BAYRAM QUTLOVLARI: MA’RIFAT VA MA’NAVIYAT QANOTIDA

Xotin-qizlar erkaklar bilan bir safda yelkama-yelka turib jamiyat taraqqiyoti uchun fidokorona mehnat qilayotgan qahramonlar desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki ular ilm va ma’rifat taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan, yoshlar qalbida nurli intilishlar uyg‘otayotgan ziyoli insonlardir. Ular ta’lim va tarbiya maydonida sidqidildan xizmat qilib, kelajak avlodni ulkan orzular sari yetaklayotgan fidoyi ma’rifatparvarlardir. Ularning mehnati, izlanishlari va mehri sabab ko‘plab yoshlar yuksak cho‘qqilarga erishmoqda, jamiyatimiz ravnaqiga hissa qo‘shmoqda. Hayotning sinovlariga bardosh berib, ruhan va aqlan mustahkam bo‘lib, yorug‘ kelajakni yaratish yo‘lida tinmay zahmat chekayotgan fidoyi xotin-qizlar orasida universitetimiz dilbar ayollarining ham alohida o‘rni bor. Ulardan biri katta o‘qituvchi Ra’no Tuxtayevna Kodirovadir. U o‘z ishiga mas’uliyatli ekani, tashkilotchiligi va tashabbuskorligi bilan alohida ajralib turadi. Talabalar uni ustoz deya ardoqlashadi. U 1968 yil Buxoro viloyatida tavallud topgan. 1986 yil Toshkent Davlat chet tillar pedagogika institutiga o‘qishga kirib, mazkur institutning “Fransuz tili” ixtisosligi bo‘yicha tugatgan. 2007 yilda O‘zMI qoshidagi Oliy pedagogika institutida qayta tayyorlash kursida ta’lim olib, o‘zbek tili fanidan dars berish huquqini qo‘lga kiritadi. 2010 yil O‘zbekiston Davlat Jahon Tillari Universitetda Malaka oshirish markazida kasbiy qayta tayyorlash kursida ta’lim olib, “Ingliz tili” o‘qituvchisi mutaxassisligini ham egallaydi. R.T.Kodirova o‘zining kasbiy faoliyati to‘g‘risida to‘lqinlanib shunday deydi: “Hayot bo‘stonining bog‘boni erur, Otash qalb, donishmand har bir muallim… Ha, azizlar men o‘zim sevgan orzu qilgan kasbimga erishgan baxtiyor ayolman. Yoshligimdan o‘qituvchi bo‘lishni juda orzu qilardim. Yozishni, o‘qishni bilmagan, murg‘ak qalbga, ilm ziyo berish, o‘qishni, yozishni, keyinchalik dunyoni, hayotda qanday yashashni, orzu-havasni va unga qanday erishish, baxtli-saodatli bo‘lish, inson insondek yashashi uchun bu zahmatkash fidoyilarni o‘rni beqiyosligini tushunib, o‘qituvchi bo‘lishni orzu qilganman. Shukrlar bo‘lsinki, buyuk orzuyimga erishdim. Men o‘z kasbimni jon-u dilimdan sevaman”. U o‘z mehnat faoliyatini 1995 yil Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti “Chizma-geometriya” kafedrasida metodist lavozimidan ish boshlagan. O‘z faoliyati davomida 1996 yilda institut qoshidagi akademik litseyda ona tili va adabiyot o‘qituvchisi, 2001 yildan institutning “O‘zbek tili” kafedrasi o‘qituvchisi, 2003 yilda “O‘zbek va chet tillari” kafedrasi katta o‘qituvchisi lavozimlarida ishladi. Ravonxon 2016 yildan hozirgi kunga qadar “Ingliz tili” kafedrasida katta o‘qituvchi va “O‘zbek tili” kafedrasi o‘qituvchisi lavozimlarida ishlab kelmoqda. Ra’no Tuxtayevnaning ilmiy-pedagogik faoliyati davomida jami 120 dan ortiq ilmiy-uslubiy ishlari, shundan 126 ta ilmiy maqola, 11 ta o‘quv-uslubiy ko‘rsatma va qo‘llanmalari chop etilgan. O‘zining ko‘p yillik pedagoglik davrida Milliy istiqlol g‘oyasi asosida yurtimizda bo‘layotgan islohotlarni talabalar ongiga chuqur singdirish, ularning mamlakatimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar haqidagi fikr-mulohazalarini o‘rganish va yoshlarning intellektual salohiyatlarini Vatan, millat ravnaqi tomon yo‘naltirish, ularni yangi O‘zbekistonning yetuk kamol topgan fuqarosi etib shakllantirishda o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va universitet rektori tomonidan mehnatlari munosib taqdirlanib, 24 dan ortiq “Faxriy yorliq”, “Tashakkurnoma” va “Faxriy diplom”lar bilan taqdirlangan. Ra’no Kodirova O‘zbekiston Respublikasidagi Ozarbayjon elchixonasi qoshidagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi bilan 12 yildan buyon hamkorlikda faoliyat yuritib, ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy tadbirlar o‘tkazib kelmoqda. Ozarbayjon universitetlari bilan ilmiy aloqa o‘rnatib ilmiy anjumanlarida faol ishtirok etib ilmiy maqolalar chop ettirgan. Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchisi Guseyn Rzagulu o‘g‘li Guliyev tomonidan Ozarbayjon-O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarining mustahkamlanishida ko‘rsatgan xizmatlari uchun Faxriy yorliq, Faxriy diplomlar bilan bir necha bor taqdirlangan. Shular bilan bir qatorda “O‘zbekiston-Ozarbayjon” do‘stlik jamiyati a’zosi , O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlarini rivojlantirish va Turkiy davlatlardagi tashkilotlararo hamkorlik markazi“ Boshqaruv a’zosi hamdir 2012 yildan hozirgi kunga qadar u ”Iqtisodiyot” fakulteti xotin-qizlar kengashining raisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Universitetimiz jamoasi Ra’noxonni ham 8-mart bayrami bilan samimiy tabriklar ekan, unga oilaviy xotirjamlik farzand va nevaralar baxtini, rohat-farog‘atini ko‘rib yurishni tilaydi. Ra’noxon, hayotimizning go‘zallik va fayz timsoli sifatida sizga uzun va sermazmun umr tilaymiz. Ma’rifat va ma’naviyat qanotida talaba yoshlarga ziyo nurini sochish ulug‘ yillar nasib etsin. Har bir kuningiz bayram kabi fayzli bo‘lsin! Rahimboy Jumaniyozov, Professor, O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi