Hayot va nafosat timsollari
Bu qutlug‘ ayyomda hurmatli ayollarimizga eng samimiy, eng ezgu tilaklarimizni izhor etar ekanmiz, birinchi navbatda muqaddas va mo‘tabar Ona siymosiga ta’zim qilamiz.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev e’tirof etganlaridek, ayolning nafosati va nazokati, vafo va sadoqati, aql-zakovati va fidoyiligi asrlar mobaynida yer yuzida hayot davomiyligi va abadiyligiga asos bo‘lib keladi. Shu bois ham dunyodagi eng buyuk san’at asarlari, qo‘shiq va qasidalar, me’moriy obidalar ayollar sha’niga bag‘ishlangandir. Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi.
O‘nlab opa-singillarimiz “O‘zbekiston Qahramoni”, “O‘zbekiston fan arbobi”, “O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi”, “O‘zbekiston xalq shoiri”, “O‘zbekiston xalq artisti” singari davlatimizning yuksak faxriy unvonlariga, orden va medallariga sazovor bo‘lgani ham quvonarlidir.
Muhtaram yurtboshimiz tomonidan xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, salomatligini muhofaza qilish, intilish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratish bo‘yicha oxirgi besh yillikda 30 ga yaqin me’yoriy xujjatlar qabul qilingani, «Agar biz mehr-oqibat va sadoqat timsoli bo‘lgan mehribon va mo‘tabar ayollarga bitta yaxshilik qilsak, ishoninglar, bu o‘zimizga o‘nta yaxshilik bo‘lib qaytadi» — degan mulohazalari e’tiborga molik.
Bugun “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetida tashkil etilgan 8-mart “Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan katta bayram tadbirida ham yuqoridagi fikrlarning tajassumini ko‘rish mumkin.
Bayram tadbirida universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar va universitet xotin-qizlari qatorida taklif etilgan mehmonlar va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi.
Universitet rektori, professor Bahodir Mirzaev bayram tadbirini tabrik nutqi bilan ocha turib, Bosh vazir o‘rinbosari, Boshqaruv kengashi raisi Sardor O‘ktamovich Umurzakovning ta’lim muassasamiz xotin-qizlariga tabrigini ham yo‘lladi. So‘ngra universitetning ayol professor-o‘qituvchilari va xodimlarini bayram bilan muborakbod etdi.
Tadbirda universitetning xotin-qizlar jamoasi jami 415 nafarni tashkil etishi, shundan 170 nafari professor-o‘qituvchilar hamda 245 nafari xodimlar ekani ta’kidlandi. Shuningdek, ularning orasida 11 nafar fan doktori va professor, 33 nafar fan nomzodi (PhD) va dotsentlarning borligi 11 nafar ayolning rahbarlik lavozimida faoliyat olib borayotgani alohida e’tirof etildi.
“Yosh olima” ayollar klubi bugungi kunda universitetning barcha fakultetlaridan ilmiy tadqiqot olib borayotgan va doimiy ravishda o‘z ustida ilmiy izlanishlar olib borayotgan faol ayol professor o‘qituvchilar, tayanch doktorantlarni o‘zida jamlagani, 11 ta (amaliy, innovatsion, fundamental) loyihalarda jami 35 nafar ayol professor-o‘qituvchilar, tayanch doktorantlar va magistr talabalar qatnashayotgani, har yili ko‘plab ayol professor-o‘qituvchilarning ilmiy unvon va darajalarga erishganliklari jamoaning faxri va yutug‘i ekani ta’kidlandi.
Tadbirda e’tiborni tortgan jihat shuki, universitet ayol professor-o‘qituvchilari tomonidan 200 ga yaqin chop etilgan darsliklar, o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar, monografiyalar, ilmiy ishlanmalar ko‘rgazmasi tashkil etilgani bo‘ldi. Bu albatta, xotin-qizlarimizning oliy ta’lim tizimida salohiyat jihatdan erkaklardan kam emasligining dalolatidir!
Universitetda mehnat qilayotgan xotin-qizlar, jumladan professorlar, dotsentlar, fan doktorlari, fan nomzodlari (PhD), xodimlar to‘g‘risida ma’lumotni o‘zida jamlagan kitob almanax yaratish bo‘yicha ish boshlangani, yaqin kunlarda mazkur kitob universitetning barcha ayollari qo‘liga yetib borishi aytib o‘tildi.
So‘nggi yillarda o‘z halol mehnati, fan yo‘lidagi fidoiyligi, shogirdparvarligi bilan mamlakatimizning yuksak mukofotlari, jumladan, “Mehnat shuhrati” “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari, “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi”, “Suv xo‘jaligi a’lochisi” ko‘krak nishonlariga loyiq topilgan universitet xotin-qizlari alohida e’tirof etildi.
Universitet professor-o‘qituvchilarining chiqishlari bayramni yanada jozibasini oshirgan bo‘lsa, el suygan san’atkorlar O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Anvar Sobirov, Oybek Hamroqulov, taniqli xonanda Dildora Muhammedova hamda O‘zbekiston davlat satira teatri rahbari, aktyor, taniqli hajv ustasi Tolibjon Hojievlarning chiqishlari tadbirni yanada boyitdi.
Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, ayollarimizning baxti – xalqimiz va jamiyatimizning baxtidir.
Tadbir mazmundor va maroqli tarzda kechdi.