9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Navoiy dahosiga ta’zim

notiq.uz > Arxiv  > Navoiy dahosiga ta’zim

Navoiy dahosiga ta’zim

Dori-darmon davolaydi, so‘z ham davolaydi. Ayrim dorilarning foydalanish muddati tugaydi. So‘z bilan bog‘liq shifo quvvati esa abadiydir. Muddati chegaralanmagan, to‘g‘ri anglab, to‘g‘ri qabul qilinsa u shifobaxsh. Dori-darmon tanani davolasa, so‘z ruhiyatning shifokoridir. SHuning uchun ham Ibn Sino shifo quroli sifatida uchta narsani ifoda etgan: til, dori va tig‘dir. Bularning birinchisi aynan ruhiyatni davolaydi, qolgan ikkitasi esa tanani. SHunday ekan, har qanday kasallik ruhiyatdan tanaga ko‘chadi. Ruhiyat injenerlari sifatida adiblar, allomalar bir so‘z bilan aytganda ijod ahli, san’at ahli tushuniladi.

Toshkent davlat farmatsevtika institutida o‘tkazilgan, hazrat Navoiyning 575 yilligiga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbirda ham xuddi shu masalalarga e’tibor qaratildi. Unda filologiya fanlari nomzodi, dotsent, adabiyotshunos olim Omonulla Madaev, Toshkent viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti dotsenti, “Antik dunyo” xalqaro ilmiy akademiyasining akademigi Rahimboy Jumaniyozov, filologiya fanlari nomzodi, O‘zMU dotsenti Abdumurod Tilavovlar ishtirok etishdi. Tadbirni institutning  kasaba qo‘mitasi raisi, ijtimoiy fanlar kafedrasining mudiri Kamoliddin aka olib bordilar. Ustoz Omonulla Madaev hazrat Navoiyni tushunish, uning asarlarini mutolaa etishning xosiyati borasida so‘z yuritdilar. Institut talabalariga Navoiy she’riyati bilan bog‘liq holda ayrim savollarni berib ularni ruhlantirdilar. Navoiyning san’atkorlik dahosi va Alpomishning qudrati men o‘zbekman deb faxrlanishga asos bo‘lishini ta’kidladilar. So‘ngra o‘zbek xalq qo‘shiqlarining to‘plovchisi va tadqiqotchisi Muzayyana Alaviyaning Navoiy ijodi haqida gapira turib aytgan bir fikrlarini keltirdilar. “Navoiy shunday zotki, har bir g‘avvos uning she’riyat ummoniga sho‘ng‘isa o‘ziga yarasha nimadir olib chiqadi, chuqurroq sho‘ng‘iy olmasa maydaroq gavharni, chuqurroq sho‘ng‘isa kattaroq gavharni olib chiqishi mumkin.” SHu ma’noda har kimning o‘z Navoiysi bor, har kim hazratni o‘z tushunchasi bilan tushunadi, o‘z qalb qarichi bilan baholaydi.

So‘ngra so‘zga chiqqan R. Jumaniyozov Navoiy dahosi va zakosining takrorlanmasligi, hayotiy haqiqatni yuksak badiiy haqiqatga aylantira olish salohiyati borasida gapirdi. Mangulikka muhrlangan mutafakkir bo‘lish hammaga ham nasib etavermaydi. Navoiy o‘zidan oldin o‘tgan salaflarning ijodiga yuksak ehtirom bilan qaragani va shu yo‘sinda ulardan ilhomlanib o‘lmas asarlar yaratgani rost. U Navoiy ijodiyotida inson kamoloti muhim o‘rin tutganligini misollar asosida keltirdi. Abdumurod Tilavov esa Navoiy nomi bilan bog‘langan “Ibratli rivoyatlar”ning mazmuni va “Mashhurlarning mashhur so‘zlari” haqida so‘zladi va shu nomli kitoblarni savollarga to‘g‘ri javob topa olgan talabalarga mamnuniyat bilan taqdim etdi. Psixologiya fanlari nomzodi, dotsent Saodat To‘ychieva tashabbusi bilan ma’rifiy tadbirga kelgan o‘qituvchilar barchada taassurot qoldirdi. Institut rahbariyati o‘z minnatdorchiligini bildirib talabalarning qarsaklari sadosi ostida ustozlarni kuzatib qolishdi. Tadbir barchada Navoiy ruhini shod etish, hazratning asarlarini yod etish ma’nosida katta ahamiyatga molik bo‘ldi.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.