9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

To‘qayev BMT Xavfsizlik kengashini isloh etishga chaqirdi

notiq.uz > Yangiliklar  > To‘qayev BMT Xavfsizlik kengashini isloh etishga chaqirdi

To‘qayev BMT Xavfsizlik kengashini isloh etishga chaqirdi

To‘qayev BMT Xavfsizlik kengashini isloh etishga chaqirdi

Foto: Oqo‘rda matbuot xizmati

BMT Xavfsizlik kengashi tizimida islohotlar o‘tkazish muhim va ortga surib bo‘lmas vazifa hisoblanadi. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Tokio shahridagi BMT universitetida so‘zlagan ma’ruzasida ta’kidladi.

Siyosatchi «Beqarorlik davrida strategik ishonchni tiklash: Qozog‘iston nazdida yanada adolatli va barqaror dunyo qanday bo‘lmog‘i lozim?» degan mavzudagi chiqishida BMT Xavfsizlik kengashida Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasini tamsil etuvchi davlatlar ham kengroq ishtirok etishi muhimligini qayd etgan.

«Xavfsizlik kengashida o‘rta darajadagi derjavalar ovozi yanada zalvorliroq yangrashi, yirik o‘yinchilar o‘rtasida ziddiyatlar kuchaygan sharoitda ular konstruktiv vositachi sifatida o‘zini namoyon etib, maqbul qarorlarni ilgari surishda faol bo‘lmog‘i lozim. Qozog‘iston o‘z tashqi siyosati missiyasini ayni shu rolda ko‘radi», — degan To‘qayev.

Qozog‘iston rahbari dunyoda ziddiyatlar kuchayib borayotganiga e’tibor qaratdi.

«Butun dunyoda qurolli to‘qnashuvlar miqdori va sur’ati so‘nggi o‘nyilliklardagi eng yuqori darajaga yetdi. O‘tgan yili global miqyosda harbiy xarajatlar rekord miqdor — 2,7 trillion dollarni tashkil qildi. Yirik davlatlar o‘rtasida raqobat avj olishi oqibatida BMT Xavfsizlik kengashi biror bir yirik xalqaro ixtilofni hal qila olmaydigan holga kelib qoldi», — degan u.

Siyosatchi xalqaro tuzilmalar samarali faoliyat yuritishi uchun strategik ishonch tiklanishi, jamoaviy qaror qabul qilish madaniyati yuksalishi lozimligini aytgan. Shuningdek, geosiyosiy qutblashuv kuchaygan hozirgi pallada BMTning rolini oshirish muhim ekanini ta’kidlagan.

Ma’lumot o‘rnida: Tokioda joylashgan BMT universiteti BMT Bosh assambleyasi tomonidan tashkil qilingan global tadqiqot va ta’lim markazi bo‘lib, dunyoning turli davlatlarida faoliyat yurituvchi 13 ta institutni birlashtiradi.

(Xabar.uz)

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.