VOIZLIKNING JOIZLIGI
Rimning buyuk notig’i Mark Tulliy Siseron shunday degan edi: «Shoir bolib tug’iladilar, notiq bo’lib yetishadilar». Bu shoirlik tug’ma iste’dod, notiqlikni egallash uchun zaxmat chekish kerak, mehnat qilish kerak! – deganday anglashilishi mumkin. Ijodning 99 foizi mehnat, bir foizi iste’dod degan mashhur ibora har ikkalasiga ham baravar taalluqli.
Notiqlikni shoirlik bilan, shoirlikni notiqlik bilan o’z taqdirida bog’lash bu juda mushkul hodisa! Lekin mashhur voiza, iqtidorli shoira va yozuvchi bir so‘z bilan aytganda ma’rifatparvar ayol – Tursunoy Sodiqova har ikkalasining ham uddasidan chiqa olgan, o‘z faoliyatida har ikkalasidan unumli foydalana olgan zoti sharifa edilar. Yodimda, Tursunoy opa Sodiqova Respublika Manaviyat va Marifat markazida ishlab yurgan paytlarida ilk marta uchrashganmiz. Birinchi korishimizdanoq – Qani, ovozi chiroyli ukajonim, kelsinlar! Aruzona g’azallarni sizdan ziyod o’qiydigani yo’q” – deganlari hamon qulogim ostida jaranglaydi. U inson shirinsuxanlik bilan, kerak paytida achchiq haqiqatni ham orinlatib ayta olishi bilan alohida ajralib turgan. Muhimi, sozni his etadi, sozning sehrini biladi, unga mehr qo’ygan edi. Kerak paytda she’rning kuchidan, kerak paytda ta’sirchan so’zdan foydalanib, qalbga yo’l topa olish qudrati nihoyatda kuchli edi. Tursunoy opada o’ziga xos bir shiddat va ilohiy jazba bor edi nazarimda. Ularda qanchadan – qancha oilalarni kelishtirib, yarashtirib, yuz kormas bo’lib ketgan aka – ukalarni birlashtirib, ularni yaqinlashtirib qoyadigan bir qudrat bor edi. Oralarida nizoyu nifoq sabab bo’lganlarni o’z xatti — harakatlariga pushaymon qildirislargacha ham borib yetardi. So’zning imkoniyatidan foydalanishni juda yaxshi bilardilar. So’zning kerak paytda – buzuvchi, kerak paytda – tuzuvchi ekanligini ham yaxshi idrok etardi. Bunyodkor g’oyalar uchun ham, buzg’unchi — vayronkor g’oyalar uchun ham u qurol bolishini yaxshi anglab yetgan edi. Mana, hozir, biron xonadon yoqki, Tursunoy Sodiqovaning yo sheriy toplami yoki “Kelinlarimga, qaynonaga, aka-ukalarimga” kabi oila tilsimiga daxldor biron nasihatomuz kitoblari xonadonlaridan o’rin olmagan bo’lsin. Demak, Tursunoy Sodiqova sohir shoira, so’z sehrgari va ajoyib notiqa. Yanada aniqrogi, o’zi ham, sozi ham joiz bo’lgan, voiza bo’lganlar. O’z nutqiga she’r bilan, ta’sirchan so’z bilan ziynat berishdan tashqari, tinglovchilarni rom eta oladigan, kerak paytda hazil-huzul, yumor bilan, hajviy nazar bilan ham, davraga jon kiritar va davrani etiborini o’ziga tortar edi.
