HAYOT UCHUN YO‘LLANMA, TARAQQIYOT UCHUN QO‘LLANMA
Xalqparvarlik tushunchasi aslida, millatparvarlik manbai, vatanparvarlik ifodasi, insoniylik mezonidan kelib chiqadi. Davlatimiz rahbari ilk marotaba prezidentlik faoliyatini boshlaganidayoq, haqning roziligini xalq roziligidan topish, insonlarning dard-u tashvishlarini o‘ylab yashash odamiylikning eng oliy mezoni ekanini e’tirof etish bilan jadal ishga kirishgani yodimizda. «Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi asosida demokratik islohotlar yo‘lini qat’iy davom ettiramiz» deb nomlangan Oliy majlis palatalari Qo‘shma majlisidagi nutqi davlatimiz rahbarining yaqinda chop etilgan, yetti bo‘limdan iborat «Yangi O‘zbekiston strategiyasi» nomli kitobida ilgari surilgan g‘oyalar bilan to‘yingan, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining yetti yo‘nalishi ham shu asosda yaratilgan.
Prezidentlikka nomzod sifatida qo‘yilgan shiorning o‘zida ham maqsad aniq, bu — inson farovonligi, erkinligi, xavfsizligi, qadri uchun kurashishdir. Buning ro‘yobi qonuniylik tamoyillari asosida amalga oshirilishi zaruriy talab va ehtiyojni taqozo etadi. Ushbu millat sardorining, uzoqni ko‘zlovchi strategning, xalqparvar davlatning islohotlaridagi ildamlik va jadallik nishonidir. Shuning uchun ham birinchi yo‘nalish sifatida «Erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etiladi, inson qadri-qimmati va uning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan, keng ko‘lamli islohotlar yangi pog‘onaga ko‘tarilishi» deya qayd etilgan.
Uzoq davrlar «davlat-jamiyat-inson» tamoyiliga amal qilinganidan voqifmiz. Endilikda «Davlat — inson uchun» tamoyili tashkil etilishini Prezident asoslab berdi. Bu esa xalqparvar davlat siyosatining va islohotlarning asosiy mezoniga aylanishi lozimligini uqtirdi. Xalq — qonunlarning tom ma’noda yagona manbai va muallifi hisoblanishini asoslab berdi. Ayni paytda mahalla jamiyatimizning yorug‘ yuzi va vijdoni bo‘lishini ta’kidlashi chin ma’nodagi xalqparvar davlatning ko‘zgusidir.
Har qanday qonun va qarorlarning mohiyati va kuchi uning ijrosida. Qonun adolat va haqiqatning qilichi va qalqonidir. Prezident albatta, bu aqidaga sobitqadamlik bilan yondashadi. Chunki Sohibqiron Amir Temurning Shahrisabzdagi Oqsaroy peshtoqiga yozdirgan bitiklarni doimo yodda tutadi. «Adolat — davlatning asosi va hukmdor shioridir.» Shunday ekan, bu jamiyatda qonun va adolat ustuvor jinoyatga jazo muqarrar ekanligini bilish muhim. Bu aqidalarga yondashish va ijro etishda sud prokuratura ichki ishlar organlari va advokatura tizimi yangicha tarkibda ish tutishi zarur. Nemis faylasufi Imanuel Kantning ushbu mulohazasi har bir huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimining e’tiborida va amalida bo‘lishi shart. «Adolat yo‘qolgan paytda, hayotning qadrini belgilaydigan boshqa hech narsa qolmaydi». Shu ma’noda jazoni ijro etish muassasasi qandaydir ma’noda tarbiya o‘chog‘i bo‘lishi kerak. Jinoiy holatlarni tug‘diradigan sabab va omillarni hayotimizdan bartaraf etishimiz kerakligini Prezident teran idrok etadi va bu ishga hammani safarbar qiladi. «Sudlar to‘g‘risida»gi kodeksning qabul qilinishi ham bu boradagi pirovard maqsad va vazifalardandir. Qonunning ijrochisi borasida fikr yuritish asnosida, davlat rahbarining ushbu o‘gitlari e’tiborga molik. «Har bir qonunning ta’bir joiz bo‘lsa, ko‘zi, oyog‘i ijrosi bo‘lishi lozim, qonun qabul qilindimi albatta hayotda o‘zgarish bo‘lishi kerak». Mana davlat rahbarining talabi.
