Ko‘ngil mulkining muhrdori
(Ilm mehri, ta’lim muhri bilan)
Ta’lim va muloqotning kaliti nutq bilan, tarbiya va muomalaning kaliti xulq bilan ekani haq. Ayniqsa, rahbarlik faoliyatida buni o‘z tabiati va tiynatida uyg‘unlashtira olgan inson boshqaruv mexanizmini teran idrok etgan bo‘ladi. Chunki ko‘pgina muvaffaqiyatlarning garovi aynan shunga bog‘liq. Rahbar xodimning oqil va odilligi, o‘zidan ko‘ra o‘zgalarni ko‘proq o‘ylashi, to‘g‘ri xulosa chiqarib, ijobiy hal etishi ko‘pgina muammolarning yechimi ekanini inkor etib bo‘lmaydi. Oddiy tashkilot, idora va muassasalardan tortib vazirlik va qo‘mitalargacha rahbarlik tizimi, boshqaruv mexanizmi muhim muammo.
Shuning uchun ham davlatimiz rahbarining ilk prezidentlik faoliyatini boshlagan paytlaridagi birinchi kitobi xuddi shu masalaga qaratilgan. Kitob nomidanoq, maqsad anglashilib turibdi. “Tanqidiy tahlil va qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik – har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bo‘lishi kerak”. Bunda davlat rahbarining da’vati va talabi bor.
Kitobda davlatimiz rahbari Sh. Mirziyoevning 2017 yil 14 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan hukumat majlisidagi xuddi shu nomli ma’ruzasi o‘rin olgan. Unda iqtisodiyotni boshqarish, uni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish borasida keyingi paytda turli vazirlik va idoralar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan kamchilik va islohotlarni ochiq va xolis tanqid qilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy takliflar ilgari surilgan edi.
Muammolarni hal etishda intellektual salohiyatli, tajribali, jamoani muayyan maqsad yo‘lida jipslashtira oladigan rahbar muhimligi ayni haqiqat. To‘g‘ri, har qanday holatda ham sizga qarshi turadiganlar kam bo‘lsa ham topiladi. Hamma bilan murosayu madoro va muzokara qila olish mushkul masala. Shuning uchun ham bir paytlari Birinchi prezident “Xalq va vatan mangu qoladi” nomli kitobda quyidagi mulohazalarni keltirgan edi.
“Yaxshi mutaxassis bo‘lish mumkin, lekin yaxshi rahbar bo‘lish qiyin. Rahbarlik lavozimiga ko‘tarilgan kishilarning eng buyuk, eng muqaddas vazifasi, uni tarbiya qilgan, bilim bergan, yuksak martabaga olib chiqqan xalqiga, sidqidildan xizmat qilish.”
Xalqqa xizmat qilish muhim burch ekanini, odamlarning o‘y-tashvishlari bilan yashash odamiylikning eng muhim mezoni ekanini amalda qo‘llagan Prezident Shavkat Mirziyoev ko‘rsatmalariga sidqidil amal qiladigan rahbarlardan biri shubhasiz, Umurzakov O‘ktam Pardaevich edilar. Mansabni davlat va hukumat bersa, martabani xalq beradi, — deb takrorlashni xush ko‘rardilar O‘ktamjon Pardaevich.
Bir kuni shaxsiy avtomobilimni boshqarib kelayotganimda mobil telefonimga qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Mashinani yo‘l chetida to‘xtatib suhbatlashdim. «Rahimboy aka, salomatmisiz? Bezovta qilmadimmi, Sizga bir xizmat bor, lozim topsangiz. Menga matbuot xizmatiga ishga kelib yordamlashsangiz, birga hamkorlikda ishlasak degandim, nima deysiz?» Mobil telefondagi ovoz egasi doimiy hurmatimga munosib O‘ktam Pardaevich edilar. E’tiborliroq, aniqrog‘i, qo‘pol aytganda, daromadliroq bir joydan ishga taklif bo‘layotgan paytlar edi, talmovsirab, biroz o‘ylanib qoldim, «Siz taklif etasiz-u bizning yo‘q deyishimiz mushkul»— deb kulishdik.
