabardast polvon Pahlavon Mahmudning ushbu ruboiysi beixtiyor yodga keladi:
Kim qilur bu vayron dilim imorat,
Kim gunohim uchun berur kaforat?
Men ziyorat qildim ko‘p qabristonni
Bilmadim, kim qilur qabrim ziyorat?
Ziyoratning ulug‘i inson qalbiga, ko‘ngil mulkiga sayohatdir. Olamga ilmu fan, san’at va madaniyatning yirik darg‘alarini etkazib bergan jannatmakon zaminimiz bilan qanchalik g‘ururlansak, shunchalik oz. Ajdodlarimizning, bobokalonlarimizning qadamjolarini obod etishning o‘zi eng ulug‘ savob, xayrlik ish va qutlug‘ ziyoratdir. Obodlik ko‘ngildan boshlanar ekan, o‘tmish ajdodlarimizning bokira ruhlari hamisha yor bo‘lishi neku baxtlikdan nishondir. Farzandlik burchini his qilish inson diliga iliqlik, mehr-oqibat va jur’atu jasoratni baxsh etadi.
“Hazrat Zangi ota” nomli kitob ana shunday xayrli va ma’rifiy maqsadning nishonasigina bo‘libgina qolmay, balki ulug‘ zotning ko‘ngil mulkiga safar hamdir. Bunday yo‘sindagi faoliyat professor Akmal Saidovning birinchi ishi emas, balki u shu paytgacha iqtidorli huquqshunos olim sifatida Imom Burhoniddin Marg‘inoniyning “Hidoya” asarini, ma’naviyat va ma’rifatning tolmas targ‘ibotchisi sifatida muqtadir mutafakkir Fariduddin Attorning go‘zal, ruhiy olami bilan oshno etuvchi “Attorshunoslik” nomli kitoblarni keng jamoatchilikka etib borishida o‘zining munosib hissasini qo‘shganligi ma’lum.
Taniqli huquqshunos olim, siyosatshunos, iste’dodli notiq, professor Akmal Saidovning sa’yi harakatlari bilan yuzaga kelgan ushbu “Hazrat Zangi ota” kitobi mohiyat e’tibori bilan ahamiyatlidir. Unda tasavvuf olamining yirik darg‘alaridan biri, muqtadir shayx, qutlug‘ avliyo Zangi ota (Oyxoja ibn Tojxo‘ja)ning SHarq sivilizatsiyasi, madaniyati tarixida tutgan o‘rni va roli mufassal yoritilgan. Kitobdan Zangi otaning hayotiy faoliyati, shajarasi, tavallud va vafot vaqtlari, vatani, sayohat va izlanishlari, murshid va muridlari, yassaviya tariqatidagi darajalari, maqbara va ziyoratgohlari borasida boy ma’lumotlar o‘rin olgan.
Inson va uning nomi bilan bog‘liq qadamjolar muqaddas va mo‘‘tabarlikka yo‘g‘riladi, qachonki u o‘z yurti va xalqi oldidagi buyuk burchni his etgan holda dong qozongan bo‘lsa. CHunki, Prezidentimiz haqli e’tirof etganlariday, “Butun umrini imon va e’tiqod, vatanparvarlik va insonparvarlik, poklik va halollik, ilm va ma’rifat, adolat va diyonat yo‘lida fido etgan zotlarning mo‘‘tabar xoklari makon topgan zamingina muqaddasdir. Agar shunday insonlar bo‘lmasa, ular dahosining nafasi sezilib turmasa, har qanday zamin oddiy tuproq bo‘lib qolaveradi.”
SHunday ekan, bizning zaminimizning qutlug‘ va ulug‘ligi, ma’naviy boyligi va borlig‘i ana shunday siymolarning nomlari bilan bog‘langanligidadir. Biz Zangi ota singari “jahon ahlini hayratga solayotgan bobokalonlarimizning” nomlari, amalga oshirgan kashfiyotlari bilan g‘ururlanishga haqlimiz.
