QOZOG’ISTON O’ZBEKISTON ORQALI GAZ TRANZITINI OSHIRISHNI REJALASHTIRYAPTI

Qozog‘iston O‘zbekiston hududi orqali amalga oshiriladigan gaz tranziti hajmini yillik 8,4 milliard kub metrgacha oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Qozog‘iston Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, yaqinda QazaqGaz va «O‘ztransgaz» kompaniyalari O‘zbekiston hududi orqali gaz tashish bo‘yicha shartnoma imzolagan.
Qozog‘iston energetika vaziri Yerlan Akkenjenov jurnalistlar bilan uchrashuvda gap asosan Rossiya tabiiy gazi tranziti haqida ketayotganini ta’kidladi.
«Bu Rossiya gazi tranziti hisoblanadi. Umuman olganda, biz tranzit hajmini yiliga 8,4 milliard kub metrgacha oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqyapmiz», – dedi vazir.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yilda QazaqGaz va «Gazprom» Qozog‘iston hududi orqali Rossiya tabiiy gazini O‘zbekiston va Qirg‘izistonga yetkazib berish bo‘yicha 2040 yilgacha amal qiladigan shartnomalarni imzolagan edi.
Shuningdek, QazaqGaz va «O‘ztransgaz» o‘rtasida imzolangan yangi shartnoma gazni O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali barqaror tashish bo‘yicha kelishuvlarni mustahkamlaydi. Hujjatni o‘zbek tomondan «O‘ztransgaz» boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi Askar Isakov, qozog‘iston tomonidan esa QazaqGaz boshqaruvi raisi Alibek Jamauov imzoladi.
Ta’kidlanishicha, ushbu kelishuv gaz transport tizimi sohasidagi hamkorlikni kuchaytiradi, mintaqaviy gaz infratuzilmasining ishonchliligini oshiradi hamda kuz-qish mavsumini barqaror o‘tkazishga xizmat qiladi.
(Xabar.uz)