9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

EZGULIK RAMZI ILA NIQOBLANGAN VAHSHIYLIK

notiq.uz > Yangiliklar  > EZGULIK RAMZI ILA NIQOBLANGAN VAHSHIYLIK

EZGULIK RAMZI ILA NIQOBLANGAN VAHSHIYLIK

Ezgulik ramzi ila niqoblangan vahshiylik

foto: internet, ochiq manba

1947-yilning so‘lim yozi – iyul oyining erta tongi edi. AQShning Nyu-Meksiko shtatida har xil mish-mishlar tarqaldi: «Eshitdingizmi, Rosuell shahri atrofida g‘ayritabiiy temir parchalari topilganmish. Mutaxassislar ularni o‘zga sayyoradan kelib, yerga qo‘nmoqchi bo‘lgan noma’lum uchar jismga tegishli, deyishayotgan emish…»

Og‘zaki gap-so‘zlar hech qancha vaqt o‘tmay bosma manbalarga ko‘chdi. Kechki nashrlarning ilk sahifalari bir-biridan vahimali xabarlar bilan to‘lib-toshdi. Bir necha soatdan keyin esa teskarisi bo‘ldi: gazetalarda ketma-ket raddiyalar berila boshlandi. Ularning muxtasar mazmuni quyidagicha edi: «Bizning zamonamizda allanechuk uchar jismlar haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Topilmalar esa ruslar ayg‘oqchilik maqsadida uchirgan havo sharining qoldiqlari, xolos!»

Aslida-chi?..

Aslida bir-birini inkor etuvchi ma’lumotlarning dastlabkisi ishonchli manbadan olingandi. Uni AQShning 509-aviatsiya polki qo‘mondoni, polkovnik Blengard bergandi. Hech kim uning yolg‘on gapirishiga ishonmasdi. Chunki o‘ta uddaburon va sermulohaza bu inson biror fikr bildirishdan oldin oqibatini obdon o‘ylab ko‘radigan, ta’bir joiz bo‘lsa, yetti o‘lchab bir kesadigan kishilar toifasidan edi. Shunday fazilatlarga egaligi sharofati o‘laroq, u keyinchalik general unvoniga loyiq ko‘rildi va AQSh harbiy havo qo‘shinlari shtabi boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimida xizmat qildi. Bu – birinchidan.

Ikkinchidan, g‘ayrioddiy temir bo‘laklarini o‘z kasbining mohir ustasi – o‘sha polkning razvedka bo‘limi uchuvchisi, mayor Jessi Marsel tekshirgandi. Pirovarida «Ular havo shariga mutlaqo taalluqli emas. Sababi – olov girdobida qolmagan. Og‘irligi deyarli bilinmaydi. Qalin emas, zarqog‘oz misoli yupqa. Biroq juda pishiq-mustahkam. Shu bois sakkiz kilogrammlik katta bolg‘a bilan urilganda ham pachoqlanmadi, loaqal sirtiga iz tushmadi. Binobarin, ularni kelib chiqishi jihatidan Yer jismlari sirasiga kiritib bo‘lmaydi», degan xulosaga kelgandi.

Turgan gap, shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: u holda nima uchun matbuotda raddiyalar berildi? Nahotki, ikki birday taniqli odam adashgan, havo shari bilan noma’lum uchar jismning farqiga bormagan bo‘lsa?

Bu savollar uzoq vaqt javobsiz qoldi. Nihoyat, 1992 yilga kelib, sir ochildi. Uni general Bossi oshkor etdi. Aytishicha, 45 yil burungi shov-shuvli tongda Texasda joylashgan 8-aviatsiya brigadasi sarkori, general Romay Vashingtondan o‘ta muhim maxfiy topshiriq oladi. U qanday bo‘lmasin, eshikdan quvsang, teshikdan bostirib kiradigan muxbirlar chakagini o‘chirishi, buning uchun o‘zi istagancha yolg‘on to‘qib, topilmalar noma’lum uchar jismga tegishlii emasligiga jurnalistlarni ishontirishi shart edi.

Amalda shunday bo‘ldi ham. Gezetalarda peshma-pesh raddiyalar berildi. Go‘yoki qorlar yog‘ib, izlar bosildi. Vaqt o‘tishi bilan bu voqea odamlar yodidan ko‘tarilganday tuyuldi. Biroq tinib-tinchimas jurnalistlar bo‘sh kelishmadi. Ayniqsa, general Bossining bayonotidan so‘ng asl haqiqatning tagiga yetish uchun kurashni yanada kuchaytirishdi.

G‘arb matbuoti 1998-yili tag‘in eski mavzuga qaytdi. Gazeta-jurnallar va radio-televideniyeda bir paytlar Rosuellda topilgan metall jism qoldiqlari haqida har xil fikr-mulohazalar bildirish avj oldi. Ular faqat bir jihatdan – topilmalar o‘zga sayyoralarga mansub emasligini ta’kidlashiga ko‘ra, general Romayning gapiga yaqinroq turardi. Ikkinchi tomonda, ya’ni «Topilma parchalar yaponlarning «Fu-Gou» nomli havo balloni qoldiqlaridir» deyilishi bo‘yicha esa, undan keskin farq qilardi.

Agar «Bu qanaqa ballonlar?» deb qiziqayotgan bo‘lsangiz, hozir tushuntirib beraman.

Hujjatlarga qaraganda, Yaponiya Qurolli kuchlari 1944 yilning 4 noyabridan e’tiboran bir necha oy davomida AQSh havo hududlariga odam tomonidan boshqarilmaydigan, dam urib shishirilgan 9300 ta ballonni uchirgan. Ularning har biriga 30 kilogrammdan bomba yuklangan, sirtiga esa xrizantema gulining aksi tushirilgan.

Ballonlar AQShning Tinch okeani qirg‘oqlariga tutash shahar-qishloqlari uzra 650 mill masofaga tarqalgan. Ba’zilari Sharq tomonga, hatto Michiganga qadar uchib borgan. Atmosferaning yuqori qismiga ko‘tarilganlari o‘z-o‘zidan bug‘lanib ketgan.

Smitson instituti ma’lumotlariga ko‘ra, bu ballonlar gohida bus-butunligicha yerga qulab tushgan. 1945 yilning 8 avgustigacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida ayni holat 285 marta takrorlangan. Biroq AQSh hukumati havo ballonlari xususida biron-bir xabar tarqatishni qat’iyan taqiqlab qo‘ygani tufayli o‘sha jarayonda ro‘y bergan portlashlar oqibati oshkor etilmagan.

Qarabsizki, yaponlar o‘z hujumlari natijasidan voqif bo‘lisholmagan, shu bois «ballonli urush»ni to‘xtatishgan. Lekin muqaddam uchirilgan ballonlarning xavfli parvozi davom etavergan. Ayrimlari osmonu falakdan qulab tushavergan. Balki shundandir, mas’ullar Rosuelldan topilgan metall parchalarini ham parvozi tugagan navbatdagi yapon havo balloniga taalluqli deb hisoblashgandir. Balki bunga mayor Jessi Marsel o‘z xulosalarida keltirgan tasniflar yapon ballonlarinikiga birmuncha o‘xshashligi dastak bo‘lgandir.

Albatta, xrizantema gulining tasviri tushirilgan bombali ballonlar o‘z davri uchun bag‘oyat murakkab qurilma sanalgan. Ularga harbiy texnikaning eng so‘nggi noyob yutug‘i sifatida qaralgan. Yana bir narsani unutmaslik, tayin haqiqatdan zinhor-bazinhor ko‘z yummaslik kerak: mayor Jessi Marsel tekshiruvni sinchkovlik bilan o‘tkazgandi. Insoniyatga begona g‘ayritabiiy jismlar sirtida hech qanaqa xrizantema guli rasmini ko‘rmagan, ammo notanish yozuvlar borligini payqagandi. Oradan yillar o‘tib, mayorning o‘g‘li shov-shuvlarga sababchi bo‘lgan Rosuell voqeasiga bag‘ishlangan filmda o‘sha yozuvlarni namoyish qildi. Shundan so‘ng ba’zi mutaxassislar bu bitiklar ko‘hna nemis alifbosi bilan bog‘liq degan fikr-mulohazalarni o‘rtaga tashlay boshladilar…

A.Haydarov

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.