KORRUPSIYAGA QARSHI KURASH
Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va Agentlik tashkil qilingani Prezidentimiz tomonidan yigʻilishda alohida qayd etildi.
Shuningdek, yigʻilishda jamiyatda korrupsiya muammosini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan ochiq tizim, ochiq muhit yaratilgani, ayniqsa, ommaviy axborot vositalarining bu boradagi oʻrni va taʼsiri ortib borayotgani oʻrinli eʼtirof etildi.
Mana, yigʻilishda taʼkidlangan ayrim raqamlar. Davlat xaridlari boʻyicha qonun qabul qilingani, tanlov va tender raqamlashib, sogʻlom raqobat boʻlgani uchun oʻtgan yili 14 trillion soʻm byudjet mablagʻi tejaldi. Bugunga kelib, barcha banklar 100 million soʻmgacha maishiy kreditlarni inson omilisiz 5 daqiqa ichida onlayn berayapti. Natijada oldin bu ish bilan shugʻullangan minglab bankirlar endi mahallaga tushib, odamlarga loyiha, kredit taklif qilib, mijozini koʻpaytirish bilan ishlayapti. Maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida 10 dan ortiq xizmat turlari toʻliq elektron shaklga oʻtkazildi. Bu sohada murojaatlar soni 2,5 karraga kamaydi.Oliy taʼlim tizimi ham raqamlashtirildi. Avval test topshirib, toʻplagan balliga qarab, keyin oliygohni tanlash joriy qilindi. 35 turdagi hujjatlarni inson omilisiz olishga oʻtilgani uchun sohadagi murojaatlar 2,2 baravar kamaydi. Aholi va tadbirkorlarga “xalq xizmatidagi davlat” tamoyili asosida xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi. Xususan, 120 turdagi hujjatlarni talab qilish, 160 dan ortiq litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi. Natijada 200 mingga yaqin yangi tadbirkorlar bozorga kirib keldi. Chet el ishtirokidagi korxonalar qariyb 5 karra oshib, 23 mingga yaqinlashdi.
Elektron davlat xizmatlari soni 15 karra ortib, 721 taga yetdi, ulardan foydalanuvchilar esa, 11 milliondan oshdi. Eng muhimi, bular orqali aholi, tadbirkorlar, xorijiy hamkorlarimiz, xalqaro tashkilotlar va investorlarning islohotlarga ishonchi mustahkamlandi. Soʻnggi yetti yilda 120 milliard dollardan ortiq investitsiya kirgani, iqtisodiyotimiz 2 karra oʻsib, oʻtgan yili 115 milliard dollarga yetgani buning isboti.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida muhim bir masalani daʼvatkorona tarzda ilgari surdi. Bu esa barchamizning diqqat markazimizga, ish tarzimizga aylansa, maqsadga muvofiq boʻladi.
– Hammamiz yagona kuch boʻlib harakat qilsak, albatta, katta ijobiy samaraga erishamiz. Shu bois mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar, yozuvchi va shoirlar, sanʼat va madaniyat xodimlari, tadbirkorlar, taniqli shaxslar, rahbarlar, deputat va senatorlar – umuman butun jamoatchilik birlashib, korrupsiyaga “jamiyat tanasidagi saraton” sifatida qarashi kerak!
Bu xitob mamlakat taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi, yurtimiz tinchligiga daxldor daʼvatdir!
Rahimboy JUMANIYOZOV
Professor, Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari aʼzosi