BAXSHINING BAXTI
U tinib-tinchishni bilmaydigan, g‘ayrat va shijoatga to‘la inson. O‘z maqsadi yo‘lida aslo chekinmaydigan, sobitqadam, fidoyi ustoz. Ochiq ovoz bilan ijro etiladigan Xorazm dostonchilik maktabining ilg‘or peshqadamlaridan biri. U hozirda ham Xorazm dostonchilik an’asining rivojiga munosib hissasini qo‘shib kelayotgan va ayni paytda shu maktabning yangi vakillarini kashf etishda ham ildam bo‘lgan ustazoda san’atkor.
Gap 4 aprel kuni muborak 90 yoshni qarshilayotgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, «Madaniyat va san’at fidoyisi» ko‘krak nishoni sovrindori Otaxon baxshi Matyoqubov haqida. Odatda bu yoshga kirish qiyin, kirganda ham obro‘, e’tibor bilan shogirdlar ehtiromida bo‘lish mushkul. Yoshlarga ibrat bo‘lib kelayotgan Otaxon akaga havasingiz keladi. Aksariyat bu yoshda sog‘lig‘ini sabab qilib nafaqaga chiqib o‘tirgan bo‘ladi. Ularning qiziq bir gapi bor «epaqaga kelmagan nafaqaga chiqadi» — deya hazillashib yuradilar doim.
Dastavval, O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutida, hozirda esa Yunus Rajabiy nomidagi o‘zbek milliy musiqa san’ati institutida «Dostonchilik» kafedrasida xorazm dostonchilik maktabi an’anasi bo‘yicha doston ijrochilarini tayyorlash bobida vujudi g‘ayratga to‘la.
Aslida, bu shijoat bugungi kundagi ko‘pgina baxshilarning ustozi «Bola baxshi» (bu nomni, aslida, Xiva xoni Feruz shoh bergan degan gaplar bor) nomi bilan yuritilgan Xorazm dostonchilik maktabining asoschilaridan biri Qurbonnazar Abdullaevga ham xos bo‘lgan. U inson ham Xorazm, Turkmaniston va Qoraqalpog‘iston tomonlarda doston kuylab, doston termalarini zavq-shavq bilan ijro etib yetti yoshdan yetmish yoshgacha barchaning ehtiromida, e’tiborida bo‘lgan zot edilar, rahmatlik.
Otaxon og‘aning g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shgan, kuchiga kuch qo‘shgan muhim omillardan biri Davlatimiz rahbarining baxshichilik san’atiga bo‘lgan e’tibori va qabul qilgan qarori desak, xato bo‘lmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 maydagi «Baxshichilik san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi (PQ-4320-son)Qarori tom ma’noda ushbu san’atning ravnaqi borasida istiqbolli yo‘l xaritasi bo‘ldi deyish mumkin. Otaxon og‘a ko‘nglidagi orzularining ro‘yobga chiqishiga imkon yaratilganidan shod.
U yanada avjlanib, mavjlanib o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Dostonchilik madaniy merosimizning muhim bir bo‘lagi, tilagi ekanligini bilib ustoz qadimiy dostonlarni umriga umr qo‘shishdek sharafni ham savob, ham saboq deb bildi.
Jirov, baxshi, o‘zan, oqin, manaschi atamalari bilan yuritiluvchi bu san’at o‘z sohibidan serqirra iste’dodni, aktyorlik mahorati bilan birga musiqiy qobiliyat va yuksak quvvai hofizani talab etadi. O‘zbekistonda dostonchilik an’analari, dostonchilik maktablari ancha. Har birining dong qozongan dostonchilari bor. Ulardan farqli o‘laroq, bo‘g‘izda emas, balki ochiq ovoz bilan kuylash, butun bir ansambl bilan doston ijro etish va eshitish ham huzur bag‘ishlaydi.
Bugungi kunda ustozning ko‘ziga nur, qalbiga g‘urur, hayotiga surur baxsh etgan yana bir jihat shogirdlari uning izidan borib ko‘plab dostonlarni yod olib ijro etayotganidir.
