9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

YANGI LABORATORIYA — YANGI IMKONIYAT

notiq.uz > Yangiliklar  > YANGI LABORATORIYA — YANGI IMKONIYAT

YANGI LABORATORIYA — YANGI IMKONIYAT

Global muammolar, umumbashariy masalalar dunyo mamlakatlari uchun  barcha jabhalarda birgalik va hamkorlikni talab etadi. Bu esa muammolarning birdan — bir yechimidir. Shunday ekan, bunday muammolarning kaliti esa bevosita va bilvosita ilmu taʼlim tizimidir.  Oʻzbekiston va Xitoy hamkorligi ana shu harakatning muhim bir boʻgʻini desak, xato boʻlmaydi. Shuni taʼkidlash zarurki, Xitoyning “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi, shu yil yanvar oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini davlat tashrifi bilan Xitoyda boʻlishi, Pekinda boʻlib oʻtgan ikki tomon OTM uchrashuvlari taʼlim, ilm — fan sohasidagi oʻzaro aloqalarni yangi darajaga olib chiqdi. 

Bugun “TIQXMMI” MTU va Xitoy Xalq Respublikasining Lanjau universiteti hamkorligida tashkil qilingan Xitoy Oʻzbekiston Iqlim oʻzgarishlarini oʻrganish qoʻshma laboratoriyasining ochilishi barchamizga quvonch bagʻishladi. Oʻzbekistondagi investorlarning 25 foizi Xitoy xalq respublikasi bilan bogʻliqligi eʼtiborga molik.

Tadbirni “TIQXMMI” MTU rektori B.S.Mirzayev kirish soʻzi bilan ochib hamkorlikdagi faoliyatni qizgʻin va samarali tarzda boʻlishida omad tiladi. 

Rektor ayni paytda Xitoy bilan taʼlim yoʻsinidagi hamkorligimiz anʼana tusini olgani haqida soʻzladi. Oʻtgan yili sentyabrda Lanjau universiteti professorlari Jongvey Xuang va Jianrong Bi lar bilan oʻzaro hamkorlik masalalarini muhokama qilingani xususida maʼlumot berib oʻtdi. Shuningdek,  qisqa muddatda oʻzaro hamkorlik qilish boʻyicha memorandum imzolashga erishildi. Yanvar oyida Oʻzbekiston va Xitoy oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida imzolangan 70 ta hamkorlik hujjati ichida Iqlim oʻzgarishlarini oʻrganish qoʻshma laboratoriyasini tashkil qilish haqida shartnoma tuzilgan. 

Shu shartnomaga asosan juda qisqa muddatda universitetimizga zamonaviy atmosferadagi oʻzgarishlarni kuzatish imkonini beruvchi lidar, sonpotometr va havodagi mayda uchuvchan zarrachalar miqdorini aniqlash qurilmalari va kichik meteostansiya olib kelib oʻrnatildi. 

“Men bu ishlarni juda tez va professional darajada bajarishda samarali mehnat qilgan professorlar Jianping Xuang, Jongvey Xuang, Jianrong Bi va muhandislar guruhiga rahmat aytaman,” — deya rektor oʻz minnatdorchiligini izhor qildi. 

Bugungi kunda butun jahon hamjamiyati iqlim oʻzgarishi tufayli yuzaga kelayotgan muammo va tahdidlarga javob topishga diqqat qaratilayotgani bejiz emas. Bu muammolar qatoriga atmosferada issiqxona gazlarining koʻpayishi, yerning ustki qobigʻi haroratining ortishi, suv resurslari taqchilligi, tabiiy ofatlarning shu jumladan chang toʻzonlarni tez-tez takrorlanishi, sahrolashish jarayonining oʻsishi va boshqalarni kiritish mumkin.

Mutaxassislar iqlim oʻzgarishi tabiiy ofatlarning yangi turlari paydo boʻlishiga sharoit yaratishi bilan birga, mavjud tabiiy ofatlarning zarar yetkazish kuchini bir necha barobar oshirishi, hattoki, boshqarib boʻlmaydigan darajaga yetkazishi mumkinligini aytmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi “2030 yilgacha Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-436-son, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-avgustdagi “Iqlim oʻzgarishi va tabiiy ofatlar xavfiga nisbatan milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish hamda samarali amalga oshirishni tashkil etish toʻgʻrisida”gi 362-son qarorlarida iqlim oʻzgarishlarini kuzatish tarmoqlarini takomillashtirish va kengaytirish, ularni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, vizual va instrumental kuzatishning zamonaviy usullarini joriy etish muhimligi koʻrsatib oʻtilgan.

Lanjau universiteti bilan hamkorlikda tashkil qilingan ushbu qoʻshma laboratoriya iqlim oʻzgarishi tufayli yuzaga kelayotgan muammo va tahdidlarni oʻrganishda samarali faoliyat koʻrsatadi. Laboratoriyani keyingi faoliyati har ikki universitet tomonidan qoʻllab — quvvatlanishiga ishonch mavjud. Bu laboratoriya faoliyati hamkorlikdagi yangi qoʻshma loyiha va grantlar, hamkorlikdagi yuqori sifatli maqolalar paydo boʻlishiga, yangi mavzudagi dissertatsiyalar himoyalariga keng yoʻl ochib beradi.

Universitetimiz filiali Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish institutida ham iqlim oʻzgarishlarini oʻrganish laboratoriyasini filiali tez kunda faoliyatini boshlashiga ishonch bildirdi. 

RAHIMBOY JUMANIYOZOV

UNIVERSITET MATBUOT XIZMATI RAHBARI, PROFESSOR

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.