Biz ko’pincha so’zga chechan odamlarni ko’ramiz, ma’ruzalarni tinglaganmiz, lekin, Tursunoy opada davraning yoshi bilan hisoblashish, kerak bolsa jinsi, ijtimoiy kelib chiqishi, bilimi, saviyasini e’tiborga olgan holda, so’z aytish mahorati juda kuchli edi. Qaysi davraga bormasin, qanday holatda bo’lmasin, albatta davra ahli uni diqqat bilan tinglaydi, rohatlanadi va bu xususiyatni tinglovchilarning yuz-u ko’zlaridan bilib olish mumkin edi. Tursunoy opa mohir voiza sifatida tinglovchilarning ko’zidan, o’zini, so’zini olardi. Shuning uchun ham, haqiqiy notiqlarga xos bo’lgan qoida borki voizaning so’zi, tinglovchining ko’zida boladi. Tinglayapdimi yoki boshqa bir ish bilan mashg’ul bo’layaptimi yo telefon o’ynab otiribdimi yoki xayol surib o’tiribdimi shularning hammasini nazorat qilar va shunga yarasha so’z aytar edi.
U Navoiy hazratlarining bir qoidasiga, bir hikmatiga amal qilar edi : Chin so’z- mo’tabar, yaxshi so’z muxtasar, ya’ni, haqiqiy, chin so’z bu – to’g’ri so’z. Yaxshi so’z esa-muxtasar, ya’ni, qisqa aytiladigan so’z. Ba’zan shunday davralar bo’ladi, ma’ruza boshlanib ketadi, soatlab davom etadi, ommani zeriktiradi, lekin u so’zidan to’xtamaydi. Bunaqa holatni ular xush ko’rmas edi. Chunki eng yaxshi voizni qachon so’zi joiz bo’ladi. Buning uchun u kimga, nima haqda, qayerda, qachon, qanday qilib eng muhimi, qancha aytishni, gapirishni biladigan zoti sharifa edilar. Men buni shu sohaga yaqin mutaxassislardan biri sifatida ko’p bor ko’rganman, kuzatganman. Faqat quruq so’zdan iborat bo’lgan, ta’sirchan xalq hikmatlaridan bebahra bo’lgan ma’ruza hech qachon tinglovchilar ommasini o’ziga jalb eta olmasligi aniq. Buning uchun me’yorini bilish, saqlash zarurligini his etardi ular.
Shu tobda Mirzo Abdulqodir Bedilning bir gapi yodga keladi:
Uzluksiz shodlik ham keltiradi g’am,
Haddan ortiq bazm misoli motam.
Har narsa me’yordan oshmasa yaxshi,
Haddan oshsa o’tdan battaroq suv ham.
Demak, har bir narsani o’z o’lchovi bor. Xalq maqollari, hikmatli so’zlar va rivoyatlarni aytishni ham me’yori bo’lishi kerak. Unga amal qilmasdan nutqni cho’zish tinglovchilarni bezdiradi. Bu esa maqsadga xizmat qilmaydi.
Shuning uchun ham so’zni saralash, tanlash fikr mantigiga, tafakkur teranligiga xizmat qiladi. Aql-idrok bilan fahm-farosatning uyg’unligi bo’lmasa notiq hech qachon obro’ qozona olmaydi.
O’z so’zi va fikrini isboti o’rnida nazmning ta’sirchan kuchidan foydalanishni kanda qilmas edilar. Iqtidorli olim, shoir G’ulom Bobojon degan shogirdimizning shunday bitigi bor.
Dehqon dehqonmidi yeri bo’lmasa,
O’rmon o’rmonmidi sheri bo’lmasa,
Nutq ham fayzsiz bo’lardi ammo
Notiqning nutqida she’ri bo’lmasa!
Demak, nutqdagi nazmiy parchalar uning ta’sirchanligini oshirishga xizmat qilishi bilan alohida ajralib turadi. Uyni ziynatlash degan tushuncha bor. Buni bizlar hozirda dizayn deb ham ishlatmoqdamiz. Har bir joyni o’ziga xos dekoratsiyasi bo’ladi. To’yni ham, azani ham o’z ohangi, muhiti bo’ladi. Demak, nutq ham qayerga va kimlarga mo’ljallaganligini, kimlar ishtirok etishini bilgan holda shunga moslanadi va chiroyli shaklda ifodalanadi. Tursunoy Sodiqova nozikfahmlik bilan duch kelgan so’zni ishlatmas, o’ylab gapirardi. Chunki Navoiy hazratlari”ning bir hikmatini ular yaxshi bilgan va amal qilgan. “Odamning ta’bi so’z bilan, suvning ta’mi muz, taomning ta’mi tuz bilan.” Demak, taomga ham tuzni me’yorida qo’shasiz, past bo’lib qolsayam yeb bo’lmaydi, sho’r bo’lsa ham uni tanovil qilish mushkul.
