9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

BOG‘DORCHILIK BO‘YICHA BAXMAL TAJRIBASI JORIY ETILADI.

notiq.uz > Yangiliklar  > BOG‘DORCHILIK BO‘YICHA BAXMAL TAJRIBASI JORIY ETILADI.

BOG‘DORCHILIK BO‘YICHA BAXMAL TAJRIBASI JORIY ETILADI.

Bog‘dorchilik bo‘yicha Baxmal tajribasi joriy etiladi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Jizzaxdagi yig‘ilishda qishloq xo‘jaligiga alohida e’tibor qaratdi. 

Viloyatdagi jami 900 ming gektar lalmi va yaylov yerlarining 110 ming gektari zaxirada turgani, ularda ozuqa, moyli ekinlar ekish va sanoat bog‘larini yaratish orqali kamida 20 ming odamni ishli qilish mumkinligi ta’kidlandi. Jizzaxdagi yaylovlardan samarali foydalanish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish topshirildi. 

Shu bilan birga, keyingi yildan yaylovlarda yer egalari yuqori daromadli ekinlar ekib, yerdan maqsadli foydalansa, ularga yer solig‘i 2 karra kamaytirib beriladi. 

Shuningdek, viloyatdagi ko‘plab chorvador va fermerlar ozuqa va meva-sabzavot yetishtirishda suv nasosiga sarflangan elektr uchun subsidiyani har oyning boshida to‘lab berishni so‘ragan. 

Mutasaddilarga butun respublikada ushbu subsidiyalarni oy boshida beradigan tizim qilish muhim ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Hozirda Baxmaldagi 14 ming gektar bog‘larning 4 ming gektari eskirgan, ulardan olinayotgan hosil esa gektariga 10 tonnaga ham yetmaydi. 

Shu bois, eski bog‘larni intensivga o‘tkazish, hosilni saqlash, saralash va qayta ishlash bo‘yicha Baxmal tajribasini joriy qilish zarurligi ta’kidlandi. 

Baxmalda 2026 yilda 1,5 ming gektar eski bog‘larga faqat sertifikati bor ko‘chatlarni ekish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi. Buni qo‘llab-quvvatlash uchun aholi va fermerlarga ko‘chat sotib olish xarajatining yarmi qoplab beriladi. 

Bundan tashqari, tumandagi bog‘dorchilik xo‘jaliklari uchun yana bir qator yangiliklar e’lon qilindi. 

Xususan, intensiv bog‘ tashkil qilishda 7 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan 14 foizdan kredit beriladi. Mevaning turiga qarab, shpalerlar uchun 20 ming so‘mdan 70 ming so‘mgacha subsidiya ajratiladi. 

Shuningdek, muzlatkichli omborlar uchun kredit foizini asosiy stavkadan oshgan 8 foizgacha qismi qoplab beriladi. Meva-sabzavot eksportchilari va bog‘bonlarga ham qadoqlash xarajatlarining 50 foizini qoplash uchun Savdoni rivojlantirish kompaniyasidan subsidiya to‘lanadi. 

Umuman, kelasi yili bog‘dorchilik bo‘yicha Baxmalda tajriba maktabi yaratilib, ushbu imtiyozlar butun respublikada joriy qilinadi.

Aniq mahsulot ekish sharti bilan auksionga chiqarilgan 10 ming gektar yer bir yildan buyon sotilmayotgani qayd etildi. Shu bois, keyingi yildan boshlab ekin yerlarini ijaraga berishning yangi tizimi joriy qilinadi. 

Endilikda yerni ijaraga olgan dehqon unga nima ekishini o‘zi mustaqil hal qiladi. Shuningdek, auksionda takroriy savdoga qo‘yilgan yerlarning boshlang‘ich narxi 10 foizgacha pasaytiriladi. 

Yer ijarasidan tushgan mablag‘lar to‘liq sanoatlashgan bog‘larga suv, elektr, yo‘l tarmoqlarini tortish kabi infratuzilma ob’yektlari uchun sarflanadi. 

AQShlik hamkorlar bilan Zominda parranda bo‘yicha yirik naslchilik korxonasi tashkil qilinmoqda. Ushbu klasterda 100 ming bosh quvvatdagi birinchi naslli ona tovuq va 9 million dona inkubatsion tuxum ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. 

Bu unikal loyiha respublikada parrandachilikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi ta’kidlandi. 

(Xabar.uz)

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.