9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Teran tafakkur tilsimi

notiq.uz > To'ylar  > Teran tafakkur tilsimi

Teran tafakkur tilsimi

TVPKQTMOI “Ijtimoiy fanlar va ma’naviyat asoslari” kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari nomzodi, “Naqshbandiya” jurnali bosh muharriri, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Sultonmurod Olimning 60 yoshga to‘lishi hamda uning pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish institutlari tinglovchilari uchun ilova o‘quv materiallari sifatida chop etilgan “Milliy g‘oya, mafkura, ma’naviyat”, shuningdek, “Ma’naviyat” nashriyotida chop etilgan “Ma’naviyat xonasini tashkil etish. Amaliy uslubiy qo‘llanma”, “To‘y marosimlari va milliy ma’naviyat” kitoblari taqdimotiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Ardoqli shoirimiz Jumaniyoz Jabborov ona vatanga muhabbatini ushbu she’riy misralar bilan ifodalangandi.

Talpinsam, o‘zingga talpinadurman, Topinsam, o‘zingga topinadurman,

Sog‘insam o‘zingni sog‘inadurman, Boshingdan mehr ila yog‘iladurman

Dunyoda yagona bo‘stonim mening-O‘zbekistonim!

Men uchun yagona, tanho o‘zingsan, Oyu quyoshimsan, Zuhro o‘zingsan,

Muqaddas Ka’bayu Rumo o‘zingsan, Muhrimda porlagan Humo o‘zingsan.

Dunyoda yagona bo‘stonim mening-O‘zbekistonim!

Darhaqiqat, vataniga mehri ustuvor bo‘lgan inson doimo faoliyatda bo‘ladi, ijodkor bo‘lsa qo‘lida qalami bilan, targ‘ibotchi bo‘lsa mikrofon va minbar bilan ommaga yuzlanib yangi fikr aytish va bilim berish zavqi bilan yashaydi. Bugun muborak 60 yoshni oqlayotgan va haqlayotgan ustozimiz Sultonmurod Olimov ana shunday fidoyi va jonkuyar targ‘ibotchi va tadqiqotchi muallimlarimizdandir.

Daraxt tomiri, imorat poydevori, odamzot orzu — umidi, jamiyat g‘oya hamda mafkurasi bilan but va qudratlidir. YAshash qarash va kurashlar birligidan iborat. SHunday ekan, sog‘lom fikrli, intellektual salohiyatli inson ozod va obod vatanning ravnaqi,  xalqimizning farovonligi va taraqqiyotiga xizmat qiladi. Jonajon Vatan himoyasi jon va tanning himoyasi kabi  aziz va muqaddasdir. Biz ko‘rgan-bilgan, eshitgan, o‘qib o‘rgangan yoki shohid bo‘lgan har bir narsa-hodisaning o‘z tayanch nuqtasi bor. Bu faqat kurrai zaminimizdagi voqelikka taalluqli bo‘lib qolmasdan, galaktikadagi barcha sayyora, yulduz, samoviy jinslarga ham daxldor. Tayanch nuqtasi bor bo‘lmagan narsaning o‘zi yo‘q. Bo‘lgan taqdirda ham, u omonat. E’tibor bering hashamatli, naqshinkor, baland imorat oldida turibsiz. Qanchalik ko‘kka bo‘y cho‘zmasin, yoki qanchalik «viqor»li bo‘lmasin, uning tayanch nuqtasi-poydevori bo‘lmasa, u hech nimadir. Erta-indin qulashi, xarobaga aylanishi tayin. Hatto, erning ham tayanch nuqtasi bor. Beruniy, Arximedlar bu haqda qanchalik o‘y surib, umrini band etgan bo‘lmasin, tayanch nuqta mutloq haqiqat ekanligini anglab etishgan. Erning tayanch nuqtasi bo‘lmaganda edi, u allaqachon orbitadan chiqib ketgan bo‘lardi.

Er tayanch nuqtasin Arximed izlab, Ketdiku topolmay armon etaklab

Ona alla aytib umumbasharga          Bu nuqta tinchlik deb berdi yo‘rgaklab.