Shu o‘rinda buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning ushbu hikmatini e’tirof etishlari o‘rinli, «Zulm qilma, insofli bo‘l, xalq uchun adolat qo‘rg‘onini bunyod et». Buni his etgan davlatimiz rahbari sud — huquq tizimini isloh etishda hayotiy talablardan kelib chiqish zarurligini uqtirgani va ushbu g‘oyani ilgari surgani ham aniq. «Sudyaning ongida- adolat, tilida-haqiqat, dilida-poklik bo‘lishi kerak». Demak, yangi O‘zbekistonni barpo etishning eng muhim sharti qonun va adolat ustuvorligini ta’minlash ekani oynadek ravshan. Bu esa o‘z o‘zidan davlat xalqchilligini va inson qadr — qimmatini ustun qo‘yish borasidagi faoliyatga mezon bo‘ladi. Ana shu sabab ikkinchi yo‘nalish aynan bunday nomlangan. Ikkinchi yo‘nalishning «Adolat va qonun ustuvorligi – xalqchil davlat qurish, inson qadr-qimmatini ta’minlashning eng asosiy va zaruriy sharti» — deya e’tirof etilishi bejiz emas.
Iqtisodiyotni jamiyat hayotining tanasiga qiyos qilgan prezident iqtisodiy islohotlarimizning o‘zak masalasi sifatida, amaliy natijadorlik inson manfaatlari va yana insonning ehtiyojini qondirish ekanligini ta’kidladilar. Yuqorida qayd etilgan nutqlarida 2030-yilga borib O‘zbekiston jon boshiga hisoblaganda aholi daromadlari o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin egallashiga ishonch bildirdilar. Buning muhim omillari nimalardan iborat ekanini ham ko‘rsatib o‘tdilar. Bu xususiy sektorni rag‘batlantirish va uning ulushini oshirish hamda to‘g‘ridan — to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobidan erishishdir. Demak, xomashyodan tayyor mahsulotgacha degan tamoyil asosida, drayver sohalarida klaster tizimini rivojlantirish zarur. 2026-yilgacha kambag‘allikni 2 barobar qisqartirishning ko‘zda tutilgani ham e’tiborga molik. Bu esa doimiy e’tiborda bo‘lgan uy — joy masalasini hal etish, aholiga qulay yashash sharoitlarini yaratishdir. Arzon uy-joylar dasturi masalasi ham muhim. So‘nggi besh yilda 140 mingdan ziyod yangi kvartira va yakka tartibdagi uy — joylar barpo etilgani ana shu harakatning natijasidir. «Yangi O‘zbekiston» massivlarini bunyod etish borasidagi «Obod mahalla», «Obod qishloq» dasturlari izchil tarzda davom ettirilishi maqsadga muvofiq, shular nazarda tutilgan holda uchinchi yo‘nalish mana bunday deb nomlangani bejiz emas: Milliy iqtisodiyotni, uning o‘sish sur’atlarini zamon talablari darajasida rivojlantirish.
Demak, iqtisodiy imkoniyatlarga ega bo‘lish iqtisodiy siyosatning asosiy tamoyillarini amalga oshirishdir. Bu tamoyil har bir fuqaro boy bo‘lsa — davlat boy bo‘ladi, har bir oila farovon bo‘lsa — mamlakat farovon bo‘ladi. Shuning uchun ham xususiy mulk va tadbirkorlikni rivojlantirish muhim masalalardandir. Bu esa iqtisodiy strategiyada tadbirkorlik uchun zarur shart-sharoit yaratish birlamchi vazifa bo‘lishi aniq. «Har bir oila tadbirkor» g‘oyasi ham ana shu maqsad zamiriga qurilgan.
Bu masalalar bevosita adolatli ijtimoiy siyosatning yuritilishi bilan bog‘liq. Adolatli ijtimoiy siyosat yuritilishi, inson kapitalini rivojlantirishning eng muhim omili hisoblangan sifatli ta’lim-tarbiya masalasiga e’tibor bilan bog‘liq. Tabiyki, ijtimoiy sohada samarali mexanizmlarni yaratishga, to‘siq bo‘lguvchi bir qator tizimli muammolar ham bor. Aholi bandligini ta’minlash va ishsizlikni kamaytirish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa ekani ma’lum. Prezident ta’kidlaganidek, bitta ishsiz odam 10 ta muammo degani. Shunday ekan, bu masalaga jiddiy qarash kerak.