Yoshlari mendan ulug‘ bo‘lsa ham, negadir kaminaga «Rahimboy aka» deb murojaat qilardilar, qandaydir o‘zimni noqulay, o‘ng‘aysiz sezardim. Insonni qadrlash bobida alohida e’tiborga molik ekanlarini aytib o‘tmaslik insofdan emas. Bu ulardagi xokisorlik va samimiyat sehridan, aslida.
Shunday qilib bir haftadan keyin institutning «Axborot xavfsizligini ta’minlash» bo‘limining boshlig‘i vazifasiga tayinladilar, ko‘p o‘tmay Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasyailash muhandislari institutining Matbuot kotibi lavozimida ishlay boshladim. Bir gal qabullariga kirganimda, «Yodingizda tuting, institutimiz tarixida birinchi matbuot kotibi siz bo‘ldingiz-a» — deb hazilomiz tarzda miyig‘ida kulib qo‘ydilar. Irrigatsiya tizimida rivojlangan xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik masalalari muhim ekanini ta’kidlab RESSA tarkibida ikki haftalik Ispaniya safariga jo‘natganlari ham hamon yodimda.
O‘ktam Pardaevich har bir xodimga muhabbatli va muruvvatli edilar, rahmatlik. Ayniqsa, talabalarning o‘qish va yashash ehtiyojiga juda e’tiborli edilar. Nafaqat ta’lim muassasasi yotoqxonasida turadiganlarni, balki ijarada yashaydigan talabalarning hol-ahvolidan xabar olish va nazorat qilish bo‘yicha ham shaxsan o‘zlari shug‘ullanganlari yodimda. Talabalar ijarada turadigan xonalarni borib ko‘zdan kechirish, xonaning issiq, shinam va ozodaligiga e’tibor qilishni, sanitariya va gigiena qoidalariga va texnika xavfsizliklariga qat’iy rioya qilishlari yuzasidan mas’ullarni biriktirib, mutasaddilarga topshirib nazorat qilishni aslo kanda qilmasdilar.
Odatda, har haftaning dushanba kunlari Rektorat yig‘ini o‘tkaziladi. Ish-tashvishlar ko‘paygani bois O‘ktam Pardaevich har xil kayfiyatda kelar, ta’lim muassasadagi barcha jarayonlarga sinchkovlik bilan e’tibor qilar, haftalik rejadagi har bir masalaga alohida to‘xtalar, mas’ullarning fikrini diqqat bilan eshitar, topshiriq berar va talab ham etardi.
Ish yuzasidan kimgadir qattiq gapirishga to‘g‘ri kelardi. O‘zlari shu holatni sezgani holda, ich-ichidan iztirob tortishi ham sezilardi. So‘ngra yig‘ilish yakunida tanbeh olgan xodimga hazil ohangida meni ham tushuning ish, vazifa, lavozim talabi bilan sizni ranjitdim deganday o‘ziga xos beozor yumor bilan munosabat bildirardilar. Hammaning ko‘nglini olishga, imkon darajada moddiy-ma’naviy yordam qilishga harakat qilardilar.
Ayniqsa, talaba va magistrantlarni o‘z farzandidek sevar, ularga g‘amxo‘r va mehribon edilar. Rektorat yig‘inida mas’ullarni o‘rnidan turg‘izib «o‘zingizning bolangiz bir kun stipendiya olmasa qanday ahvolga tushishingizni o‘ylab ko‘rganmisiz»- deya tanbeh berganlarini bir necha bor guvohi bo‘lganman. Shuning uchun ham talabalarning aksariyati hech tortinmasdan Rektorning elektron pochtasiga o‘z istak va talablarini yozishardi. Ustoz bu ishni sidqidildan bajarar, har bir aytilgan topshiriqning albatta, ijrosi bilan qiziqardi. Bag‘rikenglik va mehridaryolik ustozning kasbdoshlariga, talaba va magistrantlarga munosabatida zimdan sezilib turardi.