SHunday ekan, insoniyatning, ellarning, tillarning ham o‘z tayanchi, suyanchi bor. Tinchlik, totuvlik, o‘zaro birdamlik har bir damda, har qadamda bir-birini tushunish xalqlar osoyishtaligi va farovonligining tayanchi bo‘lsa, har bir tilning tayanchi esa ayni xalq nutqida istifoda etiluvchi so‘zlardan iborat. Sultonmurod aka bilan O‘zbekiston FA til va adabiyot institutida birga ishlaganmiz. O‘zining kamtarin, shinavanda, dilkashligi bilan suhbatdoshini o‘ziga darhol rom etardi. Ayni paytda suhbatlashish asnosida u insonning chuqur bilimga ega ekanini sezish qiyin emasdi. Jurnalistik mahoratni filologik bilim bilan uyg‘unligi u insonning tahriri jarayonida ham anglashiladi. Arab alifbosidagi grafikani o‘rgatishga qaratilgan  “Eski o‘zbek yozuvi” kitobimga muharrirlik qilgan paytlarida shu narsani anglab etgandim.

YAna tadbirga qaytadigan bo‘lsak, institut rektori Ro‘zimurod CHoriev Sultonmurod Olimovning hayotiy va ijodiy faoliyatiga doir ayrim chizgilarni qayd etish asnosida yubiley kechasini ochib berdi. “Milliy g‘oya, mafkura, ma’naviyat” kitobi barcha xalq ta’limi xodimlari uchun dasturulamal bo‘lishini e’tirof etdi. Keyin O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari Abdug‘ani Jumanazarovich Xolboevga so‘z berildi. Ular o‘z nutqida Sultonmurod Olimovning xalq ta’limi vazirligi tizimidagi o‘quv muassasalari uchun milliy g‘oya va ma’naviyatning asoslari bo‘yicha qator qo‘llanmalar va metodik tavsiyanomalar yaratganlari borasida to‘lqinlanib gapirdi va vazirlik nomidan tabriklay turib, yubilyar ko‘kragiga “Xalq maorifi a’lochisi” nishonini taqib qo‘ydi. Hamma qarsaklar bilan qutlashdi.

So‘ngra iqtidorli yozuvchi va dramaturg “Tafakkur” jurnalining bosh muharriri Erkin A’zam kasbdosh sifatida ustozning zabardast olim ekanini e’tirof eta turib hamma ham vatan haqida yozishi mumkindir, lekin Sultonmurod Olimovday yoza olmaydi deya iliq mulohazalarini bildirdi. Hamma zarhal to‘n yopishayotgan paytda men o‘zim olib kelgan to‘nni kiygizishim sal noqulayroq qolaversa, o‘zim zarhal to‘n yopishni mantiqsizligi haqida maqola bilan chiqqandim. SHuning uchun o‘z aqidamga qarshi borolmadim, deganlarida davrada gulduros kulgi va qarsaklar yangradi. Erkin aka davrada yubilyar bilan yonma-yon o‘tirgan ma’rifat targ‘ibotchilaridan Sultonmurod akaning umr yo‘ldoshi Ziyodaxon opani ham muborak etdi. Olimovlar oilasi ma’rifatparvarlar oilasi ekani borasida so‘zladi. Farzandlari Farruxbek va SHohruxbeklar ham ota izidan borib jurnalistlikni tanlashgani, hozirda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasida faoliyat yuritishayotganlarini aytib o‘tdi.

Hurmatli rektorimiz menga san’atkorlardan Bobomurod Hamdamov yoki Sultonposhsha O‘daevani chaqirishimni iltimos qildilar. Men ularning  taklifi bo‘yicha qo‘ng‘iroq qilib bog‘landim. Har ikkalasiyam xursand bo‘lishdi va tadbirda ishtirok etishlarini aytishdi. Bir payt Sultonposhsha O‘daevaga qo‘ng‘iroq qilib siz yaxshisi, ustozning 70 yoshlarida kelarsiz, hozircha Bobomurod akaning o‘zlari kelaqolsin, dedim. Nega?- deb so‘radilar. — Ustoz badihago‘y, so‘zga chechan odam. Menga qarab shunday deyishlari hech gap emas: “Rahimboy, Sultonposhshadan “sulton”ini olib, Bobomurod ismidan “Murod”ini olib bizni ham shod, ham bunyod etmoqchi bo‘libsizda”. Sultonposhsha opa qahqah otib quldilar.

