9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Ma’naviyatni sovuq urmasin

notiq.uz > Arxiv  > Ma’naviyatni sovuq urmasin

Ma’naviyatni sovuq urmasin

Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi huzuridagi “Ma’naviyat targ‘ibotchisi” ta’lim muassasasida turli kasb va soha vakillari  dolzarb mavzularda ma’ruzalar tinglashadi. Taniqli san’atkor va adiblar bilan ijodiy muloqotlar ham uyushtirib turiladi. Kuni kecha O‘zbekiston qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov ishtirokida o‘tkazilgan galdagi ijodiy muloqot ham ko‘pchilikda iliq taassurot qoldirdi. Matbuot va nashriyotlarda faoliyat ko‘rsatayotgan noshirlar, muharrirlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

“Insonning kimligi uning ma’naviyati bilan belgilanadi, — deydi shoir — Bilimli odam ma’naviyatsiz bo‘lmaydi. Qur’oni karimda 50 ta joyda “ilm” so‘zi ishlatilgani bejiz emas. Illat va fazilatlarni ifoda etuvchi so‘zlarni yig‘ib chiqsam, salbiy tushunchalar ko‘p ekan. Vatanni himoya qilish pul evaziga, moddiy rag‘bat evaziga bo‘lmaydi. Ma’naviyatli inson boshqacha bo‘ladi. Mardlikka xos xususiyatlarni bilish ham ahamiyatli. Har bir xalqning o‘ziga xos tiynati, fe’l-atvori bor. CHechen hojilarining sarxum talashganini guvohi bo‘lganman. Biz “hammaga etadi, navbatma-navbat ichinglar”, desak, “bizga aql o‘rgatasanmi” — deb bizni quva boshlashdi. SHunda ulardan biri dedi: bu ish bizga yoqadi. Janjal, urishqoqlik, nizo, kelishmovchilik bilan ish tutishni tushunish qiyin.

Tinglovchilardan biri shoirga shunday savol berdi: Bugungi she’riyatning og‘riqli nuqtalari nimada deb o‘ylaysiz?

SHoir horg‘in holatda savol bergan tinglovchiga bir qarab qo‘ydida sekin so‘z boshladi. To‘qimachilik kombinatida ishlaydiganlarning she’riyatga havasi bo‘lsa ham, lekin shoirlikka da’vogarligi yo‘q. SHunday bo‘lsa ham, u erda ishchi shoirlar to‘garagi tashkil etilgan. Nasl-nasabi jihatidan boy bo‘lganlar emas, balki oddiy proletariat yozsin, ulardan shoirlar chiqishi kerak degan aqida bilan chiqishgan. Ana shu to‘garakdan faqat G‘ayratiy chiqqan. O‘z xotirotlaridan birida “bizga urib she’r yozdirishardi, biz esa qarg‘ab she’r yozardik”, — derkan G‘ayratiy. YAponlar va xitoylarda uchlik yozisharkan, gap uning shaklida emas, nimanidir anglatishadi. Unga ergashib uchlikni tanlash tushunmasdan dinga kirgan yosh bolaning taqlidiga o‘xshaydi. Rassomlardan biri oq qog‘ozga rasm chizibdi, sigirlar o‘tloqda, — deb yozib qo‘yibdi. Qarashsa, qog‘ozda hech narsa yo‘qmish.  Rassomdan so‘rashibdi. Qani o‘tloq, sigir? Deb so‘rashsa, Sigir o‘tni eb ketib qoldi”, — dermish. San’atni tushunish, idrok etish ham hamma joyda bir xil bo‘lavermaydi. O‘z romanini nashriyotga tashlab ketgan yozuvchi go‘yo etim qo‘zini tashlab ketgan savdogarga o‘xshaydi. Har bir asar ma’naviyatning bir bo‘lagi. Tabiat hodisalari ro‘y bersa, darhol xavotirga tushamiz.

  • Bu yil qimmatchilik bo‘ladigan bo‘ldi-da,
  • Nega?
  • O‘rik, olmayu, shaftolilar endigina gullagandi, sovuq urib ketdi. CHatoq bo‘ldi-da.
  • Bu yil sovuq urgan bo‘lsa, keyingi yil yana durkun bo‘lib hosil beraveradi. Lekin, hech qachon ma’naviyatni sovuq urmasin. Unda holimizga voy, — dedi shoir kulimsib.

SHoir bilan o‘tkazilgan samimiy suhbat ishtirokchilarda iliq taassurot qoldirdi. Ma’naviyatning mezoni faqat kitob mutolaasi bilangina emas, balki hayot va adabiyot tarozisiga tarozibon bo‘lishdek fazilatlar tabiatiga jo bo‘lgan, davr yuklarini ko‘tarishda kamarbasta va elkadosh bo‘lgan san’at va madaniyat xodimlari bilan ijodiy muloqotlar o‘tkazish ekanini tinglovchilar yana bir bor his etishdi.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.