9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

IBRATDAN IBRAT OLIB

notiq.uz > Yangiliklar  > IBRATDAN IBRAT OLIB

IBRATDAN IBRAT OLIB

(Premьeradan keyingi o‘ylar)

Fidoyilik shaydoyilikdan boshlanadi. O‘z kasbini sevgan inson qiyinchilikdan qo‘rqmaydi, balki mashaqqatni rohat deb biladi. Uning kasbiga sadoqat tuyg‘usi xalqiga bo‘lgan mehr hissi bilan uyg‘unlashib ketadi. Xalqini ma’rifatli qilish, dunyo xalqlari orasida o‘z o‘rniga, rutbasiga ega bo‘lishini chin dildan istash ilinji o‘z eliga bo‘lgan mehr-muhabbatni alangalatmasdan qo‘ymasdi. O‘tgan asrning boshlarida ana shunday kayfiyatda va harakatda bo‘lgan ziyoli, ma’rifatparvar adiblar haqning, tarixning bizga in’omidir. Afsuski, ularning hayoti silliq kechmagan. Taqdir sinovlariga dosh berib, iztiroblar iskanjasida bo‘lsa-da, o‘z xalqi ma’naviyatini yuksaltirish yo‘lida jonini qurbon qilishgacha borishgan.

        Ana shunday fidoyi ma’rifatparvarlardan biri Is’hoqxon to‘ra Ibratdir. Uning o‘rnak bo‘larlik, nomlariga monand ibratli ishlari ko‘p bo‘lgan. Zar qadrini zargar bilar degan xalq naqli bejiz emas. Ilm-ma’rifatni qadrlagan insonlar ma’rifatparvarlar qadriga yetadi. Xalqimiz tarixida ulug‘ va qutlug‘ ishlarga qobil bo‘lgan, mustabid tuzum hukmronligi paytida hayratomiz maqsadlarini amalga oshirgan Ibrat nomini abadiylashtirish ham ana shunday xayrli va sharaflidir.

     Davlatimiz rahbari 2016 yil 2 noyabrь kuni Namangan viloyati saylovchilari bilan uchrashuvdayoq buyuk taraqqiyparvar va ma’rifatparvar Is’hoqxon Ibratning xalqimiz ma’naviy-ma’rifiy yuksalishi yo‘lidagi beqiyos xizmatlariga ehtirom ramzi sifatida zamonaviy bog‘ yaratish, yodgorlik majmuasi va “Ibrat maktabi”ni tashkil qilish tashabbusini ilgari surgan edilar.

     Taniqli ssenarist Nurullo Abbosxon va Abduqayum Yo‘ldoshev muallifligida taniqli rejissyor Jahongir Qosimov tomonidan suratga olingan «Ibrat» nomli badiiy filьm ham ana shu tashabbuslarning bevosita davomi deyish mumkin. Kuni kecha Alisher Navoiy nomidagi san’at saroyida filьmning premьerasi bo‘lib o‘tdi.

 Arab, fors, rus, hind, urdu, ingliz, fransuz tillarini yaxshi bilgan, To‘raqo‘rg‘on zaminida tug‘ilib o‘sgan Ibrat domlaning qizg‘in faoliyatini kinotasmalarda ko‘rish ham zavqli. Qadimiy finikiya, yahudiy, suriya, yunon yozuvlarini o‘rgangan adibning lug‘atshunos va yozuvshunos sifatidagi xizmatlari katta. Uning “Lug‘ati sitta al-sina” (“Olti tilli lug‘at”), “Jome’ ul-xutut” (“Xatlar majmui”) asarlari shu soha taraqqiyotida alohida o‘rni bor. Uning muarrixlik borasidgi “Tarixi Farg‘ona”, “Tarixi madaniyat”, “Mezon uz-zamon” (Zamon tarozusi) nomli kitoblari e’tiborga molik.

14 ta kitobi bilan qalblarga ziyo urug‘ini sochish, ma’rifat tarqatishni o‘z taqdiri bilan bog‘lagan Is’hoqxon to‘ra Ibrat domlaning 1886 yildayoq eski maktablarga nisbatan birmuncha ilg‘or bo‘lgan maktab ochgani, 1907 yilda esa yangi “usuli savtiya” maktabini tashkil etib, o‘nlab nafar qishloq bolalarini o‘qitgani, o‘lkamizdagi ilk matbaachilardan biri sifatida, 1908 yil Orenburg shahridan litografik mashina sotib olib, uni Orenburgdan Qo‘qongacha poezdda, Qo‘qondan To‘raqo‘rg‘onga tuyalarga ortib, katta mashaqqatlar bilan olib kelgani, o‘z hovlisida “Is’hoqiya bosmaxonasi”ni tashkil qilgani tahsinga loyiq.

      Filьmda bu voqealar Ibratning ruhiy kechinmalari, o‘y-fikrlari bilan jonli manzaralarda to‘la aks ettirilgan. Premьera oldidan «O‘zbekkino» milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari, adabiyotshunos Shuhrat Rizaev so‘zga chiqib ushbu filьmning dastavval, To‘raqo‘rg‘onda namoyish etilgani, olqish olgani, ma’rifatparvar Ibrat domla haqidagi filьmning ayni shu kunlarda namoyish etilishi bir tomondan o‘qituvchi va murabbiylarning kasbiy bayramlari munosabati bilan o‘ziga xos tuhfa bo‘lgani, ikkinchidan, 82 yil muqaddam aynan 4 oktyabrda qatli om qilingan jadid ma’rifatparvarlarining ruhini shod va yod etish ma’nosida ahamiyatli ekanini ta’kidladi.  Filьmning bosh maslahatchisi, 60-yillardayoq, Ibrat domla haqida ilk bor maqola yozgan professor Ulug‘bek Dolimovga minnatdorchilik bildirdi. Filьm rejissyori Jahongir Qosimov tasvirga tushirish bilan bog‘liq mashaqqatli jarayon, aktyorlarning fidoyiligi haqida so‘z yuritdi.

