9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

YANGI LABORATORIYA — YANGI IMKONIYAT

notiq.uz > Yangiliklar  > YANGI LABORATORIYA — YANGI IMKONIYAT

YANGI LABORATORIYA — YANGI IMKONIYAT

Global muammolar, umumbashariy masalalar dunyo mamlakatlari uchun  barcha jabhalarda birgalik va hamkorlikni talab etadi. Bu esa muammolarning birdan — bir yechimidir. Shunday ekan, bunday muammolarning kaliti esa bevosita va bilvosita ilmu ta’lim tizimidir.  O‘zbekiston va Xitoy hamkorligi ana shu harakatning muhim bir bo‘g‘ini desak, xato bo‘lmaydi. Shuni ta’kidlash zarurki, Xitoyning «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi, shu yil yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini davlat tashrifi bilan Xitoyda bo‘lishi, Pekinda bo‘lib o‘tgan ikki tomon OTM uchrashuvlari ta’lim, ilm — fan sohasidagi o‘zaro aloqalarni yangi darajaga olib chiqdi.

Bugun «TIQXMMI» MTU va Xitoy Xalq Respublikasining Lanjau universiteti hamkorligida tashkil qilingan Xitoy O‘zbekiston Iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish qo‘shma laboratoriyasining ochilishi barchamizga quvonch bag‘ishladi. O‘zbekistondagi investorlarning 25 foizi Xitoy xalq respublikasi bilan bog‘liqligi e’tiborga molik.

Tadbirni «TIQXMMI» MTU rektori B.S.Mirzaev kirish so‘zi bilan ochib hamkorlikdagi faoliyatni qizg‘in va samarali tarzda bo‘lishida omad tiladi.

Rektor ayni paytda Xitoy bilan ta’lim yo‘sinidagi hamkorligimiz an’ana tusini olgani haqida so‘zladi. O‘tgan yili sentyabrda Lanjau universiteti professorlari Jongvey Xuang va Jianrong Bi lar bilan o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qilingani xususida ma’lumot berib o‘tdi. Shuningdek,  qisqa muddatda o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha memorandum imzolashga erishildi. Yanvar oyida O‘zbekiston va Xitoy oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida imzolangan 70 ta hamkorlik hujjati ichida Iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish qo‘shma laboratoriyasini tashkil qilish haqida shartnoma tuzilgan.

Shu shartnomaga asosan juda qisqa muddatda universitetimizga zamonaviy atmosferadagi o‘zgarishlarni kuzatish imkonini beruvchi lidar, sonpotometr va havodagi mayda uchuvchan zarrachalar miqdorini aniqlash qurilmalari va kichik meteostansiya olib kelib o‘rnatildi.

«Men bu ishlarni juda tez va professional darajada bajarishda samarali mehnat qilgan professorlar Jianping Xuang, Jongvey Xuang, Jianrong Bi va muhandislar guruhiga rahmat aytaman,» — deya rektor o‘z minnatdorchiligini izhor qildi.

 Bugungi kunda butun jahon hamjamiyati iqlim o‘zgarishi tufayli yuzaga kelayotgan muammo va tahdidlarga javob topishga diqqat qaratilayotgani bejiz emas. Bu muammolar qatoriga atmosferada issiqxona gazlarining ko‘payishi, yerning ustki qobig‘i haroratining ortishi, suv resurslari taqchilligi, tabiiy ofatlarning shu jumladan chang to‘zonlarni tez-tez takrorlanishi, sahrolashish jarayonining o‘sishi va boshqalarni kiritish mumkin.

Mutaxassislar iqlim o‘zgarishi tabiiy ofatlarning yangi turlari paydo bo‘lishiga sharoit yaratishi bilan birga, mavjud tabiiy ofatlarning zarar yetkazish kuchini bir necha barobar oshirishi, hattoki, boshqarib bo‘lmaydigan darajaga yetkazishi mumkinligini aytmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi “2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasining «yashil» iqtisodiyotga o‘tishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-436-son, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-avgustdagi “Iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlar xavfiga nisbatan milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish hamda samarali amalga oshirishni tashkil etish to‘g‘risida”gi 362-son qarorlarida iqlim o‘zgarishlarini kuzatish tarmoqlarini takomillashtirish va kengaytirish, ularni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, vizual va instrumental kuzatishning zamonaviy usullarini joriy etish muhimligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Lanjau universiteti bilan hamkorlikda tashkil qilingan ushbu qo‘shma laboratoriya iqlim o‘zgarishi tufayli yuzaga kelayotgan muammo va tahdidlarni o‘rganishda samarali faoliyat ko‘rsatadi. Laboratoriyani keyingi faoliyati har ikki universitet tomonidan qo‘llab — quvvatlanishiga ishonch mavjud. Bu laboratoriya faoliyati hamkorlikdagi yangi qo‘shma loyiha va grantlar, hamkorlikdagi yuqori sifatli maqolalar paydo bo‘lishiga, yangi mavzudagi dissertatsiyalar himoyalariga keng yo‘l ochib beradi.

Universitetimiz filiali Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish institutida ham iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish laboratoriyasini filiali tez kunda faoliyatini boshlashiga ishonch bildirildi. Ushbu hamkorlik istiqbolli rejalarni amalga oshirib, keng imkoniyatlar eshigining ochilishiga shubha yo‘q.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.