«AKA, SIZNI SO’NGGI YO’LGA KUZATOLMADIM »

foto: Freepik
U hali yosh edi – endigina 54 bahorni qarshilagandi. Shunga yarasha orzulari ham bisyor edi. Avvalo, katta qizining farzandi, ya’ni nevarasining to‘yini ko‘rish, kichik qizlarini ham uzatish, yolg‘iz o‘g‘lini universitetni bitirganidan so‘ng uylantirish ilinjida yashardi. Ikkinchidan, odatdagidek, elga manzur bo‘ladigan ko‘rsatuvlar tayyorlash, yangi-yangi badiiy va videofilmlar yaratish, ularda o‘ziga xos rollar o‘ynashga intilardi. Ish va ijoddan bo‘sh vaqtlarida esa to‘y-tomoshalarga borib, o‘zining ichakuzdi hangomalari-yu, teatrlashtirilgan tomoshalari bilan davralarga fayz kiritardi. Goh childirma yoki tor chalib, goh qo‘shiq yoki she’r aytib, shinavandalar quvonchiga quvonch qo‘shardi…
Eng muhimi, u qachon, qayda bo‘lmasin, qanday ko‘rsatuv tayyorlab, qanday rol ijro etmasin, mudom bir aqidaga amal qilardi. Odamlarni hamisha bir-birini asrab-avaylashga, o‘zaro mehr-oqibatli bo‘lishga undardi.
.

Bu bejiz emasdi, albatta. Uning bolaligi ancha mashaqqatli kechgan, shu bois yoshiga nisbatan barvaqt ulg‘aygan, hayot aslida kurashlardan iboratligini tengqurlariga nisbatan tezroq va teranroq anglab yetgandi.
Holbuki, avvalboshda hammasi bir maromda davom etayotgandi. Oqdaryo tumanining Olchintepa qishlog‘ida yashovchi Razzoqovlar oilasi ham el qatori tinch-xotirjam, ahil-inoq hayot kechirayotgandi. Daf’atan ularning boshiga og‘ir musibat tushdi. Xonadon bekasi Qurbonoy opaga birin-sirin bo‘y tortib kelayotgan dilbandlarining orzu-havasini ko‘rish baxti nasib etmadi. U qirchillama yoshida to‘satdan bandalikni bajo keltirdi.
Bu paytda oilaning to‘ng‘ichi Fayzulla jismoniy tarbiya institutida, murg‘akligidan san’atga havasmand ikkinchi o‘g‘il Saydulla Samarqanddagi musiqa bilim yurtida, qolganlari maktabda o‘qirdi. Ajabki, ona vafotidan so‘ng sho‘x-shodon kulgiga to‘la uydan fayz-baraka ko‘tarilib, u go‘yoki o‘tinsiz ro‘zg‘orga aylanib qolganday bo‘ldi.
Hammasidanam achinarlisi, uzzukun daladan beri kelmaydigan Narzulla akaning tanho o‘zi bobomeros ketmoni orqali topgani ham oilani tebratish, ham farzandlarini o‘qitish uchun yetmay qoldi. Ana shu bois Saydulla otasi qanotiga kirishga ahd qildi. Darsdan bo‘sh vaqtlari va ta’til oylarida hali suyagi qotmagan ukalarini yoniga olib, mardikorlik qila boshladi. Kezi kelganda, saraton oftobida jiqqa terga botib, g‘isht quydi, kezi kelganda, qish chillasida loy qorib, devor suvadi. Ammo zinhor-bazinhor o‘qishni tashlamadi, san’at sirlarini o‘rganishdan charchamadi. Aksincha, notalarni boshdan-oyoq yodlab, klarnet chalishni puxta o‘zlashtirdi.
Keyin vaqti-soati kelib, hammasi iz-iziga tushdi. Oila asta-sekin iqtisodiy ahvolini tiklab oldi. Saydullaning qalbidagi san’atga bo‘lgan havas o‘zi bilan birga ulg‘ayib, rosmana ixlosga aylandi. Bu ixlos yosh yigitni poytaxtga yetakladi. U 1975-yili Teatr va rassomlik institutining musiqali drama aktyorligi fakultetiga o‘qishga kirdi.
Mashoyixlar aytganidek, kishining omadi chopsa, ishi yurishib ketishi, baxt bir kulib boqsa, qo‘shaloq kelishi rost ekan. Mana, Saydulla Narzullayevdan qiyos. U talabalik davrida asli andijonlik bo‘lgan kursdoshi Odina G‘oziyevaga ko‘ngil qo‘ydi.