Kitob to‘rtta bobdan iborat bo‘lib, ular orasidagi mantiqiy izchillik to‘la saqlangan, kompozitsion jihatdan yaxlit. SHuni aytish kerakki, o‘zi tug‘ilib voyaga etgan vatanga muhabbat, bolaligi kechgan, buvijonisi va onaizoridan Zangi ota va Anbar ona haqida ko‘plab rivoyatlarni eshitgan damlarni xotirlash muallif qo‘liga qalam tutqazgani rost. Qolaversa, kitobning yozilishiga bois shubhasizki, “agar millat o‘zining kelajagini yorug‘ holda ko‘rmoqchi bo‘lsa, uning xotirasi hamisha uyg‘oq bo‘lishi shart”ligi haqidagi buyuk haqiqatni muallif chuqur idrok etadi. Muallifning o‘zlari bu haqda shunday yozadilar: “Zangiota ziyoratgohini obod etishdek ezgu ishlarga bosh-qosh bo‘lgan, bu bunyodkorliklarga munosib hissa qo‘shgan barcha yurtdoshlarimga minnatdorchilik izhori, … Zangi otamizga hurmat-ehtiromimning kamtarin ifodasi”, — deya kitobning yozilish sababini e’tirof etadilar.
O‘zbekiston ko‘plab noyob tarixiy me’moriy, madaniy-ma’rifiy majmua va tabarruk ziyoratgohlari bilan ham ajralib turadi. Ulardan biri Zangi ota majmuasidir. Kitobda bu majmuaning qad rostlashi bilan bog‘liq tarixiy ma’lumotlar ham keltirilgan. Xususan, Sohibqiron Amir Temur tomonidan bunyod etilishi, olim va shoh Mirzo Ulug‘bek tarafidan ta’mirlanishi, keyingi davrlarda, ayniqsa, mustaqillik yillarida bu mo‘‘tabar maskanda amalga oshirilgan obodlik va bunyodkorlik ishlari haqida faktik ma’lumotlar ilmiy jihatdan ham teran qiymatga ega.
Kitobning o‘ziga xos yutuqlaridan biri Zangi otaning faoliyati misolida tasavvufiy rivoyat va she’rlarning keltirilishi bo‘lib, bu esa uning ta’limiy va tarbiyaviy mohiyat kasb etishini anglatadi. Ayni paytda avliyo merosining g‘arbu sharqda o‘rganilishi masalalari ham tadqiq ob’ektiga olinganki, bu esa kitobning nazariy-ilmiy qiymatini yanada oshirgan.
Kitobning boshidan to oxirigacha Istiqlol sharofati va shukuhi sabab tariximiz, milliy-ma’naviy qadriyatlarimizga, an’ana va urf-odatlarimizga qarash tubdan o‘zgarganligini faxru g‘urur bilan e’tirof etish ruhi va ohangi yaqqol ufurib turadi.
Bu fikrning ifodasini “Istiqlol va yangi Uyg‘onish davri” deb nomlangan muqaddimaning ikkinchi qismida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Millatning ko‘rki, toji, ko‘zgusi ulug‘ mutafakkirlari va ularning jahon ilmi va sivilizatsiyasiga, insoniyat tamadduni taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi bilan o‘lchanadi. Kechani ko‘rib fikr qilgan insongina bugunning qadriga etishi va muammolarni to‘g‘ri echishi mumkin. “O‘tmish kelajakning ustozidir,” — degan naqlning o‘rni bejiz emas. SHu bois davlatimiz rahbari donishmandlarcha ushbu mulohazalarni keltirib o‘tgandilar: “O‘z tarixi va ajdodlarini siylagan xalqning kelajagi, albatta porloq bo‘ladi. Ishonamizki, O‘zbekistonimiz tez orada dunyo hamdo‘stligi o‘rtasida o‘ziga munosib o‘rinni egallaydi, inshoalloh”.
YAngi ma’naviy Uyg‘onish davrini boshlab bergan Mustaqillikning sakkizta omilini muallif o‘rinli ta’kidlagan. Bular ilm-fan, huquq, madaniyat va san’atning yirik darg‘alari hisoblangan yuzlab ajdodlarimizning qutlug‘ nomlarini yanada abadiylashtirish, respublikamiz hududidagi me’moriy yodgorlik va tarixiy obidalarni qayta ta’mirlash va bunyod etish, allomalarimizdan qolgan bebaho qo‘lyozma kitoblarni ilmiy jamoatchilik e’tiboriga jalb etish, ularning aksariyati YUNESKOning madaniy merosiga kiritilganligi faktlari, shubhasizki, faxru iftixor mezonlaridir. Kitobning yozilishida muallif e’tiborli qo‘lyozmalar, tarixiy va ilmiy manbalar, arxiv hujjatlari hamda folkor namunalariga tayanganligi uchun ham kitob o‘ziga xos qimmatga ega.
Muallif birinchi bobda Zangi otaning ismlari va taxalluslari, ijodiy faoliyati, tavallud va vafoti zamoni va makoni, shajarasi bilan bog‘liq ma’lumotlarga to‘xtaladi.
Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat” asarida Zangi ota haqida maxsus to‘xtalib, “Turkiston mashoyixi, turk ulusida mashhurlar” qatorida bo‘lib u haqda gunogun naqllar borligini” qayd etadi.
Muallif ana shu mulohazalardan kelib chiqqan holda, ulug‘ avliyoga daxldor qo‘lyozma va tarixiy manbalarni sinchiklab o‘rganishi asnosida ismlari to‘g‘risidagi beshta talqinni keltiradilarki, bu ilmiy teranlik va izlanish hosilasidir. Ulug‘ avliyo va shayxning nomlari borasida turlicha qarashlar mavjud edi. Muallif ana shu masalalardagi chigalliklarga oydinlik kiritibgina qolmay, balki ismga nisbat berilgan so‘zlarning lug‘aviy va istilohiy ma’nolariga ham munosabat bildirib o‘tadi. SHu xususdagi barcha manbalarni sinchiklab o‘rganadi. Birinchi talqin bo‘yicha “Zangi ota nomi ikki so‘zdan tashkil topgani, “Zangi” – forsiyda “qora” (aynan zanji) degani, “SHayx, murshid” ma’nolarini ifodalovchi “ota” so‘zi Markaziy Osiyoda, odatda, avliyolar ismiga qo‘shib aytilishini haqli e’tirof etadi.
Ikkinchi talqinga asosan, “Zangi” ismi asl turkiy so‘z – “zang” o‘zagidan yasalgan va u tok tanasining asosiy qismini, bosh bo‘g‘inini anglatishini, uning “asosiy”, “katta”, “ulug‘”, “mag‘rur” singari ma’nolari borligini, buryat mo‘g‘ul, tuva va boshqa turkiy tillarda uning “urug‘boshi, qabilaboshi” ma’nolarida ham qo‘llanilishini, hatto, “Avesto”da ham shunga monand xususiyatlar borligini ta’kidlab o‘tadi. Rivoyatlarga ko‘ra, Zangi otaning poda tayog‘iga uchta zangula, ya’ni qo‘ng‘iroqcha bog‘lab qo‘yilgan. Uning jarangiga qarab qishloq ahli Zangi otaning tashrifidan voqif bo‘lgan. YAqin SHarq mamlakatlari musiqiy amaliyotida maqomlardan birining “Zangula”(tuya bo‘ynidagi qo‘ng‘iroq) deb nomlangan bo‘lib, u tasavvuf adabiyotida asosan yo‘l safarini ifodalash uchun qo‘llanilganligi hodisasi ham muallif e’tiboridan chetda qolgan emas. SHuningdek, Zangi ota kulti chorva(chahorpo) bilan bog‘liq bo‘lib, u zotning chorvadorlar piri sifatida ulug‘lanishiga ishora qilingan.