So‘ngra O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputati Nasimjon Alimov, Toshkent viloyati hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha yordamchisi SHuhrat Nasimov, “Ma’naviyat” nashriyotining direktori Sunnatillo Ahmedov, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazining bo‘lim boshlig‘i Nodirbek Qosimov, “Naqshbandiya” jurnalining bo‘lim muharriri Komiljon Rahimovlar teran tadqiqotchi Sultonmurod akaning 60 yilligi munosabati bilan samimiy tilaklarini bildirdilar. Komiljon Rahimov ustoz oldida nimadir aytishga hayajonlanishini buning boisi o‘qigan hikmatlaridan biriga amal qilishini aytib shu  o‘gitni keltirdi: Olim oldida tilingni tiy, valiy oldida dilingni ham.

Ko‘p o‘tmay, davraga O‘zbekiston, Turkmaniston, Qoraqalpog‘iston xalq artisti Bobomurod Hamdamov kirib keldilar. Davrada yanada jonlanish paydo bo‘ldi. SHu tobda negadir Bobomurod akaning aytilgan paytdan sal kechikibroq kelganligi uchun hazilomiz bir chimchib qo‘ygim keldi. Bobomurod aka uchun chalingan qarsaklar tingach so‘z boshladim. Bilasizlarmi, men Bobomurod akaga hayron qolayapman, keyingi paytlarda ular kimnidir izlashga tushdi. SHuning uchun ham sal ushlanib qolishlariga ham aslida, shu sabab bo‘lgandir. 70 yoshida “bu kim ekan, bu kim ekan” degan qo‘shiq yaratdilar, 75 yoshida topibdilar shekilli, “bu siz ekan, bu siz ekan” degan qo‘shiqni ayta boshladilar. Hozirgi holatlariga qarab aytishim mumkinki, 80 yoshlarida ham bir qo‘shiq yaratadilar. Lekin unda ko‘zoynakni taqib aytadilar, qo‘shiq nomi shunday bo‘lishi ehtimoldan xoli emas: “U kim ekan, u kim ekan”. Davra bu lutfni samimiy qabul qilib ustoz san’atkorni yanada olqishlay boshladilar. So‘ngra Bobomurod aka iste’dodli san’atkor, o‘g‘li SHamsiddin Hamdamov bilan Mashrabning “devona bo‘ldum” g‘azali asosidagi qo‘shig‘ini duet tarzida aytishdi. Keyin ustoz san’atkor ijrosidagi jozibador, diltortar, sho‘x qo‘shiqlarga qatnashchilar bilan birgalikda yubilyarning o‘zi ham turmush o‘rtoqlari bilan raqsga tushib ketsa bo‘ladimi. Hamma qarsak chalib ularni olqishlab turishdi.

Ustoz G‘aybulla Salomning bir fikri yodimdan chiqmaydi: tug‘ilgan kuning yoddan chiqsa chiqsin, biroq nima uchun tug‘ilganing esdan chiqmasin.” O‘z umriga, har damga, har qadamga mas’ullik inson faoliyatiga ko‘chsa, Sultonmurod aka ana shunday jonkuyar va javobgar inson, ota va teran tafakkurli olimdir. U doimo yangilik va yaxshilik so‘zini uyg‘un tarzda ko‘radi. YAngilik aytish va topish uning faoliyati zamiriga singgan. “YAngilikka intilib yashash odamzot tabiatida bor bo‘lgan hodisa, deb yozadi yuqorida nomi qayd etilgan kitobida, qiziqish kuchli bo‘lganidan momo Havo Odam otaga bug‘doy edirib qo‘ygan. YAngilik yaxshilik bilan uyg‘un bo‘lsa yashovchandir.” Bu mulohazalarning o‘ziyoq, yangilik yaxshilikka tayanch bo‘lsa, umrboqiydir degan mantiqiy mushohadaga chorlaydi kishini.