Tursunoy оpa ayrim “notiq”larga o’xshab yozib kelganni o’qib berishni xush ko’rmaydigan inson edi. Ayrim qaydlarnigina qog’ozga tushirib, odatda fikrlarini erkin izhor qilishni xush ko’rardi. Muhimi, ularning nutqini keyin ham shu ishtirok etganlar” Tursunoy opa unday dedi, bunday dedi, zo’r gapirdi” — deya alqab, maqtab yurganlarning ko’p guvohi bo’lganman.
Notiqlikning yana bir yuqori nuqtasi borki, u fasohatgo’ylik, fasih til bilan gapira olishdir. Ya’ni, boshqacha aytganda, etika bilan, nazokat bilan so’zlash mahorati ularda o’ziga xos jilolanardi. Ayniqsa, improvizatsion qobiliyat — vaziyatda mos va xos so’zni ayta bilish mahorati ham kuchli edi. Buni odatda, badihago’ylik mahorati deyishadi. Buning uchun notiq hozirjavob va tezfahm bo’lishi kerak. Turli vaziyatlarda so’z kuchi va yumor bilan chiqib keta olishi, o’rinli so’z ayta bilish ham kata mahoratni talab etadi. Hech kimga aziyat yetkazmasdan vaziyatni sozlash ham oson emas.
O’zlari uchrashuvlardan birida bo’lgan voqeani kulib-kuldirib aytib bergan edilar. Qaysidir tumanda Tursunoy opa bilan ijodiy uchrashuvga rosa tayyorgarlik ko’rishgan. Tuman ahli mutasaddilari katta bir zalni bezatishgan. Sahnaning bir chekkasida Tursunoy opaga alohida joy qilingan, yap-yangi gilam ham to’shalgan. Zal tuman ahli — kitobsevarlar, Tursunoy opaning muxlislari bilan liq to’la. Tadbir boshlanishidan oldin hokim hayajonda. Hokim bir quchoq gulni ko’tarib opa tomon yaqinlasha boradi. Gilam to’shalgan zinaga qadam qo’yib endi ko’tarilayotgan paytda bexosdan gandiraklab ketib oldinga yiqiladi, qo’lidagi gular esa opaning oyog’I ostiga sochiladi. Tursunoy opa noqulay vaziyatdan chiqish uchun shu zahoti mikrofonni qo’liga olib “Shuncha joydan, markazdan kelamanu bitta hokimni dumalata olmasam yurgan ekanmanda” deganlarida gur etib kulgi va qarsaklar yangragan. Hokim ham hazilkash, so’zga chechan ekan, hazilomuz javob qaytaribdi. “Men ham Tursunoy opam qachon kelarkan, oyoqlari ostiga bir gul sochsam armonim yo’q edi deb niyat qilib yurardim, qarang shu kunga to’g’ri kelibdida”. Qaytadan kulgi va gulduros qarsaklar yangrabdi. O’sha kungi tadbir g’oyatda samimiy, jonli va tabiiy tarzda maroqdi o’tganligini ishtirokchilar uzoq vaqt eslab yurishganini aytgandilar.
Bugungi kunda arzimagan narsalarni bahona qilib turmushidan ajralishib ketayotgan yosh kelin-kuyovlarga Tursunoy opaning o’tkir so’zlari, achchiq o’gitlari kerak bo’layaptida. Tog’ri ularning ……. Kabi kitoblari chop etilgan. Lekin ularning og’zaki nutq madaniyatining imkoniyatlaridan mohirona foydalanishlari, so’zlarining sehri hech kimda yo’q. Oxiratlari obod, ruhlari shod bo’lsin.