KURS TINGLOVCHILARINING TAASSUROTLARI
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Rustam Abdunazarov:
madaniyat so‘zi keng qamrovli tushuncha. Yurish-turish, ko‘rinish-kiyinish madaniyati va hokazo. Ular ichida ajralib turadigani nutq madaniyati ekanini yana bir bor his etdim. O‘zingga qarab kutarlar, so‘zingga qarab kuzatarlar degan xalq maqoli bejiz yaratilmaganini uqdim. Ish jarayonida so‘zlashish, muloqot madaniyati barchaga birdek zarur. Nutq mahoratini, ayniqsa, vazirligimiz tizimidagi barcha xodimlar, ijodkor, san’atkorlar hammalari egallashi kerak. Chunki vazirligimiz nomidanoq bu anglashilib turibdi. To‘g‘ri, keyingi paytlarda ayrim rahbar xodimlarning omma bilan muloqot jarayonida vulgar so‘zlar, haqoratomiz iboralarni qo‘llash holatlari kuzatildi. Bu esa madaniyatli inson, ma’naviyatli rahbar xodim portretiga ziddir.
O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Axborot xizmati bosh mutaxassisi Sevara Tulyaganova:
Yoshligimdan suxandonlik, notiqlik san’atiga qiziqib kelganman. Shuning uchun ham ushbu kursda malaka oshirish men uchun murakkablik tug‘dirmadi. Muhimi, kurs mobaynida biz ko‘pgina amaliy va nazariy ma’lumotlarga ega bo‘ldik. O‘z sohasining tajribali mutaxassislari dars bergani bizni nihoyatda mamnun etdi. Notiqlik bo‘yicha mashqiy jarayonni muntazam davom ettirish kerakligini fahmladim. Biz odatda tashqi ko‘rinishimizga e’tibor qilamizu, vaholanki, ichki dunyomizning ko‘zgusi bo‘lgan so‘zimizga, nutqimizga unchalik diqqat qilavermas ekanmiz. Notiq-pedagoglarimiz bizlarga chinakam ma’noda yo‘llanma berishdi. Gap endilikda uni davom ettirishimizda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi yuriskonsulti Marg‘uba Masaidova:
Ushbu o‘quv — amaliy kurs har birimizda mas’uliyat hissi va majburiyat burchini kuchaytirdi desam xato bo‘lmasa kerak. Biz og‘zaki va yozma nutq qoidalarini unchalik bilmas ekanmiz, bilsak ham to‘g‘ri va o‘rinli qo‘llamas ekanmiz. Demak, ishimizning sifati va samarasi bevosita shunga bog‘liq. Kurs davomida berilgan ma’lumot va amaliy mashg‘ulotlardan biz to‘la qoniqish hosil qildik. Yuridik fanlar doktori, professor Boboqul Toshevning og‘zaki yuridik muloqot va hujjatlarni yozma rasmiylashtirish borasidagi fikr-mulohazalari va tavsiyalari men uchun ayniqsa ahamiyatli bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi Davlat tili to‘g‘risidagi qonunlarga rioya qilish masalalari bo‘yicha Direktor maslahatchisi Zarnigor Rustamova:
«Ish bilganga bir tanga, gap bilganga ming tanga» degan xalq maqolida kinoyaomiz haqiqat bor. Biz nega ko‘pchilik oldida, minbarda hayajonlanib gapira olmay qolamiz. Bu nutq ustida ko‘proq ishlamaganimizdan ekanini fahmladim. Dars jarayonida ustozlardan biri e’tirof etganidek oshiqni ishq toblasa notiqni mashq toblar ekan. Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, Davlat tiliga e’tibor milliy o‘zligimizga, ona vatanimizga, mustaqilligimizga bo‘lgan sadoqat va muhabbat ekanligini dars jarayonida his etdim. O‘zimiz o‘qigan va eshitganlarimizni birovga bemalol aytishga qiynalsak, biz qanday insonmiz. Axir, tilimiz — elimiz va dilimiz nishoniku. Yer qadrini bilmaydi yer ekmagan dehqonlar, el qadrini bilmaydi el ko‘rmagan nodonlar. Mana, xalqning donoligi. Shu xalqning farzandi bo‘lgandan keyin ona tilimizga bo‘lgan e’tiborsizlikka chidash qiyin. Men ham barcha tinglovchilar kabi o‘quv kursida notiq nutqining mantiqiy qudratidan ilhomlandim, ta’sirlandim. O‘zim ham ustozlar singari bo‘lishni dilimga tugib qo‘ydim.