VATANIY ISH VATANIY ISH BILAN
Zamon va makonlarni bog‘lab turadigan g‘oyalar zahmatkash xalq tarixi va taqdirining taqozosi. Zeroki, insoniyat tarixi g‘oyalarning kurashi tarixidan iborat. Yurt ishqi va vatanga bo‘lgan muhabbat tuyg‘usiga monand Vataniy ish vataniy ishq bilan yo‘g‘rilsa, maqsad chinakam ma’noda ro‘yobga chiqadi. Bu esa olib borilayotgan siyosat va islohotlarning mazmun mohiyatini keng jamoatchilikka singdirish bilan chambarchas bog‘liq.
Bir biri bilan o‘zaro bog‘langan ikkita muhim harakat bugungi hayotimiz yo‘llanmasi va taraqqiyotimiz qo‘llanmasidir. Bu Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda yoshlarni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish, ularning axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirishga qaratilgan 5 ta muhim tashabbuslaridir.
Ushbu ikkita mezon doirasida xalq manfaatlariga qaratilgan keng qamrovli islohotlarning mohiyatini omma ongiga jo etish yirik ma’rifatparvar adib Is’hoqxon to‘ra Ibrat iborasi bilan aytganda, «vataniy ish»dir. Xuddi shu maqsadda targ‘ibot tadbirlarini mahallalar bo‘yicha o‘tkazish, aholi kayfiyatini ko‘tarish maqsadida “Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi. Targ‘ibot tadbirlarini yil davomida o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita va Respublika shtabi hamda uning yetti yo‘nalishi bo‘yicha ishchi guruhi tuzilib ish boshlagani e’tiborga molik. Bugungi kunda ular targ‘ibot guruhlari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish, targ‘ibot materiallarini tayyorlash va yetkazish, oliy ta’lim muassasalari tomonidan mahallalarda targ‘ibot ishlarini tizimli olib borish kabi vazifalar bilan mashg‘ul.
Fan, madaniyat va san’at arboblari, siyosatshunos, psixologlardan iborat bir guruh ziyolilardan tarkib topgan 14 ta hududiy targ‘ibot guruhi sohaviy yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z faoliyatini boshladi.
“Nuroniy” jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisi, Oliy Majlis Senati a’zosi, Respublika shtabi rahbari Sodiqjon Turdievning ta’kidlashicha, targ‘ibotchilar 9 ming 150 dan ortiq mahallaga kirish asnosida mamlakatimiz va jahonda bo‘layotgan turli jarayonlar borasida ta’sirchan shakllarda targ‘ibotni amalga oshiradilar. Asosiy maqsad aholining kayfiyatini ko‘tarish, ularda islohotlarga va vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga mehr hissini oshirishdir.
Kuni kecha Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani mehnatkashlari bilan Qumovuldagi madaniyat saroyida o‘tkazilgan «Yangi O‘zbekiston — yangicha dunyoqarash» shiori ostidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirda yuqoridagi mulohazalarning tajassumini ko‘rdik. Bu borada Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti professor o‘qituvchilari jamoasining roli va ishtiroki katta bo‘ldi. Tadbirda jonli suhbat-ma’ruzadan so‘ng san’atkorlarning musiqiy chiqishlari, yosh sportchilarning amaliy mashqlari, o‘quvchilarning vatanparvarlik ruhidagi she’rlari, viktorina o‘yinlari g‘oliblariga turli sovg‘alar taqdim etish davraga fayz va tarovat baxsh etdi. Samarali faoliyatning natijasi sifatida Toshkent viloyatining yangi poytaxti — Nurafshon shahrining paydo bo‘lishi va uni O‘zbekistondagi birinchi «aqlli shahar» deya e’tirof etilgani tadbir ishtirokchilarini ruhlantirgani rost.
Prezidentimizning 2020 yildagi parlamentga Murojaatnomasi hamda O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi va uning mazmun-mohiyatining tahlil etib berilishi, “Konstitutsiya – xalq farovonligi va yurt tinchligi”, “Yangi O‘zbekiston – yangi taraqqiyot bosqichida”, “Xotin-qizlarni ijtimoiylashtirish va ularni faollashtirish”, “Yoshlarni ijtimoiy faollashtirishga innovatsion yondashuv” kabi mavzularidagi ma’ruzalar mutasaddi olimlar tomonidan muntazam ravishda yoritib borilishi alohida uqtirildi. Eng muhimi, tadbir jonli va jo‘shqin tarzda o‘tdi.