PREZIDENT SAUDIYA ELCHISINI «DO’STLIK» ORDENI BILAN MUKOFOTLADI

Foto: Prezident matbuot xizmati.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 dekabr kuni mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Saudiya Arabistoni Podshohligining Favqulodda va muxtor elchisi Yusuf al-Utaybiyni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari elchining samarali faoliyatini hamda O‘zbekiston bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi har tomonlama sheriklik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini alohida ta’kidladi.
Turli darajalarda tizimli muloqot va faol aloqalar yo‘lga qo‘yilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi va qo‘shma korxonalar soni jadal o‘sib bormoqda. Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari bilan loyihalar portfeli 27 milliard dollardan oshdi.
«Yashil» energetika, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, infratuzilmani rivojlantirish va boshqa ustuvor sohalarda loyiha hamda tashabbuslar amalga oshirilmoqda.
Madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashdi. Joriy yilning oktyabr oyida Saudiya Arabistonida O‘zbekiston madaniyati kunlari yuqori saviyada o‘tkazildi. Mamlakatimiz Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan Xalqaro kitob ko‘rgazmasida ishtirok etdi.
O‘zbekiston yetakchisi Saudiya Arabistoni Hukumatiga fuqarolarimizning Haj va Umra amallarini ado etishiga yaratilgan qulay sharoitlar uchun minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti Yusuf al-Utaybiyga O‘zbekiston – Saudiya do‘stlik va ko‘p tomonlama sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun «Do‘stlik» ordenini topshirdi.
Elchi uning diplomatik missiyasiga berilgan yuksak baho hamda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida keng ko‘lamli hamkorlik rivojini har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun mamlakatimiz yetakchisiga chuqur minnatdorlik izhor etdi.
(Xabar.uz)