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i Zafarbek Olimbekov: Kitobga yaqin bo‘lgan, uni mushohada qilgan insonning nutqi ravon bo‘lishi aniq. Qolaversa, so‘z boyligi ham oshib boraveradi. Nutq madaniyati, muloqot mezonlari borasida ustozlardan olgan bilimlarimiz bizga motivatsiya berdi. Ushbu o‘quv kursining tashkilotchilariga samimiy minnatdorchiligimni bildiraman. Nazarimda, o‘quv kursini bosqichma-bosqich va tizimli asosda tashkil etib borish kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Yig‘ma-tahlil boshqarmasi bosh mutaxassisi Norsoat Shaymardanov: Malaka oshirish o‘quv kursi o‘z ustimizda ko‘proq ishlash lozimligini anglatdi. O‘z ustida ishlash so‘z ustida ishlashdan boshlanishi zarurligini his etdim. Huquq, xulq tushunchalari nutq tushunchasi bilan chambarchas bog‘liq. Til imkoniyatlarini muloqot jarayonida qo‘llash bir tomon bo‘lsa, sohaviy bilimga ega bo‘lish ham eng muhim tomondir. Har qanday xodimning vertikal va gorizontal karerasi uning bilimi, odobi, xulqiy va nutqiy madaniyatiga bog‘liqligini tinglovchilar to‘la anglab yetishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘ining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Firdavs Xayriddinov: Beshikdan qabrgacha ilm izla degan hadis bejiz emas. Dunyoda har kuni deyarlik barcha sohalar bo‘yicha yangiliklar oqimi kirib kelmoqda. Shunday ekan, barcha xabar va yangiliklardan boxabar bo‘lish davr talabi. Matbuot kotiblarining ushbu o‘quv seminarda ishtirok etishi juda manfaatli bo‘ldi. Darslarning interfaol usulda olib borilayotgani bizni qiziqishlarimizni yanada oshirgani e’tiborga molik. Sohamizga bevosita yaqin bo‘lgan kasbdoshlar bilan tanishish va fikr almashishga imkon tug‘ildi. Tajribali jurnalist Karim Bahrievning sohamizga oid yangiliklar va muammolar borasidagi mulohazalari diqqatimizni tortibgina qolmasdan, bilimimizni yanada boyitdi va mustahkamladi. Bu mashg‘ulotlar uchun uch kun kam deb hisoblayman. Ochig‘i, biz ma’lumotlarga to‘ymay qolayapmiz. Buni muntazam tashkil etilishi tarafdoriman.
Uy — joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Axborot xizmati rahbari Jamoliddin Qalandarov:
Bugungi kunda axborotlarni yetkazuvchilarda ixtisosligi bo‘lmas ham mashg‘ul bo‘luvchilar ko‘payib ketdi. Agar bizda bilim bo‘lsayu biroq uni auditoriyaga yetkazib bera olmasak, xalqni aytayotgan gapimizga ishontira olmasak hech qanday naf yo‘q, siljish ham bo‘lmaydi. Shu bois ushbu kurslarda notiqlik san’atini rivojlantirish, odamlarni, auditoriyani o‘ziga tortuvchi, ularni ushlab turuvchi, bilimlarni yetkazib berish, munosabatlarni boshqarish hammasini bizga aynan shu Notiqlik kurslari o‘rgatyapti. Albatta, hammamiz ham yoshligimizda intervyular qilib o‘ynaganmiz, biroq bu boshqa masala. Har kim o‘z ustida ishlab toblansagina haqiqiy notiq bo‘ladi. Mazkur notiqlik darslari turli interfaol o‘yinlar, yangi texnologiyalar va malakali ustozlar bilan o‘tayotgani hammamiz uchun yaxshi. Buning uchun tashkilotchilarga ham katta rahmat aytamiz. O‘ylashimcha, ushbu kurslarni nafaqat o‘rta bo‘g‘in, balki rahbarlar o‘rtasida ham joriy qilish kerak . Bugungi kunda vazirmi yoxud boshqa mas’ul rahbarmi, bularda ham aholi bilan muloqotda bir qator kamchiliklar ko‘zga tashlanayapti. Shuning uchun bunday yo‘sindagi mashg‘ulotlarni muntazam ravishda tashkil etib turishni maqsadga muvofiq deb bilaman.
Xullas, xoh boshqaruv tizimida, xoh ta’limiy-tarbiyaviy jabhada, xoh ishlab chiqarish, tadbirkorlik va liderlik sohasida bo‘lsin muloqot va muomala jarayonidagi kommunikativ kompetentlik, nutq madaniyati va notiqlik san’ati doimo zarur. Kompetentlik darajasi yuqori bo‘lgan, xushmuomala davlat xizmatchisi rahbarlik qiladigan jamoada hamjihatlik, birdamlik va bardamlik hukmron bo‘ladi. O‘sha jamoadagina sog‘lom muhit, ish unumi, yakdillik, ijobiy ko‘rsatkichlar va samarali natijalar bo‘y ko‘rsatishi muqarrar.