MUHABBATSIZ, DO’STSIZ HAYOT MAMOTDIR
Har bir xalqning tarixiy taqdirida o‘sha xalqning timsoliga aylangan, uning g‘oyaviy qarashlarini ifoda etuvchi buyuk timsollari, mutafakkirlari bo‘ladi. Qozoq xalqi tarixiga nazar tashlar ekanmiz, unda Abay (Ibrohim)Qo‘nonboevning nomi mag‘rur jaranglaydi. U qozoq xalqining chinakam oqini, mutafakkiri, buyuk o‘lanchisidir.
Uch yuzdan ziyod she’riy asarlarning muallifi bo‘lgan, bir necha badiiy asarlarni tarjimoni sifatida ham muhim va muqim o‘rin tutadi u. Chunki u o‘z xalqining buyuk mutafakkiri sifatida ulug‘vor ishlarni amalga oshirgan adib. O‘zbek xalqining ijtimoiy ongi va badiiyat tafakkurida Alisher Navoiyning qanchalik o‘rni bo‘lgan bo‘lsa, qozoq xalqi uchun Abay ham shu darajada ardoqlidir. Teran tomirlari tutash bo‘lgan ikki xalqning do‘stligi Abay ijodida ham o‘zining yorqin ifodasini topgan. Abay ijodini kuzatgan kishi uning uch chashma, uch manbadan suv ichib, nur emganini biladi. Birinchisi qozoq xalqining og‘zaki ijodiyoti, ya’ni folklori, ikkinchisi sharq mumtoz adabiyotining yirik namoyandalari ijodiyotidan oziqlanish bo‘lsa, uchinchisi esa Rus va Yevropa adabiyoti namoyandalarining asarlarini tarjima qilib hamkorlik va do‘stlik rishtasini mustahkamlaganligidir. U muqaddas tutgan tushunchalar qadrulabad tuyg‘ular ichida do‘stlik va muhabbat tushunchasi alohida o‘rin tutadi. «Muhabbatsiz, do‘stliksiz hayot bo‘lmaydi». Demak, ularsiz hayot bamisoli mamotdir. Jon tomirlari va qon tomirlari bir bo‘lgan o‘zbek va qozoq xalqlarining qarashlari va hayot tarzida umumiylik bor.
Navoiy hazratlari ishq ta’rifida «Bo‘lmasa ishq ikki jahon bo‘lmasun, ikki jahon demaki jon bo‘lmasun» deb yozadi. Sevgi, muhabbat, ishq tushunchalarida bir muncha ma’no farqlanishlari bo‘lsada, Abay ham hayotning muhim mezoni sifatida ana shu tuyg‘uga e’tibor qiladi. U yuqorida ta’kidlaganimizdek, muhabbat tushunchasini do‘stlik tuyg‘usi bilan vobasta ko‘radi.
Navoiy hikmatlaridan birida «neki narsa ko‘zga marg‘ubdur ko‘ngilga mahbubdir» deyiladi. Demak, inson qalbidagi bu tuyg‘u qalblarni bir-biriga bog‘lash orqali amalga oshiriladi. Muhabbat ummoniga kirgan, ishq girdobiga tushgan kimsa aqlu hushdan begona bo‘lib ko‘z basir, qulog‘i kar holatga keladi. Bu tuyg‘u Abay ijodida ham o‘ziga xos shaklda o‘z ifodasini topgan.
Sevgi tili — so‘zsiz til
Ko‘z bilan ko‘r, dildan bil.
Bir qarash yo bir imo —
Yetar… Bog‘lanar ko‘ngil!
Navoiyning nuqtai nazariga mos-xos holdagi fikrni Abay sodda, xalqchil tilda ifoda etyapti. Bu o‘rinda bandaning bandaga muhabbati emas, balki yaralganning yaratganga ishqi yuqori tuyg‘u sifatida ifodalanayapti. Haq so‘zni aytish bobida Abay yuqori darajada turadi hatto, uni o‘qitgan unga ta’lim bergan otasiga ham ba’zi masalalarda qarshi fikrlarni ifodalash holati mavjud. Uning bu holati bir rivoyatni yodga soladi. Emishki, bir donishmandning shogirdi qaysar, hamisha haq gapni aytadigan bo‘ladi. Ustozini ham ayab o‘tirmasdi. Odamlar unga «seni shu darajaga yetishishinga uning ta’limiy, tarbiyaviy mehri sabab bo‘lmaganmi, nega sen uni dilini ranjitib unday emas bunday deyvurasan» — deganlarida, to‘g‘ri, ustozim meni shu darajaga yetkazdi, unga shubha yo‘q, hurmat qilaman u ulug‘ inson, lekin nima qilayki haqiqat undan ham ulug‘»- deb javob bergan ekan. Shuning uchun ham Abayning o‘zi va o‘zga haqidagi haqiqatni talab etishi bejiz emasligini bildiradi.