KIMLAR KO’P SHAMOLLASHI MA’LUM BO’LDI

Uyqu vaqtining kuniga olti soatgacha qisqarishi o‘tkir respirator virusli infeksiyalar (O‘RVI) xavfini 4,2 baravar oshiradi. Kaliforniya universiteti bu borada o‘tkazgan tadqiqot xulosalari Brain, Behavior and Immunity (BBI) jurnalida e’lon qilindi.
Loyihada 164 nafar ko‘ngilli ishtirok etdi, ularning holatini mutaxassislar ikki oy davomida kuzatib bordi. Ishtirokchilar muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib turildi, ularning turmush tarzi: stress darajasi, spirtli ichimliklar iste’mol qilishi, tamaki chekishi haqida batafsil ma’lumotlar olindi. Uyqu ko‘rsatkichlariga alohida e’tibor qaratildi — uning davomiyligi, barqarorligi va sub’yektiv sifati qayd etildi.
To‘plangan ma’lumotlar tahlili ko‘rsatishicha, aynan uyqu davomiyligi indeksi shamollash bilan bog‘liq viruslarni yuqtirish xavfining asosiy prediktori (vositasi)ga aylandi. Sutkasiga taxminan olti soat uxlagan ko‘ngillilarda kasallanish ehtimoli, kamida yetti soat uxlovchilarga qaraganda, 4,2 baravar yuqori bo‘ldi. Tungi uyquning besh soatgacha qisqarishi esa shamollash ehtimolini 4,5 baravar oshirgan.
Yosh, ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar va har xil zararli odatlar infeksiyaga moyillikka deyarli ta’sir qilmagan.
(Xabar.uz)