9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

MUDROQ TAFAKKURLAR UYG’ONMOG’I KERAK

notiq.uz > TIL TARAQQIYOT  > MUDROQ TAFAKKURLAR UYG’ONMOG’I KERAK

MUDROQ TAFAKKURLAR UYG’ONMOG’I KERAK

El boshiga ish tushgan, butun bashariyat ko‘rinmas vabo bilan kurashayotgan, odamlar tinchlik va xotirjamlik nechog‘liq ulug‘ ne’mat ekanini har qachongidan ham chuqurroq his etib turgan tahlikali vaziyatda muhtaram Prezidentimiz SHavkat Mirziyoev tarixiy ahamiyatga molik Qonunni imzoladi.“O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi bu qonun millatimiz uchun hayot-mamot masalasi hisoblangan ona tilimizga bo‘lgan yuksak ehtiromning yana bir namunasidir. Zero, milliy til millatning ruhidir, uning tiriklik shartidir. Har qanday vabo ma’lum bir kishilar hayotiga xavf solsa, “Milliy tilni yo‘qotmak – millatning ruhini yo‘qotmakdir” (Abdulla Avloniy ta’biri – N.J.). SHu jihatdan qaralsa, ushbu Qonunning ahamiyati Vatanimiz, millatimiz uchun nechog‘liq qadrli ekani ayon bo‘ladi.

 

Tangri davlat quyoshini bizning millatimiz qo‘rg‘onlaridan ko‘kka chiqarib, uni barchadan ustun va er yuziga hokim qilgani, unga haqiqat yo‘lida kurashmoq uchun kuch bergani, uning hamkorlari hamda tarafdorlarini aziz va mukarram etgani haqida yozgan buyuk Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘otit-turk” orqali ona tilimizga tengsiz obida bunyod etgan, uning shuhratini olamga yoygan edi. Hazrat Alisher Navoiy “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida bu til “asl tillarning mansha’i”, ya’ni dunyodagi asl tillarning kelib chiqishiga asos, zamin bo‘lganini rad etib bo‘lmaydigan dalillar bilan isbotlagani tafakkur ahliga kunday ayon. Millatimizdan etishgan ne-ne ulug‘ mutafakkirlar benazir asarlari bilan tilimizning naqadar boy va ifoda imkoniyati qanchalik keng ekanini dunyo xalqlari ko‘z o‘ngida yaqqol namoyon etgan edilar. Lekin, taassuflar bo‘lsinki, tarixiy ildizlari qadimiyat buloqlaridan suv ichgan, dunyo tamaddunining chorrahasida kelgan, insoniyatning ilmu irfon beshigini tebratgan ona xalqimiz qismatida og‘ir sinovlar ham bo‘ldi. Millatning istibdod iskanjasiga tushishi, taraqqiyot o‘rnini tanazzul egallashi ona tilimiz rivojiga ham aks ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi. Buning salbiy oqibatlarini hatto bugungi kunda ham sezib-ko‘rib turibmiz.

 

“Himmat va saboti bo‘lmagan millatning haqqi hayoti yo‘qdir”. Bundan roppa-rosa bir yuzu besh yil oldin “Oyna” jurnalida bosilgan maqolasiga ulug‘ ma’rifatparvar Abdurauf Fitrat ana shunday sarlavha qo‘ygan edi. Himmat – Vatan va millat ravnaqi uchun, milliy til taraqqiyoti uchun zarur bo‘lganda, molu jonni nisor eta olmoq. Sabot – millatning sha’ni-sharafi, ori-nomusi timsoli bo‘lgan ona tili rivoji yo‘lida metin irodani namoyon qila bilmoqdir. Bashariyatga ma’rifat va axloqdan, himmat va sabotdan dars bergan buyuk mutafakkirlar vorisi ekanimiz ayon. Lekin vorislik haqi bu haqda jar solish bilangina ado etilmas. Vorislik huquqiga quruq da’volar bilan erishilmas. Buning uchun ajdodlar merosini qunt bilan o‘rganmoq, tafakkur etmoq, ilmu irfonda ular erishgan olamshumul yutuqlarni yangilari bilan muttasil suratda boyitmoq zarur. Prezidentimiz imzolagan mazkur Qonun shu yo‘ldagi yana bir zalvorli qadamdir.

 

To‘g‘ri, ona tilimiz mavqeini yuksaltirish yo‘lida qiladigan ishlarimiz hali ko‘p. Tilimizning bugungi zamon bilan hamqadam rivojlanishi uchun kamida quyidagi to‘rt omil talab etiladi: 1) ona tili taqdiri uchun kuyinish hissi millatning har bir vakili qalbiga ko‘chishi;

 

2) til ilmining milliy negizda rivojlanishi; 3) zamonaviy texnika-texnologiyalar va tilning o‘zaro teng ta’sir asosida taraqqiy etishi; 4) milliy adabiy tilda yaratilgan adabiyotning ravnaqi.

 

Eng ayanchlisi, mustamlaka zamonlaridan bizga o‘ta yomon bir illat meros qoldi: o‘zga tilda fikrlab, o‘sha til qolipida so‘zlaydigan, tashqaridan qaraganda, o‘zbekchaga o‘xshasa ham, aslida millatning ruhiga yot nutqda so‘zlaydigan “ziyoli”lar (aslida “ziyonlilar”) qatlami shakllandi. O‘zbek tili ilmini xorijiy tilshunoslik andozalariga solib, ulardagi tayyor nazariy qoliplarga o‘zbekcha misollar topib, ilmiy daraja da’vo qiladiganlar paydo bo‘ldi. Tilimizning axborot dasturini yaratish yo‘lida endi-endi dastlabki qadamlar tashlanyapti, xolos. Prezidentimiz rahnamoligida ulkan islohotlar amalga oshirilayotganiga qaramay, muammolar ko‘p ekaniga boshqa sabablar ham topiladi…

 

Millat tarqoq holda taraqqiy eta olmaydi. Global dunyodagi bugungi sharoit zamon bilan hamqadam yurmoqni, o‘zaro ahillik va birdamlikni, buyuk maqsadlar yo‘lida taraqqiyot sur’atiga mos safarbar bo‘la bilmoq salohiyatini taqozo etadi. Har yomonning bir yaxshisi ham bor, deganlaridek, bugun jahonni larzaga solib turgan dahshatli vabo aksar odamlarning zang bosgan aql ko‘zlarini ochib yubordi. Mudroq tafakkurlar uyg‘onyapti. Millat yaxlit organizm sifatida birlashmoqda. Mamlakat parlamenti ishlab chiqqan “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun davlatimiz rahbari tomonidan ana shunday tarixiy sharoitda imzolandi. Umid qilamizki, bu qonun ona tilimiz taraqqiyoti yo‘lidagi mavjud muammolarni hal etishda mustahkam huquqiy zamin vazifasini o‘taydi. Millatning nurli kelajagi yo‘lida barchamizni birlashtiradi.

Nurboy Jabborov,

Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti

universiteti kafedra mudiri, filologiya

fanlari doktori, professor

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.