Ochig‘ini aytish kerakki, o‘sha davr ruhini aks ettiruvchi dekoratsiya va liboslar sizni beixtiyor Ibrat yashagan davrga olib kiradi. Bosh qahramon obrazini yaratgan Farhod Mahmudov va Saidkomil Umarovlar Is’hoqxon to‘raning yoshlik shijoati va keksalik donishmandligini tabiiy tarzda jonlantira olishgan. Xalq tafakkurini o‘stirishni niyat qilgan Ibratning yot va yov g‘oyaning manfur kimsalari bilan suhbatidagi ushbu javoblari e’tiborni tortmasdan qolmaydi. Chorizm zobitiga qarata «Sizlar ma’rifatingiz badaliga qurbonlik tilaysizmi?», «Odamning qanday ko‘milishi emas, qanday yashagani muhim, mening kafanim imonim!» kabi javoblari ahamiyatli. Uning kitob madaniyati xalq ommasining ongini yuksaltiruvchi mezon ekaniga ishonch hosil qilganini shundan bilish mumkinki, isinish uchun o‘t oldirish maqsadida kitoblarni yirtib yoqayotgan zobitga nemis tilida Genrix Geynening fikrini keltiradi: «Bugun kitob yoqayotgan millat ertaga odamlarni ham yoqadi.»

Xalqni savodxon qilish uchun bor kuchini sarflab, tekin o‘qitib fidoyilik namunalarini ko‘rsatgan Ibrat qalbu qiyofatini yorqin ko‘rsatish uchun uning atrofidagi qahramonlarning — salbiy, ijobiy, aytish mumkinki, qator murakkab obrazlarni mahorat bilan ijro eta olgan aktyorlarning hissasi ham katta bo‘lgan. Bu borada Erkin Komilov, Tesha Mo‘minov, Karim Mirhodiev, Matyoqub Matjonov, Zulxumor Mo‘minova singari aktyorlarning mahoratini alohida ta’kidlash o‘rinlidir. Muhimi, premьerada filьmning badiiy rahbari marhum san’atkorimiz Po‘lat Saidqosimovning orzulari ro‘yobga chiqqani ta’kidlandi.

«Ibrat» filьmini tomosha qilarkansiz, Is’hoqxon to‘raning o‘rnak bo‘larlik ibratli yo‘li yoshlarimizga chin ma’noda saboq va ibrat bo‘lishi borasida hukumatimiz tomonidan amalga oshirilgan ishlar beixtiyor xayolingizdan kechadi. Davlatimiz rahbari topshiriqlariga muvofiq ikki gektardan ziyod maydonni tashkil etgan Is’hoqxon To‘ra Ibrat memorial majmuasida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Loyiha qiymati 13 milliard so‘mdan ziyod majmua bog‘-xiyobon, uning o‘rtasida Is’hoqxon to‘ra Ibratning haykali, milliy me’morchilik uslubidagi ayvon, bosmaxona, ilg‘or texnologiyalar asosida qurilgan musiqali favvora, chet tillarga ixtisoslashtirilgan 400 o‘rinli maktab-internat va tarixiy me’morchilik obidasida barpo etilgan muzeyni o‘z ichiga oladi.

Prezidentimiz Is’hoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashgan maktab-internatni borib ko‘rib o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan muloqot qilganlarida maktabda umumta’lim fanlari va ingliz, nemis, fransuz, rus, arab, xitoy, koreys tillari filologiyasi chuqurlashtirilgan holda o‘qitilishi, a’lo baholar bilan tamomlagan o‘quvchilar yurtimizdagi oliy o‘quv yurtlariga imtiyozli tarzda qabul qilinishi borasida fikr bildirgan edilar. Shuningdek, «Bilimli, bir necha tillarni puxta o‘zlashtirgan yoshlar hech qachon kam bo‘lmaydi, ularni doimo qo‘llab-quvvatlashimiz kerak, — degan Prezident o‘gitlari Is’hoqxon to‘ra Ibrat ma’rifati va ma’naviyatini yanada ommalashtirish hamda targ‘ib-tashviq qilish zaruratini anglatadi. Fransuz mutafakkiri Volьter iborasi bilan aytganda, «ko‘p tilni bilish, bir qulfga tushadigan ko‘p kalitga ega bo‘lish» demakdir. Oltita xorijiy tilni mukammal bilgan adibning ish tajribasi va malakasi alohida tadqiqqa muhtoj. Xorijiy tillar bo‘yicha ilmiy ishlar qilish, til o‘rgatish metodologiyasini takomillashtirish, maktab-internatda darslarni shu asosda olib borish kundalik va dolzarb masalalardandir.

       Xulosa o‘rnida shuni qayd etish zarurki, «Ibrat» badiiy filьmi barcha ta’lim muassasalarida, yoshlarga ma’rifiy-tarbiyaviy nuqtai nazardan ibrat qilib ko‘rsatilishi maqsadga muvofiqdir.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.