Istiqbolli yosh san’atshunos

Saidabrorni O’zDSMI institutini bitkazib shu o’quv muassasasida faoliyat yuritayotganidan xabarim bor  edi. Kimdir yoki nimadir insonni kashf etishga sababkor bo’ladi. Uni televizor orqali “Munosabat” teleshousida chiqishi va fikrlarini ta’sirchan ifoda etishi menda hayrat uyg’otdi, o’zgacha taassurot qoldirdi. Rumiydan bir misol keltirdilar: shamol sharqdan essa sabo bo’ladi, g’arbdan essa vabo bo’ladi. Kuchli mantiq. Uni o’rnida keltirish ham mahorat. Uning ilmiy qobiliyatini ta’kidlab doktorlik dissertatsiyasi ustida ish qilishi zarurligini aytdim. Uning bitiruv ishi qadimiy xattotlik san’ati haqida ekan. Men uning qalamiga mansub bo’lgan ilmiy risolani muxtasar shaklda keltirishni lozim topdim.

Xattot xati — xalq baxti

Taqdir bitigining ham, qog’ozdagi bitikning ham yozg’uvchisi bor. Taqdir bitigi bu inson peshonasidagi yozig’, u haq taoloning ishi. Qog’oz yuzidagi bitik esa qilqalam xattotlarning ilmu amali. Birinchisini o’qishning imkoni yo’q, ikkinchisi esa o’qiladi, asrlardan-asrlarga, avlodlardan-avlodlarga yetkaziladi, o’tkaziladi. Yozuv kishilik dahosining muhim kashfiyotlaridan biri. Yusuf Xos Hojib tili bilan aytganda, “Bo’lmaganda agar xattot qalami, qorong’u qolardi moziy olami”.