Bu borada Prezidentimiz qo‘ygan vazifaning o‘ziyoq dolzarb va salmoqli. «Baxshichilik sohasida shakllangan ijodiy maktablar, «ustoz — shogird» an’analarini qayta tiklash va rivojlantirish, baxshi-shoirlar, folklorshunos olimlar, o‘qituvchi va mutaxassislarning ijodiy va ilmiy faoliyatini har tomonlama rag‘batlantirish, madaniyat va san’at muassasalari qoshida baxshichilik to‘garaklari tashkil etish, baxshi-shoirlar ijodiga keng yo‘l ochib berish, to‘y-tomoshalar, turli bayram va madaniy tadbirlarda ularning doimiy ishtirokini ta’minlash, shu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, o‘zaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish, baxshichilik san’atini keng targ‘ib etish uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, televidenie va internet imkoniyatlaridan samarali foydalanish, folklor asarlarining audio va video variantlarini ko‘paytirish maqsadga muvofiqdir.» Mana, davlat rahbarining talabi.
Shunday ekan, ustoz — shogird an’anasi — taraqqiyot tantanasidir. Ustoz shogirdlaridan biri o‘tgan yili «Shuhrat medali» sohibi bo‘lgan Rasulbek Abdurahmonovdir. Rasulbek ham ustozi singari Xorazm dostonchilik maktabiga mansub bo‘lgan oshiq turkumidagi dostonlarini yod olgan, quvvayi hofizasi baland, ijro manerasi o‘ziga xos umidli baxshilardan.
U bugungi kunda ham Yunus Rajabiy nomidagi o‘zbek milliy musiqa san’ati institutida dostonchilik kafedrasida birga hamkorlikda ish olib borayotgani e’tiborga molik. Doston ijro etish mashaqqatli, chunki u bir aktyor teatrini eslatadi. Dostondagi har bir personajning ruhiyatiga kirish, uning kayfiyatini his etish, uning dilrozlarini cholg‘u anjomlariga sozlab, so‘zini moslab, o‘zini roslab, ovozini xoslab ijro eta olish murakkab jarayon.
Otaxon ustoz va Rasulbek dostonlarning ma’naviy-ma’rifiy va yoshlar tarbiyasidagi ahamiyatini chuqur anglagan holda hukumatimiz rahbariyati tomonidan baxshichilik san’atini ta’lim tizimiga kiritilishidan benihoya mamnun. Mahalliy uslublarga mos ravishda bolalar musiqa va san’at maktablarida dostonchilik sinflarining ochilishi, Yunus Rajabiy nomidagi o‘zbek milliy musiqa san’ati institutini va unda dostonchilik kafedrasini tashkil qilinishi olamshumul voqea bo‘ldi. Shuningdek, baxshichilik san’ati 2021 yil 16 dekabrida YuNESKO tashkilotining nomoddiy madaniy meros reprenzitativ ro‘yxatiga olinishi bu borada katta vazifalarni amalga oshirish zarurligini bildiradi.
Ochig‘ini aytish kerakki, ayni kunlarda ustoz bilan bir safda doston ijro etish yo‘llari bilan o‘ziga xos bo‘lgan Xorazm dostonchilik an’anasiga mansub bo‘lgan baxshilar bor. Bu o‘rinda O‘zbekiston xalq baxshisi Qalandar Normatovni va uning farzandi «Nihol» mukofotining sovrindori Feruzbek Normatov va qo‘shko‘pirlik Karimboy baxshi Otamurodovlarni eslash o‘rinli. Shuningdek, Bola baxshining farzandlari Norbek Abdullaev, Yetmishboy baxshilarning shu kunda ham xizmatlari katta. Ular shogird yetkazish bobida hormay-tolmay ijod qilayotgan chinakam iste’dod sohiblaridir. Qurbonnazar Abdullaev — Bola baxshining ijro yo‘llarini obdon o‘rganib o‘z o‘rinlarini topa olgan baxshilardir.
