MUHIM QAROR: XOTIRLASH QADRI

Xotirlash insonning jamiyatdagi o‘z o‘rni va ezgu xizmatlariga munosabat demakdir. Xotira – o‘tmishni eslash va unutmaslik. Xotirlash inson va jamiyat hayotida muhim ahamiyatga ega. Bu o‘tmishda sodir bo‘lgan voqealar, shaxslar yoki hodisalarni eslab, ularni qadrlash, unutmaslikni anglatadi. Xotira orqali ajdodlar merosini asrash, ularning jasorati, fidoyiligi va xizmatlari e’tirof etiladi. Bu esa qadrlash tuyg‘usi bilan bog‘liq.
Qadrlash – mehr-muhabbat va hurmat bilan yodga olish degani, insonlarga va ularning qilgan ishlariga nisbatan hurmat bilan yondashishdir. Bu, ayniqsa, buyuk shaxslar, ustozlar, ota-onalar, vatan himoyachilari va el-yurt uchun xizmat qilgan insonlarga nisbatan muhim. Qadrlash ularning mehnatini e’tirof etish va jasoratini unutmaslikka asoslanadi.
19-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va munosib nishonlash to‘g‘risida” gi Qarori xuddi shu ma’noda katta ahamiyatga ega.
Ma’lumingizkim, mamlakatimizda 9 may – Xotira va qadrlash kunini keng nishonlash, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaga hissa qo‘shgan urush va mehnat faxriylariga hamda Vatan ravnaqi, taraqqiyoti va uning himoyasi uchun kurashgan buyuk ajdodlarimizga alohida e’tibor va chuqur ehtirom ko‘rsatish, shuningdek mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari xotirasini ulug‘lash yurtimizda oliyjanob qadriyatga aylangan.
Ikkinchi jahon urushiga o‘zbekistonliklarning 2 millionga yaqini safarbar etilib, shundan 538 ming nafardan ortig‘i jang maydonlarida qahramonlarcha halok bo‘lgan, 158 ming nafardan ortig‘i bedarak yo‘qolgan, mustaqillik yillarida 200 nafarga yaqin harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari mamlakatimizning tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida o‘z jonini fido qilganlar.
Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga puxta tayyorgarlik ko‘rish, uni yuksak darajada o‘tkazish, O‘zbekiston xalqining tarixiy qahramonligi, fidokorona mehnatini ulug‘lash, yosh avlodni ona Vatanga sadoqatli, bugungi tinch, osoyishta hayotni asrab-avaylashga qodir insonlar etib tarbiyalash maqsadida qator rejalar qayd etildi.
Jumladan, yolg‘iz va kam ta’minlangan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining yashash joylarini ta’mirlash, obodonlashtirish, ikkinchi jahon urushining har bir qatnashchisi va uning oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslar, front orti mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan yoki nogiron bo‘lib qolgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamda ularning oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilishi bo‘yicha vazifalar qayd etildi.
Shuningdek, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va uning oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslarga hamda 1941–1945 yillardagi urush davridagi mehnat fronti qatnashchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofotini, “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi” yubiley medallarini tantanali ravishda topshirish qarorda o‘z ifodasini topdi.
Xotirlash va qadrlash faqatgina tarixiy yoki shaxsiy xotira emas, balki ma’naviy-axloqiy qadriyat hamdir. Insonlar bir-birlarini xotirlash va qadrlash orqali jamiyatda mehr-oqibat va hamjihatlikni mustahkamlaydilar. Bu tarix va kelajak uyg‘unligidir. Urush qatnashchilarining jasoratini qadrlash, yosh avlodga ibrat qilib ko‘rsatish milliy g‘urur va muhim vazifalardandir.
Xotirani asrash va qadrlash – insonlarning madaniy va ma’naviy yetukligining ifodasidir. Mazkur bayramni “Vatan ravnaqi, tinchligi va himoyasi yo‘lidagi qahramonlik unutilmaydi” shiori ostida o‘tkazilishi ayniqsa e’tiborga molikdir.
Rahimboy JUMANIYOZOV, “TIQXMMI” MTU professori, O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi