9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

  UYG‘ONISH MAS’ULIYAT, UYG‘OTISH MAJBURIYAT

notiq.uz > Yangiliklar  >   UYG‘ONISH MAS’ULIYAT, UYG‘OTISH MAJBURIYAT

  UYG‘ONISH MAS’ULIYAT, UYG‘OTISH MAJBURIYAT

Inson jisman uyg‘oq  bo‘lishi mumkin, lekin u ma’nan, ruhan, qalban uyg‘oq bo‘lmasa, maqsadlarining to‘la ro‘yobi bo‘lmas. Mashriqzamin-u mag‘ribzamin mutafakkirlari ham g‘ofillikka qarshi turgan. G‘aflat bandasi — el yurt sharmandasi ekanini e’tirof etishgan. G‘ofillik, g‘aflatda bo‘lish, ko‘plab millat tanlamas illatlarning urchishiga sabab bo‘ladi. G‘ofillik, beparvolik, loqaydlik, o‘zi, oilasi, mahallasi, yurti uchun kuyunmaslik vatan taqdiriga befarqlik hissini tug‘diradi.

     Loqaydlik esa, ma’lumki, barcha illatlarning ibtidosi. Jamiyatni uyg‘otish kerakligi ham bejiz emas. Harakatda bo‘lgan o‘z yurti,  o‘zgalar taqdirini, mamlakat taraqqiyotini o‘ylagan inson bu jarayonga, aslo befarq qaramaydi.

G‘ofillik va johillik aslida, egizak tushuncha, bir-biri bilan bog‘lanib ketadi. Insonning aqli, fikri, uning tafakkur tarzini ham chulg‘aydi va bulg‘aydi ham. Jamiyatni uyg‘otish ma’naviyatning  mayog‘i va ma’rifatning bayrog‘i bilan hal etilishi  aniq, xuddi shu ma’noda davlat rahbarining yaqindagina Olmaliq shahrida hudud faollari bilan uchrashuv vaqtida inson hamisha harakat qilishi, jamiyatni uyg‘otishi lozimligi haqidagi da’vatiga, siz-u bizga qarata aytilgan xitobiga bir e’tibor beraylik.

 «Butun jamiyatni uyg‘otish kerak, bu, albatta, oson ish emas, lekin boshqa yo‘limiz yo‘q. Ko‘pchilik «bo‘laveradi» deb o‘tiraveradi. Bo‘lmaydi! Vaqt shiddat bilan o‘tib ketyapti. Biz nafaqat o‘zimiz uchun, farzandlarimiz uchun, vatanimiz uchun harakat qilishimiz kerak. Harakat qilgan odam kambag‘al bo‘lmaydi.  So‘ngra Alloh taolo zikrini ham keltirdilar: “Sendan harakat, mendan barakat”. Demak, harakatning mohiyati, maqsadning aniq qo‘yilgani va strategik niyatlarni  to‘g‘ri va to‘la amalga oshirish ehtiyoji bilan bog‘liq.  Istak ehtiyojdan tug‘ilsa, maqsad intilishni talab etadi. Shuning uchun ham yangi  O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi ana shu maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Prezident e’tirof etmoqchi bo‘lgan jamiyatni uyg‘otish muhimligi tabiiyki, bilim, ma’naviyat va uning ro‘yobini ta’minlovchi notiqlik, ritorik mahorat bilan bog‘liqdir. Chunki, g‘oya, mafkura omma ongiga chuqurroq singdirilgandagina u qudratli kuch kasb etadi.

E’tibor qilgan bo‘lsak, notiqlik madaniyati jamiyatimizning barcha jabhalarining qamrab olishi bilan birgalikda ta’lim tizimini sifat va samarasini ham ifoda etadi. Ta’limning kuchi va mohiyati ta’lim beruvchining mahoratiga bog‘liq. Tarbiya ko‘rgan tarbiyalay oladiganidek, ta’lim olgangigina ta’lim bera oladi.  Pedagogik   mahorat bo‘lmasa, ta’limda natija ham, sifat va samara  ham  bo‘lmasligi aniq. Shuning uchun ham uyg‘onish falsafasi uyg‘otish yarog‘i, ma’rifat mayog‘i, aqlning qayrog‘i, tafakkur chirog‘i, nutqning bayrog‘i bilan bog‘liq.

Oddiygina misol ayrim rahbarlarning,  hokimlarning aksariyatini o‘zini mikrofon va videokameradan olib qochishi mustaqil fikrini emin-erkin tarzda yetkaza olmaslik xijolatidan iborat, istihola qiladi, gapirishni eplay olmaydigandek sezishadi o‘zlarini. Fikri, bilimi, ish tajribasi  yaxshi bo‘lsa ham, kompetentlik darajasi, ya’ni o‘z fikrini, maqsadini, g‘oyasini aytib berish iqtidoriga unchalik ega emas. Shuning uchun ham muloqot etiketi, muomala madaniyati bo‘lmagan joyda rivojlanish bo‘lmaydi, turli nizo va nifoqlar chiqib kelishi tabiiy. Bundan esa tushunmovchilik, fisq-u fasod, munosabatlarning chigalligi, auditoriyada yoqimsiz muhit ijtimoiy iqlimning buzilishi ham bo‘y ko‘rsatadi.

Fikrimizning isboti sifatida kezi kelganda shuni ham aytib o‘tish foydadan xoli emas. Shu yilning 21 — dekabr sanasida «Yoshlar forumi»da  so‘zga chiqqanlarida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev  ko‘pgina rahbar va hokimlarga xos bir kamchilikni yarim hazil, yarim chin qilib ro‘yi rost aytdilar. «- Men zavod va fabrikalar quribman-u, lekin notiqlik haqida hech o‘ylab ko‘rmabman.» Haq gap. Biz endilikda rahbar kadrlarni muloqot etiketi va notiqlik san’ati bo‘yicha o‘qitishimiz maqsadga muvofiq.

Ma’lumki, har qanday g‘oya, mafkura omma ongiga chuqur va ta’sirchan, sodda va ravon tarzda singdirilsa u qudratli kuch kasb etadi. Uning ijrosi ham o‘z — o‘zidan ijobiy xosiyat kasb etadi. Xalq qalbi va ongi uchun kurash ketayotgan tahlikali ayni damlarda notiqlik san’ati, voizlik madaniyatining o‘rni nihoyatda muhim. Ta’sirchanlik ta’minlangan joyda aniqlik va to‘g‘rilik bo‘ladi. Agar bemor uchun berilayotgan dorining ta’sir kuchi yuqori bo‘lmasa, bu uning ichini oddiy ximikat bilan to‘ldirishdan boshqa narsa emas. So‘z ham ta’sirchanligi bilan alohida ajralib turadi. Shuning uchun ham mashhur notiqlarning bir iborasi bor, “Qalb harorati bilan sug‘orilmagan nutq hech nima, notiq esa hech kimdir”. Shundan bir narsa ayon bo‘lyaptiki, g‘oya va mafkurani omma ongiga singdirish mexanizmi targ‘ibotchining, notiqning kommunikativ kompetentlik darajasi bilan chambarchas bog‘liq. Xuddi shu ma’noda targ‘ibotchi o‘zi yoqimli, so‘zi yuqumli bo‘lishi bilan birga, u g‘oyani maqsadni yetkazishigina emas, balki o‘tkaza olishi kerak. Ta’bir joiz bo‘lsa, so‘zi bilan yondira olishi, fikri bilan qondira olishi, qanoatlantirishi kerak. Shundagina xalq qalbi harakatga keladi.  Shu o‘rinda qalb va yurak so‘zlarini farqlash o‘rinli. Mabodo, insonning zohiriy qalbi (yuragi) xastalikka chalinsa, uni tibbiy yo‘l bilan davolash mumkin. Lekin, botiniy qalb xastalikka chalinsa, uni faqat ruhiy va ma’naviy yo‘llar bilan davolash mumkin. Bu esa diniy va dunyoviy ma’rifatni chuqur bilish orqaligina yuzaga chiqadi. Demak, shu o‘rinda hazrat Navoiyning «odamning tab’i so‘z bilan, taomning ta’mi tuz bilan, suvning ta’mi muz bilan» degan hikmati beixtiyor yodga keladi. Oddiy, beta’sir aytilgan so‘z u quloqdan kirib bu quloqdan chiqib ketishi mumkin.  Qalbdan aytilgan so‘zgina yuraklarga yetib borishi haqidagi haqiqatni ko‘p bor eshitganmiz.