Talabalar talablarini tinglash va buni ilk o‘ringa qo‘yish ustozning tabiati va tiynatiga xos holat edi. Bilim va ilm olish talabalarning o‘quv jarayonidagi asosiy maqsadi. Uni o‘zlashtirish jarayoniga ta’sir etuvchi narsa va hodisalar bilan qiziqish zamon taqozosi, pedagoglik mas’uliyati, murabbiylik majburiyati, rahbarlik mezonidir. Salbiy jihatlarni tezroq bartaraf etish, ijobiy jihatlarini ommalashtirish va rivojlantirish soha ravnaqiga xizmat qiladi. Demak, ta’lim muassasalari rahbarlarining talaba yoshlar bilan uchrashuvlari, albatta, ta’lim darajasi va tarbiya sifatiga ijobiy ta’sir etmasdan qolmaydi.
O‘ktam Pardaevich Umurzakov xuddi shu maqsadda 2019 yilning 11 dekabr kuni institut talabalari bilan soat 11-00 va 15-00 da yangicha formatda ikki marotaba samimiy tarzda ochiq muloqot o‘tkazgandilar. Ana shu uchrashuv ochiq tarzdagi unutilmas muloqot bo‘lganini talabalar eslab yurishdi. Dars jarayonida o‘qituvchilarning bilimi, dars o‘tish mahorati borasida ta’limning samarasi xususida so‘z yuritdilar. Korrupsiyaga qarshi kurashish hammamizning burchimizdir, siz bu borada bizga yordam qilishingiz kerak degan fikrlari ochiq va shaffof tarzda talabalarga murojaat ohangida yangradi. Talaba va o‘qituvchilar orasidagi «muloqot» oldi-berdiga qurilsa, bilim ham, ta’lim ham, uning rivojiga xizmat qilmasligi, bu esa mamlakatning taraqqiyotiga salbiy ta’siri borasida kuyunib gapirdilar. Qaysi pedagogda poraxo‘rlikka mayl va ishora borligini sezsangiz, xabar qilsangiz bizga, qolaversa, o‘zingizga ham yordam qilgan bo‘lasiz, — dedi rektor o‘z nutqida.
Odatda aksariyat rahbarlar o‘z ishxonasini ikkinchi uyim deb yuritishadi. O‘ktam Pardaevich uchun esa o‘zi o‘qigan, ko‘p yillar turli lavozimlarda ishlagan ta’lim muassasasi — Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti birinchi uy bo‘lgan desak, ajablanmang. Buning sababi dam olish kunlari ham institutga kelib, yon–atrofni ko‘zdan kechirib, tozalik va ozodalikka, gigiena qoidalariga amal qilinayotganligini surishtirib, ko‘zdan kechirar, so‘ngra talabalar yotoqxonasiga kirar, talabalarning holidan xabar olar, qanday yetishmovchiliklar bo‘lsa bir zumda hal qilish ularga xos fazilat edi. O‘ktam Pardaevich tartib-intizom degan tushunchani qadrlar va o‘zi ham shunga amal qilar edi. So‘z boshining salomdan, ish boshining intizomdan boshlanishini tushunar va talab ham etardilar.
Biron mehnat jamoasida muvaffaqiyat va yutuqlar ko‘p bo‘lsa, bilingki, bunga kafolat shu jamoani birlashtirib muayyan maqsadlar sari talpintiradigan, ularga motivatsiya bera oladigan, insonning xizmatini qadrlab hurmatini joyiga qo‘yadigan, odil va talabchan salohiyatli rahbarning borligidandir. Shubhasizki, sobiq rektorimiz ham chinakam olim va chin inson Umurzakov O‘ktam Pardaevich ana shunday fazilatlarga ega edilar. Milliy reytingda birinchi o‘rinni, dunyo universitetlari ichida e’tiborga molik yuqori o‘rinlarni egallagan ta’lim muassasamizning mavqei va rutbasida ularning alohida hissasi, xizmatlari borligini hech kim inkor eta olmasa kerak. Bu esa avvalo, tartib — intizom, ishning ko‘zini bilish, donishmandlik, mas’uliyat hissini anglash, majburiyat burchini bilish bilan bog‘liq.
Rus va o‘zbek tilida ravon gapira oladigan o‘z fikrini birovga yetkaza oladigan, aniqrog‘i, o‘tkaza oladigan prinsipial rahbar bo‘lishlaridan tashqari kitobga, tarixga, falsafaga, o‘tmish mutafakkirlarining donishmandona o‘git va hikmatlariga e’tiborlari nihoyatda kuchli edi. Ish, o‘qish jarayoni bilan bog‘liq bironta fikr yoki hikmatni o‘qib qolsalar, albatta, uni aytib boshqalarning ham bilishi va amal qilishini chin dildan istardilar. Bu shubhasiz, ko‘p kitob o‘qish, mutolaa zavqi hamda mushohada shavqidan huzurlanadigan insonlarga xos fazilat. Mening donishmandona o‘gitlarga, falsafiy mushohadalarga maylim balandligini bilgani uchunmi ba’zan vaqt topdim deganlarida o‘z huzurlariga chorlardilar. O‘sha paytlari rektor yordamchisi «sizni domla chaqirayaptilar» — dedimi, darrov fahmlardimki, biron topshiriq bahonasida, albatta, biron kitob yoki qiziq bir hikmatni aytib berish va shu haqda fikrimni bilishga qiziqishlarini sezardim.
Kasb nuqtai nazaridan o‘zlari irrigatsiya tizimiga daxldor bo‘lsalarda, falsafa va mantiqqa mayl va ishtiyoqlari baland edi. Keyin buning mantiqiy, sulolaviy asosi borligini anglab yetdim. Falsafa fanlari doktori, professor Umrzoqova Oysara Pardaevna ustozning opalari bo‘lib Samarqand va Toshkent shaharlaridagi nufuzli ta’lim dargohlarida faoliyat yuritgan ekanlar. An’analar, urf-odatlar, milliy munosabatlar yo‘nalishida tadqiqot ishlari olib borgan. O‘z izlanishlarida milliy qadriyatlar va ularning namoyon bo‘lish shakllari, an’analar va urf-odatlarning inson va jamiyat havyotidagi o‘rni va ahamiyati, ma’naviyati yuksak va barkamol shaxslarni tarbiyalash masalalariga alohida ahamiyat bergan ekanlar. Hatto, falsafa fanlari doktori, professor Qiyom Nazarov tomonidan tayyorlangan “Jahon falsafasi qomusi” nomli 2 jildlik monumental ensiklopediyaga ham ular haqida ma’lumot kiritilgan. Qiyom Nazarov Oysara Umurzakovaning o‘z ukasi O‘ktam Pardaevichning faylasuf bo‘lishini istagani va unga bir uy to‘la faylasuflarning kitoblarini o‘qishni zimmasiga yuklagani haqida gapirib berganlaridan keyin bildimki, O‘ktam Pardaevich tabiatidagi donishmandona o‘git, faylasufona fikrlar va aforizmlarga o‘chlik aslida, ana shundan ekan.
Ayniqsa, rektorat yig‘ilishida qiziqroq, suhbatga mavzu bo‘ladigan bironta ma’lumot bo‘lsa, «Rahimboy aka, eshiting bu qiziq, sizga kerak gap» deb hikoya qilib berar va barchaning kayfiyatini ko‘tarardi. Vaqt topdim degunicha, sharq va g‘arb donishmandlarining hikmatlarini mutolaa qilib, mag‘zini maroq bilan chaqishni, kimgadir so‘zlab berishdan huzurlanish hissi bor edi ustozda.
Ta’lim muassasasining rahbari sifatida prorektor va dekanlarga o‘z o‘gitlarini ulashib boshqaruv talablari haqida mulohazalarini bildirib o‘tishni kanda qilmasdi. Odatda, rahbarlikning toifalari ko‘p. Ba’zilar lider, ya’ni, peshqadam bo‘lsa, ayrimlari ijodiy yondashadigan kreativ qobiliyatli bo‘ladi. Ba’zilari esa faqat ijro etuvchilar xolos. Uchinchi toifa rahbarlarda tashabbuskorlik va tashkilotchilikdan ko‘ra faqat aytganni bajarish hissi ustuvor. Aytishlaricha, bir ustoz shogirdlaridan biriga ish buyurar va bajarib kelgandan keyin bir shapaloq ham tortiq qilarkan. So‘rashibdi,»nega unday qilasiz, buyurilgan vazifani bekamu ko‘st bajardiku». “To‘g‘ri, derkan ustoz, bu faqat aytganingni bajaradi, o‘zidan bilib, kengashib bir ishni ado eta olmaydi”, — degan ekan. Bu ham ustoz eslatmalaridan biri edi. Taraqqiyot omili tashabbuskor va tashkilotchi rahbarlar faoliyati bilan bog‘liq. Ustoz — shogird an’anasi taraqqiyot tantanasidir. Shuning uchun ham o‘ziga shogird tanlagan ustozlarga hurmati baland edi. Ayni paytda tirishqoq, intellektual salohiyatli talabalarga har tomonlama yordam berishni aslo kanda qilmas edilar.
Ustozning ibratli, ko‘pchilikka saboq bo‘ladigan jihatlari ko‘p edi. O‘quvchilari bo‘lmasa o‘qituvchining, xodimlari bo‘lmasa rahbarning, shogirdlari bo‘lmasa ustozning, qo‘y-qo‘zilari bo‘lmasa cho‘ponning, ish quroli soz bo‘lmasa ustaning mantig‘i yo‘q. Shunday ekan, derdi ustoz o‘zaro munosabat tarzidagi muloqot va muomala muhim ahamiyat kasb etadi. Xalq bilan muloqot tabiiyki, har ikkala tomonning umummanfaatlari zamiriga quriladi. Eshitish, tushunish, anglash va bajarish bilan muammolar hal bo‘ladi. Xalq qalbu ongi, dardu qadri rahbarning yashash tarziga aylanishi muqarrardir. Shunday ekan, muloqot psixologiyasi va muomala madaniyati boshqaruv mexanizmining asosini tashkil etadi. Bunga qobil va qodir insonlarning boshqaruvchilik salohiyati ham doimo ustun bo‘ladi.
Xalqning hayotiy ehtiyojlarini qondirish tuzum va tizimdagi adolatning barqarorligidir. Shu o‘rinda Prezident Shavkat Mirziyoevning “xalq bilan muloqot va inson manfaatlari tushunchalari o‘zaro shunchalik bog‘lanib ketganki, ularni bir-biridan aslo ajratib bo‘lmaydi” – degan fikrlarini keltirib o‘tish o‘rinlidir. Rahbarlik mas’uliyati, xalq ishonchi, boshqaruv madaniyati va mahorati, salohiyati, yoshlar qalbiga quloq solish, ta’lim va tarbiyaning ta’sirchan mexanizmi bugunning yanada dolzarb masalasiga aylanganini ustoz chin dildan his etib shu borada faol ish olib borgandilar. Muloyimlik bilan o‘z fikrini tushuntira olish mahorati o‘ziga xos edi.
Bunyodkorlik yaratuvchanlik tuyg‘usi bilan
Qurilishga yarasha burilish bo‘lishi maqsadga muvofiq. Qurilish moddiylik ma’nosida bo‘lsa, burilish ongu tafakkurdagi evrilishdir. Yangi O‘zbekiston va Uchinchi renessans tushunchalarida ana shu har ikkala asosning mohiyati mavjud. Demak, tabiiyki, bu bunyodkorlikning o‘ziga xos sharti va mezonlari bo‘lishi tabiiy. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan o‘zlarining tabrik nutqida Prezidentimiz buning javobini shunday keltirdilar.
«Eng muhim va hal qiluvchi omil – bu demokratik islohotlar yo‘lidir… Yangi O‘zbekistonni barpo etishda azmu shijoatli yoshlarimizni xalqimizning chinakam tayanchi va suyanchi, deb bilamiz.»