foto: https://www.youtube.com/@DUNYOTV
To‘rtinchi bosqichda o‘qiyotgan kezlari esa unga uylandi. Tahsilni tugatgach, yana omadi chopib, Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrida aktyorlik qila boshladi. Ushbu qutlug‘ dargohda milliy san’atimizning Razzoq Hamroyev, Husan Sharipov kabi zabardast darg‘alaridan saboq olib, boy tajriba orttirdi. Biroq, taqdir taqozosiga ko‘ra, 1981-yili respublika televideniyesiga rejissyor sifatida ishga o‘tdi.chog‘ligidan jiyanlariga qo‘shilib, hovlida futbol o‘ynadi. Qiziq-qiziq hangomalar aytib, bolalarcha qiyqirib kuldi. Keyin Muqimiy teatrida ishlovchi kelinoyim – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Odina G‘oziyevaga qo‘ng‘iroq qoqib, «Xudo xohlasa, bugun uyga qaytmoqchiman. Spektakl tugagach, telefon qilsang, birga ketamiz», dedi. Ammo bu niyati ushalmadi. Kechga yaqin qo‘qqisdan yana mazasi qochdi. Uni zudlik bilan respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib bordik. Afsus, qazo fursati yetgan ekan, bu safar akamga uzluksiz 26 yil yashagan, ne-ne shodligu quvonchlarga, ne-ne g‘amu tashvishlarga guvoh bo‘lgan uyiga o‘z oyog‘i bilan kirib borish nasib qilmadi. Aksincha, o‘sha kuni kechqurun uning jonsiz tanasini biz ko‘zlarimizda yosh, dilimizda alam bilan uyiga ko‘tarib kirdik… Shuni aytsalar kerak-da, bandasining emas, Allohning aytgani bo‘ladi, deb…
– Men noxush xabardan payshanba kuni – Bobur bobomizga bag‘ishlangan hujjatli filmni suratga olishni ko‘ngildagidek yakunlagandan keyin Panipat shahridan Ludiana shahriga yetib borib, kechasi mehmonxonada dam olayotganimda ogoh topdim, – deydi G‘aybulla o‘kinch bilan. – Aksiga olganday, Hindistondan Toshkentga samolyot yaqinda uchib ketgan, navbatdagi reys esa faqat yakshanba kuni bo‘lar ekan. Oxir-oqibat akamning dafn marosimiga yetib kelolmadim, uni so‘nggi yo‘lga kuzatolmadim. O‘sha damlarda faqat «Yo‘q, akam o‘lmagan! O‘lishi mumkin emas! Axir shunday odam hayotdan erta ketishi mumkinmi?.. Hali uning bu yorug‘ dunyoda qilishi kerak bo‘lgan ishlari, ushalmagan orzu-umidlari ko‘p edi-ku! Nahotki, bu mudhish xabar rost bo‘lsa!» degan savollar qalbimni tilka-pora qilardi. Hindistondagi chorasiz qolgan o‘sha kunlarimning har daqiqasi hayotimning eng iztirobli va alamli lahzalari bo‘ldi. Toshkentga uch kundan keyin qaytib kelib, «Oqtepa» qabristoniga bordim. Akamning mung‘ayib turgan mozorini ko‘rib, beixtiyor ho‘ngrab yubordim. Uni quchoqlab, o‘ksib-o‘ksib yig‘larkanman, ko‘zlarimdan tinimsiz yosh oqardi. «Aka, sizni so‘nggi yo‘lga kuzatolmadim. Qabringizga bir siqim tuproq tashlab, ukalik burchimni ado etolmadim. Bu endi yuragimda umrbod armon bo‘lib qoladi… Aka, meni kechiring!» deyishdan nariga o‘ta olmadim…
Nachora, buni hayot deydilar, hamisha biri kam armonli dunyo deydilar. Qolaversa, hammamiz ham xom sut emgan ojiz bandalarmiz. Modomiki, shunday ekan, taqdirga tan berishga, nogahoniy musibatlarga ko‘nikishga majburmiz.
Saydulla Narzullayevni yaqindan bilganlarga oddiy bir haqiqat ayon: u o‘zgalardan mehrini darig‘ tutmaydigan o‘ta samimiy, o‘ta kamtar-kamsuqum, kasbiga fidoyi, zahmatkash inson edi. Umri bo‘yi odamlarga yaxshilik qilishga, ularning koriga yarashga intilib yashagandi. Shu zayl el nazariga tushib, muxlislar mehrini qozongandi. Respublikamizning ko‘plab go‘shalarida do‘st-birodarlar orttirib, odamlar qalbini zabt etgandi. Bunday baxtga muyassar bo‘lish esa, bilasiz, har kimga nasib qilavermaydi. Ayni chog‘da, bunday ajoyib insonlarni el-yurt osonlikcha unutmaydi.
Zero, Saydulla Narzullayevning ham nomi va hayotligida qilib ulgurgan ezgu amallari uzoq yillar xalq xotirasidan o‘chmaydi…
Abdunabi Haydarov