BAYRAM BILAN QUTLAYMIZ !

Fidoyilik qalb amri
O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida iqtisod fanlari nomzodi, dotsent Sangirova Umida Ravshanovnani samimiy qutlash – burchimizdir. Umida Ravshanovna ko‘p yillar davomida yosh avlodga iqtisod ilmining sirlarini o‘rgatib, ularni yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishlariga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Umida Ravshanovna nafaqat yetuk pedagog, balki o‘z sohasining fidoyisidir. U doimo izlanishda, yangi bilimlarni o‘zlashtirishda va ularni talabalariga yetkazishda tinim bilmaydi. Uning darslari zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida, qiziqarli va tushunarli tarzda o‘tiladi. Talabalar Umida Ravshanovnaning har bir darsidan yangi bilim va ko‘nikmalar oladilar.
Umida Ravshanovnaning ilmiy faoliyati ham e’tiborga loyiq. U ko‘plab ilmiy maqolalar, o‘quv qo‘llanmalar va monografiyalar muallifidir. Uning ilmiy ishlanmalari iqtisodiyotning rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Sangirova Umida Ravshanovnaning tarjimayi holiga birrov nazar chinakam ibrat bo‘la oladi. U 1970 yil ziyolilar oilasida tug‘ilgan. 1992 yilda Toshkent davlat agrar universitetini tugatgan, iqtisod fanlari nomzodi, dotsent. 1992 yildan 1997 yilgacha O‘zbekiston o‘simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot institutining bosh iqtisodchisi, 1997 yildan 2005 yilgacha Toshkent tadbirkorlik kolleji “Iqtisod” kafedrasi o‘qituvchisi, 2005 yildan 2013 yilgacha “Suv xo‘jaligi iqtisodi” kafedrasi katta o‘qituvchi lavozimida, 2014-2021 yilgacha “Iqtisodiyot” kafedrasi mudiri lavozimida ishlagan va 2021 yildan hozirgacha “Iqtisodiyot” kafedrasi dotsenti lavozimida ishlab kelmoqda.
Umida Ravshanovna nafaqat yetuk pedagog va olim, balki samimiy inson, mehribon ustoz va sadoqatli do‘st sifatida ham talabalar va hamkasblarining hurmatiga sazovordir. U doimo yoshlarga o‘z maslahatlari bilan ko‘maklashishga, ularning muammolarini yechishga tayyor turadi.
Ular tomonidan ilmiy-pedagogik faoliyati davomida qishloq va suv xo‘jaligi korxonalari o‘rtasidagi tashkiliy-iqtisodiy munosabatlarni takomillashtirish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, tarmoqlar iqtisodiyotida muammolar va yechimlari borasida 26 dan ortiq ilmiy-uslubiy ishlar, shundan 8 ta darslik va o‘quv qo‘llanmalar, 4 ta monografiya va 12 ta o‘quv metodik ishlar chop etilgan.
U. Sangirova o‘z faoliyati davomida Davlat ta’lim standartlari, namunaviy o‘quv rejalari va fan dasturlarini takomillashtirish, o‘quv va ishlab chiqarish amaliyotlarini tashkil etish va ilmiy tadqiqotlar olib borish borasida faol qatnashib kelmoqda. Uning faoliyati davomida 1 ta amaliy loyiha, 1 ta fundamental, 1 ta xalqaro loyiha rahbarligi va koordinatorliligida amalga oshirilgan.
U fakultetda tahsil olayotgan iqtidorli va iste’dodli talabalar bilan uzluksiz maqsadli tayyorlashni yo‘lga qo‘ygan. Ustoz shogird tizimida uning rahbarligida 1 nafar PhD himoya qilingan, 3 nafar Prezident davlat stipendiya sohiblari va 3 nafar Navoiy davlat stipendiya sohiblariga rahbarlik qilgan.
Umida Sangirova har bir ishda tashabbuskor, to‘g‘riso‘z, o‘z sohasini yaxshi biladigan, o‘z vazifasiga mas’uliyatli, kamtarin, tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan pedagog-xodim va rahbardir. Oilali, 3 nafar farzandning onasi.
Biz ustozni “O‘qituvchi va murabbiylar” kuni bilan chin qalbdan tabriklaymiz! O‘z kasbiga shaydoyi bo‘lgan, fidoyilikni qalb amriga aylantirgan ustoz Umida Sangirovaga uzoq umr, sihat-salomatlik, oilaviy baxt va kelgusi ishlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz! Shogirdlari kamolini ko‘rib, doimo xursand bo‘lib yurish nasib etsin.
Rahimboy Jumaniyozov O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi, professor