Demak, ochiqlik va oshkoralik asosida olib boriladigan siyosat va islohotlar hamda yoshlarning intellektual qobiliyati va yaratuvchanlik salohiyati istiqbolning ham, istiqlol va iqbolimizning ham mazmun-mohiyatini belgilaydi.
Davlatimiz rahbari Yangi O‘zbekistonning «qalbu qiyofati» haqida so‘z yuritib, u har bir fuqaroning hayotini yaxshilash, davlat xizmatlaridan foydalanish, odamlar o‘z muammolari haqida ochiq gapirib birgalikda harakat qilishlari uchun sharoitlar yaratish, adolatni so‘zsiz ta’minlash, qonun oldida teng bo‘lish, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratishni maqsad qiladigan davlat ekanini e’tirof etdi. Yangi O‘zbekiston deganda, har bir fuqarosi uchun g‘amxo‘rlik qiladigan, ochiq va adolatli jamiyat tushunilishini uqtirdi.
Prezidentning tabrik nutqi da’vatkor nutq sifatida ham katta ahamiyat kasb etdi. Rejasiz ish qolipsiz g‘isht ekanini bilamiz. Shunday ekan, aniq maqsad va rejalarni belgilab olish muhim masaladir. Hayotga yo‘llanma va taraqqiyotga qo‘llanma 2026 yilgacha Taraqqiyot strategiyasi doirasidagi vazifalar ekani ma’lum. Buning uchun birinchi darajali vazifa bu ta’lim tizimi masalasidir. Mamlakatning ertasi xuddi shunga bog‘liq. Yaponiya, Koreya, Singapur tajribasi bunga yaqqol misoldir. Bu esa o‘z-o‘zidan ta’lim sohasida zamonaviy bilim va uning ro‘yobini ta’minlaydigan o‘quv dasturlari, o‘qitish uslubi, darsliklar mazmuni tubdan yangilashni taqozo qiladi. Shundagina Yangi O‘zbekiston maktab bitiruvchisi zamonaviy ko‘nikmalarni egallagan, axborot texnologiyalarini puxta o‘zlashtirgan, kreativ fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan, dunyoqarashi keng shaxs bo‘lib yetishadi. Prezident qishloq joylarda maktablar qurish, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, ustoz va murabbiylarning mashaqqatli mehnatini rag‘batlantirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish zarurligini ham e’tirof etdi.
Muammolarning yechimi bir-biri bilan o‘zaro bog‘lanib ketgan vazifalar zanjirini his etish va hal qilishdan iborat. Bu esa adolat va haqiqatning barqaror bo‘lishi, ya’ni odil sud tizimini mustahkamlash bilan bog‘liq. Sifatli ta’lim, malakali tibbiyot, farovon hayot bevosita tadbirkorlikka bo‘lgan e’tibor dunyo tajribasidan ma’lum. Biznesni rivojlantirish quyidagi masalalarga yechim bo‘ladi. Qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, aholi daromadlarini ko‘paytirish. Iqtisodiyotda davlat ishtirokini keskin kamaytirish masalasi ham muhim.
Xalqimizning sog‘lom hayot tarzi ko‘p jihatdan aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishiga bog‘liqligi ham Prezident nutqida alohida ta’kidlandi. Oldimizdagi maqsadlar, marralarga yetish, va yutuqlarning garovi ko‘pmillatli el-yurtimizdagi birdamlik va bahamjihatlikka bog‘liqligini hayotning o‘zi namoyon etmoqda.
Demak, davr muammolariga javob sog‘lom aql, teran tafakkur, bunyodkorlik, yaratuvchanlik tuyg‘usi va o‘zaro manfaatli hamkorlik rishtalari bilan ish tutishda. Mustaqilligimizning shonli 31 yilligini nishonlash arafasidagi Prezidentimiz nutqini istiqbolni, xalqimiz iqbolini o‘ylagan da’vat rahbarining da’vati va samimiy istaklari sifatida anglash va qabul qilish joizdir.