VAZIR TALABA DOKTORANT VA PROREKTORLAR UCHUN TA‘LIM TIZIMIDAGI ISLOHOTLAR VA ISTIQBOLDAGI RIVOJLANISH MASALALARI YUZASIDAN MA’RUZA QILDI
	24-sentyabr kuni Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi tashabbusi bilan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipovning “Mamlakatimizda ta’limning barcha bo‘g‘inlarini izchil rivojlantirish” mavzusida ma’ruzasi tashkil etildi.
Tadbirni “Ulug‘bek” jamg‘armasi raisi Oqil Salimov kirish so‘zi bilan ochib, mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning iqtidor va salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda jamg‘armaning bu jarayondagi o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi.
Vazir o‘z ma’ruzasida kasbiy ta’lim sohasida yangi o‘quv dasturlarini joriy etish, dual ta’lim tizimini bosqichma-bosqich kengaytirish, texnikumlar bilan ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratdi. Shuningdek, oliy ta’limni xalqaro maydonga olib chiqish, xorijiy hamkorlik doirasini kengaytirish hamda ta’lim eksporti hajmini oshirish yo‘nalishlari bo‘yicha ustuvor vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi
