9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

MILLIY TADQIQOT UNIVERSITETI — MILLAT EHTIYOJI

notiq.uz > Yangiliklar  > MILLIY TADQIQOT UNIVERSITETI — MILLAT EHTIYOJI

MILLIY TADQIQOT UNIVERSITETI — MILLAT EHTIYOJI

Har qanday yangilik ehtiyoj va zaruriyatning hosilasidir. Muhtaram Prezidentimizning “Yangi O‘zbekiston strategiyasi“ kitobining muqaddimasi ushbu ibora bilan boshlanadi. “Dunyoda hech bir tong bir xil otgan emas.“ Demak, rivojlanish o‘zgarish, yangilik va evrilishlar badaliga sodir bo‘ladi. Chunki jadallik bilan rivojlanayotgan dunyoda boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Bu harakat hayotning o‘zi ko‘ndalang qo‘ygan muammolarga javob izlash bilan ham izohlanadi. Suv zahiralaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi yerlari biofondini tiklash, sho‘rlangan va eroziyaga uchragan maydonlarni qayta foydalanishga kiritish zarurati kabi muammolar investitsiya va ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish, raqamli texnologiyalarini keng joriy etish orqali ilmiy salohiyatni yangi bosqichga ko‘tarishni talab etadi.

Ana shu maqsadda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti“ milliy tadqiqot universitetini tashkil etish to‘g‘risida“gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  qarori bu borada katta  ahamiyat kasb etdi.

Mamlakatimiz taraqqiyotini, strategik masaqsadlarini belgilash albatta, bosqichma — bosqich harakatlar bilan amalga oshiriladi. Buning uchun esa, uning taraqqiyotini ta’minlaydigan muhim islohotlar, rejalar galma — gal amalga oshirib boriladi. Toki, strategik g‘oya, uzoqqa mo‘ljallangan pirovard maqsad ana shu ilk bosqichlardan so‘ng o‘zining bo‘y bastini ko‘rsatadi. Xalqimiz, ota–bobolarimiz azaldan yer va suv orqali mo‘jizalar yaratgan, yerga jon kirgizib hosil yetishtirgan. Xuddi shu ma’noda u agrar davlat bo‘lgan. To‘g‘ri, bugun biz industrial davlatga aylangan bo‘lsak ham bari bir yerning, suvning ilmini bilish, bobokalonlarimizning hayot tarziga aylanganini inkor etib bo‘lmaydi.

Shunday ekan, Sh. Mirziyoev o‘zining ilk prezidentlik faoliyatini boshlagan paytdanoq, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi xodimlariga e’tiborni qaratib bizni kiyintiradigan va yediradigan zahmatkash dehqonlarning bayram kuni yo‘qligini e’tirof etib, “Qishloq xo‘jaligi xodimlarini kunini belgilash to‘g‘risida“gi Qonunni qabul qilganlari yodimizda. Qonunchilik palatasi tomonidan 2017 yil 1 avgustda qabul qilingan, Senat tomonidan 2017  yil 24 avgustda ma’qullangan ushbu qonun kengqamrovli harakatning, faoliyatning, qaysidir ma’noda boshlanishi edi. Keyinchalik, «O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatini tashkil etish chora — tadbirlari to‘g‘risida»gi 2018-yil 17-aprel PQ-3672 — sonli qaror ham bu boradagi tizimli harakatning davomi edi.

Keyinchalik, Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida «Oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror ham xuddi shu yo‘ldagi navbatdagi bosqich edi. Bu qishloq va suv xo‘jaligi sohasida, muhandis va texnik kadrlar tayyorlash bo‘yicha, Oliy va O‘rta maxsus kasb-hunar muassasalarini muvofiqlashtiruvchi kengash hamda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi Oliy ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilishi, ta’lim jarayonini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, moddiy texnika bazasini mustahkamlash, imkoniyatlarini yaratgani sir emas.

Shuning uchun xam O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-maydagi PQ-3702 sonli qarori bu borada ahamiyat kasb etdi. Suv xo‘jaligi irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash sohasida, kadrlar tayyorlash borasida, bugungi kunda o‘z yechimini kutayotgan muammolar, kamchiliklar saqlanib qolayotgan edi.

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» milliy tadqiqot universiteti deb qayta nomlanishi bilan bog‘liq qarorning yuzaga kelishi mamlakat rivoji uchun zaruriy hodisa, qolaversa, davr ehtiyojidir.

Milliy tadqiqot universitet faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha boshqaruv kengashi rahbari sifatida aynan Bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Umurzakov Sardor O‘ktamovichning biriktirilishi bu sohaning muhim ahamiyatga molikliligini va shu yo‘sinda bir qator ishlarni amalga oshirish zaruratini bildiradi. 

Strategik maqsadlarni belgilash uchun bosqichma-bosqich harakatlar muhim. Ta’lim muassasamizni Milliy tadqiqot universitetiga aylantirishi borasidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori davlat rahbarining ko‘pdan beri o‘ylab yurgan reja va tajribalarining hosilasidir deyish o‘rinlidir.

Qolaversa, keyingi yillarda cheklangan suv zaxiralaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi yerlari biofondini tiklash, sho‘rlangan va eroziyaga uchragan maydonlarni qayta foydalanishga kiritish, ekotizimlar biologik xilma-xilligini saqlab qolish, «yashil energetika» va agrotexnologiyalar kabi muhim yo‘nalishlarda ta’lim, ilmiy tadqiqot va ishlanmalar transferini samarali yo‘lga qo‘yish zamon va makon talabidir.

Bunday dolzarb global muammolarni yechish uchun investitsiyalar va ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali ilmiy salohiyatni yangi bosqichga ko‘tarish hamda ishlanmalarni amaliyotda qo‘llashga qodir bo‘lgan muhandislarni tayyorlash masalalari ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Ushbu qaror zaminida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktyabrdagi PF-5847-son farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalar ijrosini izchil ta’minlash maqsadi ham mavjud.

Endilikda Gidroenergetika, irrigatsiya tizimlarini boshqarish, suv xo‘jaligi ob’ektlari qurilishi, kadastr va geoinformatika, «yashil iqtisodiyot», «yashil energetika», ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, raqamli texnologiyalar tarmoqlari uchun oliy ma’lumotli muhandis kadrlarni tayyorlash ustuvor masaladir. Buni amalga oshirish zamonaviy o‘quv va ilmiy-laboratoriya bazasini shakllantirish, uni ilg‘or texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash hamda sohani rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-innovatsion tadqiqotlarni kengaytirish va ularning transferi bo‘yicha samarali tizimni shakllantirish masalasi muhimligi qarorda aks etgan.

Ta’limdagi sifat va samara ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha uzluksiz ta’lim tizimini yaratishga borib bog‘lanishi tabiiy. Bu esa yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalarni joriy etish, universitet professor-o‘qituvchilarining malakasini oshirish, bitiruvchilarning respublika va xorijiy oliy ta’lim muassasalarida magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha tahsil olishlarini tashkil etish orqali hal etiladi.

Ta’limdagi natijadorlik esa o‘quv jarayonini talabalarda mustaqil ta’lim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash va amaliy, jumladan, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish bilan belgilanadi. Bu o‘z-o‘zidan mustaqil fikr yuritish, mantiqiy mushohada va kreativ yondasha olish iqtidoriga ega bo‘lgan talaba va magistrantlarni tayyorlash bilan bog‘liq.

Xalqimizda ta’lim olgan ta’lim beradi, tarbiyalangan odamgina tarbiya beradi degan mashhur aqida yuradi. Shunday ekan, pedagoglarning bilimi va kommunikativ kompetentlik darajasi bugungi kunda ustuvor va muhim masala bo‘lib u pedagogik mahorat muammosiga borib bog‘lanadi.  Professor – o‘qituvchilarning lingvistik kompetensiyasini shakllantirish, boshqacha aytganda, ritorik mahorati, nutq madaniyati va notiqlik san’atini oshirish maqsadga muvofiq. Busiz ko‘zlangan natijaga erishib bo‘lmaydi. Pedagoglarning og‘zaki va yozma nutq madaniyati, boshqacha aytganda, savodxonlik darajasi, kasbiy-nutqiy faoliyatda orfografik va orfoepik qoidalarga amal qilmasligi achinarlidir. Savodxonlik ma’naviyatning muhim mezoni ekanini aslo, unutmaslik kerak. 

Universitetimiz jamoasi Boshqaruv kengashi raisi Umurzakov Sardor O‘ktamovichning tashabbusi va tashkilotchiligi nuqtai nazaridan, rektor Bahodir Mirzaev boshchiligida o‘quv-pedagogik jarayonlarni tubdan ko‘rib chiqish, qishloq va suv xo‘jaligi texnologiyalari yo‘nalishida ta’lim, ilmiy tadqiqot va ishlanmalar transferi jarayonlarini rivojlantirish hamda ilmiy tadqiqot va innovatsion ishlanmalar bo‘yicha buyurtmachilar bilan manfaatli hamkorlikni o‘rnatish, ta’lim va tadqiqot jarayonlariga investitsiyalarni jalb etish, yetakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan samarali aloqalarni o‘rnatish, boshqaruv tizimi va o‘quv jarayonlari, kutubxona va hujjatlar aylanmasini raqamlashtiruvchi «Raqamli Universitet» platformasiga to‘liq o‘tishini ta’minlash kabi masalalarni hal etishga jiddiy kirishishgani quvonarlidir.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.