9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

TARAQQIYOT TAKOMILI TA’SIRCHAN TARG’IBOTDA

notiq.uz > Yangiliklar  > TARAQQIYOT TAKOMILI TA’SIRCHAN TARG’IBOTDA

TARAQQIYOT TAKOMILI TA’SIRCHAN TARG’IBOTDA

         Hayot va taraqqiyotning mazmuni olib borilayotgan siyosatning mohiyati bilan bog‘liq. Xalqning, jamiyatning g‘oyani chuqurroq anglashi esa maqsadning samarali va natijador bo‘lishiga xizmat qiladi.  Prezidentimizning bugungi xalqimiz kechagi xalq, O‘zbekistonimiz kechagi O‘zbekiston emas, ularning ong-u shuuri, tafakkuri va qiyofati o‘zgardi mazmunidagi mulohazalari bugunimiz va ertamiz haqida jiddiy o‘ylab, istiqbol sari dadil qadam tashlashga undaydi. Demak, yangi O‘zbekistonga yangicha tafakkur, yangicha qarash kirib keldi. Bu tarixiy, ijtimoiy zarurat hamdir. Xalqimizning quyi bo‘g‘inidan tortib to yuqori bo‘g‘inigacha o‘zlikni anglash g‘oyasi, mamlakatimizning maqsad va manfaatlarini chuqur idrok etish bilan yashayotgani sir emas. Yurt taqdiri va vatan qismatiga daxldorlik tuyg‘usi, o‘z ishiga mas’ullik bilan yondashadigan har bir insonda bu holatning bo‘lishi tabiiy. Qolaversa, fuqarolik burchi ham shuni taqozo etadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida “YaNGI O‘ZBEKISTON – YaNGIChA DUNYoQARASh” shiori ostida o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy, madaniy tadbirlarda ishtirok etuvchi oliy ta’lim muassasalarining ma’ruzachi-trenerlari uchun ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot kursining joriy etilishi bu boradagi qutlug‘ qadamdir. Mamlakatimizning bir guruh faol ziyolilaridan tarkib topgan targ‘ibot guruhining tashkil etilishidan maqsad ham aslida, shu. Ular oila va mahallalarda, xalq bilan muloqotlarida yangi O‘zbekiston g‘oyalarini, ma’naviyat, ma’rifat, iqtisodiyot, siyosat sohasida va xalqaro maydonda olib borilayotgan faoliyatimizni tushuntirish va targ‘ib qilishdek sharafli va shonli vazifani ado etadilar.

Ochig‘ini aytish kerakki, oldin ham muayyan sana va bayramlar oldidan bir guruh ziyolilardan tarkib topgan ma’naviyat targ‘ibotchilar guruhi respublikamizning tuman, shahar va viloyatlarida bo‘lib  aholi orasida uchrashuv va muloqotlar uyushtirishar edi. Aksariyat targ‘ibotchilar «har mulla o‘z bilganini o‘qir» qabilida ish tutib, u yoqdan, bu yoqdan gapirib o‘zining «tarjimai holi»ni aytib vaqt o‘tkazishdan nariga o‘tmas edi.

Endilikdagi ma’naviy-ma’rifiy harakat mutlaqo boshqacha tartib va tarkibga ega. Puxta o‘ylangan va pishiq ishlab chiqilgan dastur asosidagi faoliyat o‘z maqsadi va rejasi bilan alohida ajralib turadi. Bu galgi faoliyat maqsadning aniq qo‘yilgani, ayni paytda targ‘ibotning sifati va ta’sirchanligi masalasi samara hamda natijaga yo‘naltirilgani bilan e’tiborga molik. Ma’rifiy maqsad va faoliyatning tizimli hamda manzilli tarzda ishlangani ahamiyatlidir.

To‘rtta guruhdan iborat targ‘ibotchi — ma’ruzachi trenerlar uchun mo‘ljallangan uch kunlik o‘qishning tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgani muhim. Respublikamizning har bir a’zosi bilishi va amal qilishi zarur bo‘lgan 12 ta mavzu  o‘zining dolzarbligi va bugungi taraqqiyotimizning mezonlari sifatida qadrlidir. Bu esa o‘z navbatida joylarda muloqot jarayonlarida, faoliyatni yo‘lga qo‘yilishida targ‘ibotchilar uchun bamisoli yo‘llanma va qo‘llanma vazifasini o‘tashi tayin. Muhimi, har bir mavzu tizim rahbari, mutasaddi shaxs va mutaxassislar tomonidan o‘qilayotgani bilan ahamiyatlidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2020 yildagi Parlamentga Murojaatnomasi tahlili bizning taraqqiyotimiz kafolatlari borasida aniq xulosalar chiqarishga imkon berishi tayin. Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasi 2017 yildan boshlangani, 22 dekabrdagi birinchi murojaatnoma o‘zining tanqidiy ruhi bilan xarakterlangani, 2019 yil 28 dekabr va joriy yilning 24 yanvardagi Prezident Murojaatlari mohiyat e’tibori katta ahamiyatga egaligi, Murojaatning vaqti va joyi qat’iy belgilanmagani, u Prezidentning xohishi bilan bog‘liqligi borasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov ma’ruza qildi. Murojaatnomalar siyosiy hujjat maqomini olgani, O‘zbekistonni rivojlantirishning  5 yilga mo‘ljallangan «Harakatlar strategiyasi» doirasida  bo‘lgani, uchinchi Murojaatnomada «Jamiyat — islohotlar tashabbuskori»degan g‘oyaning o‘rni borasida mufassal ma’lumotlar berdi.