      Davlat rahbari doimo harakatda bo‘lish zarurligini, vaqt to‘xtab turmasligini, xalqimiz ertaga emas, balki bugun baxtli bo‘lish kerakligini va u islohotlardan rozi bo‘lishligini, qayta-qayta uqtirib turishlari zamirida ham ana shu haqiqat bor. Ishonch hosil qilingandagina inson harakatlanadi, intiladi. Notiqlik esa xuddi shunday ishontirish san’atidir. Talpintiruvchi kuch esa bu g‘oya, bu mafkura, bu strategiya. Uni amalga oshirilishini ta’minlaydigan vosita bilim va mantiqqa asoslangan vosita — notiqlik san’ati, ritorik mahorat, germenevtik qobiliyatdir. 

   Intilganga tole yor bo‘lishini bilgan inson, ezgu maqsadlar sari hech qachon ortga tisarilmaydi. Davlat rahbari barcha vazirlik, qo‘mita, rahbarlari-yu, oliy majlis deputatlari, senat a’zolariga qarata kabinet qo‘riqchisi bo‘lib o‘tirmang, xalq ichiga kiring, ularning dard-u tashvishlari bilan yashang,  — degan mazmundagi xitoblari bejiz emas. Xalq ichiga kirish, muammolarni hal etish odamlarni ezgu maqsadlar sari talpintirishda shubhasizki, xalq bilan muloqotlarida nutq madaniyati va ritorik mahorat juda muhim.  Bu esa o‘z — o‘zidan taraqqiyot strategiyasining ta’sirchan va innovatsion mexanizmi notiqlik mahorati, til taktikasi bilan bog‘liqligini bildiradi. Kezi kelganda, shuni ham e’tirof etish kerakki, faqat bilimning o‘zi, axborot kompyuter texnologiyalarini obdon o‘rganish, hatto bir nechta xorijiy tillarni bilish, darslik va o‘quv qo‘llanmalarning adadi ham harakatimiz samarasi va maqsad hosilini bildiravermaydi. Chunki olingan bilim, o‘zlashtirilgan malaka, hosil qilingan ko‘nikmani singdirish mexanizmi, til taktikasi, notiqlik san’ati juda muhim. Oddiy o‘quvchi yoki o‘qituvchidan, lider yoki fermerdan tortib vazirlargacha bu masalaga jiddiy qarashi, deputat va senat a’zolarining o‘z ustida ishlashi so‘z ustida ishlash bilan bog‘liqligini his etishi zarur.

Tasavvur qiling, jamoa uchun osh qilib berish niyatida bir kishini yollab, bozorga borib asl dehqondan masalliqlarni keltir, — deb jo‘natsak, u oshga taalluqli masalliqlarni keltirsa osh xom-xatala bo‘lsa, kim aybdor masalliqlarni yetishtirganmi, asl dexqonmi, sotganmi yoki borib keltirganmi?  Albatta, oshpaz aybdor. Shunday ekan, o‘quv qo‘llanmalari-yu darsliklar, daraja bildiruvchi hujjatlarning bari bular shunchaki «masalliq».  Gap ana shundan ustalik bilan foydalana oladigan uquvli, layoqatli kadrlarni tayyorlash asnosida natijadorlikka erishishdan iborat.

Bir necha yildirki, Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutida 4 oylik kurs tinglovchilari bilan kasbiy faoliyatda nutq madaniyati va notiqlik san’atidan nazariy va amaliy dars mashg‘ulotlari olib boraman. Ular orasida zukko o‘z g‘oyasini mustaqil tarzda yetkaza olish kompetentligiga ega bo‘lganlari talaygina. Lekin ochig‘ini aytish kerakki, ular uchun ajratilgan 10 soatlik o‘quv dasturi kamligini ta’kidlash o‘rinli.