Ko‘zsiz yashash mumkin, ammo vatansiz yashab bo‘lmaydi. O‘z ona yurtiga mehri ustuvor bo‘lgani bois Sultonmurod aka mustaqil O‘zbekistonimizning ramzlari va bayramlari borasida qator risolalar chop ettirdi. Bugunning qadriga etish zarurligini qayta-qayta ta’kidlaydi. Navoiy bir o‘rinda e’tirof etib o‘tganidek, “Moziyi mustaqbal ahvolin takallum ayla kam, Ne uchundir dam bu damdir, dam bu damdir, dam bu dam”. Inson hayoti kecha, bugun va erta uyg‘unligi zamiridadir degan fikrlarni navoiyshunos sifatida ta’kidlayotgandek bo‘ladi Sultonmurod aka. “Ma’naviyat va mafkura egizak tushuncha” ekanligini qayd eta turib, “bugunni tarixdan kelib chiqib tahlil etish, qarorni esa ertani ham o‘ylab qabul qilish salohiyati” muhtaram prezidentimizga xosligini misollar asosida tahlil qiladi. Ustoz teran tafakkur sohibi sifatida “tinchlik, totuvlik qo‘rg‘onininggina emas, balki mustaqillik qo‘rg‘onining buyuk me’moridir” deya yurtboshimizga xos bo‘lgan ta’rifu tavsifni keltirib o‘tadilar.

Aynan tadbir kuni ustoz muzdek suv ichib qo‘yganlari uchunmi ovozlari xirillab turardi. SHunday bo‘lsada, tadbir tashkilotchilariga, xususan institut rektoriga o‘z minnatdorchiligini bildirdilar. Onam haqida bir she’r yozgandim, shuni Rahimboydan iltimos qilsam o‘qib bersalar deb she’rni qo‘limga tutqazdilar. SHe’rga birrov nazar yuritganim hamonoq, hazin bir kuy tarala boshladi. Men shu kuy maromida she’rni o‘qishga tutindim. SHe’r meni mutaassir qildi. Sababi mening onaizorim ham muallimlik kasbiga sadoqatli o‘tganlar. 55 yil ona tili va adabiyotdan maktabda o‘quvchilarga dars berganlar. Oxiratlari obod, ruhlari shod bo‘lsin 85 yoshlarida boqiylikka rihlat qildilar. SHe’rni o‘qirkanman, onaizorim ko‘z oldimda turdi. Uni o‘qib bo‘lib qarasam, davrada bir necha tinglovchilarning ko‘zlarida qalqigan yoshni ko‘rdim. SHe’r musalsal shaklda, ya’ni uchlik tarzida bitilgandi. Uni to‘laligicha keltiraman.

“Onam muallim edi…”

Qishloqda ma’lum edi,

SHirin takallum edi –

Onam muallim edi.

 

Olganim ta’lim edi,

Fikri ko‘p solim edi –

Onam muallim edi.

 

Orzusi ilm edi,

Tarbiya, hilm edi –

Onam muallim edi.

 

Daryodil, halim edi,

Ilmi limmo-lim edi –

Onam muallim edi.

 

Otam ham qoyim edi,

Unga muqoyim edi –

Onam muallim edi.

 

Osmonim, mohim edi,

Go‘yo Ilohim edi –

Onam muallim edi.

 

YOlg‘iz guvohim edi,

Duogu hamrohim edi –

Onam muallim edi.

O‘zlari davralarda ko‘p bor ta’kidlab turadiganlari Navoiy hazratlarining “umidim shul umidingg‘a etgaysen” degan dil izhorlarini ustozning o‘zlariga ilindim. Tarix, tasavvufshunoslik, tilshunoslik, tarjimashunoslik taraqqiyotining teran tafakkurli, tolmas targ‘ibotchisiyu tadqiqotchisiga xos tilsim o‘z oilasi, mahallasi, jamoasi va yurtiga bo‘lgan mehru muhabbatdadir. Adabiyotshunoslikka, milliy g‘oya va mustaqillik mafkurasi to‘g‘risida, olam va odam muammosiga doir hali ko‘plab asarlarni ustozdan kutib qolamiz. Tavallud ayyom muborak, ustoz!

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.