Uchinchi talqin bo‘yicha “zangi” xorazm shevasida “narvon”(shoti, zina) ma’nolarida ishlatilishi, bunda esa ulug‘ avliyoning tariqat darajalari bo‘ylab pog‘onama-pog‘ona yuksalganiga ishora borligini tasdiqlasa, to‘rtinchi talqinga binoan, tariqat pirlaridan Ahmad YAssaviy u tug‘ilganida, chaqaloqning og‘ziga tuflab, uning ma’rifatparvar, solih amallari ila ibratli pir bo‘lib etishsin, — deya duo qilgani va Oyxojaga nisbatan ilk bor “zanji” so‘zini qo‘llagani qayd etiladi. Beshinchi talqinda Zangi otaning Emin bobo degan nom bilan yuritilgani va uning o‘zagi “em – dori darmon, malham” ma’nolarini anglatishini aytib o‘tadilar. SHu o‘rinda “Emin” so‘zining arabiy holatini e’tibordan soqit qilmaslik kerak. Bu so‘zning ulug‘ avliyo, shayxning niyati, ma’naviyati bilan bog‘liq holda izohlab o‘tish yanada maqsadga muvofiq bo‘lardi. O‘sha so‘z, keltirib o‘tilganidek, tinchlik, omonlik ma’nolarini ifodalar ekan, “Amnistiya” so‘zining asl o‘zagi ham aslida, shunga taalluqli ekanini e’tiborda tutish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.
Taxallus odatda, she’riyatda adibning orzusi, qarash va harakatining muhri o‘rnida xizmat qiladi. Zangi otaning “Himmatiy” taxallusi bilan yozgan hikmatlari mazmunidan ham uni anglab olish qiyin emas. Tasavvufiy talqinda “himmat” so‘zining qadri baland.
Haziniy o‘z g‘azallaridan birida
“Siz ani odam demang, ko‘nglida himmat bo‘lmasa,
Balki iymoni xatarlik anda rag‘bat bo‘lmasa,
Hotami Toy kofir erdi, kuymadi do‘zaxda, bil,
Kuydirur erdi egam anda saxovat bo‘lmasa,” – deb bitganlari bejiz emas.
Ko‘ngli oq, qo‘li ochiq insonlargina himmatli bo‘ladi. Bu sifat ulug‘ avliyoning umr yo‘liga mayoq, taqdiriga chiroq bo‘lgani rost. Navoiy iborasi bilan aytganda, “saxiylik insonning badanidir, himmatlilik uning joni, himmatsiz kishi er sonida emas, chunki jonsiz badanni kishi tirik demas.”
Himmatiyga, ya’ni Zangi otaga nisbat beriluvchi ushbu to‘rtlik ham yuqoridagi mulohazalarga asos bo‘la oladi.
Ey do‘stlarim, kelib manga boq,
A’zoyim qoradur, vale ko‘ngil oq.
Atrofdin oldim bir isni
O‘zgalardan bu banda behroq.
Bu bandaning behroqligi, ya’ni yaxshiligi qalbu qiyofatining, tilu dilining, shaklu shamoyilining uyg‘unligidandir.
Hadisda shunday keltiriladi: “So‘zda sehr bor, she’rda esa hikmat”. Demak, mutasavvuflarning aksariyati maqsadu niyatni nazm tili bilan aytishga intilganlar. Bu borada “Zangi otaning ham Ahmad YAssaviy va Hakim ota kabi hikmat tarzida tasavvufiy she’rlar aytganini aniqlagan” tasavvufshunos turk adibi Nejet Tosun fikrlariga qo‘shilish o‘rinli. Hikmat tajriba bilan erishiladigan to‘g‘ri bilim, haqqa muvofiq so‘z, hamma narsaning eng mukammali, bilimdonlik, donishmandlik, aqlu haqiqatga doir foydali muxtasar so‘z, aql, so‘z va harakatdagi uyg‘unlik ekanligini muallif ushbu kitobda Xoja YUsuf Hamadoniy, Xoja Ahmad YAssaviy, Hakim ota – Sulaymon Boqirg‘oniy, SHayx Xudoydodi Valiy, Sulton Ahmad Haziniy kabi allomalarning ijodiy faoliyati misolida asoslab bergan. Zangi otaning ustozlari, xalifalari – izdoshlari haqida ulkan ma’lumotni jamlash va ularning aqlu qalb prizmasidan o‘tkazish asnosida ilmiy mulohazalar bildirish, chin ma’noda ma’naviy jasorat desak, o‘rinli bo‘ladi.