Inson kapitali rivojlanishi uchun muhim omil bu ta’lim — tarbiyaning sifati masalasidir. Shuning uchun ham ulug‘ maqsadlarni qutlug‘ niyatlarni ifodasi bo‘lgan Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish ham aynan shunga bog‘liq. Zamonaviy ilm va tarbiya. Kelajak bunyodkori bo‘lgan yoshlarning taqdiri yuksak malakali muallim, murabbiy, professor o‘qituvchilarning, haqiqiy ziyolilarning samarali faoliyati bilan bog‘liqligi aniq. Bu borada Prezidentimiz qaysi soha va jabha xodimlari bilan uchrashmasin, doim talab etadigan «sifat, samara, natija» tushunchalarining mohiyatini ochish va o‘rganish zarur. Har qanday muallim tajribali, kommunikativ kompetentlik darajasi yuqori, bir so‘z bilan aytganda, pedagogik mahoratning o‘zagi va o‘zani bo‘lgan bilim va notiqlik mahoratini egallashi bugungi kun talabidir. Buning uchun o‘z ustida, so‘z ustida ishlaydigan, bilimli notiq — pedagoglarni shakllantirish masalasini ko‘rib chiqish kerak. Adolatli ijtimoiy siyosatning muhim bo‘g‘inlaridan yana biri sog‘liqni saqlash masalasidir. Bu ham ona va bola salomatligi masalasiga e’tiborni qaratishni bildiradi. Bu harakat bevosita jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish bilan ham bog‘lanadi. Bu masala bevosita jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish masalalariga ham borib bog‘lanadi. Prezident o‘z nutqida bu masalalarga ham to‘xtalib qator ko‘rsatmalar berdi. Olimpia va paralimpiya harakatini rivojlantirish uchun sport maktablarini ko‘paytirish, mehribonlik uylari va maxsus maktab internatlarda yashayotgan bolalarni bilimli va kasb hunarli qilib tarbiyalash uchun «Mehr daftari» doirasidagi ishlarni ko‘rib chiqish va tizimli davom ettirishni ham e’tirof etdi. Yoshlarni, ayniqsa, qizlarni sog‘lom va yetuk etib tarbiyalash, ularning qobiliyatini va iste’dodini ro‘yobga chiqarish, vatanga muhabbat, milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida kamol toptirish muhim masalalardan ekanligi ham qayd etildi. Mashhur mutafakkir Aristotelning «Vatan taqdirini yoshlar tarbiyasi hal qiladi» degan so‘zlarini bugun ham tadbiq etish va anglash muhim. Shuning uchun ham «Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi» degan g‘oya, maqsad intilishlarimizning muhim bo‘g‘inidir. Demak, butun uzluksiz ta’lim tizimini huquqiy tartibga solishga qaratilgan yaxlit ta’lim kodeksini ishlab chiqish pirovard maqsad. Ijtimoiy fanlarga, ma’naviyatshunoslikka o‘gay qarash bor bo‘lgani endilikda, bu fanlarning hajmi yo‘nalishlari borasida jiddiy o‘ylash kerakligini Prezident so‘zlaridan anglab olish qiyin emas. Bu fikrlar ijtimoiy fanlardan foyda yo‘q qabilidagi nojo‘ya qarashlar bilan yurgan mutasaddilarga javob hamdir.
Ilm — fanni innovatsion taraqqiyotning asosiy ekanligini bilib ish yuritish, oldindagi maqsadlarni amalga oshirishga zamin hozirlaydi. Bu esa ma’naviy — ma’rifiy sohalardagi islohotlar bilan chambarchas bog‘liq. Ma’naviyatni jamiyatning joni va ruhi sifatida e’tirof etgan davlat rahbari Ma’naviyat va ma’rifat kengashining raisi sifatida doimo bu masalaga diqqat va e’tibor bilan qarab kelayotganligi bejiz emas. Xalqni o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarini amalga oshishida, ularni jipslashishida, birgalikda harakat qilishida ma’naviyat chirog‘ining o‘z o‘rni bor. Chunki u insonlararo o‘zaro ishonch, hurmat va e’tibor kabi muhim fazilatlarni shakllantiribgina qolmay, balki ulug‘ maqsad sari ilhomlantirish, ruhlantirishning asosiy kuchidir. Milliy ma’naviyatga mutlaqo begona bo‘lgan zararli g‘oyalar, tushuncha va qarashlar chegarani buzmasdan, bildirmasdan kirib kelayotganligi e’tirof etilgan. Demak, «Tarbiyada tanaffus bo‘lmaydi» degan mulohazalar naqadar hayotbaxsh va o‘rinlidir. Ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lish katta bilimni, notiqlik mahoratini, aqliy mehnatni talab etishi hammamizga ayon. Bu esa darhaqiqat, «Yangi O‘zbekiston ma’rifatli jamiyat» konsepsiyasini amalga oshirish zarurligini anglatadi. «Jaholatga qarshi ma’rifat» tamoyili ham yoshlarni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi muqarrar. Shu o‘rinda targ‘ibotchi, tashviqot ishlari bilan shug‘ullanuvchi mutasaddilar, kommunikativ qobiliyatga ega, keng dunyoqarash, bilim va nutq madaniyati, muomala va muloqot san’atini chuqur egallagan bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Kezi kelganda shuni ham e’tirof etish kerakki, targ‘ibotchilar guruhini saralaganda, targ‘ibot yo‘rig‘i va usullarini onqadar bilmagan va omma ongiga g‘oyaviy maqsadni singdirish mexanizmini egallamagan, ziyolilar guruhini jalb etilishi ham o‘rinli emas. Chunki tinglovchilar ommasini e’tiborini jalb etadigan, maqsadni g‘oya va mafkurani tez, ta’sirchan, sodda va ravon yetkaza oladigan targ‘ibotchilarning guruhi boshqacha aytganda, oratorlar armiyasini, notiqlar guruhini tashkil etish zarur. Aks holda, barcha harakatlarimiz, maqsadlarimiz puchga aylanib sarob bo‘lishi hech gap emas. Chunki kimning kimga qachon, qaerda, nima haqida, qanday qilib va qancha gapirishi mahorat masalasidir. Bu esa ma’naviyat va ma’rifat kengashi, markazi huzurida mahorat maktabini ochish va tajribali notiqlarni shakllantirish ularning malakasini keskin va tizimli ravishda oshirib borishni taqozo qiladi. Ochig‘ini aytish kerakki, bilim-saviyasi yuqori, o‘z fanining, mavzuning puxta bilimdoni bo‘lgan targ‘ibotchilar, professor o‘qituvchilar mavjud. Lekin ular o‘z fani va mavzui bo‘yicha tinglovchilar ommasiga, o‘quvchilar jamoasiga gapirganda, uquvsizligi, mahorati unchalik emasligi sezilib qoladi. Bu holda qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarish qabilida ish bo‘lmasligi zarur. Mavzu dolzarb va muhim bo‘lishi mumkin lekin uni yetkazuvchi ziyoli tinglovchilar auditoriyasini zeriktirib, bezdirib qo‘yishi oliy maqsadga teskari, proporsional natija berishini e’tibordan soqit qilmaslik kerak. Chunki o‘quvchi mavzudan, fandan bezsa, ertaga vatandan bezadi. Vatandan bezsa, indinga vatangado bo‘ladi, vatangado bo‘lsa oxirul oqibat kafangado bo‘ladi. Endi o‘ylab ko‘ringchi, qutlug‘ maqsadimizni amalga oshiruvchi harakatimiz qanday samara berishi mumkin. Shuning uchun ham mahorat, qobiliyat, ritorik mahorat kommunikativlik, nutqiy kompetensiya doim muhimdir. Bu masalalar Prezident e’tirof etgan beshinchi yo‘nalishning o‘zagi hamda o‘zani bo‘lishi muqarrar. Bu yo‘nalish shunday nom olgan: Ma’naviy va ma’rifiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar g‘oyat muhim ahamiyatga ega.
Mamlakatda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashning ishonchli kafolati bo‘lgan Qurolli Kuchlar qudratini yanada oshirish ustuvor maqsad bo‘lib qoladi.
«Armiya va xalq — bir tanu bir jondir» degan tamoyilning mohiyati e’tiborga molik. Harbiy kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish tizimi yangi asosga o‘tkazilgani, Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasining tashkil etilgani, «Temurbeklar maktabi» harbiy akademik litseylarining takomillashtirishi ana shu yo‘ldagi dadil qadamlardandir.
