MUSTAQIL MAMLAKAT MADHI
Mashriqzaminda ham, Yunon va Rim davlatchilik tarixida ham madhiya, faxriya, qasida ma’nolarini ifoda etuvchi o‘sha davr hukmdorlari va davlatchilikni madh etishga qaratilgan nazmiy shaklda, epideyktik (tantanavor) ohangda bitiklar bo‘lgan. Bularda faxrlanish tuyg‘usi va g‘ururlanish hissi bor. Unda tan olish, ehtirom zamiridagi e’tirof ustunlik qilgan. Shunday ekan, mustaqil davlatning madhiyasi o‘z ifodasi, ohangi bilan mag‘rur jaranglashga haqli. Unda o‘z xalqining tiynati, qalbu qiyofatidan, mamlakatining tabiatiyu boyligidan iftixor qilish hissi mavjud. U mustaqil davlatning ramzlaridan biri, iqbol va istiqbolning timsoli sifatida mohiyat kasb etadi.
Shuningdek, unda uch birlik mezoni — kecha, bugun, erta tushunchalariga ishora ham mavjud. O‘z xalqi mansub bo‘lgan davlatning o‘tmishi, buguni va kelajagining ta’rifi, tavsifi boshqacha aytganda, armoni, orzu-umidi va maqsad intilishlari mujassam. Unda inson, zamon, makon tushunchalarining o‘zaro bog‘liqligini his etish mumkin. Madhiya matnining muallifi, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov so‘zi va unga uzukka qo‘yilgan ko‘zu qoshdek yarashiqli kuyni payvasta etgan bastakor Mutal Burhonovlarning o‘zaro qarashlari uyg‘un kelgan. Ya’ni, so‘zu sozning uyg‘unligi va unga ovoz bilan berilgan jilo shunday yarashib tushganki, uning eshitganingiz hamonoq o‘rningizdan qalqib turasiz, yuzu ko‘zingizdan nur balqib turadi.
Radio va televidenie orqali taraladigan Madhiya sadosi bilan uyg‘onish, va shu bilan orom uyquga ketish yurti tinch va osoyishta xalqqa yarashadi. Uni tinglaganingizda vujudingizda ayricha hayajonli titroqni va tanangizda oqayotgan toza, jo‘shqin va qaynoq qonni his etasiz.
Madhiya matniga e’tibor qiladigan bo‘lsangiz, shoir unda ramzlar bilan so‘zlagan, hassos musavvirdek mamlakatimiz manzarasini, tanti xalqimizning mehridaryoligini yuksak san’at bilan ifoda etganini anglaysiz. Azaldan quyosh nur, yog‘du va harorat baxsh etadigan osmon jinslaridan biri. Uning nuri dunyo mamlakatlarining hammasiga ham nasib etavermagan. Faqat bittagina fasli bor bo‘lgan qit’alar, mamlakatlar ham bor. Jannatmonand O‘zbekistonda to‘rt faslning o‘z ziynati, fazilati bor.
Davlatimiz madhiyasi «Serquyosh, hur o‘lkam, elga baxt, najot» deb boshlanadi. Uning birinchi misrasidayoq, hur diyorga, mustaqil mamlakatga boqqan quyosh nur va harorat baxsh etarkan, bu hayotiylik, davomiylik va umrboqiylikka ishoradir. Elga baxt, najot esa xuddi bugun olib borilayotgan siyosat va islohotlarning mazmun-mohiyatini o‘zida aks ettirgandek go‘yo. Davlatimiz rahbarining xalqimiz ertaga emas, bugun baxtli bo‘lishi kerak degan da’vatlariga hamohanglikni sezasiz. Elning baxtu saodati, najoti ham nimada ekani ayon. Najot ta’limda, tarbiyada, maktabda. Prezident o‘gitlariga mos ohangni keyingi misrada ham sezish mumkin. «Sen o‘zing do‘stlarga yo‘ldosh, mehribon.» Xalqimiz tarixida birdamlik va hamjihatlikkina g‘alabalar garovi bo‘lgani sinashta hodisa. Aks holda, «Birlashgan o‘zar, birlashmagan to‘zar», «Kuch birlikda» singari xalq maqollari yaratilmagan bo‘lardi. Bunda esa yon atrofimizdagi qo‘shni davlatlar, shuningdek, dunyo mamlakatlari bilan hamkorlik rishtalarining mustahkam bog‘lanishiga ishora bor.
Bunga bittagina misol sifatida davlat rahbarining da’vatlariga mos holda, Samarqandda 11 noyabr kuni o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkilotining ilk sammitini, bor yo‘g‘i undan ikki oy oldingi Shanxay hamkorlik tashkilotining sammitini eslashning o‘zi kifoyadir. Quyosh nuridan bahramand bo‘lgan yurtga baxt, najot tilaydigan xalqimizning ittifoq, do‘stlik degan tushunchalarni azaldan muqaddas tutganiga tarix shohid.