Ular orasida Bola baxshining ilk shogirdlaridan bugun 90 yoshni oqlab, ham haqlab turgan Otaxon baxshi Matyoqubov ajralib turadi. Uning doston ijro etishdagi mahorati, ijro manerasi o‘ziga xos. U dostondagi har bir personajning ruhiyatiga kirib, holatini his etadiki, go‘yoki sizda rol ijro etayotgan aktyordek tasavvur uyg‘otadi. Bir zumda Oshiq G‘arib bo‘lib gavdalansa, bir zumda iztiroblar iskanjasida qiynalayotgan onaizorning, yana bir damda sevgilisiga vafodor bo‘lgan Shohsanamning yoki Aqcha kanizning, bir zumda yana Shoh Abbos, Shohvalad yoxud Hasan vazirni siyratu qiyofatida namoyon bo‘lish oson ish emas, albatta. Shu tobda dostonni ayricha huzur bilan tinglagan inson dam kuladi, dam yig‘laydi, dam achinadi, o‘ylaydi, dam kuyunadi, suyunadi. Tinglovchining bu holatga tushirish uchun baxshi chin ma’noda yetuk mahoratga ega bo‘lishi lozim. Doston o‘tmish ajdodlarimizning maqsad-intilishlari, orzu-armonlari, umid va istaklarning ko‘zgusi, ibrat va saboq olishdagi hikmat dunyosidir. Muhtaram Prezidentimiz qayd etib o‘tganidek, “Folklor san’atini bu — insoniyatning bolalik qo‘shig‘idir“ deyishlarida ayni haqiqat bor.
Har bir baxshining o‘z hayot yo‘liga bir nazar ham uning umr dovonlaridan oshishi, toblanishining yorqin ifodasidir. Mana, Otaxon og‘aning muxtasar tarjimai holi:
Bola baxshining dastlabki shogirdlaridan bo‘lgan Otaxon aka 1932 yilning 4 – aprelida Xorazmning avvalgi poytaxti Ko‘hna Urganch shahridan yuz chaqirim kunchiqarda, Xivadan yuz chaqirim kunbotarda hozirgi Tukmanistonda joylashgan Ilonli qal’asida dunyoga kelgan. U o‘zining tarjimai holida yozishicha: Padari buzrukvorim Matyoqub Safar o‘g‘li (1885-1970) millati o‘zbek, tijoratchi chaponfurush edi. Volidam O‘g‘iljon Ollabergan qizi (1898-1980) millati o‘zbek, uy bekasi edilar. Ilonli qal’asining aksariyati o‘zbeklar bo‘lib, ko‘pchilik erkaklar hunarmandchilik bilan shug‘ullangan. Aholining asosiy ota-bobolari Xorazmning Xiva, Urganch, Shovot, Gurlan va Honqa shaharlaridan ko‘chib kelishgan bo‘lib, qal’a atrofi qishloqlariga joylashgan va dehqonchilik qilar edilar. Ular qishloqlari nomini o‘zlarining ota-bobolari yashagan Xorazmdagi qishloqlar nomi: Qoramozi, Kenegas, Og‘ar, Chandir, Do‘rman, Xo‘ja, Maxtum va shunga o‘xshash nomlar bilan atashgan. Dunyoga mashhur Maxmud Zamahshariy bobomizning tug‘ilib o‘sgan Sharlovuq qishlog‘i ham qal’amizdan 7-8 chaqirim narida joylashgan. Butun yoshligim shu joylarda o‘tdi, deb eslaydi Otaxon baxshi.
U yoshligidan xotirasi juda o‘tkir bo‘lib, o‘zining qishloqdoshi Oliyli-Chuval, baxshi-Maxtimquli Garliev ijrosidagi dostonlarni tinglagan va yod olishga harakat qilgan. Musiqaga va dostonchilikka juda qiziqqanligidan 7-8 yoshlarida o‘ndan ortiq dostonlarni yod bilgan. 1948 yili Komiljon Otaniyozov Ilonliga to‘yga kelgan va yosh Otaxonni eshitib ko‘rib: Bu bolaga xudo bergan ekan deb, Toshkentga borishini tavsiya qilgan ekan. Shu yili Bola baxshi ham o‘sha qishloqqa to‘yga keladi va yosh Otaxon bu baxshini eshitib ko‘rib dostonchilikka yanada mehr qo‘yadi. Keyin Momosiga yalinib “shu baxshiga shogirdlikka bering”, — deydi. Momosi yosh Otaxonni olib Xivaga Bola baxshining uyiga boradi Bola baxshi o‘sha davrning mashhur baxshisi bo‘lgan va shogird tanlashda juda talabchan ekan. Ustoz yosh Otaxonni eshitib ko‘rib bu boladan baxshi chiqmaydi, olib ketavering, — deydi. Momosi iltimos qilib, “bola xafa bo‘lmasin, hech bo‘lmasa bir hafta sizni yoningizda bo‘lsin, keyin ketar deydi, xullas, yosh Otaxon mehnatsevarligidan musiqaga dostonchilikka qiziqishidan Bola baxshining e’tiborini qozonib sevikli shogird bo‘ladi. Bola baxshidan ta’lim olish jarayonida ko‘pchilik san’atkorlar bilan muloqotda bo‘ladi. Bir necha yillar ustozning uyida shogird bo‘lib birga to‘y-hashamlarga, bayram sayllariga, doston kechalariga borib yurib Xorazm dostonchilik san’atini chuqur o‘rganadi. Va ustozdan oq fotiha olib o‘z yurtiga qaytadi. 1951-1954 yillarda Boltiqbo‘yi respublikalarida harbiy xizmatda bo‘ladi. 1956 yilda Toshkentga kelib «Bahor» ansambliga ashulachi sozanda bo‘lib ishga kiradi. 1968-1972 yillarda «Lazgi» ansamblida musiqa rahbari va xonanda. 1972-2005 yillari Muhiddin Qori-Yoqubov nomidagi O‘zbekiston davlat filarmoniyasida respublikada birinchi bo‘lib «Doston» guruhini tashkil etib, Maorif vazirligining yo‘llanmasi asosida Respublika bo‘ylab oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida olti ming to‘rt yuzga yaqin uchrashuv va «Doston kechalari» o‘tkazadi. 2005-2014-yillarda O‘zbekiston kasaba uyushmasi tashabbusi bilan «Sog‘lomlashtirish» dam olish sihatgohlarida konsert va doston kechalarini tashkil qiladi.
Otaxon Matyoqubovning repertuaridan Go‘ro‘g‘li turkum dostonlaridan “Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi”, “Xirmondali”, “Bozirgon”, “Avazxon”, “Avazning uylanishi”, “Arab Rayhon”, “Chambil qamali”, “Shahidlar maskani”, “Oshiq Mahmud va Nigorxon”, “Oshiq G‘arib va Shohsanam”, “Tohir va Zuhra” dostonlari bilan birga Xorazm va Toshkent mumtoz ashulalari, xalq yalla qo‘shiqlari joy olgan.
Xorazm dostonchilik maktabining yirik vakili, O‘zbekiston xalq dostonchisi Bola baxshi-Qurbonnazar Abdullaevning hamda O‘zbekiston, Tukmaniston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Komiljon Otaniyozovlarning shogirdi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist (1989 yil taqdirlangan) Otaxon Matyoqubov O‘zining ilmiy-ijodiy izlanishlari va doston ijrochilik mahorati natijasida, o‘zbek baxshichilik san’atiga yuksak hissa qo‘shib kelmoqda.
Kaminaning ilmiy ishi Xorazm folklori bilan yozma adabiyotining namunasi bo‘lgan xalq kitoblari aniqrog‘i, «Yusufbek va Ahmadbek» dostonining tarixiy genezisi” bilan bog‘liq bo‘lgani uchun bu sohaga ancha yaqinman. Insonning har bir holatini aks ettiradigan dostondagi personajlarning ruhiyatiga xos bo‘lgan kuylar aslida, yetarli, lekin baxshilarning ayrimlari ijrochi bo‘lib qoladi ular o‘zgarish qilmaydi ayrimlari esa yangi kuy va musiqa bastalashga intiladi. Hatto, yangi dostonlar ham yaratishga moyil bo‘lganlari ham bor. Otaxon baxshi ana shu yo‘ldan bordi. U yangi kuylar qo‘shib yangi Xorazmcha ohanglar bilan doston kuylarini boyitishga harakat qildi. Buni qay darajada uddasidan chiqqaniga albatta, muxlislari baho beradi. «Yusufbek va Ahmadbek» dostonidan bitta termani o‘qishim hamonoq, davom ettirib ketsalar bo‘ladimi? Bu asarning jangnoma dostonlar tarkibiga kirishi va uning «Bo‘zo‘g‘lon» nomi bilan ham yuritilgani haqida gapirganiga taajjublarib turgan edim, ushbu dostonning qo‘lyozma variantini Herman Vamberi olib ketib 1911 yilda nemis tilida chop ettirgani, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lidan yozib olingan doston varianti o‘zimizda «Yusuf va Ahmad» nomi bilan 1987 yilda chop etilgani borasida so‘z ochganidan hayratlandim. Nega «Yusuf va Ahmad» dostonini kuylamayapsiz desam, uning Xorazmcha varianti to‘liq holda emasligini, yoshligida baxshi va xalfalardan eshitganlari yodida qolganini gapirdi.
Dostonchilikni xalq baxshilari faqat o‘tmish avlodlardan qolgan madaniy boylik dostonlarni ijro etish bilan kifoyalanib qolmasdan, balki zamonga hamnafaslik bilan mos — xos yo‘llarni topish harakati ham ba’zan ularni qiynagandek ko‘rinadi. Shuning uchun ham u «Oqqan daryo oqar begumon» hamda «Shahidlar maskani» nomli yangi dostonlarga ham qo‘l urgan va buning uddasidan chiqqanligiga ishonchimiz komil. Bu dostonlarda mardlik va matonat, el — yurt ishqida yonib, jo‘shib ishlash va bugungi yangi O‘zbekistonning ruhi va shukuhiga monand zamondoshlarimizni jasoratga chorlash borligini sezmaslik mumkin emas. Jaloliddin Manguberdiga mos matonat, oshiq G‘arib va oshiq Maxmuddek chin muhabbatni, Shohsanamu Nigorxondek vafodorlikni qalbiga jo eta olgan avlod uchinchi renessansning poydevorini qo‘yishga xaqli. Ustoz bu borada o‘zini baxtli sanaydi, bu baxtning boisi baxshichilikka, tom ma’noda, adabiyot va san’atga, ma’naviyatga e’tibori yuqori bo‘lgan davlat rahnamosi va ularning g‘oya va islohotlaridir. El — yurt ishiga kamarbasta, ma’naviyatga joni payvasta bo‘lgan Otaxon aka Matyoqubovga shogirdlar tayyorlash bobida, dostonlarni tildan — tilga, eldan-elga ko‘chirishdek kasbda omadlar yor bo‘lishini tilab qolamiz. Baxshining baxti uning oqqan daryoning yana oqishiga ishonch tuyg‘usining borligidadir!
Davlat rahbarining talabi va tanbehi ushbudir. «Agar biz bu noyob san’atni saqlab qolish uchun bugun barchamiz birgalikda harakat qilmasak, ertaga, afsuski, kech bo‘ladi, kelgusi avlodlar, tarix bizni kechirmaydi.»
