9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

YANGI O‘QUV YILI OLDIDAN BAYRAM OSHI

notiq.uz > Yangiliklar  > YANGI O‘QUV YILI OLDIDAN BAYRAM OSHI

YANGI O‘QUV YILI OLDIDAN BAYRAM OSHI

Bugun ertalabdanoq “TIQXMMI” milliy tadqiqqot unuversitetida o‘zgacha shukuh hukm surmoqda. O‘zbekiston mustaqilligining 34 yilligi va yangi o‘quv yilining boshlanishi oldidan jamoaga osh tortilish tadbiri.
Ushbu qutlug‘ ayyomda universitet jamoasi azaldan qadrlab kelinadigan an’anaga sodiq qolgan holda bayram oshi tortilmoqda. Osh – o‘zbek xalqining bebaho merosi, birdamlik va ahillik ramzidir. U bayram dasturxonining ko‘rki, dillarni shod etadigan taomdir. Mustaqillik va yangi o‘quv yili oshi esa bugungi kunda yanada chuqur ma’no kasb etadi.
Universitet oshpazlari erta tongdan ishga kirishib, osh uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarni tayyorlashga tushishdi. Go‘sht, guruch, sabzi, piyoz va ziravorlar – hammasi saralab olindi. Osh damlash jarayoni boshlanishi bilan atrofga yoqimli is tarala boshladi. Bu is barchani — o‘qituvchilar va mehmonlarni beixtitiyor bayram dasturxoniga chorlashi tayin.

Universitetimiz oshxonasi oldida rektor Bahodir Mirzayev boshchiligida prorektorlar va fakultet dekanlari saf tortib turishdi. Qo‘llarini ko‘ksilariga qo‘ygancha bayram dasturxoniga kelayotgan ustozlar va pedagoglar jamoasini tabriklar va xursandchiliklar bilan kutib olishdi.
Hamma to’kin dasturxon atrofida joylashib olganlaridan so’ng Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi «Bo‘tabuva» jome masjidining imom xatibi Sirojiddin hoji Xudoyqulov dunyodan o’tgan ustozlarni xotirasini yod etish va ruhlarini shod etish mazmunida Qur’on tilovati bilan mav’iza qildilar.
Sirojiddin hoji: “Oshga bag‘ishlab she’r ham yozib tashladingiz, shekilli?” — dedilar. Men “Ha, shunday bo’ldi” — dedim, bag’ishlov she’rni sizlarga ham ilindim.
Tortilganda osh –
Jam bo‘lishar bosh

Keksa hamda yosh —
Begona qardosh,

Bo‘lib qarindosh
O‘zaro yondosh.

O‘qilsa kalom,
Yeyilsa taom.

Birdamlik ruhi –
Bayram shukuhi

Shunda aks etar
G‘uborlar ketar.

Dilda shu tilak —
Bayram muborak!

Shundan so‘ng, katta laganlarda xushbo‘y osh tortildi. Dasturxon atrofida jamoa jamuljam bo’lib birgalikda osh tanovul qilishdi. Bayram dasturxonidagi suhbatlar, o‘zaro iliq munosabatlar dillarni yanada shod etdi.
Bayram tadbiridan olingan taassurotlar uzoq vaqt davomida yodda qoladi. Bu kun universitet jamoasining birdamligi va ahilligini yana bir bor namoyon etdi. Kelgusi bayramlarga tilaklar bildirildi, yangi rejalar tuzildi.
Xulosa qilib aytganda, Mustaqillik va yangi o‘quv yiliga bag’ishlangan bayram oshi universitetimiz hayotida muhim ahamiyatga ega. U jamoani birlashtiradi, o‘zaro hurmat va ahillikni mustahkamlaydi, yangi imkoniyatlar va yutuqlar sari yo‘l ochadi.

Rahimboy JUMANIYOZOV,
Professor, O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.