«Yevropalik cho‘chqachalar…» – Putin Ukrainaga yangi hujumlar bilan tahdid qildi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga qarshi yangi harbiy zarbalar berish mumkinligini bildirdi. Uning aytishicha, agar Kiyev va G‘arb davlatlari hozir olib borilayotgan tinchlik muzokaralarida Rossiya qo‘ygan talablarni qabul qilmasa, Moskva frontdagi harakatlarini davom ettiradi.
«Agar ular jiddiy muzokarani istamasa, u holda Rossiya o‘z tarixiy yerlarini jang maydonida ozod qiladi», – dedi Putin chiqishi davomida.
Putinning ta’kidlashicha, Yevropa yetakchilari avval Rossiya qisqa vaqt ichida parchalanib ketadi, deb o‘ylagan va AQShning avvalgi ma’muriyati bilan birga harakat qilgan.
«AQShning avvalgi ma’muriyati vaziyatni ongli ravishda qurolli to‘qnashuvga olib kelgan. Nazarimda, buning sababi ham tushunarli. Hamma qisqa vaqt ichida Rossiyani barbod qilish, parchalab yuborish mumkin deb o‘ylagan. «Yevropalik cho‘chqachalar» esa darhol AQSh avvalgi ma’muriyatining bu ishiga qo‘shilib, mamlakatimiz qulashidan foyda ko‘rishga umid qilgan», – deydi u.
Putin AQShning hozirgi ma’muriyati, xususan Donald Tramp jamoasi, tinch yo‘l bilan kelishuvga moyil ekanini aytgan, Yevropa davlatlarida esa bunday iroda ko‘rinmayapti, deb hisoblaydi.
Kreml rasmiy pozitsiyasiga ko‘ra, Rossiya tinchlik kelishuvi doirasida qator talablarni ilgari surmoqda. Ular orasida Qrim va Ukraina sharqida Rossiya nazorati ostiga o‘tgan hududlarni Rossiyaniki sifatida tan olish, Rossiya–Ukraina chegarasi bo‘ylab «xavfsizlik bufer hududi»ni kengaytirish hamda Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishdan voz kechishi kabi shartlar bor.
Ukraina va G‘arb davlatlari esa bu talablarni qabul qilib bo‘lmas, deb hisoblamoqda va Rossiya bosqinini xalqaro huquqqa zid, deb baholab kelmoqda.
(Xabar.uz)