9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Navoiy abadiyati

notiq.uz > Arxiv  > Navoiy abadiyati

Navoiy abadiyati

Ulug‘ va qutlug‘ niyatli avlod azaldan o‘tmish ajdodlari bilan g‘ururlanadi, faxrlanadi. Navoiy va Bobur o‘z xalqi uchun buyuklik va suyuklik nisbatlariga egaligi, manzur va maqbulligi bilan ajralib turadi. Ularning ruhini shod etish, so‘zlarini yod etishdek xayrli ma’rifiy maqsad bilan barcha ta’lim muassasalarida va jamoat korxonalarida, harbiy qismlarda navoiyxonlik va boburxonlik kechalari tashkil etilmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri Toshkent viloyati hokimligining tashabbusi bilan “Do‘rmon” madaniyat uyida tashkil etildi. Turli kasbdagi, turli yoshdagi kattayu kichik ziyolilar qatnashgan ushbu davra chinakam nazm va navo kechasiga aylanib ketdi.

Unda Navoiy dahosi va zakosiga ehtiromning yorqin navosini ko‘rish mumkin. Tadbirni Toshkent viloyati hokimining o‘rinbosari Sayyora Mavlonovna ochib berdilar. O‘zbekiston xalq hofizi O‘ktam Ahmedov Navoiy g‘azali asosidagi “Qoshi yosinmu deyin, qoshi qarosinmu deyin” matla’i bilan boshlanuvchi qo‘shiqni ijro etib nazm va navo kechasiga ayricha bir ruh baxsh etdi.

So‘ngra O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir so‘z olib tadbirning  adabiy-ilmiy qismi bo‘yicha o‘z mulohazalari bilan ishtirok etuvchi shoir va olimlarni sahnaning o‘ng yonidagi maxsus o‘rindiqlarga taklif etdi. O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, iqtidorli shoir, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining bosh muharriri Sirojiddin Sayyid, Filologiya fanlari nomzodlari, Toshkent viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti professor vazifasini bajaruvchilari Sultonmurod Olimov va Rahimboy Jumaniyozovlar sahnaga chiqishib o‘z o‘rinlarini egalladilar.

Dastavval, Sirojiddin Sayyid o‘zining hazrat Navoiy haqidagi mulohazalarini bildirib, ularga bag‘ishlov she’rlarini o‘qib berdi.

Keyin umidli san’atkorlardan Arabboev Navoiy g‘azali asosida aytiluvchi qo‘shig‘ini ijro etdi. Keyin davraga navoiyshunos olim Suotonmurod Olim taklif etildi. Ular Navoiy ijodiyotidagi hikmatlar zamirida qanday ma’nolar borligi borasida so‘z yuritdilar. Navoiyning so‘z qo‘llash mahorati haqida asosli mulohazalarni bildirib o‘tdilar. So‘ngra “Nihol” mukofotining sovrindori Gulzoda Xudoynazarova jozibador bir qo‘shig‘i bilan davraga fayz kiritdi. Tadbirda boshlovchilik qilayotgan sohirnafas shoir Mahmud Toir O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutining o‘qituvchisi, o‘tkir va o‘ktam ovoz sohibasi Ozoda YOrovani davraga taklif etgach, xonanda Navoiy g‘azali asosidagi qo‘shig‘i bilan barchada iliq taassurot qoldirdi.

Keyin Rahimboy Jumaniyozov mikrofon qarshisiga taklif etildi. Navoiyning san’atkorlik mahorati bilan bog‘liq misollarni shoirning ijodiyotidan keltirib hazratga xos bo‘lgan so‘z topish, tanlash va qo‘llash mahoratini tahlil qilib berdi. Savol-javob yo‘sinida tomoshabinlarga murojaat qilib, kimki savolga to‘la va to‘g‘ri javob topsa,  Navoiy va Bobur g‘azallari jo bo‘lgan audiodiskni armug‘on etishini qayd etdi. Tomoshabinlar orasida Kamola ismli o‘qituvchi javob topib sovg‘ani qo‘lga kiritdi. So‘ngra u Sirojiddin Sayyid qalamiga mansub bo‘lgan ushbu she’rni o‘qib berdi.

Tiriklikning bonggi Navoiy

Buyuklikning ranggi Navoiy.

Bir yorishdi zim ziyo olam,

Turkiylarning tonggi Navoiy.

Besh asrlik ro‘yodir dunyo,

Besh asrlik o‘nggi Navoiy.

Bir ummonki ibtidosi yo‘q,

Yo‘qdir uning so‘nggi Navoiy.

O‘tgan sayin ildamlab ketgay,

Borgan sayin yangi Navoiy.

Vatan kabi poyoni yo‘qdir,

Vatan kabi mangu Navoiy.

So‘ngra yosh umidli san’atkorlardan SHahnozaxon jozibador qo‘shiqlari, raqqosa qizlar esa dilrabo raqslari bilan ko‘pchilikning e’tiborini qozondi.

Tadbirda ishtirok etganlar kuy va qo‘shiqlardan bahramand bo‘lib ma’naviy hordiq chiqazishdi. Tadbirni yoritishda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining informatsion dasturlari jurnalistlari va “Toshkent haqiqati” gazetasining muxbirlari, xususan fotomuxbiri Davron Axmedov jonbozlik ko‘rsatishdi. Navoiyning abadiyatga daxldorligi uning taraqqiyparvar insoniyat qalbidagi orzularni so‘z sehriga, dil mehriga jo etib ayta bilganidir. Zamonlar o‘taveradi, shoir aytganiday, u mangulikka muhrlanib boraveradi. Davrlararo u o‘z she’riyati bilan muammolarga odil va oqil javob qaytarishi muhaqqaq. Navoiy barchaga ravo, davo va navoligicha qolaveradi.

 

Jaloliddin Jumaniyozov va Biloliddin Matkarimovlar tayyorlashdi.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.