9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

ARMIYA VA XALQ — BIR TANU BIR JONDIR

notiq.uz > Yangiliklar  > ARMIYA VA XALQ — BIR TANU BIR JONDIR

ARMIYA VA XALQ — BIR TANU BIR JONDIR

Bayram so‘zida shodlik va xursandchilikdan tashqari xalq g‘ururi va vatan faxri ham bor. Shunday ekan, ana shu ikki muqaddas tushuncha xalq va vatan so‘zlari uning himoyasiga daxldor bo‘lgan milliy armiya, qurolli kuchlar, yurt himoyachilari bilan ulkan ahamiyat kasb etadi.  Oliy bosh qo‘mondon, Prezident Shavkat Mirziyoevning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigida xuddi shu ruh aks etdi. Ushbu qutlug‘ ayyom tom ma’nodagi umumxalq bayramiga, azaldan xalqimizga xos bo‘lgan vatanparvarlik, mardlik va jasurlik kabi yuksak fazilatlar timsoliga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi.

Prezident milliy armiyamizning kuch-qudrati azmu shijoatli va har ishda yetuk salohiyatli harbiy xizmatchilarimizning, bag‘rikeng va olijanob xalqimizning birligi va hamjihatligida ekanini ta’kidladi. Bugun Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida ham ana shu qutlug‘ sana munosabati bilan “Mardlar qo‘riqlaydi vatanni” ma’rifiy – ma’naviy tadbir tashkil etildi.

Ko‘rgazmali tadbir 15 yanvar kuni ertalab soat 10.00.da O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlarining harbiy texnikalari va zamonaviy o‘qotar qurollari namoyishi bilan boshlandi. Unda Milliy gvardiyaning otliq va mototsiklli harbiylari ham ishtirok etishib, yig‘ilganlar diqqatini yanada o‘ziga jalb qildi. Talabalar harbiy texnika vositalarini shunchalik tomosha qilmasdan, o‘qotar qurollarni qo‘liga ushlab ko‘rish asnosida maxsus mutaxassislar tomonidan berilgan texnik tavsiflar haqida ham ma’lumotga ega bo‘lishdi.  Uchrashuv Mudofaa vazirligi va Milliy     gvardiya harbiy xizmatchilarining jangovar ko‘rgazmali chiqishlari bilan davom etdi.

Tadbir avvalida institut rektori, professor Umurzakov O‘ktam Pardaevich ishtirokchilarni bayram bilan qizg‘in muborakbod etdi. So‘ngra O‘zMU Harbiy tayyorgarlik markazi sikl boshlig‘i Navro‘zov Rahmat Navro‘zovich so‘zga chiqib, institut rektoriga O‘zMU Harbiy tayyorgarlik markazi nomidan diplom topshirdi. Shundan keyin Qurolli kuchlar orkestri ijrosida vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi. Shuningdek, institut talabalari tomonidan ham shu mavzudagi ashula va raqslar ijro etildi. Institutimiz o‘qituvchilaridan Abdumirhakim Ahmedov, talabalardan Dilnoza Jabborova, Zafar Yo‘ldoshevlar o‘zlarining sevgan qo‘shiqlari bilan chiqish qilishib, yig‘ilganlarni olqishiga sazovor bo‘lishdi. “Armiya va xalq – bir tanu bir jondir” g‘oyasi zamiriga jo bo‘lgan tadbirda harbiylarning jonli chiqishlari va amaliy mashg‘ulotlardan namunalar bilan ishtirok etishi ishtirokchilarning xotirasida o‘chmas iz qoldirdi.  

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.