       Qachon biz xalqni qalban, ruhan uyg‘otmas ekanmiz, maqsadlarni to‘la amalga oshira olmaymiz. Shuning uchun ham jamiyatning barcha jabhalarida notiqlikning barcha turlarini o‘qitish, nazariy va amaliy tomonlarini o‘rgatilishi maqsadga muvofiq. Yaqinda «Notiqlik san’ati akademiyasi» ta’lim muassasasi va «Spiker» notiqlik-onlayn maktabi xayrli ishni amalga oshirdi. 

        Ma’lumki, 2019 yilning 27 dekabr kuni Prezidentimiz poytaxtdagi Al-Xorazmiy nomli ixtisoslashgan maktabga tashrif buyurib, yoshlar bilan muloqotlarida ularga mustaqil fikr yurita olish va nutq madaniyati hamda notiqlik san’atini o‘stirish borasida maslahat bergan edilar. Ana shu munosabat bilan kuni kecha xuddi o‘sha ta’lim maskanida spikerlar forumi o‘tkazildi. Unda notiqlik san’atining bir nechta turlari bo‘yicha jonli chiqish qilgan mutaxassislar ushbu san’atni ommalalashtirish, targ‘ibotning ta’sirchan  kuchidan foydalanish zarurati to‘g‘risida mulohazalar bildirib o‘tishdi. Chunki muloqot etiketi va nutq madaniyati masalasi kun sayin oqsab borayotgani sir emasligi qayd etildi. Siyosiy — huquqiy notiqlik bo‘yicha professor Boboqul Toshev, Diniy nutq bo‘yicha Rahimberdi domla Rahmonov, Jurnalist nutqi bo‘yicha Karim Bahriev, Sahna nutqi bo‘yicha Najot Nurlar ishtirok etishdi. Jumladan, kaminaning harbiy va ijtimoiy-maishiy nutq yuzasidan «Til taktikasi — taraqqiyot strategiyasining ta’sirchan, innovatsion mexanizmi»,  Yosh, umidli spikerlardan Ikrom Xudeybergenovning «Yoshlar nutqi» mavzularidagi ma’ruzalari yoshlarni ushbu san’at turlari bilan qiziqishlarida muhim omil bo‘ldi. Ayniqsa, davrada so‘zning hissiy kuchi, soz-u ovozning ta’sirchanligini ifoda etadigan dil taronalari bilan  iste’dodli san’atkor Shuhrat Daryoning chiqishi ham ko‘pchilikda iliq taassurot qoldirdi.

Har bir kishi o‘zining ichki va tashqi ko‘rinishi uchun qanchalik qayg‘ursa, bosh miyaning ishlashiga e’tibor qilishi kerak. Xuddi badan tarbiyasi kabi miya mushaklari ham shunday e’tiborga muhtoj bo‘ladi. Mutaxassislarning fikricha, miya qobig‘imizda 86 milliard neyron to‘qimasi bor ekan, har bir hujayra boshqa hujayralarga har soniyada minglab signallarni yuborib turar ekan. Bunday tezlikni hatto, tasavvur qilish ham  qiyin. Professor M. Quronov bunday signallarni organizmning ogohlik signallari deb e’tirof etadi. Bu signallarning kamayib borishi asta — sekin ogoh odamni g‘ofilga, sog‘lom odamni kasalga aylantiradi. Signallarning to‘xtashi organizmga borib jismni jasadga aylantiradi. Demak, har qanday tirik jonzotning jismoniy o‘limi undagi ogohlik tizimini halokatidan, g‘aflatdan boshlanishi tayin. Bundan shu narsa ravshanki, ogohlik sergaklikka chorlaydi, u esa hushyorlikka chog‘laydi. Shundagina har bir fuqaro o‘z burchini anglaydi, vatan qismatiga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashaydi. Bu esa mamlakat taqdiri uchun uyg‘onish mas’uliyati va uyg‘ota olish majburiyatini his etishni taqozo etadi.

Uyg‘oq jamiyatning qalbi ham vijdoni ham uyg‘oq bo‘ladi, u o‘z oldiga qo‘ygan pirovard maqsadlarni amalga oshirishga qobil, kamarbasta va joni payvasta bo‘ladi. Bu esa davr talabi, Prezident matlabidir.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.