Bu fikrlarni osmondan olib gapirayotganimiz yo‘q. Juda ko‘plab o‘quvchi va talabalar turli yoshdagi tinglovchilar, «ba’zi ma’ruzalarni eshitib uxlab qolamiz, targ‘ibotchilar, o‘qituvchilar qiziqarli tarzda diqqatimizni jalb etish asnosida ma’lumot berolmaydi», degan fikrlar tez-tez quloqqa chalinib qolmoqda. Xavfsizlik masalasi ham umumbashariy muammolarga javob topish borasidagi harakat ham nihoyatda muhim. Globallashuv davrida shiddatli o‘zgarishlar bo‘layotgan davrda boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Umumbashariy muammolar sifatida millat tanlamas illatlar, radikalizm ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, narkotrafik kabi tahdidlarni misol sifatida ko‘rsatish mumkin. Bunday muammolarni hal etishda, kuch va imkoniyatlarni birlashitrish zarurligini davlatimiz rahbari BMT ning oliy minbaridan turib ham ta’kidlagan edilar. Ekologik tahdidlar ham avj olayotganligini bilishimiz kerak, qumbo‘ronlari, orol dengizining qurishi bular ham birgalikda hal etish, ularni bartaraf etish oldini olish masalasidagi hamkorlikka borib taqaladi. Tabiiyki, bu borada mamlakatimiz BMT bilan muloqotni hamkorlikni rivojlantirishga ahamiyat berib kelayapti, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan bu masalalarni hal etish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shanxay hamkorlik tashkilotining yashil belbog‘ dasturining qabul qilingani, shuningdek, «Bir makon — bir yo‘l» loyihasi bo‘yicha olib borilgan ishlar aniq dastur va loyihalar bilan boyitilishi maqsadga muvofiq. Shuningdek, 2019-yilda O‘zbekiston turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo bo‘lgani ham ana shu harakatlardagi birlik va birdamlikning bayrog‘ini baland ko‘tarishiga ishoradir. Oltinchi yo‘nalish sifatida Prezident o‘z nutqida aynan shu masalaga e’tiborni qaratgani va belgilagani e’tiborga molik. Iqlim o‘zgarishi, ekologik muammolar, radikalizm, ekstremizm va terrorizm, odam savdosi kabi umumbashariy muammolarga yechim topish ana shu yo‘nalishning mohiyatini tashkil qiladi.
Yettinchi yo‘nalish — Mamlakatimizdagi tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish ham mohiyat e’tibori bilan ahamiyatlidir.
Hammamizga ma’lumki, vatan himoyasi uning g‘oyasining himoyasidir. Chunki g‘oyamiz himoyamizdir, buning uchun jasur harbiylarimizning jangovar shayligi jismoniy va ma’naviy tayyorgarligini kuchaytirish ayniqsa, dolzarb vazifadir. Muhim masalalardan biri sifatida shuni ta’kidlash mumkinki, Markaziy Osiyo mintaqasidagi barcha mamlakatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik va strategik, sheriklik munosabatlarni kuchaytirish asosiy maqsaddir. Prezident o‘z nutqida Afg‘onistonda tinch va osoyishta hayotni tiklash bu mamlakatda iqtisodiy va gumanitar inqirozga yo‘l qo‘ymaslik uchun Afg‘on xalqiga yordam qo‘lini cho‘zishni alohida e’tirof etdi. Bu borada Mustaqil Davlatlar hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy kengash, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bilan ko‘ptomonlama munosabatlarni yangi amaliy ma’no-mazmun bilan boyitish kerakligini davlat rahbari uqtirar ekan, biz dunyoga, dunyo bizga ochiq bo‘lishi kerak, bugungi hayot bugungi taraqqiyotning talabi ham aslida shu degan mulohazalarni bildirib o‘tdilar. Prezident o‘z nutqi nihoyasida vaqt tez o‘tib borayotganini har bir soat har bir kundan unumli foydalanish zarurligini ta’kidladi va Bahovuddin Naqshband hazratlarining «Kim vaqtini zoe ketkazsa, vaqt uning dushmaniga aylanadi» degan gaplarni keltirdilar. Ayni paytda vatan taraqqiyoti, el-yurt farovonligi mamlakat tinchligi yo‘lida xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishni, umrining ma’no -mazmuni deb bilishini ham ta’kidlab «men uchun bundan boshqa oliy maqsad, baxt-saodat yo‘q»- dedilar. Shuningdek, ishonch va tayanch manbai sifatida vatandoshlarning qo‘llab-quvvatlashi nuroniy otaxon va onaxonlarning duolari yoshlarning ishonchi katta kuch-g‘ayrat berishini ta’kidlab o‘tdilar. Barchani ruhlantiruvchi da’vatkor ushbu nutq va Prezidentning «Yangi O‘zbekiston strategiyasi» kitobi komil ishonch bilan aytish mumkinki, hayot uchun yo‘llanma, taraqqiyot uchun qo‘llanma bo‘ladi desak, xato bo‘lmaydi.
Kezi kelganda aytish joizki, muhtaram Prezidentimiz o‘zi tahsil olgan, ma’lum muddat faoliyat yuritgan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti respublikamizning 62 ta oliy ta’lim muassasalari 27 ta filiallari bilan qatnashgan milliy reytingda birinchi o‘rinni egallagani ham harakatlarimizni, ta’limiy jarayonga e’tiborimizni chinakam ekani va Prezident ilgari surayotgan siyosat va islohotlarning hayotbaxsh ekanligining ifodasidir.