       O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning «O‘qituvchi va murabbiylar kuni»ga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqining tahlili ikkinchi mavzu sifatida ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Prezidentning o‘qituvchi va murabbiylarning ijtimoiy hayotdagi o‘rni, nufuzi va mavqeini oshirish borasidagi sa’yi harakatlari, Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanishi borasidagi mulohazalarining ahamiyati haqida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjaev ma’ruza qildi. So‘ngra O‘zbekistonning tashqi siyosiy faoliyati xususida yuridik fanlari doktori, akademik Akmal Saidovning ma’ruzasi ham qiziqarli tarzda savol-javoblar yo‘sinida o‘tdi. Ayniqsa, «Muloqot jarayonida fikrga ko‘ndirish texnologiyasi» mavzuida O‘zbekiston qahramoni Sodiqjon Turdiev va sotsiologiya fanlari doktori, professor Mansur Bekmurodovlarning chiqishlari e’tiborga molik bo‘ldi.

Targ‘ibotning kuchi targ‘ibotchining bilimi va mavzuni yetkaza olish darajasi, aniqrog‘i, tinglovchi ong-u shuuriga singdira olish mexanizmi bilan bog‘liq. Targ‘ibotning ta’sirchanligi bo‘lmasa sifat, samara va natija ham bo‘lmaydi. Ma’ruzachi trenerlar mavzu borasida nimani, qachon, qaerda va qancha gapirishnigina emas, balki qanday gapirish texnologiyasini, muloqot mexanizmini egallagan bo‘lishi kerak. Tinglovchilar auditoriyasini diqqatini jalb etmasdan aytilgan so‘z bamisoli ko‘zni yumib havoga o‘q uzayotgan ovchining holatini eslatadi. Ovchining maqsadi o‘qdonni bo‘shatish emas, balki, o‘ljani mo‘ljalga olish. Shunday ekan, targ‘ibotchining nutqi ham maqsadli, tinglovchi uchun manfaatli bo‘lishi kerak. Chunki notiq misoli o‘qlangan miltiq, uning uchun nishon kerak, tepkini bosish qoladi, xolos. Joylarga borganda, xalq bilan muloqot jarayonlarida ilmiy terminlar, texnologik atamalar bilan emas, hamma tushunadigan sodda, ravon til va uslubda gapirish maqsadga muvofiq. Hadisi sharifda «har kimning aql darajasiga qarab so‘zlanglar» deyilishi ham bejiz emas. Demak, ma’ruzachi trenerlar, targ‘ibotchilar o‘ta ziyrak va siyosiy sergak bo‘lishi, vaziyatga mos-xos so‘zni topib ayta bilishi, badihago‘ylik qobiliyatiga ega bo‘lishi zarur, Aks holda, harakatlar chippakka chiqishi hech gap emas. Shu o‘rinda «Ehtiyoj bo‘lmagan joyda amalga oshirilgan harakatning qiymati nolga teng» degan Verner qonuniyatini eslash joiz. Olijanob maqsadlarimizga teskari proporsional natija bo‘lmasligi uchun har bir targ‘ibotchi masalaga mas’uliyat hissi va majburiyat burchi bilan yondashishi talab etiladi.

O‘zining zalvorli va salmoqdorligi jihatidan ushbu mavzular ham targ‘ibotchilarni befarq qoldirmasligi aniq. Konstitutsiya – xalq farovonligi va yurt tinchligi, Yangi O‘zbekiston – yangi taraqqiyot bosqichida, mahallada jamoa va fuqarolar o‘rtasida pozitiv kayfiyatni shakllantirish, omma bilan maqsadli va manzilli ishlash texnologiyalari, kambag‘allikdan chiqarish (“Temir daftar”) jarayoni tahlili, Xotin-qizlarni ijtimoiylashtirish va ularni faollashtirish, Yoshlarni ijtimoiy faollashtirishga innovatsion yondashuv (“Yoshlar daftari”), targ‘ibot ishlarini amalga oshirish metodlari misolida targ‘ibotchilarning to‘liq ma’lumot olishi xalq bilan muloqotda asqotishi aniq. Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi “Ko‘kcha-darvoza” mahallasi misolida amaliy mashg‘ulotning tashkil etilishi ayniqsa, e’tiborga molik. Xuddi shunday ssenariy asosida ish tutilsa, tuman va shaharlardagi mahalla a’zolari, tinglovchilar ommasining diqqatini tortish asnosida, mag‘izli, mantiqli ma’lumot berish imkoni tug‘iladi. Ayniqsa, taniqli san’atkorlar, mashhur sport ustalari va chempionlarning ishtiroki zerikishning oldini olibgina qolmay, balki qatnashchilarni ruhlantiradi, qiziqishlarini orttirib davraga fayz kiritadi. Ana shuning uchun ham ushbu tadbir tashkilotchilari dasturni tuzishda uning ilmiy-ma’rifiy, musiqiy, musobaqaviy va badiiy jihatlariga e’tiborni qaratishgan.

Xulosa qilib aytganda, ma’naviy — ma’rifiy safarimiz zafarimizga aylanishi uchun ta’sirchan targ‘ibotgina taraqqiyot takomilini ta’minlashini aslo, yoddan chiqarmaslik kerak.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.