9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

UCH BIRLIKNING KUCHI

notiq.uz > Yangiliklar  > UCH BIRLIKNING KUCHI

UCH BIRLIKNING KUCHI

Bugungi globallashuv sharoitida davlatlararo hamkorlik nafaqat iqtisodiy taraqqiyot, balki mintaqaviy barqarorlik va xalqaro maydondagi mustahkam oʻrinni taʼminlashda ham muhim oʻrin tutadi. Shu maʼnoda Oʻzbekiston, Turkmaniston va Ozarbayjon respublikalari oʻrtasidagi doʻstona aloqalar hamda strategik sheriklik tobora yangi mazmun kasb etmoqda.
Avvalo, shuni qayd etish zarurki, Oʻzbekiston, Turkmaniston va Ozarbayjonni birlashtiruvchi eng asosiy omillardan biri – bu umumiy tarixiy ildizlar, madaniy yaqinlik va maʼnaviy qadriyatlardir. Ularning xalqlari oʻzaro qardoshlik rishtalari bilan bogʻlangan boʻlib, koʻp asrlik doʻstlik, savdo-sotiq va madaniy aloqalar bugungi kunda ham hamkorlikning mustahkam poydevorini tashkil etmoqda.
Ikkinchidan, mintaqaviy iqtisodiy aloqalarning kengayishi uch respublika uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Transport-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, ayniqsa, xalqaro tranzit yoʻlaklarini shakllantirishda bu davlatlarning birgalikdagi tashabbuslari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, Kaspiy dengizi orqali oʻtuvchi yoʻnalishlar, “Transkaspiy xalqaro transport yoʻlagi” loyihasi, energetika va savdo sohalaridagi hamkorlik – barchasi mintaqaning jahon iqtisodiyotiga integratsiyasini jadallashtirmoqda.
Uchinchidan, siyosiy muloqotning faollashuvi hamkorlikning yana bir muhim jihatidir. Oʻzbekiston, Turkmaniston va Ozarbayjon rahbarlari oʻzaro uchrashuvlarida nafaqat ikki tomonlama, balki koʻp tomonlama hamkorlikni mustahkamlash masalalarini ham muhokama qilib kelmoqdalar. Ularning kelishuvlari mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash, barqaror taraqqiyotga erishish hamda xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini qoʻllab-quvvatlashda oʻz samarasini koʻrsatmoqda.
Bugun oʻtkazilgan “Avaza” milliy turizm zonasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning uch tomonlama uchrashuvida ham yuqoridagi masalalar tilga olindi.
Savdo-iqtisodiyot, transport-kommunikatsiya, energetika va gumanitar sohalardagi koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida Gurbanguli Berdimuhamedovni avgust oyi boshida BMTning Dengizga chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar boʻyicha uchinchi konferensiyasi muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bilan yana bir bor samimiy tabrikladi.
Oʻzbekiston Prezidenti Ozarbayjon yetakchisi Ilhom Aliyevni yaqinda Vashington shahrida Armaniston bilan tinchlik deklaratsiyasi imzolangani bilan ham dildan qutladi.
Davlatimiz rahbari koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish boʻyicha qator aniq takliflarni bildirdi.
Oʻzaro hamkorlikning samarali tomoni shundaki, bu jarayon madaniy-gumanitar aloqalarning kuchayishi xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlaydi. Ilmiy hamkorlik, taʼlim va madaniyat sohasida qoʻshma loyihalar, yoshlar almashinuvi dasturlari – bu uch qardosh davlatning kelajakdagi taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi dunyoda davlat chegaralari iqtisodiy izolyatsiyadan koʻra integretsiyaga intilib, yoʻllar, temir yoʻllar va dengiz yoʻllari orqali yaqinlashmoqda. Xususan, Ashgabat kelishuvi doirasida Turkiya, Eron, Hindiston, Pokiston, Qozogʻiston, Hatto Afgʻoniston bilan bir qatorda Oʻzbekiston ham mintaqaviy transport yoʻnalishlariga integratsiya qilinmoqda . Bu kelishuv Xorazmdan Kavkazgacha boʻlgan hududda yangi tranzit imkoniyatlarni ochib beradi.
«Uch birlik” rishtalari energetika va gaz yoʻllari orqali ham oʻz natijalarini koʻrsatmoqda. Turkmaniston tabiiy gaz yetkazib berishda Markaziy Osiyoning yetakchisi hisoblanadi. 2022-yilda Xitoyga gaz yetkazilish hajmi taxminan 34 milliard kub metrni tashkil qilgan . Bundan tashqari, Turkmaniston gazining bir qismi Eron orqali Ozarbayjon orqali almashtiriladigan — yaʻni swap tizimi orqali uzatiladi . Bu jarayon Ozarbayjon bilan energetik tarmoqlarda yaqin muloqotni anglatadi.
Xuddi shu mulohazalarni xalqaro muloqotni jonlantiruvchi bron- turizm misolida ham aytish mumkin. “Uch birlik”ning transport-energetika yoʻnalishidagi hamkorligi orqali mintaqa oʻzaro bogʻliqligini mustahkamlab, global maydondagi rolini ham oshirmoqda. Ashgabat, Lapis-Lazuli, Shimol-Janub yoʻnalishlari ularning iqdisodiy strategiyalarida markaziy oʻrin egallaydi .
Oʻsha uchrashuvga uch davlatning ulkan tranzit salohiyatini toʻliq ishga solish muhimligi qayd etildi.
Bundan tashqari, saʼy-harakatlarni birlashtirish logistika infratuzilmasini rivojlantirishda ishtirok etishi mumkin boʻlgan donor davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan pragmatik hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkonini berishi taʼkidlandi.
Bu “Uch birlikning kuchi” — Transportning rivojlanishi, portlar kengayishi, gaz swap-sotiqlari va turist oqimi muloqot yoʻllarini faollashtirayotgan ekan. Bu uch davlat rahbarlari doʻstlik rishtalarini siyosiy bayonotdan koʻra, iqtisodiy va madaniy amallarda mustahkamlab bormoqda.
Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekiston, Turkmaniston va Ozarbayjon rahbarlari oʻrtasidagi samimiy muloqot, oʻzaro hurmat va manfaatdorlikka asoslangan siyosat “uch birlikning kuchi”ni yaqqol namoyon etmoqda. Bu kuch nafaqat mintaqamiz, balki butun Yevroosiyo makonida barqarorlik, taraqqiyot va farovonlikni taʼminlashda muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.


Rahimboy Jumaniyozov
Professor, Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari aʼzosi

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.