Mana, o‘zbek folklori, xususan xalq dostonlariga mehri bo‘lgan insonning millatparvarligi, qadriyatlarga bo‘lgan ishonchi va e’tiqodi. Xalq yaratgan durdonalar uzoq asrlik tarixning sadosi, kuchli va ta’sirchan qurol ekanini bilgani, o‘tmish kelajakning ustozi ekanini idrok etgan Prezidentimiz 74 mamlakatdan 160 ta mehmon ishtirok etgan Xalqaro baxshilar festivalida ushbu mulohazalarni uqtirishlari bejiz emas. «Ayni vaqtda hozirgi globallashuv davrida, tijorat vositasiga aylangan «ommaviy madaniyat», shou-biznesning salbiy ta’siri tobora kuchayib borayotgan murakkab zamonda har qanday milliy madaniyatning bulog‘i bo‘lgan folklor san’atiga e’tibor va qiziqish, afsuski, susayib borayotgani ham sir emas“.
Uning ayni vaqtda o‘z ijodiga mansub «Oqqan daryo oqar begumon», «Shahidlar maskani» deyilgan vatanni madh etuvchi dostonlari shogirdlari Rasulbek Abduraxmonov, Azamat Yusupov, Marg‘uba Vaxobovalar ham ijro qilib kelayotgani quvonarlidir.
Otaxon Matyoqubov hozirgi kunda Yunus Rajabiy nomidagi o‘zbek milliy musiqa san’ati instituti dostonchilik kafedrasi dotsenti v\b lavozimida yosh baxshilarga o‘z bilimlarini o‘rgatmoqda. U o‘z ishiga sadoqat bilan yondashadigan mohir dostonchi, fidoiy, jonkuyar inson, oilaparvar, mehribon ustoz, hassos san’atkor, o‘nlab dostonlar ijrochisi, ijodkor murabbiy va targ‘ibotchilik faoliyati bilan respublikamiz jamoatchiligi orasida hurmat va e’tibor qozongan. Hozirda 90 bahorni qarshilagan Otaxon og‘a ikki o‘g‘il, bir qiz, o‘n nafar nevara va beshta chevaraning tabarruk bobosi. Ular nevara va chevaralar og‘ushida umrlarining sermazmun o‘tayotganidan benihoya mamnun.
Otaxon baxshi Matyoqubovning doston ijrochiligi o‘ziga xos. U so‘z va sozning omixtaligiga e’tibor qilish asnosida xalq kuylariga ham jilo berishga, doston mazmuniga singdirishga va personajlar ruhiyatiga monand kuy va nolalarni yaratishga ham bastakor sifatida yondoshadi. Ayniqsa, bu holatni ularning repertuaridan o‘rin olgan yuqorida nomlari qayd etilgan ikkita yangi dostondan ham bilib olish mumkin.
Doston kuylayotgan paytida so‘z va soz sehriga mast bo‘lish asosida rolga shunday kirishib ketadiki, bir zumda tinglovchi, tomoshabinlarning e’tiborini o‘ziga jalb eta oladi. U ijroning eroniy va shirvoniy uslubga xos yo‘llarini ham bilishi bilan ajralib turadi. Shirvoniy uslubga xos ijro yo‘llarini qoyillatishini tan olish kerak. Chunki bu uslubga xos tabiatan jo‘shqinlik va o‘ynoqilik Otaxon og‘aning ijro manerasiga mos hamdir. Har ikkala yo‘lni to‘la tadqiq etgan, doston navolarini sinchiklab o‘rgangan iqtidorli musiqashunos olim Botir Matyoqubov ular bilan hamkorlik qilish asnosida «Xirmondali» dostonidan Oshiq Oydin bilan aytishuv matnini Otaxon akadan yozib olganini o‘z kitoblarida qayd etganlar. Otaxon Matyoqubovning ijro yo‘llarini tadqiq etish ko‘plab tadqiqotchilar oldida turgan vazifalardandir.
Dostonlarga umr baxsh etuvchi baxshi ayni paytda o‘zining umrini ham mangulikka muhrlab boradi. Baxshi mehrida xalq muhridan yaralgan dostonlar kabi Otaxon og‘aning ham umri sermazmundir.