Uchinchi misra yuqoridagi fikrlarni quvvatlaydi. «Yashnagay toabad ilmu fan, ijod». Barcha sohalarning, kasblarning manbai ilm bilan bog‘liq ekanligini, shundagina maqsadli harakat, samara va natijalarga erishishimiz mumkinligini anglab yetasiz. Ijod esa bu yaratuvchanlik, bu bunyodkorlikdir. Bu tuyg‘u Yangi O‘zbekistonning shukuhi va ruhi bilan uzviy bog‘liq.
Ota-bobolarimizning alqab qiladigan bir duosi bor: «Dunyo turguncha turgin, bolam!» Xuddi shu xalqona hikmat Madhiya zamiriga singdirilgan. «Shuhrating porlasin, toki bor jahon!» Demak, olamga yoyilgan shuhrating, shonu shavkating bor, olamshumul kashfiyotlaring bor, havas qilsa arzigulik tarixing bor ekanki, albatta, havas qilsa arzigulik kelajaging ham bo‘ladi degan xitob va da’vatlarga monand, hamohanglikni anglash qiyin emas.
«Oltin bu vodiylar, jon O‘zbekiston!» jon so‘zi nisbat berilgan mamlakatimiz go‘yo bong urib “ham voha, ham vodiydaman, barchangizga nuridiydaman”, — deyayotgandek bo‘ladi.
«Ajdodlar mardona ruhi senga yor.» Buyuk bobokolonlarimizning ilmu fan, san’at va madaniyatda ham, mardlik va matonatda ham birinchi bo‘lgan, ularning ruhi doim seni qo‘llab turadi degan mazmun bor unda. Qudrati jo‘sh urgan xalqimizning tabiatida, aslida, naslida, deyish mumkinki, go‘zallik faslida bu yaratuvchanlik, matonat va qahramonlik bo‘lgan. Ajdod va avlodlar orasidagi bu oltin zanjirning uzilmas va buzilmasligiga ishonch va asos bor. Bu esa butun olamni mahliyo qilishiga iqrorlikdir. Ulug‘ mutafakkirlar, deyarlik barcha fanlarning tamal toshini qo‘ygan buyuk allomalarni, jahonga dong‘i ketgan buyuk sarkarda va sohibqironlarni yetkazgan yurt madhi boshqacha bo‘lishi mumkin emas.
Xalqimizga xos bo‘lgan mehridaryolik, bag‘rikenglik ham madhiyada o‘z zuhurini topgan. «Bag‘ri keng o‘zbekning o‘chmas iymoni». Uning iymoni barqaror, vijdoni pok chunki u halollikni, haqiqatni, adolatni suyuvchi, xalqdir degan mazmun anglashiladi.
«Erkin yosh avlodlar senga zo‘r qanot» deyiladi keyingi misrada. Har bir mamlakatning kelajagi yoshlarga e’tibor masalasi bilan bog‘liq. Qushning qo‘sh qanoti uning parvozi yuksak bo‘lishiga bois bo‘lgani kabi har qanday mamlakatning iqboli ham mustahkam qanot bo‘lguvchi yosh avlodga, ularning ta’lim-tarbiyasiga, kamolotiga daxldor degan fikr uyg‘un.
“Istiqlol mash’ali, tinchlik posboni” deyiladi yana bir o‘rinda. Tinchliksevar xalqimizning shod, obod va ozodligi ham ona yurtimiz osmonining musaffoligi, xalqimizning osoyishtaligi hamda tajribali strategning yo‘lboshchiligidandir.
Muhtaram Prezidentimiz BMT ning oliy minbaridan turib nafaqat O‘zbekistonga, balki butun dunyoga tinchlik g‘oyasini ilgari surishi ham bejiz emas. Chunki tinch va totuv bo‘lgan mamlakatlarning istiqboli va iqboli haqida gap bo‘lishi mumkin. Zero, mamlakatlar taraqqiyotining mezoni ham aslida, tinchlik, do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlikdadir.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati bilan ta’lim muassasalariyu jamoa korxonalarida tadbirlar o‘tkazilayotgani e’tiborlidir. Kuni kecha Mirzo Ulug‘bek tumanida 27-sonli umumta’lim maktabida bo‘lganimizda 4 “A” sinf o‘quvchilarining Davlatimiz madhiyasini berilib maroq bilan ijro etishlarini ko‘rib havas qildik. Biz ham qo‘limizni ko‘ksimizga qo‘yib ularga jo‘r bo‘ldik. Ularning ichki bir g‘ururini ko‘rib inson yayrab ketadi. Madhiya ijro etilayotgan paytda o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygancha hammaning o‘rinlaridan qalqib turishi va yuzu ko‘zlaridan nur balqib turishi hayajonli va quvonarlidir. “TIQXMMI” milliy tadqiqot universitetimizning barcha fakultetlarida ushbu bayramning o‘tkazilayotganligi ham fikrimizning yaqqol dalilidir.
Madhiya asrlar osha xalqimizga matonat, g‘urur, ruh va ichki ilohiy kuch baxsh etadigan qudratga ega manba sifatida yashayveradi.