Bunday hodisa XXI asrda ro‘y berganiga ishongingiz kelmaydi – ekspert
Bombardimonda oyog‘idan ayrilgan g‘azolik Muhammad Hasan.
Foto: BMT Yangiliklar xizmati
Odamzodning yaqin tarixi mobaynida ko‘plab qatliomlar, xunrezliklar sodir etilgan, ammo inson huquqlari kafolatiga doir xalqaro hujjatlar amalda bo‘lgan XXI asrda ommaviy o‘limlarning ro‘y berishi aqlga sig‘maydi. Inson huquqlari bo‘yicha ekspert Huriye Yildiz Kantaro‘g‘lu 2023 yil 7 oktyabrdan keyin G‘azo sektorida ro‘y bergan fojiani ana shunday izohlagan.
Ekspert G‘azo sektorida minglab tinch aholi vakillari o‘ldirilgani, xususan, ko‘p sonli bolalar va ayollar qo‘l-oyog‘idan ayrilgani, mayib-majruh bo‘lib qolganiga e’tibor qaratgan.
“Barcha urushlar ham odamlarning o‘limi, jarohatlanishi va nogiron bo‘lib qolishiga olib keladi. Ammo G‘azoda ikki yildan buyon davom etayotgan tizimli genotsid oqibatida tana a’zolari amputatsiya qilingan (kesib tashlangan) odamlar soni juda ko‘pchilikni tashkil etadi. Ularning aniq soni ma’lum emas. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi tarqatgan ma’lumotga qaraganda, 2023-2025 yillar mobaynida 4500 kishining quyi va yuqori tana a’zolari amputatsiya qilingan. Ularning asosiy qismini xotin-qizlar va bolalar tashkil etadi”, – deb yozadi inson huquqlari eksperti.
G‘azoda mayib-majruhlar soni keskin ortgani sabablari talaygina, deb hisoblaydi Huriye Yildiz Kantaro‘g‘lu.
Avvalo, urush mobaynida Isroil armiyasi shifoxonalar, tibbiy shoxobchalarni bombardimon qilgan holda G‘azo sog‘liqni saqlash tizimini falajlantirdi. Buning ustiga, dori-darmon va tibbiy xodimlar yetishmasligi oqibatida oddiy jarohatlar ham pirovardida jiddiylashdi va qorason ko‘rsatkichi ortib ketdi.
Ekspert fikricha, harbiy harakatlar davomida Isroil armiyasi tomonidan xalqaro huquqqa zid sanalgan o‘q-dori va qurollardan foydalanilgani ham tinch aholi vakillari orasida majruhlarning ko‘payishiga olib keldi.
“G‘azoda amputatsiya ko‘rsatkichining yuqori ekani ham genotsid ko‘lamiga shohidlik beradi. Qurbonlar orasida ayollar va bolalarning ko‘p ekani tinch
aholi vakillari nishonga olinganini tasdiqlaydi. O‘t ochish to‘xtatilib, qamal bekor qilingan taqdirda ham mayib-majruhga aylangan odamlar va ularning yaqinlari uchun urushning ruhiy, ijtimoiy oqibatlari davom etadi”, – deydi Huriye Yildiz Kantaro‘g‘lu.
Avval xabar berganimizdek, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ham G‘azodagi vaziyatni “dahshatli va halokatomuz” deb baholagan edi.
“Ayni paytda sog‘liqni saqlash tizimi butunlay yakson bo‘lgan G‘azo sektori amputatsiya qilingan bolalar soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turibdi. Ko‘plab bolalar (tana a’zolarini kesish) amaliyotlarini hatto anesteziyasiz o‘tkazmoqda. Biz ko‘rib turgan voqelik og‘ir xalqaro jinoyat deb malakalanishi mumkin”, – degan edi BMT bosh kotibi.
Rasmiy raqamlarga qaraganda, Isroil HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirgan 2023 yil 7 oktyabrdan buyon davom etayotgan noteng urushda 67938 nafar falastinlik halok bo‘ldi, 170169 kishi jarohatlandi. Yana minglab jasadlar vayronalar ostida qolmoqda.
YuNISEFga ko‘ra, G‘azoda so‘nggi 22 oy ichida halok bo‘lgan bolalar soni 18 mingdan ortib ketgan.
Avvalroq London universiteti huzuridagi Hollouey qirollik kolleji olimlari Isroil tomonidan G‘azo sektorida olib borilayotgan urushda hudud aholisining 4 foizi yoki 80 mingdan ziyodi o‘ldirilganini ma’lum qilgandi. Ekspertlar “XXI asrdagi boshqa biror urushda bunday holat kuzatilmagan” degan xulosaga kelgan.
Joriy yil sentyabr oyi BMT komissiyasi Isroilning G‘azodagi harakatlarini genotsid deb tan oldi.
Misrda joriy yil 10 oktyabr kuni imzolangan bitimga muvofiq G‘azoda o‘t ochish to‘xtatildi. Ammo tahlilchilar otashkesim tartibi omonat ekani, istalgan vaqt harbiy to‘qnashuv qayta boshlanishi mumkinligini aytmoqda.
So‘nggi tahlillarga qaraganda, butkul vayron etilgan G‘azo sektorini qayta qurishga taxminan 70 milliard dollar mablag‘ kerak bo‘ladi. Tiklash ishlari o‘nlab yillarga cho‘zilishi mumkin
(Xabar.uz)