Kitobning ikkinchi bobida Zangi ota majmuasi – noyob me’moriy mo‘‘jiza ekani, xususan, Zangi ota mahallasi, dahasi, qishlog‘i tarixi, maqbaraning qad rostlashida Amir Temur tafakkuri va zakosining o‘rni borasida qimmatli ma’lumotlar keltiriladi. SHuningdek, Zangi ota sho‘rolar davrida qay ahvolda bo‘lgani, mustaqillik davri me’morchiligida uning qay tarzda chiroy ochgani bilan bog‘liq mulohazalar mohiyat e’tibori bilan ahamiyatlidir.
Uchinchi bob esa Hazrat Zangi otaning ma’naviy dunyosini inkishof etishga qaratilgan. O‘tmish adabiy merosimiz mag‘zini, bobakalonlarimz ijodini tasavvuf ilmidan ayro tasavvur etish mumkin emas. CHunki, tariqat va haqiqat ko‘zoynagi bu tasavvufdir. SHariat va ma’rifat mohiyatini ham usiz anglash mushkul. Muallif xuddi shuni idrok etgan holda, tasavvufning bosqichlari, tasavvuf avliyolari, tasavvuf tariqatlari, shuningdek, tasavvufga doir ba’zi bir yondashuvlar xususida, YAssaviya va Naqshbandiya tariqatining o‘ziga xosligi kabi masalalarni qamrab olganligi e’tiborlidir.
Kitobning so‘nggi to‘rtinchi bobi Hazrat Zangi otaning shaxsiyati va faoliyatining o‘rganilishi, u haqda nashriyot va matbuot, kino va barcha ommaviy axborot vositalari orqali diqqatga sazovor materiallarning jamlanishi, ularga chuqur va teran, ilmiy yondashuvning mavjudligi bilan xarakterlanadi.
Ushbu monumental asardan o‘rin olgan “Xotima”, “Ilovalar” va Rezyumening o‘zbek(lotin imlosida), ingliz, fransuz, rus, turk va arab tillarida berilishi ham kitobning yanada pishiq va mukammal bo‘lishini ta’minlagan.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, Hazrat Zangi ota singari avliyolarni o‘z bag‘rida tetapoya qilgan jannatmakon ona zaminimizda mutafakkir ajdodlarimiz, bashoratgo‘y piri murshidlarimiz, ilmu fan, san’at va harbiy jabhada dong qozongan ulug‘ bobokalonlarimizning nomlari bilan bog‘langan qanchadan-qancha tarixiy yodgorliklar, me’moriy obidalar mavjud. Bu nimadan dalolat beradi?
Prezident Islom Karimov ta’kidlaganlaridek, “Bu obidalar inson tafakkuri va aql zakovatining buyuk timsollaridir.” Buyuklik va suyuklik nisbati beriladigan ajdodlarimiz nomini abadiylashtirish, ma’naviy, ilmiy-adabiy meroslarini har tomonlama tadqiq etish, ularning xoklari yotgan qadamjo va ziyoratgohlarni yanada obod qilish ongu shuuri, tafakkuri teran bo‘lgan xalqimizga xos azaliy odat va abadiy saodatdir.
Xuddi shu mazmunda ushbu kitob ham o‘zining alohida o‘rni va rutbasiga egadir. Biz muallifni xalqimizga taqdim etgan ushbu mukammal, memuar asarlari bilan yana bir bor qutlaymiz.
Rahimboy Jumaniyozov. Toshkent viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutining dotsenti, filologiya fanlari nomzodi, “Antik dunyo” Xalqaro ilmiy akademiyasining akademigi.